8 Eylül 2024 Pazar

Elbek - Tutqun qushcha



Oltindan to‘qulg‘on tor bir qafasda
Yotardi bir qushcha doim qayg‘uda.
Ul har kun shul holda yotg‘och qamalib,
Yig‘lardi ko‘b vaqt, tinmayin o‘ksib.
Buning qayg‘isidan xabarsiz inson
Go‘yokim, bo‘lib ul bunga mehribon,
Qafasning oldidan uzmayin o‘zin,
Qushchaning sayrashin kutib turardi.
Qushchaning mungli, hazin nolasi,
Tutqinlik qiynog‘in aytib yig‘lashi
Unga ko‘b yoqardi, lazzat berardi,
Quvonchdan o‘ynab ul, tinmay kulardi.
Shul choqda bu holni uzokdan bir qush
Ko‘rdi-da qushchaga dedi: — «Boyaqish,
Seni bu tutqinga solg‘on – sayrashing,
Esizdir, oqizma endi ko‘z yoshing!
Bu oltin qafaslar yolg‘uz sen uchun,
Sening shul ingragan bir tovshing uchun.
Sening bu ingrashing insonlar uchun
Keng, totli, yoqimli turmush bag‘ishlar.
Sening bu foydangdan ko‘zlarin yumib,
Qachon bu insofsizlar qo‘yib yuborar?!
Qutilmoq istasang, sen, hech yig‘lama,
Ularga yolinma, sira indama!
Kuch to‘pla, kuch bilan qafasin buzg‘il,
Kulliqning oltinli bo‘g‘ovin uzg‘il!..»

1918

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder