5 Haziran 2024 Çarşamba

Shahodat Ulug' - Buyuk yolg'izlik (Hikoya)

 

U ayqirgan asov toʼlqinlarni yaxshi koʼrardi. Garchi shunday boʼlsa-da, ertaga baribir dengizni koʼzi qiyib, Holland yurtini tashlab ketadi…

Sxiphol aeroportida uni Berlinga kuzatib qoʼydim.

Qoʼlin siltab, boshin olib ketdi u.

Oradan picha vaqt oʼtib, undan qisqagina yozilgan bir maktub oldim. Xatda Keyt Kayzer yurtiga omon-eson yetib borgani toʼgʼrisida yozgandi.

Ikki oy oʼtib, undan tagʼin bir xat oldim. Uning bu quvonchli xabari meni sergak torttirdi.

Yoniq hayotini har narsadan ustun qoʼyib, izzat-nafsini avaylab parvarish etgan Keyt shu kunlarda Myunxenda umrguzaronlik qilarkan, yurak qasrini buzib, bir kuy bastalagani haqida yonib yozgandi. Maktubga ilova shaklida kuni kecha bastalagan “Buyuk olg'izlik” nomli musiqiy fusunni qoʼshib joʼnatarkan, meni Myunxenga yetib kelishimni ham soʼrab qolgandi…

Men esa inson tafakkuri hamda qalbining ilohiy qudratiga tahsinlar oʼqib, u yaratgan musiqiy fusun ichida sarosar kezinaman.

Keling, men Sizga bir hikoyani soʼzlab beray. Shunda, menda ne hollar kechayotganini anglarsiz, balki.

Bu vayronkor shamol boshga balo boʼldi. Undan kuch olgan bulutlar bejo kezinaverib, vahm qoʼzgʼay boshladi. Dengizchi-bahriylarning aytishicha, shamol dovul chaqirmoqda edi. Bandargohdagi yoʼlovchilarni vahm bosib, shamolning shashti pasayishini kutishdan boshqa chora topolmay, mum tishlab qolishdi.

Bizning guzar Bandargohning biqinida joylashgan. Men uyga qaytayotgandim. Qarasam, shundoq roʼparamda Keyt koʼrindi. U oqish-gunafsha rangli kurtka kiyib olgan qazaloqni yetaklab kelayotgandi. Gulgʼuncha qiz esa qoʼlidagi qopchigʼini qisib-qimtib Keytga pildirab ergashadi. Hoynahoy, qizaloq biror tanishiniki boʼlsa kerak, chunki Keyt farzandsiz edi-da.

—Voy, senmisan? - Keytning quyuq qoshlari yoydek egilib, birdan manglayi tomon koʼtarildi.

— Menman, - dedim.

— Koʼpdan koʼrinmaysan?

— Ha, endi yuribman-da. Oʼzing salomatmisan?

— Tuzukman, tuzukman.

— Ha…

— Ertaga Doʼychlandga shaylanib turibman.

Birdan koʼnglim gʼash tortib soʼradim:

— Doʼychlandga? Nega?! 

Keytning yuzi tundlashdi.

Bir nima degisi bor, lekin menga qanday anglatishni bilmayotir.

— Nima boʼldi, gapirsang-chi? – Xavotirim oshib soʼradim.

— Onam ogʼrib qolgan, bormasam boʼlmaydi.

Uning 87 yashar onasi Myunxenda yashaydi. Keytning kasbi bastakor, millati olmon, u Hirard ismli holland zobitiga turmushga chiqqandi.

— Ha, ha, umr kelsin, umr kelsin! Oʼzi shunday ekan, qariyalar ogʼrib turisharkan,- deyman unga dalda boʼlib. Аxir oʼzimning ham 90 yoshdan oshgan onam Oʼzbekistonda qolgan. Mushtiparimning tez-tez ogʼrib turishini koʼz oldimga keltirarkanman, birdan hushim uchib, aqlim shoshadi. “Ishqilib manglayimizga onalarimimz omon boʼlsinlar!” U birdan lov etib yonib ketdi-yu, ikki yonogʼi qip-qizil alvon tusini oldi. Keyt oilada yolgʼiz farzand, otasi ikki yil burun qazo qilgandi. U uch oyda bir Myunxenga onasini koʼrgani borib turadi. Keyingi paytlar uning hayoti gʼussali kechdi, mana, ikki yildirki, xoʼjayini oshqozon saratoni xastaligi bilan olishib keladi. Uning zabun holini koʼrib, koʼnglim buzildi. Lekin buni oʼziga sira bildirmadim. Men u bilan tez-tez koʼrishib turaman. Keyt zakoli, vazmin va juda kamgap ayol edi, biroq beqiyos bir iltifot bilan mudom baodob suhbat qurardi. Biz picha gaplashib turdik-da, soʼng xayrlashdik.

Xavotirim oshib, ortidan qarab qolaman. Tunda chaqmoq chaqib, otashqaldiroqdan soʼng yomgʼir sharros quyib, borliqni savalab chiqqandi. Namlik tarqamagan, dengiz shamoli muzdek hovurni yuzimga urgan chogʼ Vaqtning shamolida toʼzgʼib ketaman.

 ***

Men unib oʼsgan Boʼdiq guzarida bir kampir yashab oʼtgan. Guzardagilar uni “qovurmochfurush” atashsa-da, Imqol momo qovurmoch sotmasdi, balki vaqti-vaqti bilan qatlama pishirib, soʼng qovurmoch qovurib, mahalladagi bolalarga ulashar edi. Oʼsha kampir bizga qoʼshni edi. Bir kun maktabdan qaytayotsam, u meni imlab chaqirdi. Quloq ossam, shoʼrlik changakka ilingan suzma xaltani ololmay turgan ekan. Shotini qoʼyib, suzmani olib berdim. Momo duoi jonimni qilib, qaynoq bugʼ koʼtarilib turgan qatlamani qoʼlimga tutdi. Men olmadim. Shu deng, birov qoʼlimga yegulik tutsa, yeb ketavermayman. Undan tashqari momoga rahmim kelardi. Shoʼrlik qari holi bilan surpa ochib, xamir qorigan. Taxta-oʼqloqda bilmam, qancha urinib zuvalalarni yoygan. Oʼchoqqa qozon osib, oʼt qalagan, soʼng qatlamani pishirgan. Shu hol koʼz oldimdan sira ketmay qoldi. Cholining vafotidan soʼng ikki qizini ham turmushga chiqargandi. Qizlari onasining holidan tez-tez xabar olib turishsa-da, baribir barcha roʼzgʼor ishi momoning oʼz zimmasida edi. Qartaygan jussasi xuddi yerdan chalpak yeganday, birdan koʼzimga aybaki va juda mushtipar koʼrinib ketdi. Men Imqol momomni yaxshi koʼrardim, hamda juda-juda… Undan sira koʼngil uzolmasdim. Keyinchalik men chetda yasharkanman, allaqachonlar olamdan oʼtib ketgan shu mastura ayolni sira unuta olmadim. Unutolmadim. Xullas, qatlamani olmay joʼnayotsam, oyogʼim tagida xazonlar shitiri qulogʼimga yetib keldi. Qarasam, daraxtlar bir yoʼla bagʼrini toʼkkan, yer xazonga gʼarq edi. Chopqillab sumkamni uyga qoʼyib, apil-tapil ovqatlanib oldim-da, qaytib momoning uyiga chiqdim. Xazonlarni bir pasda supirib, kanop xaltalarga joylab qoʼydim. Ochiq ayvonda turgan govmushga suv tutdim. Oshxonaga moʼralasam, momo almisoqdan qolgan chiroqning piligini puf-puflab tozalayotgan ekan. Shundan soʼng qoʼsh pirmiz piliklarini ham yangilab qoʼydi. Bir payt momo uyiga kirib, bir otkritka olib chiqqach, menga qarab, “…ay, Shahlo qizim, mani savodim yoʼq, shuni sanga bera qolay, balam. Bu - manim sanga hadyam boʼlsin! Oxir, sani hikoya yozadi, deb eshitganman. Bunga bir nimalar yozgin-a”, deya otkritkani mening qoʼlimga tutdi. Quvonchim ichimga sigʼmay, otkritkani koʼksimga bosgancha hovliqib, uyimizga kirdim. Аxir, Imqol momom menga evazsiz, biroq hadsiz quvonch hadya qilgandi-da!

Otkritkada toʼp-toʼp boʼlib, endi ochilayotgan koʼm-koʼk gul gʼunchalarga och moviy rangli kapalak qoʼnib turgani tasvirlangandi. Koʼz yoshim potrab chiqdi, nafasim birdan boʼgʼzimga tiqilib qolsa boʼladimi, negaligini bilmayman, yutunib, hoʼngrab yigʼlab yubordim. Men Imqol momoni yaxshi koʼrardim. Undan sira koʼngil uzolmasdim. Momo ham menga boʼlakcha mehr qoʼygandi. Mitti jussam, nur kabi tengi yoʼq baxt-saodatga koʼmilib turaverdim, turaverdim...

Bir payt qayroq tosh yotqizilgan yoʼlakda bir nima yiltillay boshladi… Tikilib qarasam, billur shudring titranyapti… Va bu titroq shabnam Imqol momomning kipriklaridagi yoshga juda oʼxshardi.

Birdan shisha jarangi qulogʼimga yetib keldi-yu men tomchi tomayotgan shaffof shabnamni qoralay boshladim.

 ***

Taqdirning taqazosi bilan Niderlandiyada yashay boshladik. Mana, Imqol momom menga hadya etgan oʼsha otkritka hozir ham xotira daftarimning qatida turipti.

Shanba kuni uyimizga Keyt keldi. U toʼp-toʼp boʼlib, endi ochilayotgan koʼm-koʼk gul gʼuncha-yu, mitti kapalakli koʼk koʼylak kiyib olgandi. Koʼzim birdan yonib ketdi. Uning koʼylagidagi toʼp-toʼp gullar va koʼk rangli kapalaklar Imqol momom menga hadya etgan otkritkadagi manzaraga juda oʼxshab ketardi…

Men uning gʼamgin chehrasiga boqdim. U judayam koʼhlik, biroq gʼussa komiga botib qolganga oʼxshardi.

Koʼzlari choʼkib ketibdi.

Chehrasi juda soʼlgʼin.

Bu hol menda bir kechinma qoʼzgʼadi. Vayronkor kechinma…

Ha, bir boshqacha holat edi bu. Hamda juda-juda boʼlakcha edi…

Uch oy burun uning onasi vafot etgandi. Keyt tinmay onasi haqida yonib gapirdi. U uyiga ketgach, men ham anchagacha oʼzimga kelolmay, qiynalib yurdim. Koʼp oʼtmay, ey voh, u eridan ajraldi. Аttang, uning rafiqi oshqozon saratoniga daʼvo topolmay, bevaqt olamdan oʼtdi. Keyt soʼppayib qoldi. Uni Hirardning qarindoshlari sira chiqishtirmadi, chunki orada mulk masalasi ham bor edi-da. U hech vaqo talashmadi, Hirarddan qolgan mulkni qoldirib, oʼz yurtiga boshin olib, Vaqtning shamolida toʼzgʼib ketdi.

 *** 

Аmsterdamdan uyga poezdda qaytayotgandim. Chekuvchilar uchun moʼljallangan kupeda bir odam sherigi bilan chekib turgan ekan, oʼsha koʼzimga issiq koʼrindi. U Keytning marhum eri Hirardga juda oʼxshardi. Lol hamda behol turdim! Hirard oʼlmagandir, ehtimol! Аxir shunday boʼladi-ku: kimdir kimnidir mudom esga solib turadi.

Dengiz ham uh torgandek boʼldi. Mahzun tortib uyga qaytdim. Biroz dam olib elektron pochtamni ochgandim, Keyt Kayzerdan maktub kelganiga koʼzim tushdi. U Doʼychlandda umrguzaronlik qilarkan, meni Myunxenga taklif etgandi. Аslida u yurak qasrini buzib, bir kuy bastalagani haqida yonib yozgandi. Maktubga ilova qilib, oʼzi bastalagan musiqani ham qoʼshib joʼnatgandi. Men musiqiy fusun ichida sarosar kezinarkanman, avvaliga jigar-bagʼrim vayron boʼlib, qancha turganimni sezmay qoldim. Аsta-asta derazamdan moʼralayotgan oftob oqib ichkariga kirdi va men tashqariga chiqdim. Qorachigʼim yiltillay boshladi. Kuy ichida nimadir bor edi va u olmosga juda oʼxshardi, boqsang aksing koʼrinar edi unda.

Koinot jim-jit

va zamin kimsasiz edi.

Bu kimsasizlik meni ezib yubordi!

Va shunda jigarimning qahvasi chakkillay boshladi...

Va birdan oʼrtanib ketdim.

Qayroq tosh yotqizilgan yoʼlakda bir nima yiltillay boshladi… Tikilib qarasam, billur shudring titranayotgan ekan. Va bu titroq shabnam Imqol momo va Keytning kipriklaridagi yoshga oʼxshab ketardi.

Kuy tobora avj pardalarida yangray boshladi.

…Odamlar, ular buncha gavjumlar! Va ayni paytda ular, juda yolgʼizlar! Barchasi ruhan yolgʼizlar!

Musiqada oʼsha BUYuK YoLGʼIZLIK madh etilgandi. Kuy ohista-asta hamda shikasta tarala boshladi… Va, tagʼin, men buni aytmasam boʼlmaydi, chunki, bu jonimni yomon oʼrtaydi.

…Odamlar gavjumlar! Va ayni paytda ular juda yolgʼizlar! Ruhan yolgʼiz ularning bari! Mana shu insoniy gʼussani Keyt Kayzer kuy ichra soʼnggi darojotga koʼtarib, avj pardalarida namoyish qila bilgandi. U buning uddasidan chiqqandi.

Men xasta kimsaday yoʼlakda sudralib qoldim.

Qargʼalar qagʼillab duv koʼtarildilar.

Va men oʼzimni oʼnglab oldim.

Gʼarbdan hayot sharpasi - oqchorloqlar qaynab-toshib, tepamdan uchib oʼtayotgan mahal, kuy yana-da avj pardalarida yuksaklarga koʼtarila-koʼtarila, samoni quchib ketdi.

Türkiye Türkçesi

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder