Shukur Qurbon - Vatanni rozi qilmoq

0
O‘n to‘qqizinchi asr oxiri, yigirmanchi asr boshlarida yashab ijod qilgan jadid bobolarimiz yaratgan ilmiy va badiiy asarlar haqida qancha gapirilsa oz. Buning uchun birgina Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarini misol qilib keltirishning o‘zi kifoya bo‘lsa kerak. “O‘tkan kunlar”ning “Yozg‘uvchidan” deb nomlangan asar bismillosida adib “yangi davrga oyoq qo‘ydiq, bas, biz har bir yo‘sunda ham shu davrning yangilik­lari ketidan ergashamiz” deydi va qo‘shimcha qiladi:

“Xalqimizni shu zamonning “Tohir-Zuhra”lari, “Chor darvesh”lari, “Farhod va Shirin” va “Bahromgo‘r”lari bilan tanishdirishka o‘zimizda majburiyat his etamiz”. Lekin mavzuni “oyoq qo‘yil­gan yangi davr”­dan emas, “tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo‘lgan ke­yin­gi xon zamonlari”dan belgilaydi. Adib nega shunday yo‘l tutadi? Chunki yurtimizni Chorizm bosib olishiga, vatanimizning mustamlaka bo‘lishiga “ko‘lankasi maydon” xonliklar sababchi ekanini yozuvchi chuqur his qilgan. Buni adib romanlaridagi voqealar va qahramonlar taqdirida ko‘rsatib beradi. Binobarin, yozuvchi “O‘tkan kunlar” xotimasida Otabekning so‘nggi kunlari haqida shunday yozadi: “1277-nchi yilning kuz kezlarida bo‘lsa kerak, Yusufbek hoji (Qo‘qon xonlarining bir nechasida amiri lashkar lavozimida xizmat qilgan, shuningdek, Turkiston viloyatining hokimi bo‘lgan) Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi. “O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmota ustidagi o‘rus bilan to‘qunishmamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid bo‘ldi. Men o‘z qo‘lim bilan ikkisini dafn etdim…”.

Bir so‘z bilan aytganda, Abdulla Qodiriy yuqorida biz nomlarini tilga olgan har ikki romani orqali xalqimiz tarixidagi xonliklar davrini bamisoli qora kursiga o‘tqazib, sud qiladi. Hukm chiqarishni siz bilan bizga – kitobxonga qoldiradi. Maqsad – yurtimizga Chor askarlarining bostirib kelishi-yu, keyinchalik o‘sha asosda paydo bo‘lgan sho‘ro hukumatining ildizini, o‘q tomirini xalqqa ko‘rsatish edi. Romanlardagi Otabek, Kumush, Anvar va Ra’nolar taqdiri, shuning­dek, ular muhabbatiga aloqador voqea-­hodisalar yuqoridagi adib maqsadi o‘quvchiga osonroq singishi, kitoblar qiziqib o‘qilishi uchun xizmat qilgan desak, ko‘pchilik hayron bo‘lmasa kerak.

Adiblarning sho‘ro jamiyatiga munosabatlari boshqa sobiq ittifoqdosh respublikalarda, asosan, chet ellarga bosh olib chiqib ketish asnosida yozildi, to‘g‘rirog‘i, ular shunday yo‘l tutishdi. (Bu o‘rinda Ivan Bunin, Soljenitsin va boshqalarning nomlarini eslab o‘tish mumkin). Bizda esa, jadidlar (yangilovchi va yangilikchilar) sifatida xalqimiz va millatimiz uchun xizmat qilish niyatida, qamalish-u otilishdan hayiqmay, hatto Qo‘qon muxtoriyati qonga botirilgan bo‘lsa ham, o‘z jonini saqlash uchun vatandan bosh olib ketishmadi. Aytadigan gaplarini matbuot sahifalarida e’lon qildi, ya’ni ijodiy jasoratlar ko‘rsatishdi. Jahon adabiyoti namunalarini ona tilimizga o‘girib, xalqqa yetkazishdi. Yangi avlod uchun yangi darsliklar yozishdi. Adiblarimiz o‘tgan asr bosh­larida yozuvchi va shoirlikka mual­lim­likni ham qo‘shib faoliyat yuritishdi. Ya’ni el-yurtni yangilikka boshlashdi – xalq taraqqiyotiga xizmat qiladigan narsa bo‘lsa, osmonga chiqib olib tushishga ham tayyor edi ular.

Jadidlar shahid etilganidan so‘ng iqtidorli shoir va yozuvchilarimiz, sal bo‘lmasa, yoppasiga “baxt kuychisi” bo‘lib ketay dedi. Lekin imoni butun adib­lar mus­tabid davr nog‘orasiga o‘ynamadi, boshqa yo‘l tutishdi. Faqat tarixiy mavzulardagina qalam teb­ratdi. Masalan, o‘tgan asrning elliginchi yillari qatag‘onini boshdan kechirgan Mirkarim Osim shunday qildi. Bu jarayon adabiyotimizga keyingi yillarda o‘lmas asarlari bilan hissa qo‘shgan Maqsud Shayxzoda, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Abdulla Oripov, Muhammad Ali singari yozuvchilarimiz ijodida ham davom etdi. Bahonada, xalqimiz tarixining o‘ziga xos manzarasi yuzaga keldi.

Adiblarning ba’zilari baribir imkoni boricha timsollar yordamida sho‘ro jamiyati qonun-qoi­da­lari va rasm-rusumlarini zamonaviy asarlarida ham fosh eta oldi. Erkin Vohidovning “Donishqishloq latifalari” turkumidagi “Matmusaning uylanishi” asarini oling. Unda mus­tabid davrda rasm bo‘lgan “besh yillik rejani uch yilda”, “etti yillik rejani besh yilda” bajarish haqidagi ko‘rsatma aks etganini o‘ylasak, yuqoridagi gap amalga oshgan va sobiq jamiyat “basharasi”, qaysidir ma’noda, ochib tashlangan bo‘ladi. Axir, Matmusaning to‘qqiz oyu to‘qqiz kunda tug‘ishi lozim bo‘lgan xotinining uch oyda ko‘zi yoriydi. Va, sharmandai sharmisor qilinishi kerak bo‘lgan xotinga, unga qo‘shib eri – Matmusaga ham alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatiladi.

Modomiki, nobop jamiyatni oshkora fosh qilish qiyin ekan, mus­tabid davrda ezilgan xalqimizga ma’naviy quvvat va dalda berish uchun adiblarimiz zamonni tilga olmasdan, Vatan to‘g‘risida – O‘zbekiston to‘g‘risida, uning shodlik va qayg‘ulari xususida yoza bosh­lashdi. Otashin shoir Usmon Nosir yurakka qarata shunday dedi:

Itoat et, agar sendan
Vatan rozi emas bo‘lsa,
Yoril, chaqmoqqa aylan sen,
Yoril, mayli, tamom o‘lsam.

Shu choqqacha Xudoning, ota-onaning, ustozning roziligini olish haqida o‘ylashga va buning uddasidan chiqishga urinishga odatlanganmiz. Bu – insoniy burch. Ammo Vatanni rozi qilishni yo o‘ylab ko‘rganmiz, yo mushohada qilmaganmiz. Shoir Usmon Nosir esa, bu fikrni yuqoridagidek, lo‘nda qilib aytdi. Ustoz Erkin Vohidovning “O‘zbegim”i, Abdulla Oripovning “O‘zbekiston” asarlari ham shu ma’noda dunyoga keldi.

Jamiyatning nobopligini odam­lar­ning tabiatidagi qu­sur va kamchiliklar orqali ko‘r­satishda yozuvchilar oldingi saflarda bo‘ldi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining iborasi bilan aytganda, “oldinda chiroq ko‘tarib borguvchilar” bo‘ldi. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Olomon”, O‘zbekiston xalq shoiri shoir Usmon Azimning “Chumoli” kabi asarlari bu borada kitobxonni mushohada yuritishga chorladi.

Yurtimiz Mustaqillikni qo‘l­ga kiritganidan keyingi davr­da yozuvchi va shoirlarimiz oldida jamiyatimizning o‘ziga xos manzaralarini to‘laqonli aks ettirish dolzarb vazifa bo‘lib turibdi. Yaxshi bir jihatni tilga olib o‘tishni istardim: ko‘pchilik adib­lar mus­tabid zamonda “yozilmay qolgan”, xalqimiz bosh­dan kechirgan qora kunlarni, bugungi dorilomon davrimizga solishtirish uchun, qalamga olib umrboqiy asarlar yaratmoqda. Bu o‘rinda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning keyingi payt­da qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilayotgan, jadidlar hayoti va faoliyati, fojealari to‘g‘risida yozilgan “Ma’suma” romanini tilga olishni xohlardim.

Shu bilan birga, hamkasblarimga (garchand ijodkorga nimani yozish va qanday yozishni o‘rgatib bo‘lmasa ham) ikki og‘iz istagim va talab­larim bor (albatta, ular o‘zimga ham tegishli): dini Islom va unga aloqador haqiqatlarni teran ang­labgina, xalqimiz hayoti to‘g‘risida kitob qoralash kerak, aks holda ildizi sayoz bitiklarning ko‘payi­shi­ga sababchi bo‘lamiz. Yangi O‘zbekis­ton kishilarining yorqin obrazlarini yaratish asosiy vazifadir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 24-son

Yorum Gönder

0 Yorumlar

Yorum Gönder (0)

#buttons=(Çerezleri kabul et) #days=(20)

Sitemizde çerezler kullanılmaktadır. Kabul
Çerezleri kabul et