7 Mart 2024 Perşembe

Sherzod Ortiqov - Buxoro va Parij oralig'idagi bir kun (Esse)

O’tgan yilning noyabrida bir guruh yozuvchilar bilan Buxoroga sayohat qilganimiz hali hamon yodimda. O’shanda tunash uchun shaharning ko’zga ko’ringan mehmonxonalaridan biriga tushgandik. Qo’nalg’amiz chakki emas, barcha shart-sharoitlar yaratilgandi. Nonushta paytida ustoz Abduqayum Yo’ldosh, yozuvchilar Javlon Jovliyev va Sherzod Xalilov, shuningdek kamina mehmonxonaning birinchi qavatdagi restoranga yo’l oldik. Restoran keng va shinam edi. Sheriklarim negadir u yerdagi stollardan birida savlat to’kib o’tirgan kishini ko’rib, uning oldiga oshiqishdi, men restoran xizmatchisining tavsiyasiga asosan o’sha stolga qo’shni bo’lgan-bo’sh turgan stol sari yurdim. Stulga o’tirarkanman, sheriklarimni o’sha kishi bilan qo’l berishib, uning ustiga quyuq so’rashishganiga ko’zim tushdi. Men adabiyot odami bo’lmaganim uchun uni tanimadim va kim ekan u, deb rosa boshimni qotirdim.

-Ahmadjon Meliboyev, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri,- dedi Javlon ro’paramga o’tirgach, so’rashgan odamlari kimligini bilish maqsadida unga savol bilan murojaat qilganimda.

O’z stolimizda biz yoshlar jim nonushta qildik. Boshlanishiga asosan Abduqayum Yo’ldosh bilan Ahmadjon Meliboyev o’zaro suhbatlashishdi. Orada ustoz bizni nima maqsadda Buxoroga tashrif buyurganimizni Meliboyevga aytib, unga meni tanishtirdi. Meliboyevni endi ko’rib turgan bo’lsam-da, uni publitsist sifatida yaxshi bilar, Chingiz Aytmatov va Nobelь mukofoti haqidagi maqolalarini qachonlardir matbuotda o’qigandim.

-Chingiz Aytmatovga nega Nobelь mukofoti berilmagan deb o’ylaysiz?- dedim oldimdagi choydan bir xo’plab olgach dabdurustdan Meliboyevga yuzlanib.- Menimcha, u bunga arzirdi.

U meni tap tortmasligimga ahamiyat berdimi-yo’qmi, bilmayman. Ammo sir boy bermay bir pasda uzundan uzoq ma’ruzasini boshladi. Dastlab Chingiz Aytmatov haqida gapirdi. Ancha iliqlik bilan, to’lqinlanib, qo’shimchasiga kam uchraydigan mehr-muhabbat bilan. Nobelь mukofoti haqida esa ensasini qotirib va xafsalasizlik bilan uni siyosiy o’yinlar qo’lidagi bitta qo’g’irchoq, deb atadi.

-Sen ham vataningdan chetga chiqib, xorijda yashasang va u yerdan turib vataning ustiga oshkora mag’zava ag’darsang, tabiiyki senga ham Nobelь mukofotini berishadi,- dedi u gapining so’nggida menga kinoya qilib.

Uning ayrim katta yoshdagi ijodkorlarga xos bo’lgan izzattalablik balqib turgan chehrasiga qararkanman, sezilar-sezilmas miyig’imda kulib qo’ydim va shu bo’yi unga boshqa gapirmay, undan qolishmagan tarzda kinoya qilgancha nonushta qilishda davom etdim. Nobelь mukofoti borasidagi uning xulosasi ta’bimga o’tirmadi. Ancha yillar oldin matbuotda e’lon qilingan “Nobelь mukofotiga tobingiz qalay?” deb nomlangan maqolasida ham u nazdimda bir tomonlama fikr yuritgan, ayni paytda bildirgan fikri ham yuzaki edi.

Nonushtadan so’ng, u bilan xayrlashib, Buxorodagi tarixiy obidalarni aylanish uchun bizga ajratilgan mikroavtobusga o’tirdik. Yo’l bo’yi shaharning tarovatini kuzatib ketgandek ko’rinsam-da, aslida xayolim Meliboyevning nonushta paytida aytgan gaplarida edi. Shu tufayli hatto, Naqshbandiy ziyoratgohidagi iliq muhit ham ko’nglimga sig’madi. U yerda aylanib yurarkanman, nahot Nobelь mukofoti laureati bo’lgan barcha muhojir yozuvchilar horijda yashab, o’z vatanlarining ustiga mag’zava ag’darganlari uchun mukofotni qo’lga kiritishgan bo’lsa, deb o’yladim. Shunda yodimga tasodifan rus muhojir yozuvchisi Ivan Bunin tushdi. Uni ko’p o’qiganman deya olmayman. Shunga qaramay uning hayotini ipidan ignasigacha bilar, “Covuq kuz” nomli hikoyasi eng sevimli hikoyalarimdan biri bo’lib, qachonlardir uni o’qiganimda ko’zlarim namlangani rost edi.

“Sitorai Moxi Xosa” majmuasiga eltadigan yo’l bo’yi uning hayoti bilan ijodi haqida xayol surib ketdim. Asarlari, kechirgan hayoti, faranglar yurtidagi umrguzaronligi, Nobelь mukofotini qo’lga kiritgan lahzalari, kundaligidagi o’limi yaqin qolgan paytda yozilgan vatanni qo’msash bilan sug’orilgan armonli satrlari va hokazolar birma bir xotiramda jonlandi.

-Sitorai Moxi Xosa majmuasi,- dedi bir mahal bizga yo’lboshchilik qilayotgan yigit.

Uning buxorocha lahjasidan o’zimga keldim. Mikroavtobus allaqachon bu majmua oldiga — Amir Olimxonning yozgi saroyiga yetib kelgandi.

-Esdalik uchun suratga tushamizmi?- dedi o’zbek guruhiga mas’ul bo’lgan ijodkor Nodira Ibrohimova darvoza oldida.

Buninlar oilasi adashmasam o’tgan asrning yigirmanchi yillari boshida bolьsheviklar boshchiligidagi Rossiyani tashlab Frantsiyaga ko’chib ketishgandi. Bitta ular emas. Ularga o’xshab yuzlab ijodkor oilalar, minglab boshqa kasb egalari, yuz minglab oddiy rus odamlari bo’ynilariga muhojirlik qismatini olib o’z ixtiyorlariga qarshi yurtni tashlab chiqib ketishgan va shu bo’yi butun ovro’po bo’ylab sochilib ketishgandi.

Ivan Alekseyevich Parijdagi Jak Offenbax nomli ko’chada joylashgan o’rtamiyona xonadonlardan birida istiqomat qilarkan, bu muhojirlik qismati va Rossiyada davom etayotgan bolьsheviklarning xunrezligi haqida kuyinib yozadi. Parijga kelishidan oldin, Odessa, Istambul, Sofьya shaharlarida yashagan paytida kundaliklar tarzida yozilgan “Badbaxt kunlar” asarida ko’tarilgan mavzu — inqilobdan oldingi Rossiyani qo’msash va endilikda yurtni egallagan Lenin boshchiligidagi bolьsheviklarga tuganmas nafrat bilan munosabatda bo’lishni u Parijda ham davom ettiradi. Biroq, bu uning vatanparvarligiga aslo dog’ tushirmaydi, chunki uning nafrati bepoyon rus o’lkasiga nisbatan emas, unga hukmronlik qilishni boshlagan bir to’da qoloq, johil, qonho’r kishilardan iborat bo’lgan siyosiy guruhga qaratilgandi.

-Rossiya mening vatanim,- deydi u Shmelyov va Zaytsev kabi muhojir yozuvchilar bilan suhbatlashgan chog’lari.- Hech kim menga vatanni sevishni o’rgata olmaydi, men buni o’z she’rlarim va hikoyalarim orqali allaqachon ko’rsatib bo’lganman. Hozir esa Lenin boshchiligidagi bolьsheviklardan nafratlanaman, vatanimdan emas.

Parijda yashagan yillari u bunga javoban o’zining eng yaxshi asari — “Arsenьevning hayoti” nomli romanini yozib tugatadi. Asar avtobiografik bo’lib, Bunin unda inqilobdan oldingi Rossiyani va o’sha davrdagi ko’ngli toza, pok odamlarni qo’msash, ular atrofida o’tgan orzu-umidlarga to’la yoshlik yillarini esga olish orqali vatanga muhabbatni go’zal tarzda va teran ifodalaydi.

-Yuringlar, Amirni ovro’po me’morchiligi asosida qurdirgan saroyiga kiramiz,- dedi menga Sherzod Xalilov ana o’sha romanning syujetini xayolimdan o’tkazayotganimda.

Qolganlarga qo’shilib oyoq ostiga tosh yotqizilgan hovlini bosib o’tdim-da, saroyning ichkarisiga kirdim. Ichkarida — xuddi ertakni eslatuvchi fonda yana esdalik uchun suratga tushishlar boshlandi. Bir chekkaga borib, derazadan noyabrning xira quyoshi nurida tovlanib turgan saroy hovlisiga nazar solarkanman, lahza o’tmay ikki ming o’n to’qqizinchi yildagi Buxoro o’rnida bir ming to’qqiz yuz o’ttiz uchinchi yildagi Parij gavdalandi. Uning gavjum ko’chalaridan biri ko’z oldimda paydo bo’lib (bu Rivoli ko’chasiga o’xshadi), odamlar oqimi birin ketin uni to’ldira boshladi. Boshiga shlyapa, egniga uzun frak kiyib uning cho’ntagidan oppoq dastro’molini yoki kumush siferblatini chiqarib olgan zodagonlar; bakenbardlari qalin, cho’rtkesar, egnidagi harbiy kiyimiga sig’inadigan harbiylar; o’likdan farq qilmaydigan yuzini qiyshaytirib esnagancha o’zaro suhbatlashib ketayotgan davlat xizmatchilari; yuziga to’r tushirib olib, ixcham kiyingan sirli ayollar; tamaki tutatgan, shirakayf yigitlar; bir-birini pinjiga kirgancha atrofga beparvo boqqan o’ynoqi juftliklar; kamzulining tugmalari sirtilib, shimlarining tizzasi yirtilib ketgan, qo’llariga gazetalarning yangi chiqqan sonlarini ushlab olgancha, baqirib ularni o’tgan-ketganga sotib yurgan bolakaylar; hassasiga tayanib iti bilan hamrohlikda ketayotgan mo’ysafidlar — xullas qandaydir daqiqalar ichida Parijning butun aholisidan iborat kartina qarshisida turgandek bo’ldim. Nogahon, ana o’sha odamlar orasida velosiped haydagan ozg’in o’spirin ko’rindi. U adashmasam xat tashuvchi, pochta kurьeri edi. Velosipedini tezlatib u Parijning chetida joylashgan kvartallardan biriga kirib ketdi-da, dam o’tmay zinapoyasi baland, boloxonali, shuvog’i to’kilgan uyning ostonasida paydo bo’ldi.

-Msьe Buninga xat bor, — dedi u eshikni taqillatgach, peshvoz chiqqan ayolga.

Ayol xatni olib, unga ko’z yugurtirdi. Xat Shvetsiyadan edi. Unda shvetsiyalik tarjimon Kalьgren Buninda qaysi yurt fuqarosi ekanligini so’ragandi.

-Men uning xotiniman. Erim kino premьerasida edi,- dedi so’ng xat tashuvchi o’spiringa talmovsirab.

Ayolda unga berish uchun choychaqa topilmadi. O’spirin noiloj tarvuzi qo’ltig’idan tushgan odamdek ketdi. U ketgach, ayol kinozalga oilalarining do’sti va o’zlari kabi rus muhojiri bo’lgan Leonid Zurovni jo’natadi.

-Sizga Shvetsiyadan xat kelibdi,- dedi u jo’natgan kishi Buninni kinozalda hamrohlari davrasida uchratib.- Aftidan, adabiyot yo’nalishida Nobelь mukofoti laureati bo’lgan ko’rinasiz.

Bir ming to’qqiz yuz o’ttiz uchinchi yili Ivan Alekseyevich Buninga berilgan Nobelь mukofotiga Shvetsiya akademiyasi quyidagicha izoh bergandi: “Prozada rus klassik an’analarini taraqqiy ettirgan talabchan mahorati uchun”. Muhojirlikda yashab, vatanini tanqid qilgani uchun emas, siyosiy maqsadlar uchun ham emas, aynan badiiy mahorati sabab. U Nobelь mukofotini topshirish marosimiga ketayotganida yo’lda kundaligiga quyidagi so’zlarni yozadi: “To’rtinchi dekabrь kuni tongda poyezdda Gannoverga (Germaniyadagi shahar) yetdik. Ko’zimni ochib, deraza pardasini tortsam, oyna muzlagan. Relьslarni ham muz qoplagan. Platformada u yoqdan bu yoqqa o’tayotgan odamlar mo’yna qalpoq, po’stin kiyingan. Bunday manzaralarni ko’rmaganimga ancha vaqt bo’ldi. Yurak unutmas ekan!”

-Sovqotdingizmi? — dedi bizga mezbonlik qilayotgan buxorolik ijodkor Go’zal Ro’ziyeva saroy tashqarisiga chiqqach, u yerdagi quyosh nurlari tushib turgan o’rindiqlardan biriga shoshib borib o’tirganimni ko’rib jilmayarkan. — Buxoro sovuq degandim-ku!

-Amir rosa xotinboz bo’lgan ekan,- dedim uning savoliga javob berish o’rniga bir-biridan uncha uzoq bo’lmagan masofalarda joylashgan amirning kanizaklari uchun qurilgan binolarga peshonamni tirishtirib qararkanman.

-Nimasini aytasiz?!- dedi yonimizdagi sheriklardan biri.

Ivan Alekseyevich Shvetsiya akademiyasi tomonidan berilgan Nobelь mukofotining yetti yuz o’n besh ming frank miqdoridagi mablag’ini bir qismini o’ziga ishlatsa, bir qismiga muhtojlikda yashab kun ko’rayotgan rus muhojir adabiyotshunoslari uchun yordam fondi tashkil qiladi.

Uning Parijdagi qishki kvartirasi, Grasdagi yozgi dala hovlisi karvonsaroyga o’xshardi. Uning ziyoratiga turli kasb egalari — ba’zilari yordam so’rab, ba’zilari Rossiyadagi siyosiy-ijtimoiy vaziyatdan nolib kelib turishardi. Mukofot pulining qolgan qismini u o’z vatanidan ayrilgan shu bechoralarga yordam tariqasida ishlatadi.

Majmuaning orqa tomonidagi ko’lning oldiga borarkanman, ko’lni toza saqlanmaganligi, suvini sarg’ayib ketib, shaffoflikdan ancha yiroqdaligi ta’bimni kir qildi.

-Amirning kanizaklari shu yerda cho’milishgan ekan,- dedi Sherzod Xalilov hayron bo’lib.

-O’sha paytlar ham ko’lning suvi shunaqa “shaffof” bo’lganmikin?- dedim men kesatib.

Mitti ko’lning chetida turli-tuman esdalik narsalar bilan savdo qilayotgan sotuvchilar orasiga borarkanman, ular o’z mollarini menga birin-ketin taklif qila boshlashdi. Men cho’kka tushib, yerga to’shalgan ularning mollarini ko’zdan kechira boshladim. Esdalik uchun yuqori qismiga tuyalar karvoni surati tushirilgan avtoruchka oldim.

-Dengiz havosi baribir o’zgacha, to’g’rimi?

— Ha, Ivan Alekseyevich.

Ivan Alekseyevich yoniga — quyosh tobora qizdira boshlagan qumga o’tirib, sarhadi yo’q ulkan dengizning bir maromda mavjlanishini kuzatayotgan do’sti Leonid Zurovga boqarkan, yuragini o’tkir og’riq bilan ezayotgan vatan sog’inchini yana bir bor his qilgandek bo’ladi.

Qadrdon yurtimdan olis joylarda
Tushlarimga kirar bahor-kelinchak:
Ko’zlari moviyrang, yuzi oylarday,
Qaddi-sarv,sochlari- oltin chambarak.
Aziz yer, pok tongga munosib malak,
Unga ona yurtim, dashtlarim yoqar,
Yoqadi sukunat, qashshoqlik, mehnat,
Shundanmi dalamga mehr-la boqar:
Labida tabassum, ko’zida shafqat,
Bu o’sha-bolalik, bahor, muhabbat!

U tomirlari bo’rtib chiqqan qo’llari bilan qumga tayanib o’rnidan turadi. Unga qo’shilib do’sti Zurov ham oyoqqa qalqiydi. Gapirishdan oldin u o’zi ijaraga olgan, uzoqdan cherepitsali tomlari va novcha derazalari ko’rinib turgan dala hovlisi “Belьveder” va Grasning moviy osmon ostidagi maftunkor tabiatiga bir pas tikilib turadi.

-Demak, ertaga Rossiyaga jo’nab ketasiz?

-Ertaga kechqurun.

-Men qarib qoldim. Qolaversa, sog’lig’im ham kundan-kunga yomonlashyapti. Ishonasizmi, agar men ham siz kabi yosh va tetik bo’lganimda edi, hech nimaga qaramay hoziroq Rossiyaga jo’nab ketgan bo’lardim. Meni Odessa va Parijda yozgan asarlarim uchun u yerda turli xil qiynoqlarga solishlarini yoki sud ham qilmay otib tashlashlari mumkinligini birov taxmin qilsa ham.

-Ishonaman, Ivan Alekseyevich.

U quyoshdan ko’zlarini himoya qilish uchun qora ko’zoynagini taqib, bo’ynini cho’zganicha dengiz uzra uzoqlarga tikiladi. Ko’zlaridagi sog’inchni, ehtimol ularda paydo bo’lishga shay turgan ko’z yoshini berkitish uchun atayin qora ko’zoynak taqqandek.

Amir boshqa bir kanizagi uchun qurdirgan saroyida xonalar shunaqangi ko’p ekanki, adashib qolay dedim. Kichkina va bir biriga o’xshash xonalar, hammasida gollandcha pechka, devorlariga turfa xil so’zanalar osilgan. Shu so’zanalar atrofida ham esdalik uchun bearmon suratga tushdim. Tashqariga chiqqach, yana u yerdagi o’rindiqlardan biriga o’tirdim.

-Bu yerda ijod qilish uchun birorta xonani ijaraga berishmasmikin?- dedim atrofimga guruhimizdagi hamma to’plangach.

Hazilimga hamma kuldi.

-Endi “o’lik shahar”ga ( “Chor Bakr” majmuasi) boramiz, — dedi yo’lboshchi yigit hamma to’planganini ko’rgach ovozini ko’tarib.

“Sitorai Moxi Xosa” majmuasi bilan hecham xayrlashgim kelmadi. Yarim soatning ichida yuragimning to’ridan joy olgan bu maskanda bir umr qolishga tayyor edim. Sekin qadam tashlab kelib mikroavtobusga chiqarkanman, ortimda qolgan ko’hna darvoza ichkarisiga o’zimdagi nimanidir tashlab ketayotgandek bo’ldim. O’sha narsa nimaligini bilmadim.

-Derazani yopsangiz-chi, Ivan Alekseyevich. Tashqarida yomg’ir yog’yapti. Shamollaysiz, axir!

Ivan Alekseyevich ortiga o’giriladi va bo’sag’ada turgan xotini Vera Muromtsevaga ko’zi tushadi. Lekin unga e’tibor bermaydi-da, deraza oldida turgan radiopriyomnikka qulog’ini yanayam yaqin olib keladi. Radiodan suxandon o’tgan asrning qirqinchi yillarida faoliyat yuritgan ovro’po suxandonlari kabi qo’rquvdan ovozi titrab, ertangi kundan hayajonlanib va xavotirdan tez-tez nafas olib frantsuz tilida gapirar, frantsuz tilini binoyidek bilgan odam u urush haqida, Gitler boshchiligidagi fashistlar borgan sari Rossiyaning ichkarisiga kirib borayotgani haqida gapirayotganini ilg’ashi qiyin emasdi. Ivan Alekseyevich ham frantsuz tilini chamasi yaxshi bilar, shungadir balki olisdagi vatanining taqdirini o’ylab ko’zlari birin-ketin yoshlanar, bo’sag’ada turgan xotinini ham, uning aytganini qilib derazani yopishni ham unutgan, qo’l uzatsa yetadigan masofada bo’lgan derazani yopishga o’zini majoli yo’qdek sezardi.

Shamol, yomg’ir, qorong’uliklar,
Huvillagan yerda hukmron.
Hayot o’lgan bahorga qadar,
Bahorgacha bog’lar shipshiydon.
Men yolg’izman dala hovlida,
Shamol o’ynar qorong’u uyda…

-Kechirasiz, derazani yopmasak bo’lmaydi.

Poyezd xodimi yonimga kelib, ochiq turgan poyezd derazasini yopib qo’ydi. U ortiga qaytib ketayotganida bir finjon qahvaga buyurtma berdim. U tushundim degandek tez-tez yurib ketdi. Deraza yopilgach, poyezdning relьslar ustida ketayotganini eslatib turuvchi taraq-turuq ovozi ham ichkariga eshitilmay qoldi. Deraza pardalarini yanayam kattaroq ochib, ketma-ket orqada qolayotgan pastak uylar, yaylovlar, adirlar va tog’u toshlarni kuzatib qolarkanman, Buxoro ortda qolib Toshkent yaqin kelgani sari yana Meliboyevning Nobelь mukofoti borasidagi gaplari xayolimdan o’tdi.

-Bekor gap bu!- o’yladim buyurtma qilingan qahvamni xizmatchining qo’lidan olib, unga pul uzatarkanman.

U pulni olgach, derazani manzilga yetguncha ochmaslikni menga yana bir bor ta’kidladi. Unga xo’p degandek boshimni qimirlatib qo’ydim. Vaqt o’tib poyezdda o’zimni anchayin horg’in sezdim, ichkari diqqinafas bo’lib ketdi. Bir kishilik o’rindiqda deraza oldida ketarkanman, xizmatchining ta’kidlaganiga qaramay derazani ochgim va tashqaridagi muzdek havodan to’yib-to’yib nafas olgim keldi. Biroq, andisha qilib niyatimdan qaytdim. Toshkent yaqin qolgani sari esa Bunin bilan bog’liq Parij xotiralari ham, hayotimdagi bir kunimni mazmunli o’tkazishimga sabab bo’lgan ertaknamo

Buxoro manzaralari ham xuddi tush kabi ko’z oldimdan yo’qolib borardi…

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder

Dilaver Cebeci - Sitare