Madina shkaf ustidagi gipsdan yasalgan, chiroyli farishtaga o‘xshatib ishlangan haykalchaga uzoq tikilib yotdi. Umuman, uni har kuni ko‘radi. Ertalab uyqudan uyg‘onsa, birinchi unga ko‘zi tushadi. Onasining aytishicha, uni ichi to‘la eski tangalar emish, og‘irligidan u tengi bolalar ko‘tarolmasmish. O‘sha kundan beri bu alomat haykalchaga yanada qiziqishi ortdi. Ammo unga bo‘yi yetmaydi. Onasi esa birovning narsasiga so‘roqsiz teginish odobdan emas deb o‘rgatgan. Bu haykalcha uniki emas. Demak, tomosha qilish bor, qo‘l tekkizish yo‘q. Qaniydi taqiqlar shu ishni qilish jur’atini yenggani kabi qiziqishni ham yengolsa. “Birovniki baribir birovnikida”,-deb o‘yladi u. Qizcha har kuni ertalab bu haykalchaga tikilib yotadi. Bu qachondan beri davom etyapti bilmaydi. Onasi bilan bobosinikiga mehmonga kelganiga ancha bo‘ldi. Ko‘p qorlar yog‘di, o‘rtoqlari bilan ariqda cho‘milgan ko‘p yozlar o‘tdi. Shu yil kuzda esa buvasi aytganday “katta qiz” bo‘lib maktabga chiqadigan. Maktab haqida o‘ylasa, u...