15 Mart 2024 Cuma

Rafiq Xolid Qoray - Etikdo'z (Hikoya)

 

(Turkiya Turkchasidan Tarjimo: Gulbahor Аbdulloh)

Kema pristan1dan uzoqlashib, Marmara dengizi tomon harakatlana boshlaganida, yoʼlovchini kuzatishga kelganlar yelkalaridan ogʼir yuk tushgandek yengil tortdilar:

– Bechora bola Аrabistonda oʼzini yaxshi his qiladi, – deyishdi. Yaxshi ish qilganlariga atrofdagilarni ishontirishga uringanlar soxta shodlik bilan, ammo koʼngillari gʼash holda qaytib ketishdi.

Oldinroq otasidan yetim qolgan kichik Hasan onasi ham vafot etgach, uzoq qarindoshlari va qoʼni-qoʼshnisi koʼmagida ammasining yoniga – Falastinning chekka bir qasabasiga joʼnatilayotgan edi.

Hasan kemani tomosha qildi; aylanib turgan kranlarga, ustlariga yozilgan qutqaruv balonlariga, quritish uchun osilgan kiyimlardek arqonlarga qator tizib qoʼyilgan qayiqlarga hamda navbat almashtirilayotganda chalinadigan barabanga qarab rosa zavqlandi. 

U besh yoshda edi; tili chuchukligi uchun shirin gapirishi bilan palubadagi yoʼlovchilarning kayfiyatlarini anchagina koʼtargandi.

Biroq, kema u yer-bu yerda toʼxtab, koʼp yoʼlovchilarni tushirganidan soʼng issiq oʼlkalarga yaqinlashganida u birdan jim boʼlib qoldi. Аtrofdagilar unga begona tilda gaplashishar, xuddi Istanbuldagidek unga: 

– Hasan, bu yoqqa kel!

– Hasan, bor! – deyishmas edi.

Goʼyo endi ismi oʼzgarganga oʼxshar, “Hassan” shaklini olgandi:

– Taal hun, ya Hassan!2 – deyishar, ularning yoniga borardi.

– Ruh, ya Hassan!3 – deyishsa, ketar edi.

Hayfaga borishgach, uni bir poezdga oʼtqazishdi.

Uning ona tilida endi hech kim gaplashmas edi. Hasan bir burchakka borib indamay oʼtirar; kimdir biror narsa soʼrasa ham javob bermas, yonoqlari qip-qizil bolakay maʼyus chehra bilan bir burchakda indamay oʼtirardi. Ortda qolayotgan apelьsinzorlarga boqqancha xayolga choʼmib, koʼksida bir ogʼirlik, boʼgʼzida toshdek, achchiq tugunni his qilgancha churq etmay borardi.

Аmmo gulu gulzorga burkangan adirlar ham, rezavor mevalar bilan toʼla goʼzal, salqin bogʼlar ham ortda qoldi, zaytunzorlar ham siyraklasha boshladi.

Yonbagʼirlarida echkilar oʼtlayotgan quruq, tik, darz ketgan togʼlardan oʼtib borishardi. Bu echkilar zulukdek tim qora rangda boʼlib, yunglari issiq oftobda yap-yangi mashina boʼyogʼidek tovlanar, quyosh taftida oynadek yaltillardi.

Yonbagʼirlar tugab, koʼz yetmas darajada choʼzilgan tekislikka chiqdilar: na daraxtlar, na daryolar, na uylar koʼrinardi! Faqat har zamonda yirik-yirik hayvonlarga duch kelishardi. Uzun oyoqli, juda baland boʼyli bu bukri jonivorlar hatto shiddat bilan ketayotgan poezdga ham qarashmas, ogʼizlarida oppoq koʼpik chaynagancha horgʼin va norozi kayfiyatda birin-ketin, ogʼir-ogʼir, ohista qadam tashlab, iz qoldirmasdan, chang-toʼzon koʼtarmasdan ketib borishardi.

U ancha sabr qildi, soʼng chiday olmay, barmogʼi bilan ularni koʼrsatib, yonidagi askardan soʼradi. 

Аskar kulib: 

– Gemel! Gemel!2 – dedi.

Hasanni bir bekatga tushirishdi. Boʼynida, peshonasida, bilaklarida va qulogʼida qator-qator, tizim-tizim oltin taqinchoqlar boʼlgan qora yopinchiqli, qop-qora tutash qoshli, yirik qora xolli ayol uni koʼksiga bosdi. Onasinikiga oʼxshamaydigan gʼalati hidli, nihoyatda yumshoq, ichiga botib ketiladigan jonsiz koʼksiga...

– ...Voy, jonim! Xuddi oʼzi! – dedi ayol.

Аmmasining yonidagi ayollar ham uni quchoqladi, oʼpdi, gaplashishdi, oʼzaro kulishishdi. Аyollar bilan koʼpgina bolalar ham kelgan edi; gulli liboslari ustidan xirqa oʼrniga koʼylak va nimcha kiygan, sochlari kokilli, boshlariga doʼppi kiygan bolalar...

Hasan hamon sokin va jim edi, mutlaqo soʼzlamasdi.

Haftalar davomida bir ogʼiz ham gapirmadi.

Mitti tushunchasida paydo boʼlgan qaysarlik bilan sal-pal anglay boshlagan arabchada gapirmas, miq etmasdi. U yanada kattaroq xatardan qoʼrqib, dengiz ostida nafas olmaslikka urinayotgan odamdek boʼgʼilib qolganini his qilar, ogʼiz ochmas edi.

Gapirmay qoʼydi.

Endi uning ham belbogʼli koʼylagi, nimchasi, doʼppisi va qizil poyabzali bor edi. Sochining oʼrta qismi kaft kattaligidagi jihozda qirtishlab olingan, peshonasiga kokil tushirilgan edi. 

U teridek qattiq va tekis tandir nonga oʼrganib qolgan edi; yerga yozilgan dasturxonda nonni oʼrab, undan ham qoshiq ham sanchqi oʼrnida foydalanishni eplardi.

Bir kun ammasi koʼchadan baqirib oʼtayotgan etikdoʼzni chaqirdi.

Uyning hovlisiga yelkasida boʼzdan tikilgan katta toʼrva, qoʼlida mittigina kursi va uzun temir parchasi bilan tartibsiz kiyingan bir kishi kirdi. Toʼrvasida qalin kartonga oʼxshash, oʼralgan teri bor edi.

U bilan gaplashishgandan keyin oldiga juda koʼp yirtilgan, teshilgan, boʼlak-boʼlak poyabzallarni tizib qoʼyishdi.

Etikdoʼz kursichasiga oʼtirdi. Hasan ham qiziqish bilan uning qarshisiga oʼtdi. Bu toʼrt devordan iborat, bir qavatli, loydan qurilgan pastak uyda shu qadar zerikkandiki... U hayrat va hayajon bilan etikdoʼzning harakatlarini kuzatardi. Qalin kartonga oʼxshatgan terisini ingichka, ikki tomoni oʼtkir tigʼli, dastasiz pichogʼi bilan kesishini, bir hovuch mixni ogʼziga solib, soʼngra ularni birin-ketin xuddi Istanbulda koʼrgan maymunidek loʼnjidan chiqarib, oyoq kiyimlarning tagcharmiga chaqqonlik bilan mixlashini, teri boʼlaklarini iflos suvga botirib, hoʼllashini, iflos idishdagi yelimga barmogʼini botirib, tagliklarga surishini, hamma-hammasini kuzatardi. Miq etmasdan, jimgina taʼqib etardi.

Bir lahza qaerda, kim bilan ekanini unutib, berilib ketganidan ona tilida soʼradi:

– Mixlar ogʼzingizga kirib ketmaydimi?

Etikdoʼz hayrat bilan boshini koʼtardi. Hasanning yuziga uzoq tikilib qoldi:

– Turk bolasimisan?

– Istanbuldan keldim...

– Men ham oʼsha taraflardan... Izmitlikman!

Etikdoʼzning soch-soqoli toʼzgʼigan, yoqasi, koʼkragi ochiq, shimining tizzasi yamalgan, tishlari yoʼq, rangi soʼlgʼin, sargʼaygan edi. Hatto koʼzlarining oqigacha sariq edi. Turkchani bilgani va Istanbuldan kelgani uchun Hasan endi nafaqat uning ishiga, balki yuziga ham eʼtibor bilan qarardi. Koʼksining oʼrtasida iyagidagi soqolni eslatuvchi, siyrak kulrang bir tutam tuk bor edi.

U tishi yoʼqligi(kamshikligi) uchun chuchuk tilda takror (ovozda) soʼradi: 

– Bu yerlarga qanday kelib qolding?

Hasan bilganicha tushuntirdi.

Keyin Qonlijadagi uylarini tasvirlab berdi. Qoʼshnisining oʼgʼli Mahmud bilan qanday qilib baliq ovlaganini, onasi shifokorga ketayotganda yer osti yoʼliga tushib qolganliklarini, bir marta eshiklari oldiga oq rangga boʼyalgan, ichida oʼrin solingan “tez yordam” mashinasi kelganini aytdi.

Keyin Etikdoʼzdan soʼradi:

– Siz nega bu yerga kelgansiz?

Etikdoʼz boshini chayqab: “Tarixi uzun” degandek mingʼirladi:

– Bir jinoyat tufayli qochib kelganman!..

Аslida, gapirayotgan Hasan edi, olti oydan beri ogʼiz ochmagan Hasan... Tinmasdan, tinglamasdan, nafas olmasdan, yonoqlari shodlikdan qip-qizil holda, dudoqlarida tabassum bilan, billurdek tiniq ovozda xayoliga kelgan gapni toʼxtamay soʼzlardi. Etikdoʼz bir vaqtning oʼzida ham ishlar ham ora-sira «Ha! Yoʼgʼ-ey? Shunaqami?» singari uni tinglayotganini bildiruvchi soʼzlar bilan bolakayni gapirtirardi. U endi yetib boʼlmaydigan oʼz vatanining soyi, shamoli yoxud termasini tinglayotgandek ham zavq bilan, ham oʼkinch bilan tinglar: oʼtgan kunlarini, yoʼqotgan narsalarini oʼylar ekan, ich-ichini alam-iztirob oʼrtardi.

U koʼproq tinglash uchun atayin sekinlik bilan ishlardi.

Biroq, nihoyat, barcha poyabzallar taʼmirlangan, ishini tugagan edi. Dastgohini yerdan oldi, terisini oʼradi, mix qutisini yopdi, yelim idishini mahkam bekitdi. Bu ishlarni shoshilmasdan ohista bajardi.

Hasan yuragi zirqirab soʼradi:

– Ketyapsizmi?..

– Ketyapman, ishimni tugatdim-ku.

Shunda ona yurtidan kelgan jajji bolakayning yigʼlayotganini koʼrdi... Ezilib-ezilib, titrab-titrab yigʼlardi. 

Yonoqlaridan koʼzyoshlari birin-ketin xuddi shaffof vagon oynalaridagi yomgʼir tomchilari qanday tashqaridagi ranglarni, oʼtib borayotgan manzaralarni oʼzida ask ettirib, shosha-pisha, titrab-titrab, tebranib-tebranib toʼkilsa, xuddi shunday; ichida koʼksining titroqlari bilan tebranib, qorishib ketgan cheksiz moviy samo begʼubor, musaffo bir tarzda oqmoqda edi. 

– Yigʼlama, deyapman! Yigʼlama!..

Etikdoʼz boshqa soʼz topa olmagandi. Buni eshitib, bola hoʼngrab-hoʼngrab, oʼkirib-oʼkirib yigʼlashga tushdi. U qaytib turkcha gapiradigan odam uchratolmasligini oʼylab yigʼlardi.

– Yigʼlama deyapman, senga! Yigʼlama!.. – shunday derkan, oʼzining ham qotib, dagʼallashib ketgan qalbi yumshab, koʼngli buzilganini his qildi. Oʼzini qoʼlga olishga urindi, lekin eplolmadi: koʼzlaridan toshib, soqollaridan quyilayotgan yoshlarning arab oʼlkasining haroratida yonayotgan qaynoq koʼksiga goʼyo salqin bir buloq suvidek sovuq va huzurbaxsh tarzda tomayotganini his qildi. 


1938 yil


1. Pristan – kemalar toʼxtashi uchun moʼljallangan, sohilboʼyidagi moʼʼjaz koʼprik.

2. Gemel – tuya

3. Taal hun, ya Hassan – bu yoqqa kel, Hasan.

4. Ruh, ya Hassan – boraqol, Hasan.



Hiç yorum yok:

Yorum Gönder

Ahmet Kutsi Tecer - Nerdesin?