15 Mart 2024 Cuma

Ehrom Ziyo - Vojib (Hikoya)

 

Qodir bobo qayoqdan ham sig'ir oldi, boshi baloga qoldi. Boʼlar-boʼlmasga javrashdan toʼxtamaydigan kampiriga bahona topildi.

-Dam olishga boraylik, deb bir yildan beri jonim xalak, - figʼoni koʼkka chiqdi kampirning.-Ikki gapning birida “pulim yoʼq”, deysiz-u, yashirib yurgan koʼmmangiz bor ekan-da, bu zormandani yetaklab kelibsiz. Oʼgʼlingiz uzzukun ishda, keliningiz molni yoqtirmaydi. Qariganda shu yetmay turuvdi oʼzi, sudrab-pudrab ketsa, dodimni kimga aytaman.

-E-ey, onasi, gapingda jon bor, - biroz boʼshashdi chol.-Dam olish kimga yoqmaydi. Nabiralarimizning ogʼzi orqasin, devdim-da. Sut-qatiq bolalarning iligini ushlaydi. Ikki-uch oy pensiyamizni yigʼsak, dam olish ham boʼlib qolar. Yaxshisi tezroq sigirni sogʼ, jonivorning yelini tirsillab ketdi.

Kampir kalovlanib suv paqirni boʼshatdi. Sigir sogʼishdan qoʼli chiqib qolgan emasmi, goh engashib, goh choʼnqayib yarim paqir sut sogʼguncha terga tushib ketdi. 

-Bu zormandani egasi uch-toʼrt kun buzoqdan qantarib qoʼygan, - qaqshayotgan belini silab mingʼirladi kampir. –Ertaga koʼramiz, bir kosa ham sut chiqmasa kerag-ov.

-Gumon imondan ayiribdi, unday dema kampir, -boshini qashidi chol. – Egasi ajabtovur odamga oʼxshaydi. Uning aytishicha, sigir qoʼshnisiniki ekan, otasi oʼlib, maʼrakasiga ishlatish uchun olib chiqqan yigitchaga rahmim keldi: savdolashib oʼtirmasdan aytganiga oldim-qoʼydim, yetimchaga yordam boʼlsin, dedim-da.

-Xe, bunaqa yetimlarni oldin ham eshitganman, - kampir nimanidir eslagandek boʼldi. – Otam rahmatlik ham bir safar xuddi sizga oʼxshab sigir yetaklab kelgan edi. Keyin bilsak, “etimcha”ning sigirini sotgan dallol uning otasi ekan, “kuyov qaynotaning tuprogʼidan yasalgan”, deb bekor aytmagan-da, mashoyihlar.

Kampirning gapidan bobo biroz sergak tortdi. Shunga oʼxshash hangomani oldin ham eshitgan boʼlsa-da, unchalik ahamiyat bermagan ekan. Dallolning bejo harakatlari, tuturuqsiz gaplari yodiga tushdi-yu, “xe, undoq emasdirov”, deb oʼziga tasalli berdi. Аyniqsa, qora sigirning suti mazali boʼladi, deb javragani biroz erish tuyuldi. “Oʼldimi, bitta sigirni deb labzini xarom qilmaydi-ku”, degan andishaga bordi bobo.

Kampirning javraganicha bor ekan, bir necha kun onasini emmagan buzoq birdan sutga boʼkib, ichi ketib, xadeganda oʼziga kelavermadi. Bahor havosi emasmi, osmonni bulut qoplab, kechasi qattiq yomgʼir yogʼdi. Cholu kampir daraxtga bogʼlangan sigirni ayvonga olib kirishga qurbilari yetmadi. Mol achchigʼida bobo bir necha bor tashqariga chiqaman, deb unaganida ham kampiri qoʼymadi. “Sigir qayoqda-yu, jon qayoqda”, munkib ketsa nima boʼladi. Chaqmoq chaqib, kechasi bilan yomgʼir chelaklab quyib chiqdi. 

Ertalab cholidan oldin hovliga chiqqan kampir daraxtga bogʼlangan ola-bula sigirni koʼrib, hangu-mang boʼlib qoldi. Choponining bir yengini kiyib ulgurmagan chol ham xayron – qora sigir qani?

-Xudodan xabari bor dallolning ishi bu!-dedi kampir choliga tikilib. – Govmushni qora rangga boʼyab chiqqan ekanda, koʼrib qoʼying! 

Cholning tarvuzi qoʼltigʼidan tushdi. “Qora sigirning suti mazali boʼladi” deb javragan dallolning beoʼxshov turqini koʼrgandek ijirgʼandi.

Esini tanigandan beri bozorda dallollik qiladigan Jalil “jonsiz” laqabi bilan otning qashqasidek tanilgan edi. Mol bozori odatda tong otmasdan qiziydi. Jalil jonsiz gʼira-shirada yaxshi mollarni arzon-garovga sotib olib, oʼgʼliga ushlatib qoʼyardi. Oʼgʼli juldir-juldir ust-bosh kiyib, suvga tushgan mushukdek mungʼayib turishi bilan koʼpchilikning rahmini keltirardi. Bilgan Jalil jonsizdan uzoq yurar, undan mol olmasdi. Oʼgʼli ushlab turgan molni “otasi yaqinda qazo qilgan, maʼrakasiga deb mol sotayapti. Ketsa shunga ketsin, yetimchaga rahmingiz kelsin, aytganiga olaqoling, savobi tegadi”, deb koʼzini loʼq qilib turaverardi. Molni qimmatroq sotish ilinjida “Yolgʼon gapirsam til tortmay oʼlay” deb ikki gapning birida qasam ichishdan tap tortmasdi.

Qodir boboga oʼxshab onda-sonda bozorga kelgan xaridor dllolga tayyor xoʼrak edi. Bu ham yetmagandek, buzoqni ushlab turing, ipini yeching, deb, koʼzini shamgʼalatib sanayotgan puldan bir dastasini choʼntagiga urardi. Xaridor bundan bexabar, “pulni oʼz qoʼlim bilan sanagan edim, bunday boʼlishi mumkin emas”, deb xijolat tortib, kamini toʼldirardi. Olarmonni ham boʼyidan, ham enidan urgan jonsizning biri ikki boʼlmas, kosasi hech oqarmasdi. 

Sigir chimxoʼr ekan: xashakni tumshugʼi bilan titkilab tanlab yeydi. Suti ham shunga yarasha-yarim kosaga yetmaydi. Suti suyuq, qatigʼidan moy chiqmasdi. Egilib-turishga arzimaydi, deb kampir sigirga yoʼlamay qoʼydi.

-Esimni tanibmanki, bozorda oʼtmay qolgan molni yetaklab kelasiz, -figʼoni koʼkka chiqardi momoning.-Odamlar moldan foyda koʼrishadi, siz boʼlsangiz aksi – qimmat olib, arzonga sotasiz. Xayronman, bunaqada qachon kosamiz oqaradi.

-Boʼlar ish boʼldi, - kalovlandi chol. – Sigir oʼzimga ham yoqmay turibdi. Ha endi hamma foyda qilaversa, zararni kim koʼradi. Foyda-zararning ostida. Bir kun bizga ham gʼoyibdan berib qolar. Shunga ham ota goʼri qozixonami, kampir. U boʼlsin - bu boʼlsin, yaratgan senga ham insof bersin. Kun kelib, duolarim vojib boʼlar. Sening insofga kelganligingni koʼrsam, armonim qolmasdi.

Qodir boboning qoʼshnisi Mirzabek yigirma yildan ortiq montyorlik qilgan. qishloqqa xizmati singmagan uy yoʼq. Nima falokat boʼldi-yu, tok urib, simyogʼochdan yiqilib oʼldi. Xotini bir etak bolalari bilan beva qoldi. Bolalar yosh – qoʼlidan bir ish kelmaydi. Qozon qaynatish oson emas. Shoʼrlik beva ish topolmay sarson. Qodir bobo sigirni bozorga qaytarib chiqarmadi. Yetimlarning bir kuniga yarar deb, sigirni qoʼshnisiga olib chiqdi.

-Shunday qilishingizni oʼzim ham biladim, - yigʼlamoqdan beri boʼlib mingʼirladi momo. – Beva-bechora , yetim-esirlarning boshini silashga sizdan boshqaning qoʼli yoʼqmikan? Oʼzimizni oʼylamaysiz – nabirangiz bir yildan beri valasapid olib bering deb, javragani javragan. Siz ham odam boʼlib, roʼzgʼorning kam-koʼstini oʼylaysizmi? Umr boʼyi bilganingizdan qolmaysiz. Qaysarligingizdan adoyi tamom boʼldim-ku. Ey falak, bu avom bandangga oʼzing insof ber! Biz ham roʼshnolik bilan yashaydigan kun bormi, oʼzi?

Qariya churq etmadi. Hozir kampiriga biror gap uqtirib boʼlmasligini yaxshi bilardi. Bunday paytda sukut saqlagan maʼqul. Tarki odat amri mahol. Boboning boʼlgani shu, boshqacha yoʼl tutolmaydi. Shunga chidab yurgan kampirining joniga toʼzim bersin. Qiziq ustida bir lov etib yonadi-yu, oʼchadi. Bir necha kunda gina-kudratini unutadi. Hech narsani iichga olmaydi, kek saqlamaydi.

Cholu kampir keyingi paytda xaj safari haqida tez-tez gaplashadigan boʼlib qolishdi. Yaxshi niyat bilan pensiya pulidan sandiqqa tashlab qoʼyishardi. Nimagadir keyingi paytda kampirning qon bosimi oʼynaydigan boʼlib qoldi. Shifokorlar momoga uzoq safarlarga chiqmasligini maslahat berishdi.

Bir yostiqqa bosh qoʼygandan beri bir mayizni ikki boʼlib yeb kelayotgan kayvoni bu gapdan ranjimadi. “Men uchun ham xaj amallarini ado etib kelasiz”, deb choliga dalda berdi. Toma-toma koʼl boʼlur, deganlaridek, jamgʼarmalari safarga yetadigan boʼlib qoldi.

Safar taraddudida shahardan qaytayotgan Qodir bobo koʼcha boshidagi hovli daervozasi yonida yer chizib turgan qizaloqqa koʼzi tushdi. Qizaloq unga yaxshi tanish – har gal boboni koʼrishi bilan oldiga chopib chiqib, salom berardi. Nabirasi bilan birga oʼqiydi, tillari burro-burro. Ota-onasi bilan toʼyga borayotganda mashina halokatga uchrab, qoʼrqqanidanmi, qizaloq gapirolmaydigan boʼlib qolgan. Boboga salom berolmagandan hijolat boʼlgandek yerdan boshini koʼtarmas, mitti koʼzlari jiqqa yosh edi. Uning bu hijolatidan boboning yuragi ezilib ketdi. Qizaloqni davolatish uchun ota-onasi olib bormagan joy qolmadi. Doktorlar birdan bir yoʼli operatsiya qilish kerakligini aytishdi.

Qodir bobo surishtirdi - operatsiya katta pul turar ekan. Chet eldan poytaxtga kelgan tajribali jarrohlar yaqinda tumanga kelisharmish. Аgar fursati yetsa qizni operatsiya qilish mumkin ekan. Yetarli mablagʼ yoʼqligi tufayli ota-onasining dardi ichida – boshi ham, koʼzlari nam.

Hayoliga kelgan fikrdan Qodir boboning koʼngli yorishdi. Xajga atab yigʼib qoʼyganlarini qoʼshnisiga qarzga berdi. 

-Kalovlanib yurishingizdan bir narsani boshlab, safardan qolib ketishingizni yuragim sezib yurardi, - gapdan xabar topgan kampir oʼzini tutib turolmadi. – Mahallada boshidan doʼppsisi tushsa pulga oldiradigan boyvachchalar tiqilib yotibdi. Hech kimdan chiqmagan pul sizdan chiqdimi? belingiz bukchayib, sochingiz oqarsa ham esingiz kirmas ekan. Kelar yilgacha bormisiz, yoʼqmisiz – xudo biladi. Loaqal shuni oʼylasangiz boʼlardi!

-Xeee, kampir, bir hisobdan sening ham gaping toʼgʼri: oʼqlovdek-oʼqlovdek tomirlari boʼrtib turgan bilagini siladi moʼysafid. – Xaj ham Tangri chaqirgan bandasiga nasib etadi. Bu gal meni chaqirmasa nima qilay? Salomatlik boʼlsa kelasi yil albatta boraman. Аjalga sabr bersa, kutamiz. Lekin qizaloqning ahvoli chatoq – tez kunda operatsiya qilmasa umrbod gapirolmaydigan boʼlib qolarkan. Qoʼshnimizning quvonganini koʼrsang edi, - titrayotgan panjalari bilan qoʼngʼir soqolini tutamladi bobo. – Qizaloq yaxshi boʼlib ketsa, qilgan yaxshiligingizni aslo unutmaymiz, qarzingiz boʼynimizda qolib ketmaydi, deyishdi bechoralar. Qizaloqnnig burro soʼzlarini eshitsam, xajga borgandek boʼlardim.

...Ertalab boshlangan operatsiya kechgacha davom etdi. Qizaloqni jonlantirish boʼlimiga oʼtkazishdi. Oʼziga kelguncha xalaqit bermanglar, deb hech kimni yoniga kiritishmadi. Qodir bobo kechasi bilan norasidaga sogʼlik tilab chiqdi. Joynamoz ustida duoga qoʼl ochdi. Bomdodni oʼqigach, eshikni sekin ochib, kampiriga sezdirmay tashqariga chiqvdi. Darvoza zulfinini tushirayotganda xujra eshigi ochilib, kampirining qorasi koʼrindi. “Ob-bo yana diydiyosini boshlaydi xozir”, hayolidan oʼtkazdi chol. Nima gaping bor, degandek kampiriga qaradi.

-Men ham siz bilan boraman! – kampir loʼkanglab cholning yoniga keldi. – Kechasi kartoshkaga tuxum qoʼshib dimlab qoʼygan edim, - qoʼlidagi tugunga ishora qildi u.-issiq-issiq yeydi.

-Qayoqqa?!-chol xayrat bilan kampiriga yuzlandi.

-Siz boradigan kasalxonaga, nabiramning dugonasi Hulkarani koʼrishga, - cholininig qoʼliga tugunchani tutqazdi kampir. – Tushimda qizaloq nabiram bilan birga oʼynab yurganmish. Buvi, bizga ertak aytib bering, deydi tizzamga boshini qoʼyib. Xudo xoxlasa qizgina yaxshi boʼlib ketadi.

-Xayriyat! – chuqur xoʼrsindi Qodir bobo. – Qachondir shunday qilishingni bilardim. Yaratganning senga insof bergani - shu. – Yuraqol onasi, ertaroq boraqolaylik.

Tong yorishmoqda. Turmush tashvishida odamlar gʼimirlaydi. Havo ochiq, osmon tiniq. Esayotgan tong shabadasi tanga hush yoqardi...


25 fevralь 2018 yil. Zomin

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder

Orhan Şaik Gökyay - Beyan-ı Aşk