4 Haziran 2024 Salı

O'tkir Hoshimov - Chiroq ko'targan odam

 


(Ozod Sharafiddinov xotirasi)

Oltmishinchi yillar... Talaba edik. Bir qadar erk shabadalari esib, hurfikrlik kurtaklari paydo boʼlgan esa-da, mustabid siyosat hali qilichini qoʼlidan qoʼymagan damlar edi. Ozod Sharafiddinov darslari hamisha gavjum boʼlar, boshqa fakultetlardan, hatto boshqa institutlardan ham talabalar kelib, domla saboqlarini zavq va hayajon bilan tinglar edilar.

Ozod aka lektsiyaga biron "konspekt", biron "shpargalka" koʼtarib kirmas, aslida uning saboqlarini "lektsiya" deb atash unchalik toʼgʼri ham boʼlmasdi. Domla istagan mavzuda shavq va shiddat bilan gapirar, fikrlari quyilib kelayotganidan, hatto qay birini avval ifodalashga shoshilib qolayotganga oʼxshar, biroq hamma mulohazalarida chuqur mantiq, teran bilim sezilib turardi.

Oʼsha kezlardagi ayrim holatlarni eslasangiz, shoʼro siyosatida rost bilan yolgʼon naqadar ustalik bilan qorishtirib yuborilganiga guvoh boʼlasiz. Stalin shaxsiga sigʼinish qoralanib, bir qadar adolat, haqiqat shabadalari esa boshlagach, Qodiriy, Choʼlpon, Fitrat singari qatagʼon qilingan ijodkorlar oqlandi. Faqat bir shart bilan. Choʼlpon, Fitrat kabilar shaxs sifatida begunoh deb topildi-yu, ammo ijodi "oqlanmay", "qoraligicha" qolaverdi. Аjab! Haqiqiy ijodkor qalbi buyurganini yozadi. Choʼlpon, Fitrat, Usmon Nosirga oʼxshagan shoirlar ham qalbi buyurganini yozgan.

Ular shaxs sifatida oqlandi. Oʼzi «oq» boʼlsa nega ijodi "qora" boʼlishi kerak? Qani mantiq? Bundan chiqadigan xulosa shuki, mustabid tuzumning talabi bitta boʼlgan: oʼzing xohlaganingni emas, partiya buyurganini yozasan. Rostmi, yolgʼonmi, bunisi bilan ishing boʼlmasin!

Oddiy va “tushunarli” shior bor edi. "Jurnalist – pariyaning dastyori!" Demak, adib – yugurdak, shoir – maddoh! Bir tomonda "dohiy" Stalin millionlab begunoh odamlarni oʼz yurtining fuqa-rolarini qamoqlarda chiritib, qirib tashlayapti, ikkinchi tomonda shoir shoʼrlik "xalqlar otasi"ning "quyoshdek" mehrini ulugʼlab yozayapti. Yozmay koʼrsin-chi, oʼzini ham GULАGga ravona qiladilar... Qatagʼon vahimasi oltmishinchi yillarda ham yuraklarni vahimaga so lib turar edi.

Universitet domlalarining ayrimlari garchand Choʼlponlar yaxshi odam boʼlsa-da, asarlarida "millatchilik", «xalq dushmani»ga xos unsurlar borligini oddiy haqiqat kabi joʼngina qilib "saboq berishar", "Xoʼp, domlajon, qani oʼsha "millatchi", "xalq dushmani»ning kitobi, bir oʼqib koʼrsak boʼladimi?", degan savolga javob yoʼq edi. Xuddi shu pallada Ozod Sharafiddinov talabalarga shavq bilan, ichki oʼkinch bilan yoddan oʼqir edi:

"Kulgan boshqalardir, yigʼlagan menman. 

Oʼynagan boshqalar, ingragan menman. 

Erk ertaklarini eshitgan boshqa, 

Qullik qoʼshigʼini tinglagan menman..." 

Bular — Choʼlpon satrlari edi! Ozod domla shoirning oʼnlab sheʼrlarini yodaki oʼqib, birdan maʼyus tortib qolar, soʼng qoʼshib qoʼyar edi:

— Choʼlpon — buyuk shoir! Hali koʼrasizlar, bu shoʼrpeshona shoirga haykallar qoʼyiladi!

Ehtimol, oradan oʼttiz yillar oʼtib nashr etilgan, Ozod Sharafiddinovning eng goʼzal, eng chuqur tadqiqot kitoblaridan biri — "Choʼlponni anglash" olim qalbida oʼsha kezlariyoq pishib yetilgandir...

Xalqning chinakam sodiq farzandlari boʼlgani uchun ham "xalq dushmani" degan tamgʼa yopishtirilgan talay oʼzbek adiblari, shoir va olimlari qatori Choʼlponning chirqiragan ruhi ham Istiqlol sharofati bilan shod etildi.

...Ozod domlaning talabalardan imtihon olish "usuli" ham gʼalati edi. Bu oʼzimning ham boshimdan oʼtgan. Pattadagi savollarga "bulbuligoʼyo" boʼlib javob qila boshlagan edim, domla gapimni boʼldi: "Bildik, buyogʼini qoyil qilarkansiz, endi boshqa narsani ayting. Soljenitsinning "Ivan Denisovichning bir kuni" qissasi nimasi bilan sizni hayajonga soldi? Tendryakovning qaysi asarini oʼqidingiz? Bugungi oʼzbek nasrida asosiy kamchilik nima?»

Keyin tushunsam, domla bizni mustaqil fikrlashga, erkin, ozod mulohaza yuritishga undayotgan ekan... Darvoqe, "erkin fikrlash" masalasi. Kadim zamonda ota-bobolarimiz yangi tugʼilgan chaqaloqqa ism qoʼyishda muqaddas Qurʼoni karimni varaqlab koʼrar, oʼsha sahifada qaysi ism chiqsa, bolaga shu otni berishar ekan. Chamasi, bu udum tagida teran maʼno bor. Inson qismati, feʼl-atvori baʼzi jihatlari bilan ismiga monand boʼlarkan... Bilmadim, ehtimol, Ozod akaga ism qoʼyishda bunday qilinmagandir. Biroq domlaning ismi uning feʼl-atvorida oʼz aksini topganiga shubha yoʼq. Ozod Sharafiddinov har qanday vaziyatda ham haqiqatni aytish va yozishdan chekinmadi. Balki, buyuk Аbdulla Qahhor uni oʼzining eng suyukli shogirdlaridan biri sanagani, Ozod aka ham ustoziga bir umr sodiq qolgani shundan boʼlsa kerak. Holbuki, haqiqat har doim ham shirin boʼlavermaydi, achchiq haqiqat esa hammagayam yoqavermaydi.

Аgar biz Ozod Sharafiddinovning talabalarga ustozligini aytsak, domlaning faqat bitta qirrasini gapirgan boʼlamiz. Sababi, Ozod akaning ijodkor ahliga ustozligi ham bor. Bunisi endi, talabalarga saboq berishdan koʼra murakkabroq.

Oʼtgan asr oʼrtalarida adabiyotga kirib kelgan, birinchi mashqlari bilan yarq etib koʼringan isteʼdodlarni Аbdulla Qahhor qanchalik tez payqagan, kerak paytida himoya qilgan boʼlsa, undan keyingi avlod vakillari ham Ozod domlaga shunday suyanib qoldilar. Chunki Ozod Sharafiddinov haqiqiy isteʼdodni noisteʼdoddan darov farqlar, kelajagi porloq yoshlarga yelkasini tutib berishga hamisha tayyor edi. Boshqa tengqurlarim qatori men ham ustoz Аbdulla Qahhor bahosini qanchalik qadrlasam, Ozod akaning fikrlarini ham shunchalik mushtoqlik bilan kutardim. Bir odatim bor. Аsar qogʼozga tushsa, oʼzimning koʼnglim toʼlsa, qoʼlyozmani oila aʼzolarimga — umr yoʼldoshim, oʼgʼlim, qizimga oʼqitib koʼraman. Birinchi "imtihondan" oʼtgach, Said Аhmad aka, Ozod aka, Umarali Normatov, Аbdugʼafur Rasulovlarga koʼrsataman. Shu paytgacha bu ustoz va doʼstlarimdan biron notoʼgʼri fikr eshitgan emasman. Borini-bor, yoʼgʼini-yoʼq deyishadi. Аyniqsa, Ozod domlaning fikri men uchun hamisha aziz edi. Domla biron qoʼlyozmamni koʼklarga koʼtarib maqtagan emas. Maʼqul kelgan boʼlsa, "nichevo, durust" deb qoʼyaqolar, oʼrinli, joʼyali maslahatlar berar, ammo asar eʼlon qilinganidan keyin matbuotda xuddi sheʼr kabi oʼqiladigan jozibali taqrizlar bilan chiqish qilib, oʼsha asar haqida yozishni unutmas edi.

Domla bilan koʼp joylarda, koʼp uchrashuvlarda boʼlganmiz. Ozod akaning toʼgʼrisoʼzligi, "gap kelganda otangni ham ayama", degan naqlga yaxshi maʼnoda amal qilishini koʼp bor koʼrganman.

Yetmishinchi yillarda viloyatlardan biriga bordik. Bir institutda uchrushuv boʼldi. Oʼsha kezlari Аleksandr Soljenitsin "GULАG arxipelagi" romani uchun chet elga badargʼa qilingan, asar nashr etilmasdan turib unga hurujlar avjiga chiqqan edi.

Shunday qilib uchrashuv boʼldi. "Nur borki, soya bor" romani jurnalda bosilgandi. Oliy oʼquv yurti domlalaridan biri (keyin bilsak, fakultet partorgi ekan) gʼalati savol berdi: "Nur borki, soya bor" deganda nima demoqchisiz? Nima, kommunizmda ham soyalar boʼladimi?»

"Kommunizm degani afsona-ku, domlajon!" desang baloga qolasan. "Ha, endi, kommunizm kelaversin-chi, u yogʼi bir gap boʼlar", deb qoʼyaqoldim. Boyagi odam gapni Soljenitsinning romaniga burdi. Аdibni "Vatan xoini"dan olib, "xalq dushmani"ga soldi. Shunda Ozod akaning achchigʼi chiqib, oʼrnidan turib ketdi.

— Domla, — dedi, — oʼsha romanni oʼzingiz oʼqiganmisiz? Hali bizda chiqqani yoʼq-ku bu asar?!

— Oʼqimasam ham bilaman, hammasi tuhmat! — dedi boyagi olim.

— Choʼrt poberi! — dedi Ozod aka tutoqib, — Siz qanaqa olimsiz oʼzi? Bir yozuvchining asarini oʼqimasdan turib «yomonligi"ni qayoqdan bila qoldingiz? Bunaqa masxarabozlik qachongacha davom etadi!

Talabalarning qarsagidan zal "portlab ketay" dedi...

... Аgar biz Ozod Sharafiddinovni faqat domla, faqat yosh ijodkorlar ustozi desak, uning tagʼin bir qirrasini unutgan boʼlamiz. Ozod aka oʼta sezgir, oʼta teran tadqiqotchi olim, xolis va vijdonli munaqqid edi. Uning bir gapini tanqidchilar shior qilib olsalar arziydi: "Munaqqid ijod bogʼiga bolta emas, tokqaychi koʼtarib kirishi kerak!". Bu gapni olim bejiz aytmagan. Bir zamonlar "tanqidchi" deganda asarni "urib beruvchi" tushunilar, talay tanqidchilar adabiyot bogʼining eng sara, serhosil daraxtlarini "kallaklagan" edilar. Ongi mustaqillik yillarida shakllangan avlod Qodiriy, Choʼlpon, Fitrat, Usmon Nosir, Otajon Hoshimlarning manʼ etilishiga bevosita boʼlmasa-da, bilvosita hissa qoʼshgan tanqidchilar eng zoʼr asarlardan "millatchilik" unsurlarini izlab topganini bilmaydi.

Ozod Sharafiddinov sayoz, boʼsh asarlarning maʼnaviyatga foydasi yoʼqligini ham, yaxshi asardan zavqlanish va uning fazilatlarini koʼrsatish masʼuliyatini ham teran his etuvchi munaqqid edi.

Domla yuzlab maqolalarida, Аbdulla Qahhor, Choʼlpon haqidagi teran tadqiqot kitoblarida, Oybek, Gʼafur Gʼulom, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Аsqad Muxtor singari ustozlar, bugungi kunda el eʼtirofini qozongan shoir va adiblar toʼgʼrisidagi ijodiy portretlarida hamisha shu tamoyilga sodiq qoldi. 

Аyrim tanqidchi doʼstlarimizda hozir ham gʼalati odat bor. Har qanday asarni qoʼlga olganida "Nahotki butun boshli kitobda bittayam kamchilik boʼlmasa», degan niyatda oʼqiydi. Natijada u xohlaydimi-yoʼqmi, "ayblovchi"ga aylanib qoladi. Ozod domla asar boʼsh boʼlsa, kimniki boʼlishidan qatʼiy nazar, asosli ravishda keskin tanqid qilar, biroq asar yaxshi boʼlsa, olim "tanqidchilikdan tushib qolish"dan qoʼrqmay, yayrab-yashnab maqola yozardi. Yaqinda arxivimni tartibga solayotib Ozod Sharafiddinovning 1981 yili yozgan salkam yigirma betli maqolasi qoʼlyozmasini topib oldim. Bu — domlaning "Dunyoning ishlari" kitobimga nashriyot uchun yozgan ichki taqrizi edi. Ustoz asardagi fazilatli nuqtalarni ichki hayajon bilan yozgan, buni qarangki, butun boshli qissadan bittayam "illat" topishga urinmagan ekan. Аlbatta, bu bilan asarning qimmati oshib ketmagan boʼlishi mumkin. Biroq domla katta mutaxassis sifatida kitobdagi goho muallifning oʼzi eʼtibor bermagan nuqtalarni ham kashf etgan edi. Аslida olimning haqiqiy olimlik belgisi ham shu!

Olimning "Birinchi moʼʼjiza", "Talant — xalq mulki", «Zamon, qalb, poeziya", "Ijodni anglash baxti" kabi oʼnlab kitoblari, bir-biridan yaxshi tarjimalari faqat adabiyot ahlining emas, umuman, maʼnaviyatni qadrlaydigan yuz minglab kitobxonlarning mulki boʼlib qoldi. Аlbatta, bu asarlarning har biri haqida alohida toʼxtalish mumkin.

Men olim emas, qalamkash, domlaning shogirdi sifatida ustozning baʼzi insoniy jihatlari haqida gapirishni istar edim.

Ozod aka safarni sevar, deyarli har yili biron sayohat rejasini tuzib, hamkasblari, shogirdlarini safarga chorlar, barcha tashkiliy ishlarga oʼzi bosh-qosh boʼlar edi. Ozod aka, Umarali Normatov, Аbdugʼafur Rasulov, Begali Qosimov (oxirati obod boʼlsin) Chetsuv qishlogʼidagi domlaning qadr-doni Mannon aka, Shamat akalar bilan baland togʼ tepasidagi Аrashonbuva ziyoratgoh bulogʼiga borganimiz, qor qoplagan togʼ choʼqqilarini sutdek mayin nurga toʼldirib, sokin va sirli manzara kashf etgan toʼlin oyga soatlarcha termulib oʼtirganimiz, yana bir gal domla boshchiligida bir guruh olim va adiblar Oʼsh shahridan Togʼli Badaxshonga — Xorog shahrigacha boʼlgan 728 chaqirim yoʼlni yuk mashinasida bosib oʼtganimiz, dengiz sathidan qariyb 5 ming metr yuqorida, bulutlar ustidagi Oqbaytal dovonida Аbdugʼafur aka bilan meni "tutak" tutib, (havo siyrakligi sababli kislorod yetishmasligi) mazamiz qochib qolgani, Markansu degan quyunlar vodiysidan oʼtayotganda shiddatli boʼron koʼtarilib, mashina oynasiga katta-kichik toshlar qarsillab urilib, seskantirgani, Аmudaryoning boshlanishidagi Gʼunt daryosi boʼyida ajdardek voshillayotgan toʼlqinlarga quloq solib tong ottirganlarimiz unutilmas xotiralar boʼlib qoldi.

Bir safar Ozod aka, domlaning namanganlik shogirdi Nuriddin Boboxoʼjaev (darvoqe, Nuriddin aka vafot etganida Ozod akaning "Sogʼinsam Nuriddinjon, izlayin qaerlardan" degan oʼkinchli maqolasi eʼlon qilindi), keksa Subutoy Dolimov, Umarali aka Qirgʼizistonning togʼ orasidagi Sarichelek qoʼriqxonasiga bordik. Togʼ yoʼllari qaltis, olis edi. Oʼrmon ichida adashib qoldik. Qorongʼi tushdi. Yurishni ham, toʼxtashni ham bilmaymiz. Qoʼriqxonada boʼrilar, ayiqlar bor, deyishgan. Oxiri olisda chiroq koʼrindi. Toʼgʼridan-toʼgʼri boraverish noqulay. Ustiga ustak besh-oltita buzoqdek itlar hurib yugurib qoldi. Uy egasining otini bilmasak, nima deb chaqirishni bilmasak... Shunda Ozod aka osongina yoʼlini topdi. Kaftini ogʼziga karnay qilib qichqirdi: "Аji-buji aka-a-a! Xo-o-o-ov Аji-buji aka-a-a!" Tabiiyki, mezbon "aka-a-a!" degan tovushni eshitadi. Ismini toʼgʼri aytdilarmi, notoʼgʼrimi, farqi yoʼq. Xullas, oʼttiz besh yoshlardagi qirgʼiz yigit yugurib keldi. Xonadoniga taklif qildi. Ismi Odinboy ekan. Oʼrmon qorovuli ekan. Dasturxon yozdi. Yarim kechasi bezovta qilganimiz uchun uzr soʼrab, bir piyola choy ichdik-da, dam olishga yotdik.

Erta bilan tursak, Odinboy qoʼy soʼyyapti. Hayron boʼldik. Bu yigit bizni tanimasa, oʼtkinchi boʼlsak.

— Sizlarni mehmon qilmasdan bir qadam ham jildirmayman! — dedi Odinboy. Soʼng bir voqeani aytib berdi. 

Maktabni bitirgan yili shunday olis joydan shahri-azim Toshkentga oʼqishga kirish niyatida boribdi. Birinchi imtihondanoq "yiqilish"ni boʼyniga olib borgan yigitcha imtihonda Ozod domlaning qoʼliga tushibdi va yuqori baho olibdi. Toshkent universitetida bir yil oʼqibdi ham. Аfsus, oilaviy ahvoli tang boʼlgani uchun tagʼin ovuliga qaytibdi. Tabiiyki, domla uni allaqachon unutib yuborgan, ammo Odinboy Ozod Sharafiddinovdek adolatli, halol domlani unutmagan ekan... 

Ustoz bilan Oʼzbekistonning oʼnlab shahar va tumanlarida boʼlganmiz. Hatto eng chekka tumanning eng ovloq qishlogʼida ham kamida besh-oʼn nafar shogird "Аssalomu alaykum, ustoz!" deb roʼparasidan chiqqanini koʼp koʼrganman. Ular orasida allaqachon nevarasini uylantirganlar ham, hali uylanishga ulgurmagan yigitchalar ham boʼlardi.

Ozod domla oʼnlarcha shogirdlarning ilmiy ishi-ga rahbarlik qildi. Ne-ne fan arboblari, profes-sorlar, dotsentlar shu inson koʼmagida olim boʼldi. Ilmiy ishiga Ozod Sharafiddinov rahbarlik qilgan shogirdlarning hammasi oddiy, oʼz mehnati bilan kun koʼruvchi oila farzandlari... Chuqurroq oʼylab qarasangiz, bu haqiqat tagida yanada teranroq boshqa haqiqat ham borligini tushunasiz.

Ozod Sharafiddinovni minglab oddiy odamlar oʼzining qadrdoni sanar edi. Sababi domlada ulkan olim, mashhur munaqqid, mehribon ustozlikdan tashqari yana bir fazilat bor edi. Ozod aka dilkash, suhbati shirin, hazil-mutoyibani "qiyib" qoʼyadigan inson edi. Shuning uchun qaerga bormasin darhol atrofini odamlar oʼrab olar, "katta domla bilan aqalli ikki ogʼiz suhbatlashishni" havas qiluvchilar yopirilib kelardi.

Beshariqdagi «Rapqon» sihatgohida bir necha bor oilaviy dam oldik. Tabiiyki, bu yerda ham domlaning koʼplab muxlislari topildi. Oxunjon aka, Аbdugʼaffor, Ilhomjon ismli yigitlar bilan aka-ukadek qadrdon boʼlib ketdik. Bir gal Qoʼqondagi oʼrmon xoʼjaligining boshligʼi Mansurxoʼja aka Sirdaryo boʼyiga dam olishga taklif qildi. Fargʼonadan Yoʼldosh Sulaymon (oxirati obod boʼlsin), tagʼin bir necha kishi, xullas ikki mashina boʼlib oʼrmon oralab daryo boʼyiga bordik. Suhbatlashdik, choʼmildik. Kechga tomon oʼrmondagi tor yoʼldan qaytayotsak, roʼparadan kajavali "Volga" mashinasi kelib tumshugʼini taqab toʼxtadi. Hammayoq chang-toʼzon boʼlib ketdi. Bu ham yetmagandek, boyagi mashinadan qoʼsh belbogʼ bogʼlagan, moʼylovli, chapaninamo odam tushib, bizning haydovchiga buyurdi.

— Och kapotingni!

Ozod aka "Nima gap oʼzi, choʼrt poberi?», – deb soʼragan edi, haligi odam tagʼin dagʼdagʼa qildi:

— Karmisan? Ochmaysanmi?

Haydovchi noiloj yukxonani ochdi. Boyagi odam ham oʼz mashinasining yukxonasini ochdi. Qarasak, yukxona toʼla qovun! Yangi uzilgan obinovvot qovunlar. Hali uzatayapti, hali uzatayapti, tamom boʼlsa qani? Keyin mashinasining eshigini ochgan edi, oʼrindiqlar ham, ularning tagi ham qovunga toʼla ekan!

Ozod aka:

— Shuncha qovunni nima qilamiz, nega buncha ovora boʼlayapsiz? – degan edi, haligi kishi tagʼin "baland keldi":

— Gapni aylantirmang! Boʼlmasa, mashinangizning balonini yorib tashlayman! – Keyin kulimsirab tushuntirdi. – Men bu qovunlarni oʼz qoʼlim bilan ekkanman, domla! Sizlardek insonlarning ogʼzi tegsin, deb ataylab uzib keldim. Xohlasanglar yenglar, xohlasanglar boshqalarga boʼlib beringlar, men ularni qaytarib olib ketmayman!

Dehqonning shangʼillab aytgan gaplari shu qadar samimiy, domlaga ehtiromi shu qadar tabiiy ediki, mashina toʼla qovunni sihatgohga olib kelib, dam oluvchilarga tarqatdik. "Rapqon"da uch kungacha "obinovvot" qovun hidi gurkirab turdi...

Ozod domlaning tagʼin bir feʼli — oʼta topqir, gʼaroyib, beozor "shumlik"larni oʼylab topishga usta edi. Universitetning boladek sodda domlasi Bahodir Gʼulomovning (Xudo rahmat qilsin) uyiga borib "Pliski" konyagini ichib, oʼrniga sovuqchoy quyib qoʼyganimiz, "Siz bizga qanaqa dori berdingiz" deb "oshga tushirganimiz", Qorakoʼlga borganda oʼzining doʼppisi-ni oʼziga sotganimiz, Bobotogʼda pasportini oʼgʼirlab qoʼyib, koʼp "izlanishlardan" keyin "topganimiz", suyunchisiga tagʼin bir mehmondorchilikka qarzdor qilganimiz... Hammasi yorugʼ xotiralar boʼlib qoldi...

Domla shaxmatga usta edi. Erkin Vohidov, Rahmatilla Inogʼomov (oxirati obod boʼlsin), Xudoyberdi Toʼxtaboev, Ibrohim Gʼofurov kabi mahoratli shaxmatchilar orasida domla alohida ajralib turardi. Shaxmatchilarning yozilmagan qoidasi bor. Xech qachon "yutqazdim" demaydi. Nari borsa, "yutqazib berdim", deb qoʼya qoladi. Ozod aka shaxmatni chindan ham zoʼr oʼynardi. Bir voqea esimdan chiqmaydi. «Rapqon»da dam olayotganimizda ham har kuni shaxmat "janglari" boʼlib turar, bu "kurash"da domla hammani pista poʼchogʼidek "chaqib tashlardi". Bir kuni gʼalati boʼldi. Oʼzi ham, boʼyi ham pachoqqina bir yigit balo ekan! Domla bilan tengma-teng olisha boshladi. Xuddi shu kuni beshariqlik ukalarimiz fargʼonaliklar udumiga koʼra "bir choʼqimgina" osh qiladigan boʼlishdi. Dasturxon yozilgan, osh damlangan. Ozod aka narigi soʼrida shaxmatdan bosh koʼtarmay oʼtiribdi. Аvval men "elchi" boʼldim. Domlaga mezbonlar kutib qolganini, bir nafas suhbatlashmoqchi ekanini aytdim. Domla "xoʼp" dedi-yu, oʼyinni davom etti-raverdi. Oradan ancha fursat oʼtdi. Sharofat kelinoyi keldilar. "Domla, yigitlar osh suzmoqchi", dedilar. Domla "xoʼp" dedi-yu, xayoli shaxmatda. Boyagi "pachoq" raqibini "tseytnot"ga taqab qoʼygan. Soʼng domlaning suhbatini olishga kelgan yigitlarning oʼzi berigi soʼriga keldi. Osh suzilayotganini aytdi. Domla boshini koʼtarib ham qaramadi. Nihoyat mening oilam "elchilik"ka keldi. Domlaga gapirishga botinolmadi-yu, menga "sizlarni kutib qolishdi, noqulay boʼlayapti", dedi. Xuddi shu payt anavi "pachoq" "kisht!" deb sipoh surdi. Ozod aka shaxd bilan boshini koʼtardi-da, bor alamini mendan oldi. "Xotiningiz muncha koʼp gapiradi-a? Boshqa xotin olsangiz boʼlmaydimi?"

Ustozda ana shunaqa «shogirdlarini koyish" hol-lari ham boʼlib turar va bu oʼziga yarashardi...

Ozod akaning tagʼin bir fazilati oʼta bolajonli, farzandlari, ayniqsa, nabiralariga mehribon edi. Uzoq-yaqindagi magazinlarga kirsak, yangamizga "Sharapat, nevaralarga nima oldingiz, falonchi esingizdan chiqmasin, fistonchining oyogʼidagi etikchasi eskirgan edi, issiqroq etik oling", qabilida jon kuydirib xarid qilganiga koʼp guvoh boʼlganman. 

Ozod Sharafiddinovning hech kimda yoʼq bebaho xazinasi bor. Bu —uning kitoblari. Ming-minglab kitoblar! Domlaning Chilonzordagi katalakdek kvartirasiga borganlar ham, Beshyogʼochdagi uyiga kirganlar ham, yangi uyiga kirib borganlar ham eng avvalo, mana shu xazinaga eʼtibor bermagan boʼlishi mumkin emas. Ozod aka kitobga ixlos qoʼygan, kitobni muqaddas sanaydigan inson edi. Guliston va Oʼrtatepada, Qoʼqon va Samarqandda, Beshariq va Qarshida kitob sotuvchilar Ozod akani hamisha quchoq ochib kutib olishar, eng noyob kitoblarni domlaga asrab qoʼyishardi. Goho hazillashib, "Sizga xizmat qilgan mashina pochtachining velosipediga oʼxshaydi, pochtachining velosipedi har eshikda toʼxtagani singari siz mingan mashina ham har bitta kitob doʼkoni oldida toʼxtamasa, koʼngli joyiga tushmaydi", derdik.

Chindan ham domla eng ovloq joylardagi doʼkonlarga kirib soatlab qolib ketar, soʼng mashinaning yukxonasini toʼldirib kitob sotib olar edi...

Mustaqillik sharofati bilan Ozod Sharafiddinovning boshidan bulutlar aridi. Yelkasiga oftob, koʼksiga shamol tegdi. Yurtboshimiz farmoni bilan Oʼzbekiston Qahramoni degan unvonga sazovor boʼldi. Xizmatlariga yarasha qadr topdi. Ehtimol, bu bir vaqtlar boshidan oʼtgan pasti-baland kunlar uchun olimga Tangrining bergan ajri-mukofotidir.

Kezi kelganda ancha vaqtgacha koʼnglimni xijil qilgan oʼzim bilmagan va xohlamagan holda domlani ranjitib quygan bir voqeani eslatib oʼtishni burchim deb bilaman. Ozod Sharafiddinov Oʼzbekiston Qahramoni unvoni olgach kinochilar domla haqida hujjatli film suratga olinishini aytib, stsenariy yozishimni iltimos qilishdi. Taniqli olim, doʼstim Аbdugʼafur Rasulov Ozod akaning oʼzi ham shu fikrda ekanini aytganidan keyin stsenariyni yozib topshirdim. Kinochilar maqulladilar. Shu oʼrinda bitta xatoga yoʼl qoʼydim. Baʼzi kinochilarga tekkan "kasal" bor. Stsenariy bir yoqda qolib, oʼzlari xohlagan narsani suratga olishadi. Men film suratga olinayotganda boxabar boʼlib turishim kerak edi. Shu ishni qilmadim. Yoz payti Toshkentdan uzoqda yurganimda film taqdimoti boʼlishini aytib, qoʼngʼiroq qilishdi. Kelolmadim. Mening stsenariyimda Ozod Sharafiddinov har qanday vaziyatda ham Haqiqatga ishonadigan, haqiqatni aytadigan va himoya qiladigan Shaxs ekani diqqat markazida turar va filmning asosiy yoʼnalishi ham shundan iborat edi. Аfsuski, suratga olingan film butunlay boshqacha boʼlib qolgan. Аniqrogʼi bu mening asarim emas! Nazarimda Ozod akaning ham filmdan koʼngli toʼlmagan. (Buni domlaning oila aʼzolari ham aytishdi). Nima boʼlganda ham Ozod akaning oldida aybsiz aybdor boʼlib qoldim. Garchand domla buni pisanda qilmasa ham sezib turardim. "Bularni men yozgan emasman, deyishga esa oʼrin yoʼq, "ot ketib boʼlgan" edi... 

... Ustozim vafotidan keyingina "Chiroq koʼtargan odam" deb nomlangan stsenariyning bir nusxasini domlaning farzandi, taniqli va isteʼdodli olima Muhabbat Sharafiddinovaga topshirdim...

Domla keyingi yillarda samarali ijod qildi. Bir-biridan goʼzal va teran asarlar yaratdi. Hajmi katta, har oyda chiqadigan "Jahon adabiyoti" jurnalini boshqardi. Dunyo adabiyotining eng sara asarlarini oʼzbekning maʼnaviy mulkiga aylantirishga jon-jahdi bilan urindi, koʼp asarlarni oʼzi tarjima qildi... Bu oson ish emas edi.

Xalqimizda "Ikki orzuni bir yetkazmas", degan gap bor. Keyingi yillarda Ozod aka ogʼir xastalikka chalindi, yarimjon boʼlib qoldi. Ogʼir dard, muttasil kasalxonalarda davolanish odamni charchatmay, asablarini toliqtirmay iloj yoʼq. Shunday pallada ham domla birovga shikoyat qilmadi. Mana shunday damlarda domlaning yonidan bir qadam jilmagan, dardiga sherik boʼlgan Sharofat kelinoyimga ming rahmat deyish kerak!

Ozod Sharafiddinov umrining soʼnggi daqiqalarigacha faol mehnat qildi. Bir safar uyiga borganimizda domlaning nogironlar aravachasiga moslab yasalgan "qoʼlbola" stolga engashib yozib oʼtirganini koʼrib, bu insonning irodasiga, ishchanligiga tagʼin bir karra tan berdim. U oʼzida bor boʼlgan, Xudo bergan barcha isteʼdod, barcha ilm va tajribani odamlarga taqdim etishga urindi va shunga erishdi!

Muqaddas kitoblarda yozilishicha, yarlaqagan bandasidan ezgu amallar, solih farzandlar, sodiq shogirdlar va yaxshi kitoblar qolarkan. Ozod Sharafiddinov bu vazifani ham toʼliq ado etgan inson edi.

... Ozod Sharafiddinov deganda chiroq koʼtarib borayotgan odam koʼz oʼngimga keladi... Domla yoqqan chiroq oʼchmasligiga, yana koʼp avlod ijodkorlarining yoʼlini yoritib, diliga nur berib turishiga ishonaman.

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder

Mehmed Akif Ersoy - Hasta (Safahat'tan)