Qiz bu tomonlarga yaqindagina ko‘chib kelgan. Do‘xtirlar momosiga havo almashtirishni tavsiya etishgani uchun shunday qilishgan. Bolalik quvonchlari-yu, rahmatli ota-onasining hidi ufurib turadigan qadrdon uyni qiz anchagacha unutolmay, qo‘msab yurdi. Chunki, avvaliga bu yerlar unga yoqmadi. Doimo g‘ala-g‘ovurga, ko‘pchilikka o‘rgangan emasmi, yangi qo‘nimgohlari kimsasizdek tuyulib, yuragi siqildi. Ammo, momosining sog‘ligini o‘ylab, ichidagini tashiga chiqarmadi. Bir tarafi tog‘-u toshlarga, ikkinchi tarafi esa taqir dala-dashtga ulanib ketgan bu kichkinagina qishloqda u anchagina o‘zini yolg’iz sezdi. Keyinroq, asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, yangi joyga ko‘nika boshladi. Hov, dashtning qoq o‘rtasida, qishloqdan hiylagina olisroqda yolg‘iz qaqqayib turuvchi bodom daraxti, uning poyida esa doimo qaynab turuvchi buloq bor. Ayniqsa, ana sha joy unga yoqib qoldi. Hamisha “bulk-bulk” etib suv chiqib turadigan buloq bora-bora uning yaqin “sirdoshi”ga aylandi. Qiziq-da, buloq suvi atrofga yoyilib, tuproqqa singib ketadi. Ana shu joy sezilar-sezilmas yashilikka burkanib turadi. U yerda erta bahordayoq o‘t-o‘lan, chechaklar birinchi bo‘lib yuz ochadi. Go’yo so‘ngsizdek tuyuluvchi yantoqzor o‘rtasidagi bu manzaraga qaragan sayin qizning zavqi ortadi.
U har tong buloqdan momosiga suv olgani keladi. Buloq
tepasidagi bodom daraxti uzoq-uzoqlardan ham baralla ko‘rinib turadi. Nim
ko‘kish, harir parda yopingandek tuyuluvchi dasht-dala, to u buloq boshiga
yetguncha, astagina yorisha boradi. Qiz bu yerga ataylab juda erta keladi.
Shunday qilmasa bo‘lmaydi. Biror jonivor buloq suvini loyqalatib yoki iflos
kilib qo‘yishi mumkin. Momosiga esa buloqning pokiza, zilol suvi juda-juda
yoqadi. Shu suv bahona kelganlariga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, sog‘ligi ancha
yaxshi bo‘lib qoldi. Shuning uchun u buloq boshiga har tong zavqlanib, atrof
manzaralaridan rohatlanib, ayniqsa, bodom va buloqning, bir-biriga mutanosibligidan
hayratlanib keladi. Chunki, sukunat bag‘riga singib, abadiy uyquga ketgandek tuyuluvchi
dala-dashtga mana shu ikki mo‘jiza bodom va buloq jon bag‘ishlab turadi.
Har
tong avval ikki satilni to‘ldirgach, o‘zi ham ikki hovuch muzdek buloq suvidan
simiradi. So‘ng oppoq va nozik kaftlarini to‘ldirib suv olib, chetga burilgancha
yuzlarini chayadi. Shundan so‘ng satillarini ko‘tarib, iziga qaytadi. Tinimsiz
“bulkillayotgan” buloq va sokinlik bag‘rida xayolga cho‘mgandek turuvchi egik
shoxli bodom daraxti uni sassiz kuzatib qoladi. Bu holat har kuni, har tongda
takrorlanadi, takrorlanaveradi...
Bu
tong qizning kayfiyati o‘zgacha, hayajonli edi. Negadir, butun vujudida
sezilar-sezilmas titroq kezinadi. Shaxlo ko‘zlari o‘ziga bo‘ysunmaydi.
Nechundir ha deb buloq tarafga o‘qtin-o‘qtin qarayveradi. Nedan, bu hol?
Endigina yuz ocha boshlagan chechaklar, kurtak yoza boshlagan novdalar, kishi
bilmas uyg‘onib kelayotgan bahorning ta’sirimikan, bu. Yoki har tongda tog‘
tomonlardan turfa iforlar taratib esayotgan bahoriy nasimning ishimikan?
Tunov
kuniyam u odaticha, buloq boshiga juda erta kelgandi. Atrofga mahliyo bo‘libmi,
yoki xayollarga ortiqcha berilibmi, e’tibor qilmagan ekan. Buloq boshiga yaqinlashdi-yu, taqqa to‘xtab
qoldi. Atrofda bir gala qo‘y-qo‘zilar bemalol o‘tlab yurardi. Buloq boshidagi
kichkinagina xarsang tosh ustida esa cho‘pon yigit tayog‘ini yelkasiga
tiragancha xayolchan o‘tirardi. Qiz avvaliga cho‘chibroq turdi, qadamini
sekinlata-sekinlata to‘xtadi. Cho‘pon yigit unga birpas tikilib turgach,
o‘rnidan erinibgina jildi. Tayog‘ini sudragancha buloqdan uzoqlasha boshladi.
Qiz qo‘rqibroq bo‘lsa-da, buloqqa yaqinlashdi. Shu payt yigit u tomonga burilib
qaradi. Ko‘zlar bir zumgina to‘qnashdi. Qiz shosha-pisha satillarini suvga
to‘ldirib, darrov ortga qayta boshladi. Hatto, yuzlarini yuvishni ham unutdi.
Boshqa kunlari u buloq boshidan shoshmay, bir-bir bosib qaytardi. Bu tong oyoqlari
o‘ziga bo‘ysunmay qo‘ydi. Goh chalkashib ketadi, goh ixtiyorsiz tez odimlaydi.
Chelakdagi suv tinmay “shalloplaydi”, to‘kiladi. Ammo u parvo qilmaydi. Fakat
olg‘a intiladi. Xayolida esa... o‘sha, adl qomat va ikkita chaqnoq ko‘z,
endigina nish urgan barra maysadek mayin mo‘ylovlar suvrati jonlanib
ketaveradi...
Bu
holat ertasiga ham, indiniga ham, undan keyin ham takrorlandi. Qiz buloq
boshiga satil ko‘tarib kelganda, cho‘pon yigit o‘sha yerda o‘tirgan bo‘ladi.
Qiz kelishi bilan indamay o‘rnidan turib, satillarni oladi-da, buloq suviga
limmo-lim to‘ldirib beradi. So‘ng, bir so‘z demay nari ketadi. Shu bir soniya
ichida faqat ko‘zlar uchrashadi., ko‘zlar “sirlasha”di. Har ikkilalasi
bir-birining ko‘zidan savol o‘qiydi: “Kim bo‘ldi ekan, bu?!”. O‘sha kuni esa cho‘pon yigit qizni butunlay boshqacha
qarshiladi. U odati bo‘yicha buloq yonidagi xarsangcha ustida o‘tirardi. Lekin,
bu gal negadir qo‘lidagi tayoq bilan buloq suvini kavlab, loyqalantirayotgandi.
Ikki bilagiga satil ilib olgan alvon ko‘ylakli qiz avvaliga uning bu qilig‘idan
achchiqlanganday bo‘ldi. So‘ngra, beparvo holatda bodom daraxtiga suyangancha,
suvning tinikdashishini kutib turdi. Yigit hamon bir so‘z demay, lekin kuz qiri
bilan alvon ko‘ylakli suluvni ta’qib qilishni kanda qilmasdi. Qiz ham hech
narsa demadi. Ohuniki kabi go‘zal ko‘zlarini buloq suviga tikkancha jim
turaverdi. Axiri bir yutinib olgan yigit, tilga kirganday bo‘ldi:
-Satilingizni suvga tuldirib beraymi?
Qizning ko‘ksida kaptar potirlaganday bo‘ldi: “ovozi
buncha jarangdor, buncha jozibali!.”
- Maylingiz. Agar malol kelmasa ...
Yigit
ko‘ksiga bir parcha olov yopishganday bo‘ldi: “ovozi bunchalar mayin, bunchalar
yokimli!”.
- Avval suv tinisin-da ...
- Xo‘p ...
Yigit
o‘rnidan turdi. Qiz esa qo‘lidagi satillarni yerga qo‘ydi. O‘zi bir-ikki odim
ortga tisarildi. Yigit indamay kelib, satillarni oldi. Suvga to‘ldirgach,
qizning oyoqlari yoniga keltirib ko‘ydi. So‘ngra, ikkala qo‘lini beliga
tiragancha, tek qotib turdi.
-Ismim, Yo‘lchi.
-Zebo. Suv uchun rahmat!
Qiz
satillarini yengil ko‘tarib, qishloq sari odimlab ketdi. To uyga yetgunicha
suvning yarmi chayqala-chayqala to‘kildi...
Kunlar
kunlarni kuvib o‘ta boshladi. Buloq boshidagi uchrashuvlar har tong so’zsiz, gapsiz davom etaverdi.
Hademay
atrof-olamni bahorning iliq nafasi tutdi. Buloq boshidagi bodom esa oppoq gullarga burkanganiga ham ancha bo‘ldi. Bu
paytga kelib qiz har tong buloq boshiga shoshishda davom etar, yigit ham xuddi
ulug‘ bir ishni bajarayotganday mamnun qiyofada uning satillarini buloq suviga
to‘ldirib, berardi. Nigohlari esa hamon so‘zsiz "sirlashish"da davom
etardi:
- “Bunchalar suluv bo‘lmasangiz, oyqiz?”
- “O’zingiz-chi, bunchalar o’ktam, bunchalar
chiroylisiz, yigit!”
Shunday
dilkash “gurung”dan so‘ng, qiz qishloq tomon qanot chiqarganday uchib ketadi.
Yigit esa tayog‘ini beliga olib, chayir qo‘llari bilan mahkam qisgancha
qo‘y-qo‘zilar sari odimlaydi. Keyin burilib, alvon ko‘ylakli qiz to qishloq
bag‘riga singib ketguncha tikilib turadi.
Qishning
rutubatli kunlari ortda qolganiga ham ancha bo‘lgan edi.
Oftob
tafti kundan-kunga kuchaya boshladi. Qish bo‘yi mudroq uyquda yotgan toshloq
yerlar, o‘t-o‘lan-u giyohlar quyoshdan nur emib, rohatlana boshladi. Yer-u ko‘k qolib, hatto ko‘ngillarga-da kirmoq istagida
bo‘lgan sovuqning dami kesildi. Qalblarga bahoriy iliqlik kira boshladi.
Bahorni, quyosh taftini sog‘ingan intiq ko‘ngillar yayradi. Yosh-yalanglar
yashil baxmal ko‘rpalar yopinib, mitti chechaklar bilan bezangan qir-adirlarga,
sharqirab oqa boshlagan soylarga oshiqdi. Tog‘ yon bag‘riga tutash qishloq yana
jonlanib ketdi. Atrof esa ko‘z quvonarli darajada go‘zal edi. Osmon qadar
yuksalgan cho‘qqilar, ungurlaridagi yashil maysalar, tog‘ poyidan boshlanuvchi
sho‘x jilg‘alar ajib bir go‘zallik yaratayotgan kezlar edi. Havo tobora
musaffolashib borar, osmon niluday
ko‘m-ko‘k edi. Samo bag‘rida ukpar-ukpar suzib yurgan oq bulutlar esa xuddi
oqqushlar misol ko‘zlarni quvontirardi. Tog‘ tomondan tanga rohat baxsh etib
esuvchi shabada turfa giyohlar iforini dimoqlariga yetkazar, ko‘ngillarda ajib
bir tuyg‘ular uyg‘otardi. Ayniqsa,
yoshlar shod va xurram edilar. Bolalar esa goh yigitlar tomon, goh qizlar taraf
turib davrani qizitar, bahoriy o‘yinlarga jon kirgizib yuborishardi. Butun
borliqni yoshlikning masrur ovozlari, bolalikning sho‘xchan saslari tutib
ketganday edi.
Ana
shunday serzavq nurafshon kunlarning birida Yo‘lchi qo‘y-qo‘zilarini suvlatish
uchun soy tarafga haydab keldi. Zebi bu paytda yangi qishloqdan orttirgan
dugonalari bilan soyda gilam yuvayotgandi. Yo‘lchi atrofida bir to‘p o‘smir
yigitchalar, Zebo tevaragida esa bir gala sho‘x-shaddod qizlar gurungni
qizitardi. Har ikkala guruhdan ikki nigoh tez-tez bir-birini izlab qolardi.
To‘qnash kelgan kezlarda esa lablarda sirli tabassumlar o‘ynardi. Ko‘zlar
baxtdan porlab ketganday bo‘lardi. Ba’zan nigohlar tinmay so‘zlasha boshlardi:
-“Seni
juda-juda sog‘indim!”, - derdi Yo‘lchining nigohlari.
-“Bekor gap. Sog‘ingan men, kutgan
men!”, - derdi Zeboning ko‘zlari.
-“Mana,
yana bahor keldi. Zebo, bu bizning bahorimiz!"
-“Ha, ikkalamizning bahorimiz!”
-“Uyingga
sovchi yuboraman. Shu yozda to‘y qilamiz!”
-“E,
boring-e. Yomon bo‘libsiz!”
-“Nima qilay, bahor meni shu ko‘yga
soldi-da!”
-“Ho-o, faqat bahormi?”
- “Yo‘q faqat bahor emas, singlisi ham bor”
-“Bahorning singlisi? Kim ekan u?”
-“Bahorning o‘zidan-da suluv, o‘zidan-da tengi yo‘q bir
malak!”
-“Tavba-yey, eshitmagan ekanman-a?”
-“Zebo,
Zebojon, bahorning singlisi sensan-ku?!”
-“Yana hazilmi?”
-“Yo‘q chinim. Xo‘sh, sovchilarim boraverishsinmi?”
-“Men unday gaplarni tushunmayman”.
Nigoh nigoh bilan qalb tilmochi, elchisi
bo‘lib tillashayotgan, atrofni qo‘y-qo‘zilarning dikir-dikir o‘yinlari,
bolalarning qiyqiriqlari tutgan bir paytda osmonda sarosar suzib yurgan bir
uyum bulut tog‘ cho‘kkisiga "minib" olishga ulgurgandi. So‘ngra u xiralasha
borib, qora tumanga aylandi. Tabiatda ro‘y berayotgan bu o‘zgarish va
evrilishlarga hech kim e’tibor bermadi. Hamma o‘z ishi bilan band. Hash-pash
deguncha, iliqqina bahoriy yomg‘ir tomchilay boshladi. Birozdan so‘ng esa, etni
junjiktiruvchi shabada kuchaydi. Iliq yomg‘ir sovuq tomchilarga aylandi. Tog‘
tarafdan kuchli gumburlash sadosi eshitilganday bo‘ldi. Kutilmaganda tepalikda
yurgan allakim qichqirib yubordi:
- Quyun kelayapti! Qochinglar, tez, sel, sel
kelyapti!
Soy ichi zumda to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi.
Atrofni qorong‘ulik qoplaganday bo‘ldi. Avvaliga kuchli vishillashga o‘xshash
ovoz eshitildi. So‘ng loyqa suv bo’tana-bo‘tana bo‘lib, oqib kela boshladi.
Kuchli to‘lqinlar shiddat bilan olg‘a intila, haligina yam-yashil bo‘lib turgan
soy ichi loyqa suvga to‘lib borardi. Bir amallab tepalikka chiqib olganlar
tabiatning bu "o‘yini"ga hayrat va daxshat bilan qarab turishardi. Yo‘lchi
qizlar orasidan Zeboni izlab topgach, tinchlanib jilmayib qo‘ydi. Zeboning
bezovta nigohlariga Yo‘lchining alp qomatiga tushgach, porlab ketganday bo‘ldi.
Shu payt yuraklarni sirqitar darajada go‘dakning chinqirig‘i eshitildi. Hamma
bir zum qotib qolganday bo‘ldi. Barchasi yugur-yugur bilan bo‘lib soyning
yuqorirog‘iga bir o‘zi chiqib ketgan, tosh ustida o‘zi bilan o‘zi gaplashib
o‘tirgan bolakayni unutgan edi. Selning ilk oqimi o‘rkachlarida bolaning goh
boshi, goh kiyimi ko‘rinib, yana yo‘qolardi. Yo‘lchi o‘zini loyqa suv bag‘riga
otdi. Yosh-yalanglar uning ortidan yugurishdi-yu, qirg’oqda to‘xtab qolishdi.
So‘ngra, egri-bugri qirg‘oq bo‘ylab yugurib ketishdi. Hech kim suvga tushmadi.
Yo’lchi zumda bolakayga yetib olib, boshi uzra baland ko‘targancha, yordamga
yetib kelganlarga tutqazdi. Ammo kuchli to‘lqin bir zarb bilan uni yana sel
oqimiga uloqtirib yubordi...
Biror soatlardan so‘ng, atrof yana tinchib
qoldi. Havo ochilib, osmonda uzun kamondek kamalak ko‘rindi….
O‘shandan so‘ng kunlar oylarni, oylar yillarni
quvib o‘taverdi. Qizlar kelinchakka, kelinchaklar momolarga jajji qizaloqlar
esa parivash suluvlarga aylanaverdi. O‘sha tanish buloq hamon oqib turadi. Faqat...
Bodom daraxti kesilib, o‘rnida kattagina to‘nka qolgan. Lekin to‘nka atrofida
yangi bodom nihollari o‘sib chiqib, ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Ana shu yangi
nihollar har yili bahorda oppoq bo‘lib qiyg‘os gullaydi. Ana shu kezlarda buloq
boshiga bo‘sh satil ko‘targan mushtdekkina bir momo munkayib keladi. To‘nka
ustiga o‘tirib, buloqqa uzoq termuladi. Oynaday yaltirab turuvchi, tiniq buloq
suvi yuzida kimningdir aziz chehrasi, chaqnoq ko‘zlari jonlanib ketganday
bo‘ladi. Momoning quruqshagan lablari pichirlaydi:
-“Yo‘lchi, qarang, yana bahor
keldi...”
-“Zebo, qaragin, yana bodom
gulladi...”
Momo o‘rnidan
mahzun turadi. Buloqdan suv olmaydi. Qalbida ardoqdab kelayotgan va hozir buloq
yuzida jonlanib, to‘lkinlanib turgan siymo suratini buzgisi kelmaydi...
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder