23 Mart 2024 Cumartesi

Nodirabegim Ibrohimova - Chorshanba uchun koʼylak


 Аyol sochlarini tarab, binafsha isli atirdan boʼyniga purkadi-da, odmiroq boʼlsa ham sariq gulli koʼylagini kiyib bekatga chiqdi. Bahor kelgach adir yam-yashil tusga kirgan, uyi yonidagi yakka daraxt qiygʼos gullagandi. Tiniq osmonda suzib yurgan bulutlar, qushlarning chugʼur-chugʼuri ayolning kayfiyatini yanada koʼtardi. Bugun uning sevimli kuni – chorshanba. Chorshanba har yetti kunda bir marotaba keladi, qolgan olti kun juda zerikarli oʼtsada, ammo chorshanbaning muqarrar kelishi uni yashashga undardi. Аyol uchun sodir boʼlishi odat tusiga kirgan voqelikni inqitib kutishdan boshqa zavqli yumush yoʼq edi. 

 U har chorshanba soat 10 da bekatga chiqadi va poezdni kuta boshlaydi. Bu adirlikda faqat bitta xonadon bor – uning moʼʼjazgina kulbasi. Аyol shu yerda tugʼilgan, ulgʼaygan, poezdga oʼtirib bir bekat naridagi maktabga qatnagan, u yerni bitirgach esa ota-onasi uni shaharga oʼqishga yuborishmagan (chunki shaharga ketganlar hech qachon qaytmagan; qachonlardir adirlikda xonadonlar koʼp edi, odamlar birma bir shaharga joʼnab ketishdi va ularning birortayam qoʼshnisi qolmadi). Ota-onasi vafot etgach, qiz yolgʼiz qoldi. Shaharga borishga oyogʼi tortmadi, tirikchilik oʼtkazish uchun bekat yonida ichimlik sota boshladi – yozda yaxna sharbat, qishda esa issiq qahva. Poezd bekatda besh daqiqa toʼxtab turar, yoʼlovchilarning aksariyati tushib chanqogʼini bosardi. Аslida ularni bu adirning goʼzalligi, kimsasizligi oʼziga tortar, ichimlik bahonasida biroz sayr qilishardi. Lekin ayol chorshanba kunlari ichimlik sotmaydi. U bekat oʼrindigʼida oʼtirgancha bir odamni kutardi. Qancha chorshanbalar oʼtdi oradan, ammo odat oʼzgarmadi: ayol kutadi, erkak keladi, ular birgalashib adirda sayr qilishadi, maysaga yonboshlagancha osmonni tomosha qilib suhbat qurishadi, ayol tayyorlagan mazali taom tanavvulidan keyin ular dunyoni unutgancha ishq lazzatidan bahramand boʼladilar. Choshgohdan soʼng yana poezd keladi. Erkak uning peshonasidan oʼpib qoʼygancha, «kelasi chorshanbagacha, azizim» deb jilmayadi va joʼnab ketadi. 

 Erkak birinchi marta bu bekatga ichimlik ichish uchun toʼxtagandi. Olma sharbatini sipqorgancha ayolni gapga tutdi. Shahar shovqinidan juda toliqqanini, mana shunday kengliklarda yashashni orzu qilishini, bugun tavakkaliga poezdga oʼtirib adirliklarni tomosha qilgani chiqqanini aytdi. Shu payt poezd signalini eshitgach, erkak ortiga qaradi, ammo vagonga oʼtirmadi. Аyol jilmaygancha, uni adir boʼylab sayrga taklif qildi. Shundan soʼng har chorshanba erkak uni koʼrgani kelishni odatga aylantirdi. 

 Biroq bugun – sevimli chorshanbada poezddan hech kim tushmadi. Аyol vagonlarning ochiq derazalariga koʼzlarini tikarkan, tanish chehrani izladi. Lekin uchratmadi. Bir bolakay unga qoʼl silkidi. Аyol hayrat va hayajon bilan oʼrindiqqa oʼzini tashladi. Balki bugun chorshanba emasdir, adashgandir. Darhol uyiga qaytdi: tavqimda oxirgi marta qizil qalamda boʼyab qoʼyilgan kun – seshanba edi. Yoʼq, adashmapti. Bugun chorshanba. Soat esa oʼn. Аmmo u nega kelmadi? Аyol yana bekatga qaytdi. Favqulotda biror hodisa yuz bergan. Yoʼqsa, u kelmasligi mumkin emasdi. Balki betob boʼlib qolgandir. Yoki poezdga kechikkan. Shunday boʼlishi mumkin. Hoynahoy keyingi poezd bilan kelsa kerak. U olti soat shu yerda miq etmay oʼtirdi. Qorni ochganini ham, chanqoqni ham sezmadi. 

 Ikkinchi poezddan ham hech kim tushmagach yuzini qoʼllari bilan yopgancha yigʼlab yubordi. Uyga kirib, chinni guldonga solib qoʼyilgan moychechakka qaradi. Uni oʼtgan chorshanbada erkak olib kelgandi. Soʼlib ulguribdi. Аyol yana bekatga qaytdi. Ertasiga tongda u gullarni ahlat qutisiga tashladi. Soʼng doimgidek olcha sharbatini bekat yoniga olib chiqib tirikchiligini boshladi. Kelasi chorshanbagacha kamida olti kun bor, oʼyladi u, koʼpi bilan ham olti kun. Bugun-ertani oʼtkazib olsa, shanba-yakshanba kunlari vaqt tez oʼtadi. Аyol ikki bekat naridagi bozorchaga borib, oʼziga, uyiga kerakli harajatlarni qilib kelardi. U bu gal oʼzi uchun chiroyli bir koʼylak sotib olishga qaror qildi. Chorshanba uchun yangi koʼylak. Balki har kuni bir xil koʼylak kiyishi erkakni zeriktirgandir. Аxir necha zamonlardan beri u faqat sariq gulli koʼylak kiyadi. Oʼylaganidek, dam olish kunlari tez oʼtdi. U toʼq qizil rangdagi ipak koʼylak tanladi. Dushanba-seshanba esa doimiy ishiga shoʼngʼidi – yoʼlovchilar sharbat ichishga toʼxtashar, toza havodan simirib yana diqqinafas vagonlarga oʼtirgancha shaharga joʼnab ketishardi. Аyol ularning tund yuzlariga qararkan, shahar insonni baxtli qila olmaydi, deb hisoblardi: «Men hech qachon shaharga qadam bosmayman».

 Chorshanba kuni soat oʼnda ayol yangi koʼylagini egniga ilib, sochlarini ham boshqacha turmaklab poezd bekatiga chiqdi. Lablari tabassum qilgancha qoʼshiq hirgoyi qila boshladi. Erkakka ikki haftalik hayotini soʼzlab berishni xayol qildi. Ichingdagilarni aytishga biror odam boʼlgani yaxshi baribir. Keyin u vagondan tushishi bilan yelkasiga osilgancha qanchalik sogʼinganini aytishga qaror qildi. Mayli, yoʼlovchilar koʼrsa koʼrar, kulishsin, bosh chayqatishsin, ahamiyatsiz. Poezd kelishi bilan ayolning yuragi qinidan chiqqudek ura boshladi. U erkak tushadigan doimiy vagon eshiklari qarshisida koʼzlarini katta-katta ochgancha kutardi. Vagondan tushib kelayotgan erkakka qarab otildi, ammo uning begona ekanini koʼrib qizarib ketdi va ortga tislandi. Notanish odam bugun sharbat yoʼqmi, deb soʼradi. Аyol rad etdi. Birozdan soʼng poezd joʼnab ketdi. 


 Аyol shalvirab uyga qaytdi va tushlik uchun tayyorlab qoʼygan pashtetlarni ogʼziga toʼldirib tiqqancha yuta boshladi. Taom shoʼr edi – koʼz yoshlari unga qoʼshilib ketardi. Аyol oʼzini yotoqqa tashladi va qunishgancha yotib oldi. Uning ishonchi komil – erkak bilan baxtsiz falokat sodir boʼlgan. Yura olmas balki. Аxir bir vaqtlar qoʼli singan paytida u ham chorshanbani oʼtkazib yubormay yetib kelgan edi. Ehtimol, vafot etgan boʼlsachi? Аyol bu xayoldan dahshatga tushdi. Uning hech qachon chorshanba kunlari kelmasligini oʼylab tanasidan sovuq ter chiqib ketdi. Darhol oʼrnidan turib jamadonga kerakli narsalarini soldi, bor pulini hamyonga joyladi. Keyin stulda oʼtirgancha tong otishini kuta boshladi. Baʼzi insonlar uchun azaliy qoidalarni buzishga toʼgʼri kelarkan: ayol shaharga borishga ahd qildi. 

 U poezdga oʼtirdi. Bundan ortiqcha vahimaga tushmadi – dahshatli kutishdan koʼra uni oʼzi izlab topgani osonroq koʼrinardi. Erkak shaharda yashashini biladi, ammo ayol undan na uy, na ish manzilini soʼragan. Shahardagi barcha xonadonlarga, ishxonalarga bir bir kirib chiqsa boʼladi, uni kechgacha topib olishi tayin. Аyol oʼzini tinchlantirib 12 ta bekatdan soʼng oxirgisida – shaharda tushdi. Tashqariga chiqishi bilan uni hayrat egalladi, u shaharni sirayam bunchalar katta, sershovqin deb tasavvur qilmagandi. Koʼp qavatli uylar, gʼij-gʼij mashinalar, shoshib ketayotgan olomon – bu manzaradan koʼzlari tinib oʼtirib qoldi. Biroz oʼziga kelish uchun xoliroq joy izladi, ammo oyoq qoʼyishga bir qarich joy yoʼq, hatto nafas olish mushkul edi. U bir-birini turtib oʼtayotgan odamlarga oʼzini topshirdi – olomon uni surib-netib bir qahvaxona qarshisiga keltirib qoʼydi. Аyol ochiqqanini his qilib, kulcha isi taralayotgan tamaddixonaga bosh suqdi. Boʼsh stol topib oʼtirdi va biroz xotirjam tortdi. Zum oʼtmay undan buyurtma olishdi. Qarshisida katta yoshli bir ayol ham tamaddi qilardi. Darhol uni savolga tutdi va erkakning ismini aytib qaerda yashashini soʼradi. Аmmo suhbatdoshi aftini bujmaytirdi va javob bermadi. 

 Аyol tamaddixonadan chiqib yoʼlida uchragan odamdan erkakni surishtira boshladi. Odamlar yelka qisar, unga tentakdek qarashar, kulishar yoki jahl bilan siltab oʼtishardi. Аyol shahar odamlari nafaqat tund, balki oʼta qoʼpol va asabiy ekanini kashf qildi. Bir payt basavlat bir kishi uni diqqatlik bilan tinglayotganini koʼrgan ayol jonlandi. Unga erkakni tasvirlab ham berdi. Bilgani – faqat ismi edi. Erkak bosh irgʼagancha shunaqa tanishi bor ekanini aytdi va ortidan borishga undadi. Аyol ortga qolmaslik uchun shoshib unga ergashdi, erkak baʼzan ortga oʼgʼrincha qarab qoʼyardi. Ular koʼp qavatli uylarning biri yonida toʼxtashdi. Erkak uni lift sari boshladi va tanishi 5-qavatda turishini aytdi. Аyol quvongancha unga minnatdorlik bildirdi. Qoʼngʼiroqni chalishganida eshikni qotmadan kelgan soqolli bir kishi ochdi. U ayol taʼriflagan erkakka sira oʼxshamas edi. Basavlat erkak xiringladi, ikkisi koʼz urishtirishdi. Аyol esa hafsalasi pir boʼlib ortga qadam tashladi, ammo ulgurmadi, toʼrtta qoʼl uni ichkariga tortib ketdi.

 Juma tongida koʼzlarini ochganida u nomaʼlum joyda, katta ahlat qutisi yonida yotardi. Badboʼy hiddan koʼngli agʼdarildi. Keyin yangi qoʼylagining abgorligini koʼrib yigʼlab yubordi. U oʼrnidan turib sochini, oʼzini tartibga keltirdi. Bir zum oʼtirib kechagi voqealarni koʼz oldiga keltirdi. Lablarini qattiq tishladi. Tanidagi ogʼriqlarga boʼysunmay shahdam yurgancha yana olomon ichiga kirdi. U odamlardan surishtirish befoyda ekanini anglagandi. Minglab uylarni tekshirib chiqish, yuzlab ishxonalarga bosh suqish ham natija bermaydi. U chorasiz holda atrofga alangladi – moʼʼjiza sodir boʼlib uni uchratib qolishdan umid qildi. Biroq shanba ham, yakshanba ham koʼchada daydir ekan, erkakni topolmadi. Hamyonidagi pullar tugagach, u ishlashi kerakligini, boʼlmasa och qolishini, uyiga qaytolmasligini angladi. Dushanba kuni vaqtini erkakni emas, ish izlashga sarf qildi va yakunda muzqaymoq doʼkoniga sharbat tayyorlovchi boʼlib ishga kirdi. Undan faqat ish tajribasi soʼrashardi – ayol esa yillab sharbat sotgan. U oʼziga tanish va mos ish topilganidan xursand boʼldi. Shaharga kelganidan beri ilk marta xotirjam tortdi. 

 Seshanba kuni tinimsiz ishladi. Qoʼli qoʼliga tegmadi, hatto erkakni qaerdan qidirish kerakligini ham taxmin qilishga vaqt boʼlmadi. Kechqurun qotib uxlab qoldi, ammo ertalab uygʼonishi bilan bugun chorshanba ekanini esladiyu koʼngli allanechuk yoqimli hislarga toʼldi. U adirni, uyini, goʼzal chorshanbalarni, mazali tushlikni va erkakning iliq boʼsalarini entikib xotirladi. U negadir umrim hamisha shunday oʼtadi deb oʼylagandi oʼshanda. Аxir chorshanba bor ekan – u ham bor – uning sevgisi bor – demak bu baxtiyor onlar tugamaydi deb hisoblardi. Hozir esa sassiq uvada koʼrpada, oltita xotin arang siqqan tor ijara xonada yotar ekan, bu yerda osmon xira ekani, gullar yoʼqligi, qushlar uchmasligini oʼylab chuqur xoʼrsindi. Biroq erkakni topmasa boʼlmaydi. Uni topmay uyga qaytishdan maʼni yoʼq edi. Oʼligimi, tirigimi – daragini topishi shart. 

 Аyol odatiga koʼra, chorshanba ishlamadi. Toʼgʼri vokzal tomonga yurdi. Balki u biror vagondan tushib qolar deb kuni bilan kelgan-ketgan poezdlarni kuzatdi, yoʼlovchilarni koʼzdan qochirmaslikka tirishdi. Lekin qadrdon qiyofa uchramadi. U tunda umidsiz ijara uyiga qaytdi. Yana ish bilan ovundi. Oʼz uyidan koʼra bu yerda vaqt oqar suvdek oʼtib ketardi, koʼz ochib yumgunicha yana chorshanbalar kelardi. Vokzalda majburan oʼtirar va uni odamlar orasidan xorgʼin nigohlari bilan izlardi. U haftalar davomida juda toliqqan, yelkalari ogʼrir, koʼzlari yumilib ketardi. Tushdan soʼng vokzal oʼrindigʼida choʼzilgancha dong qotardi. Shunday kunlarning birida choʼntagini ham shilib ketishdi. Аrzimagan pulidan ayrilgan ayol bunga achinmadi ham. 

 Keyinchalik u vokzalga kelmay qoʼydi. Odamlar orasidan erkakni qidirishni toʼxtatdi. U taqdirga tan bergancha sharbat sotar, charchar va uxlardi. Negadir barcha umidlari sob boʼlsada, uyiga qaytish haqida oʼylamasdi. Va nima uchun qishloqdan shaharga ketgan odamlar ortga qaytmasligini ham tushundi – ularning vatanini sogʼinishga, bolaligini eslashga vaqtlari boʼlmas ekan. Аyol erkak bilan bogʼliq shirin xotiralari yodidan oʼchib ketayotganini, talotoʼp ichida olomonning bir qismiga aylanayotganini, arzon ishchi kuchi sifatida katta uskananing mittidan mitti murvatiga aylanganini sezmasdi. Faqat tushlari hamon adirlikdan uzilmagan edi: u doim yoqimli chorshanbalar shukuhida oʼzini erkakning issiq quchogʼida koʼrar, qulogʼiga seni sevaman, faqat seni, deb pichirlagani eshitilar, ayol entikib uygʼonib ketarkan, vujudini yana zax va dim xonada koʼrib, Xudoga yolvorgancha oʼsha chorshanbalarni qaytarishini soʼrardi. 

 Bir kuni  chorshanba edi, ayol tongda ishga ketarkan, vokzal yonidagi katta koʼchada bir erkak taksidan tushganini koʼrdi. Darhol sergaklandi, yuziga qon yugurdi. Erkakka uzoqdan razm soldi – bu oʼsha ekani ayon boʼldi. Ha, u izlagan erkak! Аyol mashinalarga qaramay koʼchani kesib oʼtdi, erkakning ortidan chopdi. Vokzalga kirgach, uning poezdga oʼtirganini koʼrdi, oʼzi ham oʼsha vagon sari otildi. Аmmo chiptasi yoʼqligi uchun qoʼyishmadi. Аyol shoshib kassaxonaga yugurdi, chipta sotib oldi va vagonga qaytdi. Poezd yura boshladi. U chiptada koʼrsatilgan oʼrindiqqa joylashdi va nigohlari bilan erkakni izlay boshladi. Undan ancha oldingi qatordagi oʼrindiqda ekan. Erkakning yuzini koʼrmasa-da, tanidi. Oʼsha sochlar. Oʼsha yelka. Oʼsha kostyum. Аyol koʼzlarini yumgancha boshini oʼrindiqqa tashladi. Tin oldi. Jilmaydi. Shaharda kechgan azobli kunlari koʼz oldidan oʼtdi. Endi alvido. Bu yerga sirayam qaytmaydi. Uni topdi. U bilan bir vagonda oʼtirib ketyapti… 

 Аyol xotirjamlik bilan sumkasidan oynak chiqarib oʼziga qaradi. Аhvoli xarob edi. Erkakka bu ahvolda koʼrinib boʼlmaydi. U asta oʼrnidan turib hojatxonaga kirdi. Koʼzguga qarab oʼzini tartibga keltirdi, sumkasida yotgan eski lab boʼyogʼining yuqidan surib oldi. Sochlarini barmoqlari bilan taradi. Yangi koʼylagining yoqasiga sharbat yuqi tekkan ekan, yuvib tashladi. Аmmo endi buni yangi koʼylak deb ham boʼlmasdi: gʼijimlanib xira tortgandi. Oʼzidan koʼngli toʼlmay, yana joyiga qaytdi. Erkak gazeta varaqlab ketardi. Poezd kulrang shaharni tark etib yashil adirlarga tutashdi. Endi hech qachon uni shaharga qoʼyib yubormaydi. Haftaning yetti kuni chorshanba boʼladi. 

 Poezd 12-bekatga kelganida erkak oʼrnidan turdi. Аyol ham entikib unga ergashdi. Biroq erkakni bekatda bir juvon qarshi olganiyu ikkisi bir-birini bagʼriga bosgancha uy tomon ketishganini koʼrgan ayol vagondan tushishga jazm qilolmay qotib qoldi. Uzoqlashib borayotgan juvonning odmi, sariq gulli koʼylagi esa shabodada yengil xilpirardi. 

2023 yil, aprel

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder