Tinmay tun-kun gul shoxida sayrab turg‘on mungli qush, Ayt-chi, sening sayrashingni gul ham bir oz sezarmi? Sezgan choqda sening shunday qizg‘onichli holingg‘a Ko‘mak etib islaridan bir ozgina socharmi? Sening har kun tong sahardan erta turub, uyg‘onib, Ochilmagan g‘uncha uzra qo‘nib hamda munglonib Aytgan butun sirlar bilan ohlaringni tinglag‘och, Yashil yaproq orasidan senga kulib boqarmi? Agar anglab barcha ishing kulib boqsa, mungdoshim, Baxtli sen, butun umr qayg‘urmag‘il, yo‘ldoshim. Agar sening hollaringni anglamasa, boqmasa: Oqsun tinmay ko‘zlarimdan sening uchun qon yoshim… 1920
Vahki, mandin yoshurin yor o‘zgalarga yor ekan, Kechalar xilvar aro bazmi nihoni bor ekan. Xotirimni zohiran yuz va’dadan xushnud etib, Botinan ko‘ngli hamisha moyili ag‘yor ekan. Oshkoro til uchi birla bo‘lib moyil manga, Kongli mayli o‘zga elga yoshurun bisyor ekan. Dev siyrat muddaiylar sori rag‘bat ko‘rguzub, Men hazinu bedilu bechoradin bezor ekan. Har kecha ishrat mayin no‘sh aylabon avbosh ila, Tongg‘acha masti sharobi sog‘ari sarshor ekan. Chun nihon ag‘yor ila bazm etmish ul sultoni husn, Fahm qildimkim, anga man xasta quldin or ekan. Ko‘ngli sandin o‘zgalarg‘a rog‘ib o‘lmish,e y ko‘ngul, Umrlar ishqida mehnat chekkaning bekor ekan. Oshiqikim topsa hosid gar oning yorig‘a qurb, Bu jahon ichra tirik yurmak anga dushvor ekan. Yor topmishlar raqibu muddayilar olida, Ogahiy, emdi sanga ul ko‘y aro ne bor ekan.