7 Temmuz 2024 Pazar

Mirzo Kenjabek - Munojot

Men zabunman. Tun qoʼynida qaro tunman,

Tund bagʼrimga ziyolarni kimdan soʼray?

Oʼzim yerman, oʼzim samo, men ochunman,

Oʼzdan oʼzga dunyolarni kimdan soʼray?


Ishqim barbod boʼldi obod shaharlarda,

Barcha kuldi, men yigʼladim bahorlarda,

Yurak shabnam boʼlib tomgan saharlarda

Osmonimga zuhrolarni kimdan soʼray?!


Koʼkdan soʼra xayolimning hurlarini,

Yerdan soʼra peshonamning shoʼrlarini,

Mendan soʼra sen dardlarning turlarini –

Men dardimga davolarni kimdan soʼray?!


Sen tunlarni — yaldolarni mendan so'ra,

Xatolarni, savdolarni mendan so'ra,

Sen koʼzingga ziyolarni mendan soʼra,

Men koʼksimga havolarni kimdan soʼray?!


Netay, bordir bu togʼlarning orasida,

Oyoq izi — yuragimning yarasida.

Shafqat yoʼkdir ul koʼzlarning qorasida,

Oq mehrli qarolarni kimdan soʼray?!


Malak, sening malakliging yolgʼon ekan,

Falak, sening falakliging yolgʼon ekan!

Yurak, sening yurakliging yolgʼon ekan,

Senga boshqa samolarni kimdan soʼray?!


Men koʼzimdan yoshlar otib yigʼlay, doʼstlar,

Koʼksingizga boshlar otib yigʼlay, doʼstlar,

Tosh bagʼrimga toshlar otib yigʼlay, doʼstlar,

Yoʼqotmishim xudolarni kimdan soʼray?!


Yurakkinam, navo ista, nidolar qil,

Yo navosiz jonginamni adolar qil,

Soʼra, yetti iklimlarga sadolar qil –

Men umrimga navolarni kimdan soʼray?..

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder