Men seni kechirdim, isming isingan Mehribon daraxtlar haqqi-hurmati. Men seni kechirdim, o‘sha tun singan, Sinmagan qadahlar haqqi-hurmati. Devona orziqish, Qish kabi choyshab, Bo‘lingan, Ulangan, Unutilgan gap… Men seni kechirdim, tonggacha yig‘lab, Qizargan nigohlar haqqi-hurmati. Ko‘rnamak hislarning gardani og‘rir, Ulkan tun. Iztirob. Bo‘lmadi oxir… Men seni kechirdim, yengil-u og‘ir Ham shirin gunohlar haqqi-hurmati. Kechirdim. Ko‘zingni ko‘zim tinglagan. Giloslar panglagan, Uzum zanglagan. Sen menga aytmagan, o‘zim anglagan Iqror-u izohlar haqqi-hurmati. Umidim cho‘kkanda qo‘lladi cholg‘u, Ohimda simillab yetildi og‘u. Men seni kechirdim, “Cho‘li Irog‘”u, “Ushshog‘”-u, “Segoh”lar haqqi-hurmati…. Men seni kechirdim, isming isingan Begunoh daraxtlar haqqi-hurmati… * * * Sadafday kunlarni yo‘lma-yo‘l sochib, To o‘lim, gupurib menda oqarsan. Silasang, qoraysa oqargan sochim, Silasang, qoraygan sochim oqarsa! Yuragim – qip-qizil toz...