Aytishlaricha, odamlar
bir-biriga qanchalik yaqin bo‘la borishsa, xulq-atvorlari ham, rang-ro‘ylari ham bir-birlariga
o‘xshab, singib boraverar ekan. Demak, uylar ham shunday. Qishloq chekkasida kichik bir kulba bor.Bu kulba ko‘rinishidan qishloqning boshqa uylaridan farq qilmaydi. Faqat unda nimadir yo‘qdek: qaddi bukik, dol. Xuddi odamdek. Uy ham xuddi fig‘on bilan ko‘kka yuzlangandek. Ahyon-ahyonda tashrif buyuradigan
parishonxotir mehmon-u, timirskilanib
ivirsigan mezbonini mung’ayibgina qarshi oladi. Eshiklarida undan g‘arib, teksang bas, nola qiladi. Qo‘ni-qo‘shnilar ham eshikning ochilib-yopilganini sanashadi:
…"Chiqdi, kirdi…”
Sal avvalroq
shu kulbaning eshigini ochib-yopuvchi qariyalardan
biri, otaxon, olamdan ko‘z yumdi. Shundanmi, qo‘ni-qo‘shnilar
ham keyingi vaqtlarda eshikning ahyon-ahyonda ochilib-yopilganini
ham sanamay qo‘yishdi...
Qismatning sho‘rishiga yo‘yishsa
ham sinovi qattiq bo‘ldimi, hatto hayvonga ham ozor bermaydigan xonadon sohiblarini
Olloh tirnoqqa zoriqtirdi...
Yillar o‘tdi, og‘ritib-og‘ritib,
dog‘lab-dog‘lab. Kunlar o‘tdi, ba’zan yillarga bo‘y
berib, oyoq tirab-oyoq tirab. Momo kunni sanab yig‘ladi. Ne-ne
bir tunlarni tonglarga uladi. Hasratidan chiqqan g‘ubor samoga bo‘yladi. Qalbini cho‘g‘ladi. Cholining
dardi ichida bo‘ldimi yo dashtda bo‘shaldimi, bildirmadi, sir
oldirmadi. Bola isini sog‘inishib, qo‘ni-qo‘shni
bolalarini shirinlik bilan iydirib, ularning quvonchlariga sherik bo‘lib yurdi.
Odam ham vaqtdan tez ulg‘ayib, yangilar huzurida begonalashib boraverar ekanmi, bu ham uzildi. Chol-kampir ham
bir-biriga yomon o‘rganishibdi, yolg’iz yura olishmabdi. Bobo va’da
bergandi: "Billa ketamiz" deb. Momo
nido qildi: "A-yo,
chol lafzini tutmadi"
deb. Tag‘inam, harna ovundi, xudoning irodasi
deb. Avvaliga o‘zi bilan o‘zi gaplashar bo‘ldi,
istihola qildi chog‘i, bundan ham kechdi. Bobo ketdi, qarindosh-urug‘
qadami dam uzildi, o‘zi bilan o‘zi
bo‘lib qoldi. Momo indamadi,
zorlanmadi, Boboning merosini mahkam tutdi, bu
sukut edi. Odam xudo emas ekan. Yolg‘izlik tutmaydi, tatimaydi. Bir
tun sergak Bahor momoning qulog‘iga qandaydir nola eshitilganday
bo‘ldi. Timirskilandi, bir amallab eshikka yuzlandi. Nimadir
eshikni tirnardi, …mushuk…-
dedi Bahor momo.
Eshik ortida kuchuk bolaga ko‘zi tushdi. Qarashlari, turishlari go‘daknikidek. Biram mitti, biram shirin. Mehri
iyib uyiga olib kirdi. Yuvintirib, sochiqqa xo‘b artdi. Kuchukchaning ko‘zlari ma’yus-ma’yus boqardi. Uning ko‘zlari ma’noli, qadrdon qarashlari
shu qadar tanish ediki, ammo momo eslay olmadi. Ul-bul berib,
kuchukchaning qornini to‘kladi. Shu-shu bolasiday bo‘lib qoldi. Kuchukcha
hursa, u ham hurdi,
yumalasa, yumaladi. Qilig‘ini bola bildi,
o‘zi ham bola bo‘ldi. Xudo bilib yaratgan dedi.
O’zining ko‘nglini hushladi. Momoning nasibasimi, it
ham yaxshi chiqdi. Shu bilan gaplashadi, shu bilan sirlashadi...
Oradan kunlar o‘tdi. Qish fasli
chekinib, bahor bo‘ylab, it ham ulg’ayib qoldi. Tunlarning birida Bahor momo suv olib
kelgani hovuz boshiga chiqdi. Bir amallab suv oldi.
Ortiga qaytar ekan, yer loy emasmi,
oyog‘i tayrindi. Bir uchdi, bir uchdi. Xayoli
olindi. Boshi qattiq yerga tegib, hushidan ketdi…
Tush ko’rdi. Tushida
choli boshi teppasida yig‘lab o‘tirganmish. Uyg‘onib ketdi. Yuzida namlik sezdi. Ko‘zlarini ochdi. Asrab olgan
iti hadeb yuz-ko‘zini yalayotganmish. Yuziga tushayotgan ilik
tomchilardan avvaliga yomg‘ir yog‘yapti deb o‘yladi.
Yo‘q, iti yig‘layotgan ekan. Xuddi odamdek ich-ichidan ezilib, xo‘rsinib
yig‘lardi. Momo itni erkalab, ko‘z qiri yetguniga
qadar qorong‘ulik qo‘yniga qadar alangladi. Hech kim ko‘rinmadi.
Turmoqchi bo‘lgan edi, holi yetmadi. Abgor holidan
xo‘rligi keldi, yig‘ladi. Ezilib-ezilib yig‘ladi. To‘yib-to‘yib yig‘ladi.
Yengil tortdi. Bilib beradi xudo, -dedi Bahor momo.
O‘rnidan turar ekan, iti quvonchdan irg‘ishlay boshladi. Momoning
ko‘ngli yorishdi. Ko‘rgan tushi ko‘z oldidan o‘tib, esladi:
“-Hazratim,
tushimga kirganingiz bejiz emas ekan-da",-deya o‘ziga-o‘zi
gapirindi Bahor momo. "Shuncha qishloq uylari turib, bu itning uyimizni topib
kelganidan hayron qolgandim. “Qoytibsiz-da…
Bo‘mapti-da…. Lafzingiz shu bo‘lar bo‘ldimi? Mehr deganlari shu
ekan-da. Xavotir obsiz-da. Bilgandim, tanigandim…".
Momo yig‘ladi. Itini suyub, sizlab
uyga yo’l oldi.
Ko‘kdan bo‘lsa iliqqina yomg‘ir maydalab yog‘ardi. Bu tomchilar bahor faslining Bahor momoning quvonchiga sherikligimi yo hasrat ko‘z yoshlari edimi, bilmadim…
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder