8 Mart 2024 Cuma

Shahriyor Shavkat - Ko’zingni quyoshda isitganmisan?

 

Sen shamol shavqini his etganmisan?

To‘lqinlar zarbiga kelganmisan duch?

Ko‘zingni quyoshda isitganmisan?

Bo‘lajak janglarga to‘pladingmi kuch?

Simirdingni qozoq dashtida qimiz?

Turkman tulporida bormi chopganing?

«Manas»dan to‘liqib aytganda qirg‘iz

Shiddatga do‘ndimi iztiroblaring?

Fuzuliy navosin tutsa malaklar,

Yoydingmi Hazorning bo‘yida quloch?

Tushingda uv tortsa bo‘riyuraklar,

O‘sarmi Orolning girdida og’och?

Mashriqdan mag‘ribga tortdingmi ipak –

Irg‘itib dunyoning dinorlarini?

Dilingni chulg‘asa mardona istak,

Quchdingni Xorazm minorlarini?

Rumiyni ziyorat etdimi ruhing?

Botdimi chaqmoqlar quyuq tumanga?

Qoyadek mustahkam qalbu shukuhing

Uvishib ketdimi uyg‘ur deganda?

Sen anglab yetdingmi uch boshli ajdar

Turonni xotirjam yamlayotganin?

Hovlingda g‘animlar ming tuman askar

Va qurol-aslaha g‘amlayotganin?

Bo‘lajak janglarga to‘pladingni kuch?

Ko‘zingni quyoshda isitganmisan?

Jang oldi duoga ochganda hovuch,

Ajdodlar ruhini his etganmisan?

Bo‘lajak janglarga to‘pladingmi kuch?

* * * 

Gar kishan taqsalar qo‘limga bir kun,

Ziyodan to‘silsa yovqur ko‘zlarim,

Men bitta-bittalab sanashim mumkin

Dastavval sotadi qaysi do‘stlarim. 

Qadahlar to‘qnashib turibdi hali,

Nigohlar sirtida do‘stona bosim.

Hozircha ixtilof, nifoqdan nari

Adoliq topmoqda silliq marosim.

Baribir bilaman, kimda qaysi o‘y,

Qay sohil ishqida suzmoqda kema.

Ay, fuzul yuragim,

Qichqiriqni qo‘y,

Burg‘ular oldida sibizg‘a nima?! 

Turonday vatanni umatgan ulus

Tariqday ovozni tururmi tinglab?!

Halovat, sen mendan 

umidingni uz,

Turkular kuylanmas kulib, hiringlab, 

 

Ey turkiy do‘stlarim, 

Kemamiz uchqur!

Yig‘ib qo‘yilmaydi shamolda yelkan.

Avvalo, Turonga bir yurak zarur,

Yurakki, salmog‘i Turondan ulkan!

* * *  

Yig‘ildi, sochildi, eshildi ushshoq,

Chayqalib tingladi ko‘l-u nilufar.

Kuylagil, 

boy bo‘lsin man kabi qashshoq,

Ay umri – zebu zar,

Kunlari – guhar! 

 

Maning umrim nima,

Kukunmi, kulmi?

Yoxud oq matoga sachragan g‘ubor?

Yig‘ib olsin uni musiqa ilmi,

Ay ruhi musiqor,

Sochlari chiltor! 

 

Besh mahal qalamga to‘qnashdi barmoq,

Har safar bir misra –

Muxammas yozdik.

O‘qib ol duoga qo‘l ochganim choq,

Ay harir ovozlik,

Suhbati nozik!

 

Boshimda yigitlik ayyomi nozir,

Mo‘ysafid xayollar tutmoqda attor.

Shiddatim – podsho-yu,

Muddatim – vazir,

Va o‘zim ro‘zador,

Visoling – iftor!

 

Maning umrim fuzul hisga hamohang

Qadahdir sharobin rangi gunogun.

Uni no‘sh etmoqda girdobi ohang,

Ay vasfi – arg‘anun,

Firoqi – nog‘un!

***

Men Eron dardidan yig‘laganim yo‘q,

Nigohim oqmadi Iroqqa horg‘in.

Gʻururim hech kimga qilmadi qulluq,

Larzaga solmadi Uyg‘urga qirg‘in.

 

Men uchdim musaffo osmonimda tinch,

Shu qadar sokinki, o‘pkam achishdi.

Ko‘zimning soqqasin sixladi sevinch,

Qarsaklar qarsillab yuzimga tushdi.

 

Suvimni Rog‘unga burdim jilmayib,

Qalaysiz, Orolning ostadonlari.

Tushimda yuzimni turardim chayib,

Yutindi Afriqo musulmonlari.

 

O‘zimni alqayman,

O‘zimga jazman,

O, qanday silliqdir avval-oxirim.

Bemo‘ylov kissavur mullamijozman,

Bir maqtab qo‘y meni,

Movarounnahrim.

 

Men afg‘on kuyida chayqalganim yo‘q,

Holbuki, yig‘latur Navoiy bobom.

Bo‘g‘zimda bug‘doydek turar bitta cho‘g‘:

«Ko‘nglimdin o‘zga... yor... topmadim», tamom!

 

Va illo topmagay bu jang intiho,

Gʻururim hech kimga qilmaydi qulluq.

Qarshimda Hisordek buyuk imtihon,

Men esam nutqimni yodlaganim yo‘q...


Hiç yorum yok:

Yorum Gönder