23 Mart 2024 Cumartesi

Nodirabegim Ibrohimova - Qichqiriq ortidagi izhor (Sentimental esse)


Atirgul iforli atirimdan bo’ynimga purkar ekanman, hayajondan qo’llarim titrayotganini payqayman. Nihoyat, bugun senga so’nggi imkon beraman. Bugun sen uchun kitoblaru shokolad tayyorlab qo’yganim yo’q. Bugungi sovg’am o’ta xavfli, aytilgan manzilga qanday ko’tarib borish ham meni o’ylantirardi. Boy xonimlar uchun uni qo’lga kiritish cho’t emas. Lekin sovg’am senga yoqmasligi aniq.
Oslo ko’chalari to’la ulov –ko’proq to’ladim va vaqtidan oldinroq manzilga yetib oldim. Ayol kishi biroz kechikib borishi kerak, degan qoidaga hech amal qilmaganman. Qayerga kechiksam ham – sen bilan uchrashuvga kechikish nazarimda katta xato edi. Sen meni kelishilgan joyda – muzey yonida kutib turarding. Ko’rganim zahoti har safargidek xursandchiligimni yashirmadim, kulib salomlashdim. Sen ko’zlaringni yana olib qochding, zimdan kuzatdim shunda seni: kunlar isib ketgan esada qora plashda eding, menga sevimli sochlaring biroz o’sgan, oftob tufayli oppoq yuzing qizarinqiragandi. Ochig’i, salomlashdik, so’ng nimalardir haqda gaplashdik, hozir buni eslolmayman. Menimcha, san’at, bugungi muhit, topilmalaringu yangi suratlaring haqda gapirding. Men yana jim tingladim. Seni tinglash doim menga yoqardi, orada savollaringga javob berarkanman, cho’ntagimdagi buyumni qo’lim bilan mahkam qisib turganimni payqadim.
— Negadir bezovtasan, Tulla? – sen hissiyotimni sezding.
— “Qichqiriq”ning yaralish tarixini aytib ber, Edvard,- dedim gapni chalg’itish uchun, buni avval ham eshitgan bo’lsam-da.
— Oqshom payti shahar bo’ylab ketardim, tanim charchoq va kasallikdan toliqqandi. Quyosh botardi – bulutlar qizil rangga kirgandi – huddi qonga o’xshab. Nazarimda, tabiatdan qichqiriq ovozi eshitilardi, menga shunday tuyuldi. Shu kartinani chizdim — qonli bulutlarni. Ranglar qichqirardi, – sen o’sha lahzani qayta tomosha qilayotgandek olislarga ma’nosiz tikilib qolding. – Darvoqe, uni to’ldiryapman, davom ettiryapman…
Ayni paytda menga bu suratning ahamiyati yo’q edi. Hozir to’rt yildan beri qarshimdagi insonga bor mehru muhabbatimni bag’ishlaganimga qaramay sevgimni anglab yetmasligi og’ir botardi. Yoshim 29 da, sen-ku 35 ni urib qo’yding, yosh bola emasdik, harxolda. Oilaning nimasi yomon axir, nega ko’nmaysan bunga?! Go’zalligim qarshisida tiz cho’kkan oshiqlar ehtimol otamning boyligi sabab menga uylanishni istashini tushunardim, ammo sening o’zgaruvchanligingni, ba’zan menga ehtiros bilan boqib, ba’zan o’zingdan nari qilishingni sira hazm qilolmasdim. Rashk o’ti tobora aqlimni o’tmaslashtirib qalbimni kuydirardi. Sening atrofingda ayollar ko’p edi… Ha, yalong’och ayollarga qarab turib chizgan suratlaringni menga ko’rsatar ekansan, bundan sira hijolat chekmas, men esa o’sha holatni ko’z oldimga keltirib naq xushimdan ayrilardim.
— Meni bir kun o’ldirasan… — dedim pichirlab.
— Muzeyga kiramizmi? -deding gapni chalg’itib.
Beparvoliging battar asabimni o’ynadi. Balki sen hamon ilk muhabbatingni unutmagandirsan, degan qirindi o’tdi dilimdan. To’rt yil birga bo’lsak hammi? O, bu Milli seni rad etib, boshqasiga turmushga chiqib ketgani zab ish bo’lgan ekan. Eng yomoni, noming tanilib qolgandan so’ng u seni yana eslab qolgani, Edvard. Ayollar shunaqa – mashhur erkaklarni o’zlariniki bo’lishi istashadi. Men esa seni, kimligingdan qat’iy nazar – qalbingni sevishimni qachondir tushunarmikinsan?
Muzeyga boqdim: olib kelgan buyumim bu yerga o’ta shafqatsizlik qiladi, deb o’yladim. So’nggi bor senga yana o’sha savolimni takrorladim:
— Qachon qo’limni so’raysan, Edvard?
Sen jilmayib qo’ydingda, kassa sari odimlading. Qaytganingda men allaqachon bu yerni tark etgandim. Jur’atim yetmadi rejamni amalga oshirishga. Yo’l bo’yi yig’lab ketdim. Sening alamli va iztirobli bolaligingni o’yladim. Besh beshligingda onangning sil kasalligidan vafot etgani, yillar o’tib sevimli opangni ham kasallik olib ketgani senga ayol mehri yetishmasligining isboti edi. O’ta dindor otangning bergan tarbiyasi, shoxona hayot, tinimsiz ichkilikbozliklar, asablar tor-mor bo’lishi, bularning bari sening kartinalaringda namoyon bo’lardi. Sen o’z tuyg’ularing, qo’rquvlaring, vahimalaringni suratlar orqali ifoda etarding. “Suratlarim – mening kundaliklarim”, deysan doim. Shuning uchun qalbingni ochish maqsadida suratlaringni soatlab tomosha qilib turar, ammo hech vaqoni tushunmasdim.
Seni mehrsizlikda, beshafqatlikda ayblagim kelar, ammo nimadir bunga yo’l bermasdi. Oxiri nima qilish kerakligi yarq etib xayolimda chaqnadi. Seni o’zimdan halos qilsam, qadrim bor-yo’qligini bilib olaman, deb o’yladim. O’limim senga iztirob keltiradimi-yo’qmi, shuni o’lardek bilgim keldi. Ammo chinakamiga o’lsam, buni albatta bilolmasdim. Gar sevishing ma’lum bo’lsa, qayta tirilolmasdim-da. O’yin, bo’lgandayam qaltis o’yin qilishga qaror qildim.
…Mana, keng xonam o’rtasiga o’rnatilgan tobutda yotibman, atrofda shamlar yoqib qo’yilgan. Bu o’yindan xabardor do’stlarim seni chorlagani ketishgan: mening sevgi yo’lida me’yoridan ortiq dori qabul qilib o’lganimni aytish uchun. Ko’zlarim yumuq: eshik tiq etsa qulog’im xozir. Kutish asrlarga tenglashdi. Hademay, bari ma’lum bo’ladi: meni sevasanmi yoki yo’q? To’rt yillik muhabbatimiz senga zarracha ahamiyatlimi yo sarob…
Nihoyat, sen kelding, buni hansirab olayotgan nafasingdan sezdim. Asta tobutga yaqinlashding. Shu payt xo’ngrab yig’lab yuborasan va jismimni quchoqlaysan, deb kutdim. Ana shunda ko’zlarimni ochib bari hazilligini, seni umrbod tashlab ketolmasligimni aytib sochlaringni silashni tasavvur qildim. Biroq… sen na yig’lading, na meni bag’ringga bosding. Ortiq kutolmadim. Sen bilan muzeyga olib borganim – xavfli sovg’am qo’limda turar, uni biqinimga yashirib olgandim. Shart o’rnimdan turib revolverni avval senga, so’ng fikrim o’zgarib o’zimga mo’ljalladim. Sen manzaradan shoshib qolding: tiling kalimaga kelmay, bir zum qotib turding. Yuzingda yana berahm ifodani ko’rdim. Qa’tiylik bilan menga yaqinlashding va qurolni olib qo’ymoqchi bo’lding. Uni bermaslik uchun mahkam qisganimni bilaman… so’ng o’q ovozi yangradi. Bir birimizga katta-katta nigohlarimizni tikkancha jimib qoldik. Qo’limga iliq narsa oqa boshladi: qarasam qon. Sening qo’ling jarohatlangandi.

«Qotil». E. Munk.

…Bu bizning so’nggi uchrashuvimiz edi. Shifoxonada barmog’ingni kesib tashlashganini eshitib, aybdorlik hissidan o’lay dedim. Sen surat solayotib chap qo’lingni ishlatmasding, baribir meni kechirish qiyin! Axir rassom uchun barmoqlar naqadar kerak! Seni nafaqat mahbub, balki do’st sifatida ham yo’qotdim. Meni ko’rishdan, uchrashishdan qat’iy bosh tortding. O’jarliging, qaysarliging sabab uzrimni qabul qilmading. Umumiy do’stlarimiz seni ruhiy holating yomonligini aytishdi. Shundagina katta xato qilganimni, hayotingda bir qadar o’rnim bo’lganini va uni o’zim boy berganini angladim. Seni tinch qo’yishga, ahvoling o’nglansa yana yarashib olishga qaror qildim. Biroq meni ko’rishni istamading. Boshqa boy xonimlar singari yil o’tib menam alamimdan sendan yoshroq, sendan chiroyliroq bir rassomga turmushga chiqdim. Uyam ajoyib suratlar solsada, mening Edvardim emasdi. Yillar o’tib Kopengagenedagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilganingni eshitganimdan so’ng vijdon azobi qiynay boshladi meni. Aytishlaricha, ruhingni men xarob qilibman. Bu haqda ro’znomalarda o’qidim. Sen u yerda olti oy qolib ketding… ammo ko’rgani borolmadim.
Keyingi taqdiringni bilmayman. Ammo surat chizishni tashlamaganingdan, ijod qilayotganingdan xursand bo’ldim. Yevropaning turli shaharlarida kezib yurishing, u yerda yangi asarlar yaratishing, ko’rgazmalar o’tkazishingni bilardim. Men esa ajrashdim. Bo’ydoqligingni bilsamda, yoningga bormadim – sen yoshgina yangi mahbuba topgan eding. Yana baxtimni topish uchun turmush qurdim: u ham senga sira o’xshamasdi. G’ururimni poymol qilib, sen bilan yuzlashish, aybdorlik hissi bilan qarshingda bosh egishni istamadim.
Ammo ba’zan falon galereyada ko’rgazmang bo’layotganini eshitgach, borib tomosha qilardim. Ulardan o’zimni izlar va ko’pincha topardim ham. Endi-endi suratlaringni ma’nisini chaqyapman, Edvard. Mana, “Sohildagi ayol” nomli surating. Oq libosli ayol dengizga termulib kimnidir kutyapti. Yonida esa qora kiyimli qariya. Balki Azroildir, kim biladi. Bu yoshlik va keksalik orasi bir qadamligini eslatadi. O’zi umuman barcha asarlaringda hayot va tiriklik o’rtasidagi jangni ko’ryapman. “Adam va Yeva” surati esa meni o’ziga bog’lab oldi. “Nigohlar to’qnashganda” – xilvatda bir-biriga iztirob bilan qarab turgan juftlikdan o’tmishdagi muhabbat izlarini topishga urinaman. Undayam faqat o’zimni – tashna muhabbatimni ko’raman, seni topolmayman… Menga biror marta telbalardek boqqaningni eslolmayman, Edvard.
“Hayot raqsi” kartinasida esa hamma o’yinga tushyapti juft-juft bo’lib. O’ng tarafda oq, chap tarafda qora ko’ylakli ayol o’rtadagi qora libosli erkakka — senga umid va ranj ila tikilib turishibdi. Sen esa qizil kiyimli ayol bilan shodon raqs tushmoqdasan. Nihoyat, o’zingni tasvirlabsan-da, sevligim? Ayollarga o’chligingni, ulardan biriga qanoat qilolmasligingni, ilhom izlab, obraz izlab ularni almashtirishingni… “Operatsiya stolida” nomli surating yuragimni zirillatib yubordi. Unda sen o’sha otishmadan so’ng barmog’ingni kesishayotganini ayovsiz tasvirlaganding. Ko’zimni chirt yumib oldim.
Qalbimda yana og’riq paydo bo’ldi. Chalg’ish uchun boshqa suratlar sari surilaman. “Vampir” nomli suratga qarayman. Senga bu mavzu azaldan yoqardi. Ehtimol, bu yerda qonxo’rlikni tasvirlamoqchi bo’lgandirsan, ammo men butunlay boshqacha tushundim. Qizil sochli ayolning tizzasiga bosh qo’ygancha yig’layotgan yoki o’kinayotgan erkak… Bu senmi, sening tavbalaringmi? Hammasidan charchaganingda, ko’ngling orom topadigan makoningmi yo? O’sha makon – men bo’lganimda edi, Edvard, buning uchun borimni berishga tayyor edim. Melonxolik turkumli suratlar jamlanmasida botiningdagi yolg’izlikni teran his qilaman. Sohil senga doim yoqardi. Oy nuri suvda jilva qilganida unga tushkun tikilib turishingni eslab, xo’rsindim.
Keyin esa ikkimiz tasvirlangan avtoportret qarshisida uzoq qolib ketdim. Malla sochlarim yoyilgan, ko’zlarim bejo boqardi. “Qotil” degan surat esa baridan oshib tushdi… Unda sovuqqon tarzda sening joningga qasd qilayotgan sipogina ayol – men tasvirlangandim. Shu lahzalarda meni faqatgina rashkchi telba sifatida yod etib turishingni tushundim. Hech qachon ma’suma mahbubangdek eslamagansan meni.
Va nihoyat, “Qichqiriq”ning yangi yaratiqlariga ko’zim tushadi. Ular avvalgidan ko’ra biroz yorqinroq edi. Qizil rang qonni eslatadi. Qichqirayotgan senmi, Edvard? Nega bunchalik qalbing larzaga tushgan ekin? O’sha otishma yodimga tushadi. O’shanda seni o’ldirmoqchi edimmi, o’zimnimi, bilmayman. Sen ham, men ham tirik qoldik, ammo sevgimiz o’ldi! Sevgimga aza tutib bu hayotda g’imirlab yuribman. Sen esa yangi Madonna izlab Pariju Berlinda kezinasan. Hamon rashk hissi meni ezadi…
Galereyadan chiqqanimda shom tushib qolgandi. Uygacha piyoda yurgim keldi. Shovqin shaharda odamlar bir narsadan quruq qolgandek shoshib yelib yugurishadi, yaltiragan mashinalar signali olamni tutadi, yigirmanchi asr kirib kelgandan beri nazarimda hayot tezlashib ketgandek tuyuladi menga. Hamma narsa shunchalik o’zgarib ketdiki, hatto tuyg’ularning ham qadri qolmadi. Xorib o’rindiqlardan biriga o’tirdim va sumkachamdan yelpig’ich chiqarib yelpina boshladim. Shu on nigohim olislarda – qip qizil bo’lib botayotgan shafaqqa tushdi. O’sha lahzada dunyodagi eng yolg’iz odamdek sezdim o’zimni. Baqirgim, qichqirgim, dod solgim keldi. Ammo unday qilolmadim… Yigirmanchi asrning nozikta’b, madaniyatli, takallufli kishilari singari yuzimda qilt etgan isyon olovlamadi. Yonimdan bosh irg’ab o’tib ketayotgan savlatli erkaklar, o’zlariga iltifotli oshiq izlab sayrga chiqqan xonimlar, nariroqdagi opera teatriga oshiqayotgan didli ziyolilar – hammasining yuzi bir-birinikiga o’xshar, soxta jilmayish va mag’rur dimog’lar aro o’zimga qadrli bir yuzni izlardim. Ammo topolmasdim… Edvard, boshqalarga sira o’xshamasligingni, nega aynan seni tanlaganimni o’shanda angladim. Senda soxtalik yo’q edi. O’zingni boringcha tutar va shunday qabul qilishimni istarding. Menga o’zingni kuchli sevadigandek qilib ko’rsatmas, boshqa oshiqlar singari romantik maktublar bitmas, gullar jo’natmasding. Sen doim asl san’at uchun g’oyalar izlar ekansan, uni mana bu soxta insonlar ichra emas, alam va iztirob chekkan ko’ngillar ichidan qidirarding. Toparding ham. Eng katta boyligini yo’qotdek millionerdek shalvirab uyimga qaytdim.
Hech kim yo’q muhtasham xonamda ovozim boricha qichqirdim. Ismingni aytib baqirdim-chaqirdim, dod soldim. So’ng menga sovg’a qilgan yagona kartinangga termulgancha unsiz yig’ladim. “Qachonlardir bu surating ham, boshqalari ham tug’ilib o’sgan yurtingdagi mo»jaz muzeyda qad rostlab turadi, Edvard. Mashhur rassom Munkning asarlarini ko’rish uchun dunyodan muxlislaring tashrif buyuradi… Sen tarixda qolasan. Bunga ishonaman. Afsuski, bizning ismlarimizni hech qachon birga tilga olinmaydi. Meni rassomning bir barmog’idan ayrilishiga sabab bo’lgan, natijada suratlar chizishiga qiyinchilik tug’dirgan bir shaddod va erka ayol sifatida yod etishadi. Kelajakdagilar bugungi odamlar kabi qalbimda nelar borligini hech qachon bilishmaydi, Edvard. Zero, ularga buning qizig’i yo’qdir. Senki, meni tashlab ketgan ekansan, ulardan ne ranj? Qalbimdagi otashin muhabbat o’lganimdan so’ng men bilan qabrga kiradi va izsiz yo’qoladi. Ehtimol, yaratgan asarlaringni qaysidir tasvirlarida yashab qolar u… Kim bilsin, deysan?»

Muallifdan izoh. Modernist rassom Edvard Munk Tulla (asl ismi Matilda) ismli ayoldan ilhomlanib bir talay yorqin suratlar yaratgan. Uni yoqtirgan ayollar ko’p bo’lsada, bir umr bo’ydoq o’tgan va 80 yoshida vafot etgan.

21 mart, 2020, Toshkent.

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder