7 Mart 2024 Perşembe

Sherzod Ortiqov - Yuzning o'ng va chap tomoni (Esse)


O’shanda o’n sakkiz yoshda edim. Institut auditoriyasida, bankni qanday qilib muvaffaqiyatli boshqarish xususida domla ma’ruza o’qir, men esa birinchi partada Lev Tolstoyning maktublar to’plamini o’qib o’tirar, domla bilan sira ishim yo’q, u nima haqda gapirayotganiga e’tibor qaratmas, ma’ruzaning zarur joylarini ham daftarimga qayd etmas, ulug’ adib maktublarining ichiga kirib ketgandek, kitobdan boshimni ko’tarmasdim.

— Sherzod, Tolstoyni kechqurun yotoqxonada o’qiysan,- dedi bir payt domla yonimga kelib.

Shunda xuddi uyqudan uyg’ongan odamdek ko’zlarimni bir ishqab olib unga qaradim. U qo’liga ma’no-mazmunini o’zi ham tushunmaydigan, rus tilida nashr etilgan, horijlik iqtisodchilar tomonidan yozilgan kitobni ushlab olgandi.

— Domla, — dedim bir unga, bir qo’lidagi kitobga qararkanman. — Birortasi yuzingizni o’ng tomoniga ursa, unga chap tomonini ham tutib berarmidingiz?

Bunday g’alati savolimdan o’shanda domla tugul butun auditoriyaning yaxshi ma’noda mazasi qochgandi. Shundan so’ng domla gurillab ko’tarilgan kulgu ostida ensasi qotgancha meni darsdan haydab yuborgan, so’ng semestr yakunida qoniqarsiz ball qo’yib, yuqori toifadagi stipendiyani olmay qolishimga sababchi bo’lgandi.

Bu savolimga o’sha kezlari domladan tashqari boshqalardan ham javob ola bilmagandim. Keyinchalik talabalik davrimda bu savolni yana necha kishiga berdim — aniq bilmayman. Son-sanoqsiz kishilarga berdim: Otamga, amakimga, qo’shnilarimga, tanish do’stlarimga, yuqori va pastki bosqich talabalariga… Bu ro’yxatni istalgancha davom ettirish mumkin.

Ularning ayrimlari bu savolga javob berishmadi. Kulishdi, meni jiddiy qabul qilishmadi. Ayrimlari hozirjavoblik bilan va bir soniya o’ylab ham o’tirmay, “darhol javob qaytarardim”, deyishdi. Mulohazali va ko’p kitob o’qiganlari esa “bu mutlaqo mantiqsiz, inson tabiatiga tamomila zid gipoteza”, deb javob berishdi. Umumiy xulosa qilganimda, ularning birortalari Tolstoyning nazdida insoniyat ma’naviy tanazzulini bartaraf etishi va chirk bosgan dunyoni qutqarishi lozim deb topilgan Injilning yovuzlikka qarshi kuch ishlatmaslik ta’limotini zarracha ijobiy tomonini ko’rishmadi, aniqroq aytadigan bo’lsam, hech biri yuzimning chap tomonini ham tutib berardim, deyishmadi.

Talabalik davrim va undan so’ng yoshligimning katta bir qismi shu savolga javob topish bilan, Tolstoy tomonidan ideallashtirilgan yuqoridagi Injil ta’limotini idrok qilish va mag’zini chaqish bilan, shu mazmundagi turli xil kitob va risolalarni mutolaa qilish bilan o’tdi. Ammo o’sha yillari savolimga kitoblardan ham, hayotdan ham javob topish aslo nasib etmadi, qalbimdagi u orqali yuzaga kelgan dovul, po’rtana bosilmadi, o’zimni oxiri ko’rinmaydigan ummon o’rtasida chayqalib turgan kemadek sezaverdim. Hatto ba’zida shunday paytlar bo’lardiki, tasavvurimda Sfinks jumbog’idan ko’ra ham unga javob topish mushkulroqdek tuyulgan bu savoldan charchab ketib, o’zimniyam u bilan so’ro-qa tutarkanman, beixtiyor men ham javob qaytarardim, yuzimning o’ng qismiga kimdir ursa, unga chap tomonini aslo tutib bermasdim, degan xayoldan ichim larzaga kelar, Tolstoyni bu borada tushuna olmayotganimdan teran qayg’uga sho’ng’ib, o’qiyotgan kitobimni alam bilan yopib qo’yar yoki uning ochiq turgan sahifasiga boshimni yaqin keltirib og’ir-og’ir nafas olardim.

Oradan picha vaqt o’tgach yana hech nima bo’lmagandek dilimni o’rtagan mazkur ta’limot kengliklariga qaytardim. Ha, qaytardim. Shuni qayd etishim lozimki, qaytish har safar judayam og’riqli bo’lardi. Shunchalar og’riqli bo’lardiki, munofiqlarga to’la jamiyat irgangan Annaga qo’shilib o’zimni la’nati relslar ustida yuradigan poyezd ostiga tashlaganimda ham, semiz Bezuxovga o’xshab urush dahshatlaridan badanimdagi tuklarim hurpayganida ham, soddadil Levinning ortidan tengsizlik degan balo sabab boshimni quyi solib iztirob chekkanimda ham, olifta Nexlyudov emas, xuddi o’zim bechora Maslovani badnom qilgandek o’lib tirilganimda ham va nihoyat asosli fikr bildirmay, shunchaki Tolstoyga ko’r-ko’rona taqlidan masxaraboz Shekspirni tanqid qilganimni tushunganimda ham qalb og’rig’i o’sha damdagidek haddan ziyod zalvorli va shiddatli kechmaganiga iqror bo’lardim.

Galdagi og’riqni o’zimda tuyarkanman, bora-bora unga dosh berolmay ovozimni chiqarish darajasida ingrab yuborishim mumkinligini, uning betinim davom etishi asnosida ko’zlarimdan tirqirab yosh chiqib ketishini taxmin qilar va bundan butun borlig’im it azobida g’am-anduhga qorishib pinhona ezilardim. Tolstoy ijodidagi yolg’iz shu ta’limot — gina murakkab va ziddiyatlarga boy borlig’imni ostin-ustun qilar darajada ketma-ket ruhiy zarbalar bilan ko’z ochtirgani qo’ymas, uning yostiqdek ro’monlari, xasbi hol ko’rinishidagi qissalari va ixcham hikoyalaridagi mavzu-yu kechinmalar ham, ijtimoiy ruhdagi sara maqolalari ham, tavba-tazarru sifatida yozilgan badialari ham kaminaga ta’sir darajasi va ko’lami borasida u bilan hech raqobatlasha olmasdi.

O’ttizni qoralash arafasida bu ta’limotni sal unutgandek bo’ldim, chunki Joys, Kafka, Folkner va Kamyularga qizikishim ortdi. Bu utopiya monand ta’limot Tolstoy talqinida bo’ladimi, boshqaningmi — oxiri menda pessimistik qarashni shakllantirdi. O’zim uchun go’yo tepadan yuborilgan tavqi la’natga aylangan savolga ha yoki yo’q deb javob topishga erina boshladim, buni ilojisi bor-yo’qligini tan olishdan o’zimni olib qochish yoki panaga olish uchun turli bahonalar to’qishga kirishdim. Tolstoy yopishib olgan bu ta’limotning mantiqsizligini inkor qilish uchun yuzlab odamlar bilan yoqalashdim, ularni yuziga musht tushirdim, ulardan musht qabul qilib oldim, janjallashdim, tantana qildim. Tasdiqlash uchun ham ko’p narsalar qildim: ishdan haydashganlarida indamadim, ortimdan kulishganlarida birga kuldim, qarzini qaytarmaganlarga qaytib-qaytib qarz berdim, birovning xotinini yo’ldan urganlarni yelkasiga zo’r deb qoqib qo’ydim, chet eldagi vatangadolarga hayrihohlik bildirdim. Oxir-oqibat undan qo’limni yuvib qo’ltig’imga urdim, savolga javob topish jarayonidan xafsalam tom ma’noda pir bo’ldi va Kafkaning Zamzasi yoki Kamyuning Mersosi bilan yashay boshladim…

Ikki ming o’n to’qqizinchi yil yakunlanayotgan bir pallada negadir yana shu ta’limot haqida esladim, ovqat paytida ham meni tinch qo’ymaydigan turli-tuman mulohazalarim orasiga uning tanish yodi suqilib kirdi va bir pasda o’zini eslatdi. Qanday u esimga keldi — bilmayman. U xaqida besh yildan beri umuman o’ylamay qo’ygandim, deyarli unutgandim… O’ttiz birinchi dekabrь kuni yana o’yladim, yana u fikru zikrimni butunlay egallab oldi. Telbalik shundaymi? Yaqinlarimning barchasi stol ustiga yozilgan va noz-ne’matlarga to’la dasturxon atrofida, xonaning bir burchagidagi o’yinchoqlar bilan yasatilgan archaga xursand holda nigoh tashlashib, o’zaro emin-erkin gurunglashib, devordagi soatning qachon o’n ikki bo’lishini intiq kutgancha yeb-ichishib, kayfiyatlarini chog’ qilishib o’tirganlarida men boyagina bir chimdim tatilgan olivьe salati ta’mi og’zimdan ketmay, shaxsiy kutubxonamda, gilam ustiga sochib tashlangan Tolstoyning yigirma ikki jildlik asarlari to’plami qurshovida chordana qurib, uning maktublarini o’qir, yana shuurimni qamrab olgan shu ta’limot haqida o’y surib, o’sha la’nati savolga yo ha deyishni, yo yo’q deyishni bilmay boshimni qotirib o’tirardim.

— O’ng yuziga tarsaki yoki musht qabul qilgan odam, albatta javob qaytaradi,- dedim bir payt asabiylashgancha kitoblarni chertib-chertib.- Chap tomonini tutib bermaydi hech qachon.

Bolaligimda atrofimda aylanadigan poyezd o’yinchog’im bo’lardi. Onam uning relslarini atrofimga o’rnatib, poyezdning qulog’idagi kalitini burar, shunda poyezd atrofimda gir aylanar, men unga termulgancha nima bo’layotganini anglamas, bir pas o’tibgina qo’llarim bilan urib poyezdni yiqitardim-da, uni bo’laklarga ajratib tashlardim. Ayni paytda ham o’sha ikki yashar go’dakdan farqim qolmagandi. Atrofimni o’rab olgan Tolstoyning jigarrang muqovadagi kitoblarini necha yillar oldin gardanimga tashlangan va undan qutulishning imkoni goh paydo bo’lib, goh yo’qolgan arosat zanjirining yukini ko’tarolmay mayda-mayda qilib yirtib tashlagim kelar, hatto bundan ortig’iga ham tayyor edim.

Boshim tinmay g’uvillardi. Endilikda to’laligicha inkorga asoslana boshlagan fikrimning quvvatidan u mudom og’irlashib ketgandek tuyular, biroq yovuzlikka qarshi qanday kuch ishlatmaslik mumkinligini o’ttiz besh yoshimda ham xuddi o’n sakkiz yoshimda bo’lgandek tasavvur qila olmayotganim ilgarigidek meni azoblamas, boshqa bundan ich-etimni yeb yosh boladek dod solgim kelmas, qo’shni xonadan musiqa, kulgu, yaxshi kayfiyat hamrohligida taralayotgan shodon ovozlar jamlanmasi meni yillar davomida soyam kabi ta’qib etib kelgan ikkilanishlardan xoli qilishga urinardi.

— Axir yovuzlikka qarshi kuch ishlatmaslik mumkin emas-ku! — davom etdim yozuv stolimdagi Tolstoyning Repin tomonidan moybo’yoqda chizilgan portretiga nazar solib. — Bu insoniyatni ma’naviy tanazzuldan olib chiqmaydi, aksincha yanayam tanazzuliga sabab bo’ladi. Yovuzlikka qarshi kuch ishlatilmasa — dunyo yaralganidan beri shundoq ham keti ko’rinmaydigan qonunbuzarliklar, adolatsizliklar, nohaqliklar, jinoyatlar, qon to’kishlar, urushlar ikki-uch baravarga ortib ketmaydimi? Bu ta’limot, nazarimda xomxayol, qip-qizil xomxayol.

Keyin Tolstoyning kutubxonamda mavjud tarjimai holidagi shu ta’limotga bag’ishlangan yerlarini, kundaligidagi mulohazalarini, uning o’z izdoshlariga — Chor Rossiyasi tomonidan kuchli ta’qibga uchrab, jon saqlash uchun dunyoning turli tomonlariga qochib ketgan, ta’limotga sodiq bo’lgan kishilarga yozgan maktublarini qaytadan o’qishga tushdim. O’qish davomida soat qanday qilib o’n ikki bo’lganini ham, ko’chadan osmonga otilgan mushaklar ovozini ham, qo’shni xonadan yaqinlarimni yangi yil kirib kelgani bilan bir-birlarini tabriklaganliklarini ham eshitmadim. Aksincha, salkam yigirma yil oldin meni aqldan ozdirishni boshgan, mutaasil o’zim bilan o’zimni kurashga chorlagan, bir oz vaqtga unutilib yana o’z iskanjasida qonimni zulukdek tashnalik bilan ichishga shaylanayotgan, jahon adabiyoti tarixidagi eng zo’r yozuvchilardan biri tomonidan ideallashtirilgan bu mantiqsiz ta’limotni tushunish, ong ostimda nihoyat mustahkam qo’nim topgan qimmatli xulosamni tekshirib olish bilan to’laligicha band edim…

Javonga boshim bilan suyanganimni bilaman — ko’zim ilinibdi. Sezmay ham qolibman. Ko’zimni ochganimda tong g’ira-shira yorishar, derazani betinim namlagancha tashqarida maydalab yomg’ir yog’ardi. Uyda osudalik hukm surar, yaqinlarim shirin uyquda, yangi yil dasturxoni o’z holicha turar, xo’mraygan osmon ostidagi xonadonimizda xotirjamlik va halovat hukm surardi.

Kiyinib ko’chaga chiqdim. Ko’cha ham tinch, simyog’ochlardagi chiroqlar o’chirilmagan, yalang’och daraxtlarga qo’ngan qushlar bir-birining pinjiga kirgancha tovush chiqarmas, yangi yilning ilk kunida halovatga yo’g’rilgan uyqusidan hali turmagan qo’ni-qo’shnilarning uylari mo’risi atrofga bir maromda tutun purkardi.

— Tinchlik, xotirjamlik, umuman olganda halovat,- dedim xayol surib. — Bular yovuzlikka qarshi kuch ishlatilayotgani hosilasi va natijasi emasmi aslida? Yovuzlikka qarshi kuch ishlatilayotgani, tinmay kurashilayotgani, uni tiyib, ortib ketmasligiga yo’l qo’yilmayotgani uchun ham ochiq osmon ostida odamlar xotirjam yashashyapti, kechalari halovatlari buzilmay uxlashyapti, yuraklariga xursandchilik sig’yapti. Agar yovuzlikka qarshi kuch ishlatilmasa unda parokandalik, tartibsizlik ortadi va eng asosiysi halovat bo’lmaydi. Yo’q, bu mumkin emas. Yovuzlikka qarshi kuch ishlatilmasa bo’lmaydi. Yuzning o’ng qismiga tushirilgan tarsaki yoki mushtning javobi uning chap qismi tutilmay so’rab olinishi zarur…

Kutubxonamga qaytib kirganimda Tolstoyning kitoblari hanuz gilam ustida sochilib yotardi. Ularni qo’limga olib, birma-bir javonga sola boshladim. Orada Tolstoyning maktublaridan biridagi u qat’iy ta’kidlagan fikri yodimga tushdi:

“Yovuzlikka qarshi kuch ishlatmaslik kerak. Shunda yovuzlik yo’qoladi. Iso ham yuzingni o’ng qismiga kimdir ursa, unga chap qismini tutib ber degan”.

Qaytib-qaytib bu fikrni pichirlab takrorlarkanman, birdan yengil xo’rsinib qo’ydim.

— Uzr, Lev Nikolayevich! Men bunday deb o’ylamayman. Inson yuzi qimmat turadi.

2020

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder