16 Mart 2024 Cumartesi

Sherzod Ortiqov - Uning ismi Xalina edi (Esse)

 

O’shanda odamlar bu yerga asosan ummon orqali bahaybat kemalarda kelishardi. Har kuni yuzlab yo’lovchilar kemalar narvonidan bandargohga tushisharkan, mening tasavvur qilib bo’lmas sirli qiyofamni ko’rib boshlarini ko’tarishganicha og’zilari lang ochilar, shu bo’yi joylaridan qimir etmay bir necha soniya sehrlangandek turib qolishar, so’ng uyqudan endi uyg’ongandek gandiraklab salobatim ostida oyoq bosishardi.

-Filadelьfiya, — deyishardi ular qo’llari bilan men tomonga ishora qilib bir-birlarini turtishganicha.- Buncha go’zal shahar bo’lmasa bu Filadelьfiya!

O’shanda salobatim va mashhurligim jihatidan Amerikada Nьyu-Yorkdan keyingi o’rinda turar, minglab odamlar birgina meni ko’rish uchun dunyoning har bir burchagidan kelishar, panohimda bir kun yashash ularga ushalmas orzudek tuyulardi.

Qizig’i, men bir qarashda ularning qayerdan ekanliklarini bilib olardim. Masalan, bandargohga sipo razm solib, sal kekkaygan holda tushgan, ko’pincha inkubatordan chiqqandek bir xil qora kostьyum va shim kiygan, bo’yniga yo’l-yo’l bo’yinbog’ osganlar — inglizlar bo’lishardi. Labida sigaret bilan, asabiylashib, so’kinib, yon-atrofiga tupurib tushganlar — ruslar ekanligini bir zumda taxmin qilish mumkin edi. Frantsuzlar doim o’z ehtiroslarini yashirolmay, yo’l davomida kemada boshlaridan kechirgan qisqa muhabbat mojarosiga oid hodisalarni goh ming’irlab, goh baqirgancha bandargohni osmonga ko’tarishardi. Nemislarni kema bortidan tushgach, darrov cho’ntaklaridagi siferblatni qo’llariga olib, vaqtni ko’zdan kechirganliklari orqali tanirdim. Xo’mraygan va hayotdan norozi bashara sohiblari ko’pincha Lotin Amerikasidan kelgan ispanlar bandargohda paydo bo’lishganda ko’payar, yahudiylar bo’lsa qo’llaridagi jomadonlarini mahkam bag’rilariga bosib, cho’chib qadam olishardi.

Bir kuni (adashmasam o’tgan asrning elliginchi yillari oxirlayotgan, 1958 yil edi shekilli) bandargohga kelib to’xtagan kemalardan birining bortidan yoshgina xonim pastga tushdi. Ilk marta bu yo’lovchi qayerdan ekanligini aniqlay olmadim. U boshqalarga o’xshamasdi. Mening salobatimdan boshi aylanishi va hayratlanishi tugul atrofiga qarab qo’ymadi. Kemadan tushgach, o’zi bilan birga pastlagan — oltmish yoshlardagi, novcha, qora shlyapa kiygan, ko’zoynakli, cho’qqi soqol kishiga ergashib sekin qadam olib keta boshladi.

Uning uzunchoq yuzi kasalmandlarnikiga o’xshab za’faron, moviyrang ko’zlari ma’yus, oriqligidan beliga qora tasma o’tkazilgan sutrang ko’ylagi esayotgan kuz shabadasida yopishmasdan egnida xilpirar, tovoni baland jigarrang tuflisida yurishga o’ng’aysizlanib sal oqsoqlanar, qo’lidagi jomadonini har o’n besh-yigirma qadamda u qo’lidan bu qo’liga olardi.

U ro’paralariga kelib to’xtagan, tepasiga “taksi” yozuvli belgi o’rnatilgan “Ford”ga o’tirishdan oldin, yo’lovchilarni tushirib pishqirgancha yo’lida davom etgan kema ortidan bir muddat qarab qoldi. Keyin kichkina lablari bilinar-bilinmas pichirladi:

Kema ketib bo’ldi
Qoldi faqat ufqqa tomon
Unutilgan oppoq qo’llaring
(salom, salom)
Qachonlardir kema izidan
Bir qush bo’lib otilgum o’qday…

Ular taksiga o’tirib, g’arbiy qismimda joylashgan arzon kasalxonalardan biriga borishganida esayotgan shabada kuchli shamolga aylanib ulgurgandi. Bu kasalxonada asosan sharqiy Ovro’podan kelgan, butun Amerika bo’ylab tarqalgan faqir muhojirlar davolanishar, uni Qizil Xoch jamiyati o’z qaramog’iga olgan, shungami birorta amerikalik bu yerga sog’lig’ini ko’rsatgani o’lib qolsa kelmas, kerik tasavvurida or qilar, ko’cha dunyoqarashida bu yer sadaqalardan qaror topgan davolanish maskani hisoblanardi.

-Sizga ajratilgan xona tayyor,- dedi ularni kasalxonada qarshi olgan istarasi issiq hamshira yosh xonim uzatgan qo’lini siqib qo’yib. – Uchinchi qavatda. Men bilan yuring!

Uchinchi qavatga liftda ko’tarilib, bir kishilik ko’rimsiz xonaga kirishganida xonaning ochiq qolgan derazasi shamol ta’sirida g’ichirlar, xona ham go’yo unga qo’shilib g’ingshib qo’shiq kuylardi.

-Xalina Posvyatovskaya,- dedi hamshira xonaning derazalarini yopib qo’ygach, qo’lidagi daftarni varaqlab ko’rib.

-Ha, men o’sha,- dedi yoshgina xonim sherigiga bir qarab olib.

— Yoshi yigirma uchda,- davom etdi hamshira.- Polьshadan. Amerikadagi polyak muhojirlari tashkiloti tavsiyasiga ko’ra yuragini operatsiya qildirgani bu yerga yuborilgan.

-Hammasi to’g’ri,- dedi shu paytgacha jim turgan kishi. — Operatsiya harajatlarini qisman tashkilot, qisman Qizil Xoch jamiyati to’laydi. Men o’sha tashkilot vakiliman. Mana bu esa Qizil Xoch jamiyatining yo’llanmasi.

Hamshira yo’llanmani olib, uni ko’zdan kechirib chiqdi. Tushunarli degandek boshini irg’ab chiqib ketganidan so’ng, boyagi kishi shoshilmay Xalinaning oldiga keldi.

-Biror narsa zarur bo’lib qolsa aytarsiz, pani Posvyatovskaya,- dedi tomog’ini qirib.- Sizda tashkilotning Filadelьfiyadagi bo’limi telefon raqami bor.

-Minnatdorman barchasi uchun, pan professor!

Xalina bir o’zi qolgach, xonadagi temir karavotning chekkasiga omonatgina o’tirdi. Keyin birma-bir ostonada qolgan jomadoniga, xona burchagidagi bittayu bitta kichkina javonga, karavot tepasidagi Isoning xochga mixlangani aks etgan kartinaga tikildi. Oxirida shamol chertib tinmayotgan deraza tomonga…

-Xalina Posvyatovskaya, yoshi yigirma uchda,- dedi hamshiraning gaplarini qaytarib va o’rnidan turib deraza oldiga keldi. U yerda xuddi bandargohda olislab ketayotgan kemani kuzatgandagidek nigoh bilan atrofga razm soldi va o’shanda bo’lgani kabi lablari bu safar ham ilkis pichirladi:

Men- Julьetta
Yoshim yigirma uchda.
Qachondir sevgini tatib ko’rgandim
Achchiq edi u
Bir finjon qahvaday.
U tezlatdi
Yuragim zarbin
Qattiq hazillashib vujudim bilan
Uyg’otdi hislarim
Va ketdi…

Aftidan u bandargohda ham, hozir ham she’r o’qigandi. Buni uning so’zlash ohangidan va bo’g’zidan bir ritmda terilib chiqqan so’zlar ketma-ketligidan anglash qiyin emasdi. Bu yerda ham unga o’xshab shunaqa gapiradigan ikkitasi bor edi. Biri nuqul mushuklar haqida she’r yozadigan- Tomas Elliot bo’lsa, ikkinchisi qadrdonim Nьyu-Yorkning faxriga aylangan, Brodvey teatrida har hafta odam to’plash bo’yicha rekord qo’yadigan, anshlaglar qiroli — Yudjin O Nill edi. Ammo ular bilan solishtirganda Xalinaning so’zlari ohangrabodek quloqqa yoqar, uni tinglab ruhim ostin-ustun bo’lib, larzaga kelardi.

Bir muddat jim turgach, kuchli shamol esayotganiga qaramay Xalina deraza oynasini ochdi. Ichkariga shamol otilib kirdi. Unga qo’shilib kuzning achqimtir havosi yana xona bo’ylab taraldi. Ana shu havodan simirib, qiziqish aralash, oyoqlari uchida turib u atrofga bo’ynini cho’zdi. Unga e’tibor qaratarkanman, mana endi u mening asl salobatimni his qilib hayratlanadi deb, taxmin qila boshladim. Chunki, osmono’par binolarimni, ko’chalardagi “Ford” dan tortib “Shevrole”gacha yastanib yurgan rang-barang mashinalarimni, po’rim kiyingan ishbilarmon va o’tkir zehnli o’g’il-qizlarimni u bir maromda kuzatishga tushdi.

-Buncha shovqinli bo’lmasa bu shahar, -dedi bir mahal xafsalamni pir qilib.- Varshavaning tamomila aksi-ku!

Uning gaplaridan men tamakidek tutab ketdim. Turib-turib Varshava bilan meni solishtirgani alam qildi. Men qayerda-yu, chekka va ovloq joydagi Varshava qayerda… Shu kungacha meni Ovro’podagi faqat uchta shahar — London, Parij yoki Rim bilan qiyoslashardi. Hatto, Berlin yoki Madrid ham men bilan raqobatlasha olmasdi. Eng baland binosi olti qavatdan tepaga ko’tarilmagan, ko’chalari loy va changga qorishgan, biror bir maqtansa arzigulik hashamatli inshooti bo’lmagan, ko’rimsiz va tund shahar bilan taqqoslanishim beixtiyor bema’nilikdek tuyulib, bir pasda nafsoniyatimga tegib ketdi.

Xalina bu vaqtga kelib jomadonini ochib, undan sariq muqovali bir kitobni qo’liga olgancha shirin mutolaaga sho’ng’ib ketgandi. Kitobning muqovasiga “Adam Mitskevich. Tanlangan she’rlar va dostonlar” deb yozib qo’yilgan bo’lib, uning deyarli har bir sahifasidagi yozuvlar ostiga qalam bilan chizib qo’yilgandi. Hatto, hozir ham Xalina mutolaa qilish bilan birga sahifadan sahifaga o’tarkan, qalam yordamida ayrim so’zlarning ostiga chizib-chizib qo’yardi.

-Yigirma uch yoshli Julьetta,- dedi u picha o’tib kitobdan boshini ko’targach, yana deraza tomonga o’girilib va o’ziga o’zi gapira boshladi. – Mana bir o’zing shu to’rt devorni ichida qolding. Eh, Julьetta, Julьetta! Vatandan uzoqda, begona shaharda, yot odamlar orasida qolding. Yagona ovunadigan narsang hali qog’ozga tushirmagan she’rlaring va aziz ustozing Mitskevichning kitobi… Ikki hafta yo’lda o’tdi. Ikki haftadan beri Varshavada emassan endi. Avval temir yo’l, keyin ummon seni qadrdon shahringdan olisladi. Uni har kuni tushlaringda ko’rding. Perronda ham, kayutada ham. Sog’inding. To’g’rimi, Julьetta? Sog’inding! Uning ko’p narsalarini sog’inding. Rahmatli ering Adolьf bilan birga qo’ltiqlashib yurgan sokin ko’chalarini, o’zing doim ertalab shirin kulcha olgani boradigan novvoyxonasini, hududida Shopenning haykali qad rostlagan, dilga payvand istirohat bog’ini, bo’yoqlari ko’chib ketgancha relьslarda ko’zlari mo’ltirab qatnaydigan tramvaylarini… Hatto, kayutada uni eslab she’r yozding, qog’ozga tushirmay, dilingda yozding. Qanday boshlanardi o’sha she’r-a, ha mana bunday:

Azobli sog’inchdan yozaman she’rlar
Bu sog’inch
Kemirar tanimning kuychi mevasin
Tikilaman yolg’iz barmoqlarimga-
Ulardan besh doston o’stira olgum
Qimtilgan labingga teginganimcha
Pichirlayman
Shunda so’zlar
Ulkan suv ritmida tebrana boshlar
She’rga aylanganicha
Ivigan
Sho’r she’rlar asta oqib tushar
Yuzingdan…

Bir oz o’tib, hamshira uni chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvga olib chiqib ketdi. Men bo’sh qolgan xonaga jilovsiz g’azab bilan ko’z tashladim. Birinchi marta Filadelьfiyaga kelgan odam bolasi salobatimdan ta’sirlanmagani, qiyofamga befarq qaragani, ruhimni sira payqamagani, menga e’tibor bermay mensimagani alam qildi. Varshava… Uni qanaqa shahar ekanini yaxshi bilardim. London va Parij qishin-yozin uning ustidan kulib menga turli-tuman telegrammalar yuborishardi. Endilikda yubormay qo’yishdi. Rimning aytishicha, Varshava shunchalik abgor va yo’qsilligidan, hatto mazax qilishga arzimas ekan. Bu uchchovi o’z vaqtida men va Nьyu Yorkka u haqida rosa ko’p kulguli latifalarni yetkazishgandi. Ular hozir esimda yo’q. Birortasini eslab qolmaganman hatto. Lekin o’shanda ularni o’qib xaxolab kulganim esimda. Yana esimda qolgani anavi uchchala yaramas uni “Moskvaning tutingan ukasi” deyishardi. Shunaqa bir qiyofadagi shaharni manavi oyimtilla sog’inib, sal bo’lmasa ko’z yoshi to’kaman deb o’tiribdi.

-Sal shovqining tinsa-ku Filadelьfiya! Buncha sokinlikdan nafratlanasan!

Tibbiy tekshiruvdan qaytgan Xalinaning deraza oldida aytgan mazkur gaplari yuzimga tarsaki bo’lib tushdi. Uning gaplaridan tilim aylanmay qotib qoldim.

-Varshava,- dedi u men hali o’zimga kelib ulgurmay olislarga tikilib.- Bilaman, sen olisdasan. Huv anavi mavjlanayotgan ummon ortidasan. Meni eshitmaysan. Shunga qaramay senga bitta gapni aytishim kerak. Men Krakov yaqinidagi Chenstoxovada tug’ildim. Bolaligim o’sha yerda o’tdi. U yerda yomon yashamadim-hech nolimayman. Ko’cha changitib, yirtiq-yamoq kiyinib, boshqa juldirvoqi bolalardek sho’xliklar qilib qanday qilib urush boshlanganini sezmay qoldim.

Urush paytida ko’shnilarga qo’shilib onam bilan qishloq tegirmonchisining yerto’lasida jon saqlardik. Kunlik taom menyumiz quruq qotgan non va ko’lmak suvidan iborat bo’lardi. Ba’zida aynigan konserva yoki hidlangan kolbasa topilardi… Onam o’shanda menga ertaklar aytib berish o’rniga sen haqingda hikoya qilib berardi. Ha, sen haqingda. U shu yo’l bilan aynigan konserva ag’dargan ichimdagi davomiy og’riqni unutkizardi. Oqshom paytlari doim uning hikoyalarini tinglash orqali senga nisbatan yuragimda muhabbat ulg’ayar, seni judayam olisda deb o’ylab entikar, qo’lim yetmas yerda ekaningga shubha qilmay orzular og’ushida shirin uyquga ketardim.
Ertasiga esa yerto’laning zax havosidan nafasim bo’g’ilib, gohida qo’limdagi kir lattaga o’ralgan qo’g’irchog’im bilan uning siniq darchasi oldiga kelar va u yerdan turib kuyib kulgan aylangan uylarni, mina pachoqlagan daraxtlarni, snaryad o’pirgan yerlarni, ko’chada sasib yotgan o’liklarni, bir safda qator bo’lib va menga tushunarsiz tilda qo’shiq kuylab o’tayotgan nemis askarlarini kuzatarkanman, bir pasda ularni unutar va quyosh chiqqan mashriq tomonga tikilardim. Chunki onam seni kun chiqar tarafda derdi va unga tikilsam yuzimni silay boshlagan oftobning iliq taftida sening qo’llaringni his qilgandek bo’lardim.

Bu dahshatli urush yillaridan ortirganim to’rt narsa — yo’qotilgan bolaligim, murg’ak ko’nglimni ezgan bir olam iztirob, yuragimni ishdan chiqargan revmakardit kasalligi va senga nisbatan orttirilgan qaynoq muhabbat bo’ldi. Senga muhabbatim shu qadar ulug’vor va kuchli ediki, kezi kelganda u tarozuning ikkinchi pallasidagi la’nati urush qoldirgan jarohat bilan hastalik uqubatlaridan ko’ra ko’proq tosh bosardi.

Keyinchalik Adolьf hayotimga kirib keldi. Mehribonim, suyanchig’im, quvonchim…U tufayli seni ko’rdim. Hayotimda ilk marta. Erim qo’ltig’imdan tutib seni ertalabdan qosh qoraygunicha aylantirdi. O’shanda may edi. Atrofda bahorning iliq nafasi kezardi. Bahorning mayin shabadasi epkiga yuzimni tutgancha, tosh ko’chalaringni oyoqlarim yayrab bosdim, favvoralaringda yuzimni qaytib-qaytib yuvdim, tramvaylaringda xushxol sayr qildim, kafelaringdan birida tamaddi qildim, eng katta teatringda cahnalashtirilgan “Romeo va Julьetta”ni ko’rdim…

Varshava, hozir ham seni o’lgudek yaxshi ko’raman. Yana seni ko’ramanmi yo’qmi, bilmayman. Ertalab soat to’qqizda yuragimni operatsiya qilishadi. Undagi nuqson jiddiy ekan. Operatsiyani kechiktirib bo’lmasmish. Vrach tekshirib ko’rib shunday dedi… Men sezyapman. Operatsiyadan tiriq chiqishim gumon. Garchi ozgina umid bor bo’lsa-da… Ehtimol shu operatsiyadan so’ng farishtaga aylanib, suyukligim Adolьfning oldiga uchib ketarman… Ammo o’zim qaytib bormasam-da, hech bo’lmaganda jasadim, xokim boradi oldingga. Muhojirlar qo’mitasiga aytaman, mabodo o’lsam meni tuprog’ingga — Adolьfning yoniga ko’mishadi.

Xalina kechasi bilan uxlolmadi. Karavotga o’tirib, parishon bir ahvolda, gapirmay, qo’llari bilan tizzalarini mahkam tutgancha ancha vaqt mijja qoqmadi. Keyin jomadonidan oppoq qog’oz, siyohdon va ruchka olib qog’ozni to’ldira boshladi.

Sutkalar shu qadar uzunki
Bir necha bor o’lmasam
Sutkasiga
Nima bilan to’ldirgum vaqtni?
Qo’llarim to’ldirgan uni
To’ldirgan kokillarim
O’rgimchakning zahmatli mehnati
Bu to’r
U ketgan chog’
Yengil tortgum negadir g’oyat
Ma’nosin yo’qotgan
Bir parcha yerday…

Uyqusida u yanayam xotirjam ko’rinardi. Xuddi qachonlardir Parij so’zlab bergan “Uyqudagi malika” ertagidagi sohibjamolga o’xshab uxlardi. Uyqu elitganda uning za’faron yuzi tiniqlashib, onda-sonda pirpirayotgan kipriklari uning favqulodda chiroyli ko’zlariga o’zlarini qo’riqchilik qilayotgandek tutishar, qirmizi lablari esa bilinar-bilinmas yengil titrardi. Men deraza yaqiniga kelib, uning yuzini xayolan silarkanman, ayni shu damda uyqu nimaligini bilmay panohimdagi ko’ngilochar maskanlarda tong ottirayotgan o’zimning o’g’il-qizlarim xayolimdan o’tishdi.

Ular… Filadelьfiyaning bolalari… Ular ham meni shu mushtipar ayol Varshavani sevgani kabi sevisharmikin? Eng so’nggi urfda kiyinadigan, Amerikaning faxriga aylangan avtokontsernlar ishlab chiqargan mashinalarda lablaridagi sigaretni burqsitib, kibr bilan yuradigan, kinoteatrlarda Chaplin va Viviyen Lining o’ttizinchi va qirqinchi yillarda ishlangan filьmlarini sira me’dalariga tegizmay ko’radigan, restoranlarda jazz tinglab, shotland viskisi va ispan tekillasidan boshqa ichimlikni og’zilariga olmaydigan, oxirgi paytlarda kundalik mavzulari kursisidagi muddati tugayotgan Duayt Eyzenxauerdan so’ng prezidentlik lavozimiga kim munosibligini muhokama qilish-u yosh siyosatchi Jon Kennedi irod qilgan nutqlarni maqtash bo’lib qolgan va yetarli pul jamg’arishlari bilan qo’llarini oyoqlariga olib Nьyu-York sari juftakni rostlaydigan bolalarim meni bir otadek ko’rib, chin dildan, sof muhabbat bilan sevishadimi yo’qmi?!

Men Xalinaning yuzini xayolan tinmay silardim. Dag’al qo’llarim bilan deraza oynasi ortidan unga otalarcha bo’sa yuborarkanman, negadir shu tobda yuragimda unga nisbatan mehr va hayrixohlik uyg’ona boshlaganini ilg’ar, uning keyingi taqdirini o’ylab besaranjom bo’lardim. Qolaversa, nafasim bo’g’ilib olisdagi Varshavaga murojaat qilardim.

“Varshava, bir umr ustingdan kulib keldim. Bearmon kuldim, mazax qildim, seni bir tiyinga olmadim. Seni o’zim hurmat qilgan London, Parij va Rim bilan bir qatorda ko’rmadim. Biror marta mensimadim, e’tiborga olmadim. Ammo bugun bildimki, aslida mening ustimdan kulish kerak ekan. Chunki, hali birorta o’g’il-qizim o’zga yurtda meni sog’inib qo’msaganini eshitgan emasman. Manavi qizing esa seni tinmay esladi. Qoyil! Bu yerga kelgan kunidan boshlab uyqu uchun yostiqqa bosh qo’ygunicha sening noming tilidan tushmadi. O, Varshava! Duo qil uni, maylimi? Xalinani duo qil!”

— Xalina, tayyormisiz?

Hamshira sherigi bilan g’ildirakli zambilda xonaga kirganini ko’rib Xalina bir unga, bir qo’lidagi no’malum erkakning (eri Adolьfning bo’lsa kerak) suratiga qarab mahzun kulimsiradi.

-Soat tezda to’qqiz bo’ldimi?

Hamshira xuddi shunday degancha yelkasini qisib qo’ydi va qo’ltig’iga qistirilgan oppoq matoni unga uzatdi.

-Kiyimlaringizni yechib buni kiyib oling. Operatsiya paytida bemorlar kiyadigan ko’ylak.

Ko’ylakni qo’liga olgach, Xalina bir lahza unga dovdirab tikilib turdi. Dimog’iga tutib uzoq hidladi. Uni kiyishdan oldin karavot tepasidagi chormixga tortilgan Iso payg’ambar tasvirlangan kartinaga qarab uzoq cho’qindi. Cho’qinib bo’lgach, ko’zlari jiqqa yoshga to’ldi.

-Xalina, hali hayotingiz oldinda,- dedi buni ko’rib hamshira uni quchib dalda berarkan.- Operatsiya yaxshi o’tadi, bunga ishoning!

-Ishonaman, -dedi u ko’z yoshlarini birma-bir artib.- Ishonmasdan qayerga ham borardim. Operatsiyadan chiqqach, ko’p yotmayman. Tezda Varshavaga qaytaman. U yerda Universitetga o’qishga kiraman. Falsafani o’rganaman. She’r yozishda davom etaman. Mayli qofiya va vaznga solinmagan she’rlar bo’lsa-da, o’qiganlar ularni Mitskevich darajasidan past, bir havaskorning she’rlari deyishsa-da, yozaveraman, yozaveraman. Ko’p yozaman. Har kuni, har soat, har daqiqada… Ular vaqti kelib ommaviy tarzda gazetalarda chiqadi. Keyin ularni katta kitob holida nashr qildiraman. Universitetni tamomlagach esa Mitskevich, Varshava va Polьsha tarixi haqida maqolalar yozaman. Erim Adolьf haqida xotiralar, memuar ham.

U so’zlash bilan bir vaqtda operatsiya paytida bemorlar kiyadigan yengsiz ko’ylakni kiyarkan, hamshira unga zimdan achinib qarardi.

-Keyin bir kun kelib adabiyot yo’nalishida Nobelь mukofoti olasiz, -uning gapiga yakun yasadi hamshira ko’p o’tmay yana bir marta uni quchib, taskin berarkan.

-Nobelь mukofoti?!- hayron bo’ldi Xalina zambilga yotib, ustiga choyshabni tashlarkan va birdan qah-qah urib kulib yubordi.- Ha, Nobelь mukofotini ham olaman. Demak, uzoq umr ko’rarkanman. Chunki, ushbu mukofotni chol va kampirlarga berishadi-da!

Uni zambilda xonadan olib chiqishganda, eshik oldida shlyapasini qo’liga tutib, mulzam holda turgan professor unga yaqinlashdi. Unga ko’zi tushgach, Xalinaning rangi birdan oqarib ketdi. Lablaridagi kulgudan asar qolmadi.

-Professor, professor,- dedi uning qo’llarini qattiq ushlab og’ir-og’ir nafas olarkan- Qarang bularni… qarang… meni operatsiya stoliga olib kirib ketishyapti. Buncha tez bo’lmasa… buncha tez… Varshavani yana ko’rarmikinman? Ayting, yana ko’ramanmi? Qadrdonim Varshavani…

Professor peshonasidan o’pib uni tinchlantirgandek bo’ldi.

-Albatta, pani Posvyatovskaya! Varshavani ko’rasiz yana. Nasib qilsa hali birga qaytmiz. O’sha kemada.

-Mabodo, operatsiyadan chiqmasam bu yerga dafn etmanglar meni. Xo’pmi? Jasadimni Varshavaga olib boringlar! Erim Adolьfning yoniga qo’yinglar! Qo’mitaga ayting shuni. So’z bering aytishga, iltimos!

-Xo’p, qizim… Xo’p…

Yo’lakda odam ko’p edi. Hamshiralar, vrachlar, bemorlar bir-birlariga halaqit bergancha uni to’ldirishgan, boz ustiga g’ala-g’ovur quloqni qomatga keltirardi. Buning natijasida zambilni g’ildiratib yetaklab liftni oldiga borguncha ko’p vaqt o’tib ketdi. Yig’layotgan ko’zlarini yo’lak bo’ylab yumib ketgan Xalina liftga kirgachgina ularni ochdi.

-Men — Julьetta, yoshim yigirma uchda,- dedi liftning eshiklari yopilgach, shiftga bemajol tikilarkan nogahon.- Varshavani yana ko’rarmikinman?!

Esseda Gulnoz Mo’minova tarjimasidagi Xalina Posvyatovskaya she’rlaridan foydalanildi.

2020 yil, aprel. Marg’ilon

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder