“Baxt o’zi nimadir, men bilolmadim…”
Qo’shiqdan
Bahorning ilk kunlari.Qish nafasi ketib ulgurmagan, bir kun oldin yog’gan qor erib,loy aralash oyoqqa yopishadi. Etni junjiktiradigan shamol -qarshisiga chiqqan har insonga “nish urib”, o’z yo’lida g’olibona davom etadi. Aftobus bekati har doimgidek odamlar bilan liq to’la: ona tovuq pinjiga berkingan jo’jachalardek yo’lovchilar bekat ichiga intilishadi. Xuddi shu bekat tomonga uch farzandi bilan shoshib, loy yo’lda sirg’angancha bir ayol kelmoqda. Bolalarning yuzi sovuqdan qizarib ketgan, uyquga to’ymagan ko’zlarida yosh yiltillaydi. O’z vazifasini yillar davomida bajarib charchagan etiklar loy yo’llarda sirg’anib, egasini behuzur qiladi. Onaning ko’zlari esa…xavotir, qayg’udan ich-ichiga botib ketgan, so’lg’in bir ahvolda.
Istasangiz, bugun
ana shu mungli nigohlar egasining qalb so’zlariga yashirincha quloq tutamiz,
hammadan berkitilgan,iroda niqobi ostiga yashiringan hikoya qahramonlariga aylanamiz. Balki,bu
to’g’ri emasdir, kimningdir qalbiga ruxsatsiz razm solish gunohdir, ammo men mana
jajji bolajonlar haqqi-bu oilaning hikoyasini tinglagim keldi….
Yo’lda
sirg’anib-sirg’anib ketib borarkan,
qayta-qayta tayinladi:
-Hasan,bog’cha
opangiz pulni so’rasa, "Oyim hali oylik olmabdilar,oylik olishlari bilan ikki oylik bog’cha pulini to’larkanlar" degin.Kamola qizim, ukalaringni bog’chadan olayotganingda sen ham shunday deb
ayt, xopmi?
-Oyi, Hasan-Husanni
bog’chadan o’zingiz oling. Bog’cha opasi doim meni koyiydi. "Kattalar o’zi olib
ketishsin",deb. Kecha kelganimda, "ikki oydan beri bermagan bog’cha pulingizni
to’lamasangiz,bolalarni olib kelmanglar,oying ertaga oldimga kelsin" deb qattiq tayinladi…..
….Haa,albatta,
uni ham jaxli chiqishiga haqqi bor.vAxir, ikki oydan beri "ana to’layman, mana
to’layman" deb hali ham bog’cha pulini to’lolmadi-ku… O’tgan oy qo’shnisi bergan
qarzini so’rab chiqmaganda, balki to’lagan
bo’larmidi…
-Kamola, tezroq
yur,marshrutkaga ulgurshimiz kerak.Kech qolyapmiz,qizim….
…Marshrutkada
odam tiqilinch: bitta o’rinda hatto, 2ta yo’lovchi o’tirib ketyapti.Lekin hech
kim nolimaydi.Izg’irinda turib, uzoq kutilgan marshrutkalarining raqami ko’rinishi bilan,unga tomon shiddat
bilan intilgan bu odamlarning hozircha maqsadlari bir- Manziliga eson-omon
yetib olishsa.bas. ..
Marshrutkaning
ichi tinch…Faqat motorning guvillashi eshitiladi.Lekin hech kim bunga ahamiyat
bermaydi.Negaki,Hamma o’z xayollari bilan band. Har bir yo’lovchining o’z
tashvishi bor…U ham derazadan uzoqlarga
tikilib, hayotiga har tomondan chirmashib olgan qarz balosidan qanday qilib
tezroq qutilish haqida o’ylayotgandi.
Shofyor radio qulog’ini burashi bilan,xayollari tumandek har yoqqa tarqab ketdi:
-Qadrli
tinglovchilar, barchangizga xayrli kun tilagan holda o’z eshittirishimizni
davom ettiramiz. Bugungi kun mavzuyimiz:
Baxt…Xo’sh,qadrli tinglovchi,siz baxt deganda nimani tushunasiz yoki nima ko’z
oldingizga keladi? Hozir baxtlimisiz va
baxtingiz sababi nimada? Javoblaringizni
kutib qolamiz,aziz tinglovchilar…
“Baxt deganda nimani tushunaman?-o’zidan-o’zi
so’ray boshladi- aqlimni taniganimdan beri qiyinchilik ko’rgan bo’lsam…Oldin
ota uyimda, endi turmushimda…Muhtojlikdan qochaman deb,borgan sari uning tubiga
botib boryapman.Qarzlardan qutilaman deb, birini-biriga ulab
yashayapman…Farzandlarimga baxtli bolalik hadya etaman deb,ularni ham
kattalardek ro’zg’orni o’ylashga
o’rgatib qo’ymayapmanmi? Mana, hali 11ga kirmagan qizim, boshqa tengdoshlariga
o’xshab,”ko’chada o’ynay,yangi ko’ylak olib bering ” deyolmaydi.Tunov kuni sinfdosh qizlarga qo’shilib, gimnastika
to’garagiga boray degandi, bechora
qizimni koyib aytmagan gapim qolmadi. Kelib-kelib alamimni shu qizimdan
olamanmi? U nimani tushunardi? … Yo’q, u barchasini-onasi ro’zg’or tebrataman
deb yelib-yugurayotganini,otasining
tezroq sog’ayishi uchun,dorilari uchun ko’proq pul topishga harakat
qilayotganini tushunadi.Hali o’zi go’dak
bo’la turib, 2ta ukasini ishdan kelgunimcha
ovutib o’tiradigan,otasiga ovqatini jajji qo’llari bilan yedirib
qo’yadigan bolam- meni tushunmaydimi? ….Ana, nima haqida o’ylayotgandim o’zi?
Yana borib xayollarim shu tashvishlarga
taqaldi…Hayaaa, baxt deyotganmidim? Nima u o’zi? Bolalarimga go’sht
yedira olganimda ko’zimdan oqqan yoshmi-Baxt? Kimdandir olgan qarzimni
qutilganimda-“bittaga kamaydi” deya o’ylaganimmi Baxt? Yoki turmush
o’rtog’imning nafasi qisilmay,tinch uxlab tong ottirganimi Baxtim? Agar shular
baxt bo’lsa….mendan hech kim baxt haqida so’ramagani ma’qul”.
…Maktabga kirib
kelarkan,bolalarning shovqini,chug’urlashi oz bo’lsa-da kayfiyatini
ko’tardi.Beg’ubor bolalar…Turmush tashvishlaridan yiroqda yashaydigan o’z olamlari bor
ularning. Bu olamda o’zlari kabi samimiy, betashvish,beg’am, baxtli
insonlar yashaydi…
-Qizim,yuraqol
endi.Hoyna-hoy ,Sinfdoshlaring xonani boshiga ko’tarayotgandir.
-Oyi,meni anovi
Adham yaramas bilan birga o’tqizmang…
-Unday dema,u
juda yaxshi bola.
-Siz
bilmaysiz-da,oyi.”Ustoz sening oying bo’lgani uchun sen nuqul yaxshi baho
olasan”, –deb jaxlimni chiqaradi.
-Demak, sen
sinfdoshlaring shunday o’ylagani uchun ham ulardan-da yaxshi o’qishing,harakat
qilishing kerak,qizim.Axir, sen meni yuzimsan.Hamisha darsga tayyor holda
kelishing kerak.Toki sinfdoshlaring gapirgan gaplari uchun uyalib qolishsin…
-Xoop…
…..Soat nechchi
bo’ldi?.. 12dan o’tibdi.Eri dorilarini ichdimikin? Ahvoli qanday ekan? … Kamola
tezroq uyga yetib borsa,ko’ngli xotirjam bo’lardi. Harqalay telefon qilib xabar
olib turishga odam bo’ladi uyda.1 soat darsi qoldi…Shu bir soat bir asrdek tuyilib ketadi ba’zan…
-O’quvchilar,bugun
nazorat ishi ekanligini bilar edingiz.Matn tuzish qoidalarini uyda yaxshilab
takrorlab, tayyorlanib kelishingizni
aytgandim.Demak, nazorat ishi mavzusi: “Men baxt deganda nimani tushunaman?” Bu
mavzu sizga biroz qiyin bo’lishi mumkin.Ammo men fikringizni bilmoqchiman.
Boshladik,o’quvchilar…Qani, Nozila,boshlanishi juda yaxshi,barakalla,qizim.
Sobir,orqangga qarayvermay matnni yoz.Nazorat ishi paytida ham gaplashib
o’tiradimi? ….. Sarvar husnixat bilan yoz,o’g’lim.Qara,harflaring chiziqdan
chiqib ketyapdi-ku….
…O’quvchilarni kuzatib yubordi.Endi farroshlik qilayotgan
ishiga ham ketsa bo’ladi…ammo oldin bolalarning ishini tekshirsamikin? Ertaga vaqti
bo’ladimi-yo’qmi…Xafsala bilan daftarlarni qo’liga oldi.Bu ishni majbur
bo’lganidan emas, hayot tashvishlarini biroz unutib, beg’ubor bolalik dunyosiga
quloq solgisi kelganidan qilyapti. Har bir ishni sinchikovlik bilan o’qishni
boshladi.Mana,birinchi daftar egasining fikrlari:
“Men baxt
deganda,oyim o’g’il tug’ishini tushunaman.Chunki oyimning o’zi shunday degan.Dadam har kuni
ichib kelib,”Sen faqat qiz tug’asan,bittagina o’g’il tug’ib
berolmaysan”-deb oyimni urganida, men
doim Xudodan bizga uka berishini yolvorib so’rayman. Buvim: ”dadang
kelganida ichkari xonadan chiqmay o’tiringlar.Sizlarni ham urib
qo’ymasin” deb tayinlaganlar.Shuning uchun singillarim bilan doim kechki
ovqatni barvaqt yeb olamiz va ichkari uyga kirib darsimizni qilamiz. ba’zan oyimning kechqurun yig’lab Xudoga
iltijo qilayotganini ko’raman.Shuning uchun men ham Xudodan bizga tezroq uka
yuborishini so’rayman.Shunda biz ham juda baxtli bo’lamiz,ayniqsa,dadam….”
Daftarning
sirtiga qaradi: Ha,axir bu Fazilat-ku.Ularning
oilaviy sharoitidan xabari bor.Onasi har gal majlisga
kelganida:”Ustozi,qizim darslarini vaqtida qiladi,agar nimadir ayb
qilsa,o’zimga ayting,uni koyimang iltmos.Shundoq ham ko’ngli yarim”
deganda,to’g’risi biroz ajablangandi…..
Keyingi daftarni
qo’liga olarkan,avval sirtini o’qidi.” Jamoliddinov
Sobir”.Haaa,tinib-tinchimagan bola bu.Biroz sho’xku,lekin tartibga
chaqirsa,darrov o’zini o’nglab oladi. Qanday sho’xlik qilsa ham, “Ustoz,oyimga
aytmang” deya yolvoradi.Hatto arzimas sabab bo’lsa ham..
“Men oyisi bilan
dadasi birga yashaydigan bolalarni baxtli deb o’ylayman.Balki men haqimda ham
ular shunday deb o’ylashar.Chunki, oldinlari biz ham shunday ahil-inoq yashar
edik.Dadam yangi ishga o’tkanlaridan keyin uyga kam kela boshladilar.Oyim dadam
uyga kelmagan kunlari tuni bilan uxlamay dadamni kutardilar. O’tkan yili
qo’shnim-Jasurga shu haqida aytgandim,”Agar sizlar to’polon qilaversangiz
dadang ketib qoladi.Meni dadamga o’xshab”
dedi.Men qo’rqib ketdim.Chunki uning dadasi uyga umuman kelmaydi.Biz ukam
bilan boshqa to’polon qilmay qo’ydik.Lekin dadam baribir bizni tashlab ketmoqchi.Yozda xolam- ukam
ikkimizni katta binoli,qandaydir sovuq joyga olib bordilar.U yerni Sud deyishar
ekan.Katta stolda bir amaki men bilan ukamdan “Dadang bilan yashashni istaysanmi
yoki oying bilanmi?” - deb so’radi.Men :” Ikkalalari bilan ham” deb javob
berdim.Keyin o’sha amaki stolni bolg’aga
o’xshash narsa bilan taqillatib chiqib ketdi. O’sha kundan beri oyimning tobi
yo’q.Yotsa,kimdir yordamlashib yubormasa,turolmaydi. Dadam:”Endi sen katta bolasan.Oying
bilan ukangga o’zing qaraysan” degan.Shuning uchun mahallamizdagi amakimning
to’yxonasida osh bo’ladigan kunlari yordamlashgani chiqaman.amakim menga keyin
pul beradilar.Ko’pincha ortib qolgan oshdan berib yuboradilar,kelib ukam bilan oyimga beraman.Uchchalamiz osh
yeymiz.Keyin men bilan ukam maktabga ketamiz.Kecha osh yetmay qoldi.Men och
yuraveraman,ukamga rahmim keladi.Chunki u endi 1-sinfda o’qiydi-da….”
Ko’zlaridan
to’kilayotgan duv-duv yoshni to’xtata olmay,keying daftarni varaqlay
boshladi.Nahotki? Nahotki tashvish
nimaligini bilmaydi deb o’ylagan bu jajji o’quvchilari yelkasidaa shunday og’ir
yuk bilan yursa? Nahot shu paytgacha ustozi bo’la turib bu mungli nigohlarning
ma’nosini ilg’amagan bo’lsa? Beshafqat
hayotning zarbalari bu go’daklarni ham
chetlab o’tmagan bo’lsa, uning hayotdan nolishga,qiyinchiliklar oldida taslim
bo’lishga haqqi bormikin?….
“Men juda ham
baxtliman…To’g’ri, mening o’rtog’im Nozilanikiga o’xshagan bejirim o’quv
qurollarim, turli xil rangli qalamlarim yo’q. Shaxzodaga o’xshab har hafta
ota-onam bilan aylangani borishga
imkonimiz yo’q.Hatto, sirkka ham borolmayman.Ammo mening bir-biridan shirin ,meni
quchoqlab: “Opajon,biz katta bo’lsak,samalyotda sizni,dadamni,oyimni har xil
joylarga olib boramiz.Dadamiz tezroq sog’ayib ketishi uchun ko’p pul topamiz”
,-deydigan mehribon ukalarim bor. Oyijon,siz
bizni baxtsiz deb o’ylamang,men
ham ukalarim ham juda baxtlimiz.Faqat siz tunlari yig’lamasangiz, xafa
bo’lmasangiz bo’ldi.Dadam ham,albatta, sog’ayib
ketadilar.Shunda biz barchamiz ,
sirkka boramiz, ukalarimga yangi o’yinchoqlar sotib olamiz. Siz ham ikkita
ishda ishlamaysiz.Biz sizni juda ham yaxshi ko’ramiz,oyijon.Siz bizning
BAXTIMIZSIZ”….
U bu daftarni
qanday qilib yakunini o’qidi esida yo’q.Shunisi yodidaki, qo’liga sumkasini
ildi-yu uyga qarab oshiqdi…Yo’lda hayotdan noligani,o’zini baxtsiz his
qilganini eslab,o’zidan uyalib ketdi….
Bu dunyo sig’magan ikki ko’zimga,
To’lib qoldi ikki tomchi achchiq yosh.
Peshona deganga yozilgan ekan,
Rohat emas,faqat chidam va bardosh…
Men bir mushtipar ayolning bardoshi haqida ko’p gaplar
aytishim mumkin edi, ammo hikoya boshidanoq faqat shu mashhur qo’shiq
quloqlarim ostida jaranglayverdi: Xuddi kimga atalganini bilgandek…Siz-chi,qadrligim,
nima deb o’ylaysiz,bu iroda va so’ngsiz bardosh haqida bundan ortiq ta’rif
bormikin?!
2020.07.03
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder