15 Mart 2024 Cuma

Sherzod Ortiqov - Blokning Yolgʻonlari (Esse)

 

Oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillarini koʻp eslayman. Mashaqqatlarga toʻla uqubatli yillar edi. Mustaqillikning ilk davri odamlar boshiga haqiqiy qaltis sinovni solgan, keng koʻlamli bozor iqtisodiyotiga oʻtishning ilk bosqichi ularning dunyoqarashi tugul, hayotini ostin-ustun qilib yuborgandi. Oʻsha paytdagi koʻp narsalarni, ayniqsa qishning izgʻirinli kunlarida  tong sahardan boshlab peshingacha davom etadigan non doʻkonlaridagi turnaqator navbatlarni unutib boʻlmaydi. Bu shaxsan meni haliyam tushlarimga kirib chiqadi.

Tong oʻsha kezlari men uchun rosayam erta otardi. Tashqari gʻira-shira boʻlishi bilan onam singlim ikkimizni turtib, shirin uyqudan uygʻotar, bizga tezda choy damlab nonushta tayyorlar, soʻng qoʻlimizga zarur miqdordagi soʻm-kuponni tutqazardi. Issiq kiyimlarni kiyib olgach, aka-singil uyqusirab non doʻkoni tomon yoʻl olardik. Men oldinda, singlim orqada. Gupillatib yogʻayotgan qorni gʻarch-gʻurch ezgancha, boshimizni egib, kayfiyatimiz batamom tushib… Yoʻlning yarmida sovuq tufayli uyqumiz butunlay oʻchib, darhol oʻzimizga kelar,  lekin non doʻkonigacha ogʻzimizga talqon solgandek indamay ketardik.

Doʻkondagi navbatda turgan odamlarni koʻrib yuragim orqasiga tortib ketardi. Navbat ikki tomonlama-oʻng va chapdan boshlanib, uzundan uzun boʻlardi. Goʻyo shahar aholisi yoppasiga doʻkon atrofiga koʻchib kelgandek, tasavvurimda bir qur bu yerda qandaydir miting boʻlayotgandek taassurot uygʻonar, non tegarmikin bizga ham degan bezovta oʻydan siqilib, hoʻngrab yigʻlab yuborgim kelardi. Xuddi Viktor Gyugoning “Toʻkson uchinchi yil” romanida tasvirlanganidek non uchun navbatning keti koʻrinmas, u mashinalar yuradigan katta yoʻlgacha choʻzilgan boʻlar, navbatda turganlarning ichida yetti yoshdan yetmish yoshgacha barchani — qoʻlidagi odekolondan xoʻplab aftini bujmaytirgan yolgʻiz rus kampirlarini, orden taqqan urush faxriylarini, boʻyinbogʻli maktab oʻqituvchilarni, laqma va sergap xotin-xalajni, nima uchun bu yerga kelganini bilmay angrayib, onasining etagidan tutib turgan yetti-sakkiz yoshdagi bolakaylarni uchratish mumkin edi.

Men jimgina navbatga koʻshilardim. Ortimdan singlim ham. Navbat uzunligidan bizning navbatimiz aniq tushlikkacha kelmasdi. Agar kelsa xursand boʻlganimizdan doʻppimizni osmonga otardik. Agar kelmasa, tushlikdan soʻng boshlanadigan maktabdagi darslarimiz qolib ketardi. Eng yomoni koʻpincha navbatda turganlarning aksar qismiga non yetmay qolar, qoʻlidagi pulini gʻijimlagancha oʻsha odamlar noumid holda uy-uylariga tarqalishardi. Basharti yetgan taqdirda ham bir kishiga ikki buxankadan ortiq non berilmas, shunga koʻpchilik bitta oʻzi emas, bolasi yoki biror yaqinini ergashtirib chiqardi.

Kattalarni bilmadim-u , lekin navbatda bir necha soat qisilib turish bolalar va oʻsmirlar uchun azobning oʻzginasi edi. Bunday damlarda oldi va orqangdagi kattalar havoni toʻsib turar, boshingni koʻtarsang ularning keng yelkalari va hissiz basharalariga duch kelarding, shunda toza havo yetmayotgandek nafasing boʻgʻilib- boʻgʻilib ketardi. Ikki buxanka non olish uchun bundan ortiq dahmaza yoʻq edi oʻshanda men uchun. Buning ustiga sovuq badanimni betinim savalar, osmondan yogʻilayotgan qor uchqunlari bir pasda bosh kiyimimni xoʻl qilib, yuzimga shasht bilan urilar, natijada sira koʻz ochtirgani qoʻymasdi. Oyogʻimdan sovuq oʻtib, tovoni teshik qoʻnjili etigimdan suv sizib kirishni boshlar, aynan oʻsha etigimni ikkinchi etigimning ustiga qoʻyib, noqulay bir alfozda turardim. Singlim koʻp oʻtmay yigʻlar, “uyga ketaylik badanimga sovuq oʻtib ketdi”, deb xarxasha qilardi. Men uni aldab-suldab navbatda olib oʻtirar, gohida qanday tinchitishimni bilmay unga sheʼr oʻqib berardim:

Deraza ortida kezinmas shamol,
Ichkarida esa shamlarim oʻchdi.
Kimdir kirib keldi besas, bemahal
Menga yaqinlashdi, yelkamdan quchdi.

Qayrilib qaradim. Faqat osmonga
Shunday tikilaman ruhimda titroq.
Burilib boqadi u men tomonga,
Olisdan koʻrinar vazmin va quvnoq.

Na roʻyo, na tuman edi u dilbar,
Neni anglamadim, yo anglab yetdim.
U yonimga keldi atay bu safar  —
Oʻshal sirlarimiz shivirlab ketdi…

-Aka sheʼr kimniki?- derdi u sheʼrni tinglab boʻlgach, bir payt tinchlanib.

-Rus shoir Blokniki,- derdim unga oʻzimni bilimdon koʻrsatib.

-Uni qayerdan topib yodladingiz?- soʻrardi u bir oz oʻtib.

-Dadamning “ Sharq yulduzi” jurnallari ichidan.

-Uni xuddi siz kabi yodlasam, maylimi?

-Yodlay olmaysan. Men zoʻrgʻa yodlaganman-ku!

Ammo u qaysarlik qilib, boshini egib va koʻzlarini yumib sheʼrni yodlashga kirishardi. Mening vazifam xuddi suflyordek har bir toʻrtlikni qayta-qayta oʻqib, takrorlab turish edi. Shu tarzda men vaqtni oʻldirar, singlimni beshafqat borliqdan oniy fursat chalgʻitib, sheʼriyatning ruhga taskin-tasallini darigʻ tutmay beradigan goʻzal olamiga qoʻlidan tutib olib kirardim. Navbatimiz kelguncha, u sakkiz yoki oʻn ikki qatordan iborat boʻlgan sheʼrni yodlashga ulgurar, omadimiz kelsa ikki buxankadan toʻrtta nonni qoʻltigʻimizga qistirib, uyga qaytarkanmiz, endi men emas, u Blokni yoʻl boʻyi oʻqib ketardi.

-Adashmadim-a bu safar?- derdi  yoʻlda qorni ochib ketib nonlarning biridan bir burda tishlarkan.

-Bu safar adashmading,- derdim men ham qoʻlimdagi nonning chetidan yutoqib tishlab.- Xotirangga qoyil!

Uyga kelgach, onam tushlikka tayyorlagan va bizning sevimli taomimiz boʻlgan goʻshtsiz karam shoʻrvaga non toʻrgʻab icharkan, singlim sheʼrlar daftariga yodlagan sheʼrini chiroyli xusnixati bilan koʻchirib yozardi. Men boʻlsam tovonidan suv oʻtib, ichi shilimshiq boʻlib ketgan etigimni yechib, uni va qizarib ketgan oyoqlarimni pechga tutib isitarkanman, shoʻrvaga darrov qoʻl tekkizmas, negadir anchagacha Blokka ich-ichimdan minnatdorchilik bildirib oʻtirardim.

Blok oʻsha paytlarda chindan qadrdonimga, dardkashimga, birodarimga, yoʻlboshchimga aylangandi. Men bolalarcha unga talpinar, mushkul vaziyatdan goʻyo u orqali chiqib ketganimga iymon keltirib uning nomini zikr qilishni kanda qilmasdim. Zero, oʻshanda men uchun uddalab boʻlmas topshiriq-non uchun navbatda turgan singlimni ovutish, sovqotganiga qaramay uni chalgʻitish va uning yordamida oilamiz uchun kerak boʻlgan toʻrt buxanka nonni eson-omon qoʻlga kiritish edi. Blok bu borada menga oʻz sheʼrlari bilan katta va beminnat yordam berardi. Uning pokiza insoniy tuygʻular tarannum etilgan sheʼrlari yordamida singlimni sovuqdan  har safar osongina chalgʻitar, unga oʻsha sheʼrlarni yodlatar, oʻzimni esa ertangi porloq kunga — nonga bunchalik dahshatli navbatda turmay ham egalik qilishim mumkinligiga  ishontirardim.

Qishning uzoq kechalarida har gal sandalga oyogʻimni tiqib oʻtirib, otam obuna boʻlgan “Sharq yulduzi” jurnalining eski sonlarini titkilab chiqardim. Blokning u yerda berilgan sheʼrlarini singlimga yodlatish uchun oʻzim birinchi boʻlib yodlar, shu tarzda koʻpincha pinakka ketmay yarim kechagacha boshimni qofiya va vaznlardan iborat boʻlgan sheʼrlardan koʻtarmay, sheʼriyatning sehrli olamida xayolan sanqib yurardim. Unga shunchalik berilib ketganimdan, maktabdagi fanlardan berilgan uy vazifalari bir chetda qolib ketar, ularni oʻz ichiga olgan daftarlarimni varaqlab ham qoʻymasdim. Boisi, ertalab onam yana meni uygʻotishini bilardim. Onam tong otib ulgurmay doimgidek meni uygʻotib, ixtiyorimga singlimni qoʻshib non doʻkoniga yuborardi. U yerda esa singlimni faqat Blokning sheʼrlari bilan ushlab turishim mumkin edi, xolos.   

Bu goʻzal sheʼrlar Blokning “Latofatli xonim haqidagi bitiklar” turkumiga mansub ekanini katta boʻlib, voyaga yetgachgina bildim. Aniqrogʻi talabalik paytimda shoir bu sheʼrlarida bolalikda yaqin doʻsti boʻlgan, keyinchalik rafiqasiga aylangan Lyubov Mendeleyevaga boʻlgan tuygʻulari va kechinmalarini ifodalagani xususidagi maʼlumotga ega boʻldim. Oʻsha turkumni qisqa vaqtda boshidan oxirigacha asliyatda oʻqib chiqdim. Oʻsmirligimning bir boʻlagiga aylangan sheʼrlar asliyatda yanayam boshqacha taʼsir qildi menga va oʻtmish xotiralari ogʻushida ularni birma-bir hatm qilarkanman , oʻzimni yana oʻsha davrga borib qolgandek his qildim.  

Rus tilini puxta oʻrgangach va adabiy didim shakllangach, Blokka muhabbatim kuchliligidan, qiziqishim ustunligidan uning boshqa sheʼrlarini, dramalarini, hatto maktublarini mutolaasiga keragidan koʻp vaqtimni ajratdim. Tarjimai holini ham oʻqidim. Uni yaqindan bilganim sari negadir unga bogʻlanish oʻrniga bir muddat uzoqlashdim. Menga salbiy taʼsir qilgan narsa shu boʻldiki,  oʻsmirligimda yod olgan uning sheʼrlaridagi pokiza tuygʻular goʻyo satrlarda qolib, shoir hayotiga koʻchmagandi. Nazarimda, shunday edi. Oʻsha betakror turkumdagi sheʼrlarning hech bir satridagi ulugʻlangan bokiralikni yoki pok muhabbatni Blok va Mendeleyevaning birgalikda kechirgan hayotini oʻqish-oʻrganish asnosida uchratmadim.

Uning qaysi tarjimai holini, u haqidagi istalgan zamondoshi xotirasini oʻqimay, Blok hayotda yengiltak va bir havoyi erkak boʻlganining tavsifiga guvoh boʻlardim. Shoir Moskvadagi drama teatrlarining aktrisalari bilan koʻngilxushlik qilib, don olishib, Don Juanga oʻxshab ularning koʻnglini ovlardi. Voloxova va Verigina kabi isteʼdodsiz aktrisalar uning eng ajralmas jazmanlari edi. Shuningdek, shoir adabiyotga aloqasi boʻlmagan  koʻchadagi duch kelgan ayol bilan osongina til topishib, uni yetaklab isqirt toʻshakkacha dadil borardi. Mendeleyeva ham undan qolishmas, Andrey Belыyga oʻxshash faqat oq sheʼr yozadigan oʻrtamiyona shoirlar va teatr aktyorlariga noz-karashma ulashib, ular bilan haminqadar yaqin aloqada boʻlardi. Sheʼriyatga taʼrif-u tavsifi koʻchgan latofatli  ayol ham, uni  madh etgan shoir ham maʼnaviy jihatdan oʻsha mashhur turkumdan  ancha yiroqda, taʼbir joiz boʻlsa bir muncha pastda — oyoq ostida edilar.

Blok haqida koʻp maʼlumotga ega boʻlgach, dastlab uning yangi qiyofasiga  (balki asl qiyofasidir) oʻzimda koʻnikma hosil qilishim qiyin kechdi. Mabodo uning oʻrnida Svetayeva yoki boshqasi boʻlganida kiprik qoqmay, koʻzimni chirt yumib, undan darrov voz kechib yuborardim. Bir necha marta shunday qilgandim. Oʻz paytida Dostoyevskiy, Vereshchagin, Svetayeva, Kiplinglarning shaxsiyatidan  koʻnglim toʻlmay, ulardan ikkilanishlarsiz voz kechgan va bunga sira afsuslanmagandim. Blok bilan ham shunday boʻladi deb oʻyladim. Lekin, undan negadir voz kecholmadim. Garchi uni yolgʻonchilik, ikkiyuzlamachilik va daʼyuslikda (Lyubov Mendeleyeva bitta aktyordan homilador boʻlganini u xotirjam turib eshitgani alam qilgandi) butun vujudim qaqshab, asabiylashib, dod deb yuborgudek boʻlib ayblagan boʻlsam-da, undan yuz oʻgirishimning iloji boʻlmadi. Menga uning ishqiy zafarlari, arzon ishratlari, oʻzini daʼyusdek tutishi haqida oʻqish chidab boʻlmas darajada ogʻir kechgan boʻlsa-da, uni baribir kechirdim.

Negaki, uning yolgʻonlari (endilikda shunday) nihoyatda zalvorli oʻtgan oʻsmirligimni, singlimning bolaligini talatoʻplar va olatasirlarga mahkum etilgan oʻtish davrining temir panjalarida bukilib, sinib, mayiblashib, xarob boʻlishidan asrab-avaylagandi. Negaki uning yolgʻonlari menga ertangi kunga ishonch baxsh etgan, oʻgʻirlangan shirin uyqularim qiymatini bilintirmagan, singlimni boʻlsa sheʼr daftarlari va murgʻak yuragidan oʻrin olib, hayotning rangsiz manzaralaridan uni oz-moz chalgʻitib, oʻzining begʻubor olamida vaqti-vaqti bilan xotirjam yashashiga turtki boʻlgandi. Shuning uchun undan yuz oʻgirolmadim, kechirishga oʻzimda kuch topa bildim.

Hozir ham bot-bot Blokdan achchigʻim chiqadi. Shunga qaramay uni oʻqishda davom etaman. Vaqt topganimda doim uni varaqlayman. Chunki uni mutolaa qilsam, xotiram ishga tushib, yigirma yil narida qolib ketgan oʻsmirligim koʻz oldimda aniq-tiniq gavdalanadi. Keyin uning yolgʻonlari yordamida oʻzlari mansub boʻlgan davrning butun sovuq nafasini, qoʻrqinchli koʻlankasini, skeletdan farq qilmagan panjalarini bir zumga unutgan ikkita oʻsmirning suhbati qulogʻim ostida jonlanadi:

-Aka, sheʼr kimniki?

-Rus shoiri Blokniki.

-Uni men ham yodlasam maylimi?…

2020 yil, iyun. Fargʻona

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder