Ikki kundan beri Anna yonimga kelmayapti… Men tentak yoki shizofrenik emasman. Bu gapim bilan albatta, o’zim uchun aziz bo’lgan uning muqaddas siymosini nazarda tutyapman. U qazo qilganiga yarim asrdan oshgan. Buni yaxshi bilaman. Hayot deb atalmish tasodif va ko’rgiliklarga to’la teatrda u o’z rolini boshqa aktyorga topshirganiga ancha bo’lgan. Qo’pol qilib yoki sodda, tushunarli tilda aytganda — u go’rida allaqachon ko’karib chiqqan.
Men shunchaki har kuni atrofga oqshom cho’kkanda, sokinlik tun pardasi bilan birga borliqqa yoyilganda Annaning siymosini tasavvur qilib, xayolan u bilan suhbatlashib vaqt o’tkazar, she’riyat deb atalmish ma’naviy ozuqa borasidagi ommaviy va urfga aylangan, gazeta va jurnallar sahifalarini to’ldirgan, zaminimiz bag’rida quyosh chiqib to botgunga qadar davom etadigan qizg’in va dilgir gurunglardan charchab, uning yonida umrimni hech bo’lmaganda tunga aloqador bo’lgan qismini mazmunli o’tkazib yashashga intilardim. Yolg’on emas shunday. Aldab nima qilaman. Bundan menga nima naf? Esimni taniganimdan beri, adabiyot va she’riyatga o’zimda oshuftalik, kuchli mayl va telbanamo talpinish his qilganimdan beri Anna yonimda bo’lar, qaysar va o’lgudek injiq yuragimga yaqin bo’lgan uning she’rlari jamlangan kitobini qayerga bormay o’zim bilan har safar olib ketardim. Dam olgani yengiltak odamlar makoni bo’lgan sihatgohlarga boramanmi, hordiq chiqargani aqldan ozgan boy-korchalonlarning ermagiga aylangan tog’u toshlar yoki yarim yalang’och erkag-u ayolga to’lib ketgan suvi ko’m-ko’k, tiniq ko’llarning bag’rigami, ichimda o’zim la’natlagan kasbim bo’yicha bir tiyinga qimmat, foydasiz o’quv-seminarlar yoki keti uzilmaydigan xizmat safarlariga boramanmi, qora jomadonimga zarur narsalar bilan birga albatta uning kitobini ham joylashtirardim. Mehmonxonaning yorug’ va shinam xonasida jomadonni ochishim bilan Annaning o’sha menga tanish- ustiga “Anna Axmatova. Izbrannыye proizvedeniya” deb yozilgan, Moskvada ancha yillar oldin nashr etilgan, sutrang qattiq muqovadagi kitobi go’yoki kulib qarar, ob-havoga taqlid qilishdan xezlanmaydigan beqaror kayfiyatimni ko’tarar va beixtiyor lablarimda hazin tabassumning bir qur namoyon bo’lishiga sababchi bo’lardi. Atrofga qorong’u tushib, men uchun sariq chaqalik ahamiyati qolmagan dunyoning tashvishlari, yuragimda iliqlik uyg’ota olmagan marionetkasifat odamlarning orzu-o’ylari, maqsadlari bir pas meni tinch qo’yganida, ish deb atalmish hayotimning zerikarli qismidan o’zimni panaga olgan kezlarimda uni tuni bilan, gohida tunni oppoq tongga ulab, qo’limdagi dumaloq soatimning bir maromda va sekin chiqillashi ostida ko’zlarim ilinguncha qo’limdan qo’ymasdim, u yerdagi xassos va dilni o’rtovchi misralarni berilib, o’ttiz yildan ko’proq muddat davomidagi yashash jarayonida to’planib, bir uyum axlatga aylangan ruhimdagi g’uborlardan poklanib o’qirdim, ularni o’qish mobaynida diydasi qattiq, murosa nimaligini bilmaydigan va o’larcha dimog’dor deb nom qozongan men kabi bankirning ko’zlarini shashqator yosh xiralashtirardi…
Ularning aksariyati menga deyarli yod ham bo’lib ketgandi. Kitob yod bo’lib ketgan desam ham bo’laveradi. Butun boshli kitob xotiramga muhrlangan. Annaning she’riyati ta’sirida menda adabiy balog’at va o’ziga xos badiiy did shakllanganini ham inkor qilmayman. Bundan tashqari ayol shoiralarga baho berishda ham, ularning nazmda ivirsib yurib qilgan ishlari bilan tanishishda ham Annaning adabiy merosiga doim suyanib kelganman. Yanayam tushunarli qilib aytadigan bo’lsam ayol ijodkorlar she’riyatini — u o’zbek adabiyotiga oid she’rlar, dostonlar, sochmalar bo’ladimi yoki jahon adabiyotiga oidmi — barchasini sevimli Annamning ijodiga bo’ylashtirar, uning merosini ko’z oldimga keltirib ularni tahlil qilar, Annaning ijodi qaysidir ma’noda men uchun nazm deb atalmish sehrli olamni tushunishda o’ziga xos dasturilamal vazifasini o’tardi. Nazmning kanizaklari bo’lmish ayollarni o’qiyotganimda hech shubhasiz, tasavvurimda Annaning siymosi gavdalanar va shu bo’yi bir necha fursat ketmay yonimda turardi. Aniq eslayman. U yonimda turardi. O’zidan boshqa shoiraning kitobini qo’limga olishim bilan shoshilib, oyog’ini qo’lga olib yonimga kelar va ketishni o’ylamasdan ro’paramda indamay, bir nuqtaga tikilgancha turardi. Yozning iliq kechalarida ham, qishning uzun kechalarida ham, bahor kelib o’rik oppoq gullagan kezlar-u xazonrezgi bo’lib daraxtlarning barglari birma-bir to’kilayotgan kuz oqshomlarida ham u yonimda shunday turardi. Hech qayerga ketmasdi. Uyimdagi o’zimning sevimli shaxsiy kutubxonamda, deraza oldidagi katta anorrang kreslomga cho’kib, onam damlab bergan achchiq qaxvadan betinim xo’plagancha Marina Svetayevanimi, Zinaida Gippiusnimi, Gabriela Mistralnimi, Xalina Posvyatovskayanimi, Fo’rug’ Farruhzodnimi, Zulfiyanimi yoki qaysi bir mashhur bo’lmagan, nomi chiqmagan shoiraning kitobini qo’limga olsam ham u yonimdan ketmas, ma’yus yoki g’amgin emas, negadir o’ziga ishonchi yuqori bo’lgan odamlardek mag’rur va viqor bilan menga tikilib turardi.
-Xo’sh, nima deysan?- derdi kitobni yopib qo’yganimdan so’ng, qo’llarini ko’ksiga chirmashtirib.
Qanday fikrdasan degan savolni u ma’shuqalardek shunday qo’rslik bilan, erkalanib berardi.
-Ularga muhabbat qo’ya olmadim,- derdim qaxvadan xo’plarkanman unga termulib.- Yoqmadi ularning ijodi.
Shunda uning yuziga qon yugurar, bir nuqtaga tikilgan ko’zlari porlab ketar, mag’rurlik bilan qimtinib turgan lablari jilmayar va viqorli siymosi yorishgancha ko’z oldimdan oppoq tumanga qorishib, ko’zdan g’oyib bo’lardi. Qulog’im ostida uning savoli betinim jaranglardi:
-Xo’sh, nima deysan?… Xo’sh, nima deysan?… Xo’sh, nima deysan?…
Bu hol ko’p takrorlanardi… Yuqorida ta’kidlaganimdek men har gal chirkin foniy dunyodan she’riyat bilan chalg’imoqchi, hissiz odamlar sabab horigan ruhimni u bilan tiklamoqchi bo’lgan kezlarim Anna yonimga shoshar, moviy ko’zlarini mendan uzmay turar, asabiylashib boshqa muallifni o’qiy olmaganimni, tarvuzi qo’ltig’idan tushgan odamdek unga iltijoli tikilganimni ko’rgach, so’ng kitob javonidan darrov yana uning kitobini qo’limga olganimga e’tibor qaratgach, xursand bo’lgancha va g’oliblardek qadam tashlab ko’zdan yo’qolar, men bo’lsa ichimda nimalarnidir pichirlab, kresloga butun og’irligimni tashlab elliginchi yoki oltmishinchi marta uni o’qishni boshlardim…
O’zbek she’riyatiga azaldan qiziqmaganman. Yuzaki qiziqish ham deyarli bo’lmagan. Agar o’zbek nazmini ummonga qiyoslaydigan bo’lsak, qaysidir ma’noda bu ummonning tinimsiz shovullashi, atrofga suv va ko’pik purkab chayqalishi, qirg’oqlari meni doim bee’tibor qoldirib kelgan. Mumtoz o’zbek nazmidan tortib Zulfiya, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyevalarni o’qigan kezlarim o’zimda ularni qaytib o’qishga hech qachon mayl sezmaganman, o’qiganlarim menga hech nima bermagan, ko’zimga jo’n va oddiydek ko’ringan, she’riyatga qo’ygan va Anna shakllantirgan talablarimga ular mos kelmagan yoki ma’naviy ehtiyojimni to’laqonli qondirishmagan. Ularni, tan olaman — Anna Axmatovaga hatto teng ko’rmaganman. Afsuski, ularning adabiy olami meni o’ziga tortmagan. Hatto, mustaqillikning dastlabki davrida adabiyotga kirib kelgan yoki hozirgi yosh o’zbek shoiralarini o’qiganimda ham o’zimda ularning ijodlariga nisbatan hech qanday moyillik, oshuftalik his qilmaganman. Faqat befarqlik his qilganman, xolos. Ularni qachon, qaysi vaqt o’qimay ular tarannum etgan inson botiniy hislari sun’iydek, xayolot kengliklari kulguli va bachkanadek, ularning satrlaridan ufurib turgan romantizm bo’rttirilgandek, nozik hislar ifodasi keraksiz tashbehlarga, asab hujayralarini o’ldiradigan pafosga to’la va qichqiriqni eslatuvchi yoki galyutsinatsiyaga chalingan bemorning holati bilan to’la uyg’unlik kasb etgandek injiq yuragimni qilchalik ta’sirlantirmagan va men har safar asabiylashib yana Annaga qaytaverganman. Bu tabiiy shunday bo’lgan, hech qanday zo’rakilik yoki nokamtarlik yo’q fikrimda. Bu borada aybim shu bo’lganki, men ularni doimgidek Anna bilan bo’ylashtirganman va umumiylik topolmay surbetlarcha ularning ijodlarini rad etib, xuddi eski paytlardagidek Anna bilan dardlashishda, uni o’qib, u bilan xayolan suhbatlashishda davom etganman va bundan sirayam zerikmaganman. Xuddi dejavyudek hammasi takrorlanavergan: men qaytib qaytib sihatgoxlarga, tog’u toshlar va iliq ko’llarga, o’quv seminarlari va xizmat safarlariga boraverganman hamda jomadonimga zarur narsalar bilan birga Annaning kitobini solib, o’zim bilan olib ketaverganman…
Yaqingacha ham Annadan boshqa muallifni sevib o’qiy olishimni tasavvur qila olmasdim. Ahvolimni ko’rib, Anna kular, unga bu moydek yoqardi. U yuragimdagi she’riyatga bo’lgan extiyoj va muhabbatni o’zidan boshqa biror bir shoira o’z ijodi orqali uyg’ota olmasligiga chin dildan ishonib, u yerdagi mustahkam o’rniga darz ketmasligiga ko’zi yetib tabassum qilardi. Hattoki, Xalina Posvyatovskaya va Fo’rug’ Farruxzodni ham o’qigan kezlarim u qilt etmagan, yuzining tusi ham o’zgarmagandi. Chunki uning ishonchi komil edi. Qolaversa, men ham unga rag’bat yoki so’nmas shijoat bergandek yuqoridagi xassos shoiralardan ko’p o’tmay sovugandim. Bir lovvulab yonib, tezda o’chgandim garchi aqldan ozar darajada Xalina va Fo’rug’ meni rom etishgan bo’lishsa-da. Bu uncha ko’pga cho’zilmagan va men Annaning “Xo’sh, nima deysan?” degan savoliga yana bosh chayqagancha, og’zimga talqon solqondek indamay, noiloj unga qaytgandim. Uning samimiy kulgu jilvalanib turgan lablariga qaray-qaray unga qaytgandim. Xalina va Fo’rug’ ham undan meni butunlay mosuvo qila olishmagandi.
Yaqinda esa… Yaqinda hammasi o’zgardi. Iste’dodli shoira Go’zal Ro’ziyevaning she’rlarini qayerdadir o’qib qoldim. Aniq bilmayman qayerda… ijtimoiy tarmoqlarda ekani aniq lekin. Shu kungacha uni uncha kuchli yozilmagan nasriy asarlarini o’qigandim, ular menda o’rtachadan yuqoriroq darajada taassurot qoldirgandi, lekin she’riyati bilan aslo tanish emasdim. Bilganim — Birinchi kitobim loyihasida uning she’rlar to’plami chiqqani edi. Uning she’riyati qachon meni rom etishga muvaffaq bo’ldi — buni ham ochig’i bilmayman. Go’zalning she’riyati rom etdi, tamom vassalom. Uni o’qib nihoyat o’zbek adabiyotida ham realistik ruhda yurak yutib yozadigan, asabni buzadigan ezma, oldi-qochdi romantizmdan yiroq bo’lgan, qanotli do’stlarimizning qichqirig’ini yodga soladigan pafosga begona, mani mudom qiynaydigan botiniy savollarimga javob beradigan, ko’pik kabi suv yuzasida turgan o’zbek adabiyoti sabab tartibsiz atomlarga bo’linib va sochilib ketgan qalbimni bir butun qilib birlashtiradigan, she’riyat borasidagi o’lchovlarimga to’la mos keladigan, sevimli Annam bilan bo’ylashadigan kimdir, favqulodda bir iste’dod paydo bo’lganinini sezdim. Uni “Venetsiyaga bormoqlikni orzulaydi qiz”, “Kabalьero”, “Poyezd-odamlarmiz”, “Gladiator” kabi pishiq-puxta yozilganidan ko’ra ham, ruhiy kechinmalar dramatik tarzda berilganidan ko’ra ham, realistik ruhda yozilgan she’rlari meni tamomila o’ziga maftun etdi. Shu paytgacha o’zbek adabiyotida — yigirmanchi asr va zamonaviy o’zbek adabiyotini qo’shib hisoblaganda ham nazmda ijod qiladigan biror bir ayol ijodkor o’z ijodi bilan bunchalik meni maftun etmagandi. Annaning she’riyatiga bo’lgan ruhiy xastalikka o’xshash ehtiyojim ortidan yana boshqa bir shoiraning she’riyatiga nisbatan ham bunday ehtiyoj dunyoga kelayotganiga birinchi marta iqror bo’ldim. Butun borlig’im bilan iqror bo’ldim. Bu meni ham hayajonga soldi, ham xavotirga, ham larzaga.
Odatiy oqshomlardan birida Anna oldimga kelganida u bir necha marta oq qog’ozga tushirilgan Go’zalning yuqoridagi she’rlarini qo’limda ko’rdi. Men ularni diqqat bilan o’qir, tahlil qilar va misralardagi realistik ruhni yuragimning har bir tepkisida ilg’ardim. Anna dastlab e’tibor bermadi. Axir Xalina va Fo’rug’da ham boshida shunday bo’lgan. U yonimga o’tirdi-da, men bilan birgalikda she’rlarni o’qishda davom etdi. Bir necha kun shunday o’tdi. Ammo uni ham meni ham hayron qoldirgan narsa – Go’zalning she’rlaridan ko’nglim qolmayotgani hecham ro’y bermasdi. Bu aksiga olib kundan kunga kuchayib borar, bu moyillik hatto o’zimni ham bir oz cho’chitardi. Annada esa boshqa o’zgarish kuzatilardi. U endi kam tabassum qilar yoki butunlay qilmas, yonimda o’tirmas, xonada u yoqdan bu yoqqa bezovta yurar, kitobini varaqlamay qo’yganimni orada yuzimga solar, xullas u yuragimdagi o’z o’rnidan havotirga tushardi. Men unga tikilarkanman, bir achinsam, bir o’z ona adabiyotimda ham nihoyat, meni bir umr qiziqishimga arzirli nazm ijodkori paydo bo’lganiga, qolaversa unda o’zim orzu qilgan mutlaqo yangi qatlam ochilganiga yosh boladek suyunardim…
— Anna, eshit,- derdim unga suyunib boqib.- Venetsiyaga borishni orzu qiladigan qiz haqida she’r.
Va she’rni o’qiy boshlardim. Preriyaga ham, Saxaraga ham, Parijga ham borishni orzu qilmaydigan, kun bo’yi derazasi oldida o’tirib, tashqarida yog’ayotgan yomg’ir raqsini kuzatib, faqatgina Venetsiyaga borishni orzu qiladigan sho’rlik nogiron qiz haqidagi she’rni o’qirdim. Anna indamasdi.
— Qiz Venetsiyaga borishni orzulaydi. Faqat Venetsiyaga. Chunki uning oyoqlari yo’q. Venetsiya esa suv ustiga qurilgan shahar, uni faqat qayiqqa o’tirib aylanish, sayr qilish mumkin, xolos. Topilmani qara, Anna!
Anna indamasdi.
-“Gladiator” she’ridagi o’limga tik boqib, har kuni “yo o’lmoq, yo qolmoq” degan betayin falsafaga amal qilib yashaydigan, qonsiragan hissiz olomon qarshisida taqdiriga har daqiqa la’nat o’qib, o’lim bilan yuzma yuz keladigan qulning ayanchli iztiroblarini tasvirlashdagi realistik ruhni qara, Anna!
Anna indamasdi.
-“Kabalьero” she’ridagi buqaning isyoni-chi? Uni shuhratparast matador va atrofidagi uning o’limini yuragini hovuchlab kutayotgan olomonga nisbatan isyoni, yuragida to’planib qolgan nafrati, yakunda oladigan alamli qasosini tasvirlash va ifoda etishdagi dramatizmning yuqoriligini qara, Anna!
Anna indamasdi. Keyin esa shunday kezlarda u meni sassiz tark etar, “Xo’sh, nima deysan?” kabi tanish savoli bilan murojaat qilmas, chunki mendan chiqadigan javobdan go’yo cho’chigandek labini tishlardi. Oxirgi paytlarda u deyarli kulmay ham qo’ygandi…
…Xullas shunaqa gaplar. Anna ikki kundan beri yonimga kelmayapti. Shuncha fursat o’tib endilikda har oqshom yana uni sutrang muqovali kitobini qo’limda tutib o’tirarkanman, u bir lahza yonimga kelishini kutib, nihoyat men bilan bir tilda gaplashadigan, men tug’ilgan zaminda kindik qoni to’kilgan, men mavjud bo’lgan millat adabiyotida mening ta’bimga ham mos she’r yozadigan ijodkor paydo bo’lganini unga tushuntirishni juda juda istab, shu istak bilan yashayapman, kun o’tkazyapman. Men ishonaman, bir kuni Anna qaytadi, yonimga qaytadi, yana uning iliq siymosini ko’raman, kulgusi quloqlarim ostida jaranglaydi. Hozircha esa… Hozircha, kechir meni, Anna, deb qolaman garchi kechirim so’rashga loyiq ish qilmagan bo’lsam ham.
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder