Iqbol Qo’shshaeva - Tuygulardan hofizga aylangan ko'ngil

0

Yoding ko’z yoshimda suzadi har on…
Oybek

“…Sochida: Dengizning shovullagan tovushini tinglaymiz. Goh sokin o’tirib, borliqning shu mangu go’zalligini ko’ngilga solamiz, goh totli suhbatdan orom olamiz.”
Zarifa Saidnosirova

Bulutsiz samodir ko’zlaring — shaffof,
Muhabbat kitobin o’qidim unda.
Tanishdim, tatindim kunduz va tunda
Dunyoning sevinchin, farah, sururin,
Ko’zlaringdan ichdim yulduzlar nurin.

Tanish… Juda tanish holat… Men uchun ham bu ko’zlar begona emas, ularni o’qigandekman… faqat suratda. O’shandayoq muhabbat kitobini shaffof nigohdangina uqish mumkinligini tushungandek edim. Biroq bu mushkul savdo. Shaffof ko’zlar — nihoyatda kamyob hodisa. Bu nigohlar bir umr senga tikilganini his etish esa ikki dunyongga arzigulik noyob baxt! Garchi sochga oq oralasa-da, qalb iliq xotiralarni unutolmas ekan, mana shu xotiralar harorati hayotingdagi bo’shliqlarni to’ldirib turadi.

Yurakka quyilib kelayotgan Zarifaxonimning nazmiy e’tirofi 1977 yilning 20 noyabrida yon daftarga bitilgan… Ayrim iste’dod egalari bo’ladi, harqancha urinsalar-da, o’zlarining shaxsiy siri — hayotiga egalik qilolmaydilar. Ularning har bir lahzasi bora-bora umummulkka, kechinmalari esa qadriyatlarga aylanadi. Qiziq… o’zimiz bilan birga nafas olayotgan qo’shnimiz dard-dunyosini qalbimizga sig’dirolmaymiz-u, lekin, hech istisnolarsiz, Ularning iztiroblari oqib kirib, turg’un dilimizni o’rtaydi. Nega? Gap faqat nomdorlikdagina emas. Agar shunday bo’lganida qadriyatlar maskani bo’lmish ko’ngilni bugun o’zini mashhur deb bilgan har kimsa chuchmal da’vosini ko’z-ko’z qiladigan allaqanday ko’zguga aylantirib olgan bo’lardi. Davrning shamollariga tebranmasdan qalbdagi gavharni hayot to’zonlaridan asrab o’tolgan har bir Shaxs o’z “men”ida minglab “men”lar taqdirini joylay olgani uchun ham, ular dunyosi — azobu sevinchi butun insoniyatga tegishlidir. Shundaylar ham yashaydi: ular uchun hayotning mohiyati bir umr qorong’i… “nimadir” bo’lishi mumkinligi, qalb yetgan manzillarga aql hech qachon yetib borolmasligi xayol ko’chasidan bir bor bo’lsa-da o’tmaydi…

Biz shu kungacha o’zbekning birinchi rassom qizi —ma’rifatparvar Saidnosirboyning farzandi haqida ko’p eshitganmiz; bir qancha avlodlar bu kimyogar olimaning ilmiy ishlaridan bahramand bo’lib ulg’ayganini bilardik; “So’nggi darvesh”imiz — Oybegimizning xasta qalbiga tirgak bo’lgan azamat Ayolni ham tanir edik; keyinchalik “Toshkent oqshomining quyuqlasha boshlagan qorong’isida endigina tug’ilgan oyning nozik o’roqchasi bulutlar dengizida asta oqar, undan taralayotgan bir tutam nur bizning qalbimizga sharob bo’lib quyulmoqda edi. Bu sharobdan ikkimiz mast edik. U birinchi marta meni qo’ltiqlab olgan, qadamlarimizni bilmadim-u, ammo yuraklarimiz barobar urayotgandek edi, shu topda…”, — deya voqelikni nozik mushohada etgan adiba Zarifa Saidnosirovani o’qidik. O’yladikki, u o’zining teran hissiyotlarga boy qalbini faqat shu mo»jaz kitob (“Oybegim mening”)shaklida bizga meros qoldirgan deb… Ulg’aygan dard yetovida yulduzlar izidan yurgan bu Ayol — bugun biz va farzandlari uchun ham ruhan bedor, taskinni tabiat o’jarliklaridan izlagan, undagi har bir hodisani chuqur ehtirom bilan qabul qiladigan, tuyg’ulari tiniq shoirona qalb egasi sifatida yana bir karra tug’ildi. Siz tag’in o’ylayotgandirsiz:“Ha, endi o’z ehtiroslarining yog’ida qovrilib yotgan, bahor havosini eslatadigan ayollar kayfiyatining mavhum ranglaridan iborat mahdud she’riyat-da,” deb. Agar siz uning nazm shaklidagi o’y-kechinmalari bilan tanishib chiqsangiz, muayyan bir jins vakilasining didaktikaga moyil mayin diydiyolariga emas, balki mana shu jafokash zaminning bir a’zosi sifatida borliqqa nazar tashlab uni mushohada etayotgan ma’rifatli Inson iqrorlariga duch kelasiz. Ma’rifatlilik iste’dodni ko’z-ko’z qilishdan va buning oqibati bo’lmish abgorlikdan asraydi. U bo’lmagan joyda farosatsizlik boshlanadi, oqibatda sho’rlik iste’dod ichi bo’m-bo’sh nog’oraga o’xshab quruq shovqinga aylanadi-qoladi.

Zarifa opaning qo’lyozmalarini ko’zdan kechira turib amin bo’ldimki, uning o’zi 1964 yilning 20 oktyabrida yozilgan bir she’rida aytganidek, “tuyg’ulardan, hislardan hofizga aylangan ko’ngli” bir on bo’lsa-da tinmaydi(yon daftardagi she’rlar sanasi 1917 yildan –1980 yilgacha).

Hayrat — go’zallik bilan go’zallik uchrashadigan oniy lahza… Axir, sara insonlarning mana shu hayrati evaziga bu xoksor zaminda hayot davom etmayaptimikan? Biroq u o’z hayratini barchadan pinhon tutadi. Sabab, katta Shoir imkoniyati qarshisida o’zini ojiz sezadi. Qolaversa, u xotiralarida “…tuyg’ular shoshib kelganda, ularni to’sish, bo’g’ishga ko’nglim bo’lmaydi”, deb yozadi. O’shandagina, “noilojlikdan” qo’liga qalam oladi. Shuning uchun bo’lsa kerak, shoira o’z sog’inchi haqida gapirganda yoki tabiatga murojaat etganda, samoviy xayollar bilan o’rtanganda uning ehtiroslaridan ko’ngling beixtiyor cheksizlikni tuyadi, go’yoki butun borlig’ing bilan intihosizlik tomon talpinasan…
Oybekning o’zi ham o’ziga qarata yozilgan bu hazin dardkashlikdan bexabar bo’lgandir, ehtimol:

Ayvondagi qo’sh kabutar
Xush ko’ringiz, bizlar mehmon.
Azizimni — shoirimni
Bir xastalik yiqdi pinhon.
Tutqunlarga sirdosh, ulfat
Kabutarlar, buyuk shoir
Xastalikka bugun tutqun,
Dilkash bo’ling, holi og’ir…

15 oktyabr, 1964.

Uzr, men shoirni “hazin dardkashlikdan bexabar”, deya adashdim. Garchi u so’zga ko’chgan hil-hil og’riqdan bexabar esa-da, ko’zga aylanib ketgan ko’ngli bilan Zarifasi ruhini aks ettirib turgan nigohlaridan, tovushidagi tuyg’ular titrog’idan bari-barisini bizdan-da ko’ra chuqurroq his etgan bo’lishi aniq. Zarifa o’z kechinmalarini jimjimador ohangga solib shoiriga o’qiy olmasligini ham samimiyat bilan qabul qiladi, chunki sevmagan ayolgina karashmaga zo’r berishi uning uchun azaliy haqiqat. E’tibor bering: Zarifa opa Oybek bilan uchrashib yurgan vaqtlarida kundaligida shunday yozgandi: “…Oh, mening kichkina daftarcham, nelar gaplashganimizni yozgim kelmaydi. Shu vaqtga qadar qaysi bir ruhiy holatimni, nozik tuyg’ularimni to’la yoza oldim?.. Bularni saqlaydigan daftar — qalbimning o’zi! Sen esa uning ko’lkasisan, xolos”. Darhaqiqat, qog’ozga fikr-tuyg’ularning ma’lum bir shaklga kirgan, sayqallangan nusxasigina tushadi. Yozuv — iztirobning soyasi, xolos. Shu damda tuyg’ularingdan kimningdir kulayotganini sezsang, ayniqsa, mahbub kulgisi — u bilan hissiyotlaring orasidagi masofa olisligini, hech qachon yetib borolmasligini, uning begona ekanini ta’kidlaydi, bu holatda o’zingni kechirishing qiyin. Nazarimda, shu sabab ham uning ayol qalbi “Agar Oybek bunday nochor satrlarni ko’rganda, ne degan bo’lardi? Kularmidi?” degan savolni bir necha bor o’ziga beradi. Axir, satrlar ortida yurak yashiringan-da! Bu kabi ayollar har qancha og’ir bo’lmasin, bir umr o’z tuyg’ularini ko’ksiga qamab o’tib ketishadi. Sirtdan qaraganda mantiqsizlik bo’lib ko’rinar, lekin ichki ibo uni shu andishalarga, ba’zan… yo’qotishlarga olib borishi mumkin. Darvoqe, yosh shoir unga: “Sen nihoyat nozik tabiatli, murakkab qizsan… Men shuning uchun ham sevaman seni” deb aytgan edi.

Sevgan sevilmishda yo’qolayotgan o’zini topadi. Balki zamondoshlarimizga erish tuyular, Layli jamolini ko’rib hushdan ketgan Qaysning Majnun bo’lib uyg’onishi Shoir xayoloti mahsuligina emas. Sargashta ruh o’z mahramini taniydi. Bu diydorning nafsimizga qaram bo’lgan zaif tafakkurimiz yetib borolmaydigan ne-ne so’qmoqlari bor. Yoki “bir boqishda muhabbat” iborasi ham so’zlashuv lug’atimizni boyitish uchun o’ylab topilmagan. Faqat o’sha damda bu holatni ne deb nomlashga gangiysan. Oybek va Zarifa dunyosini ko’nglimdan o’tkaza turib ko’hna haqiqatga yana bir karra amin bo’ldim: insonning mohiyati uning muhabbatida aks etar ekan. Oybek o’zidek mungli oshnasi oy bilan dardlashib, koinotdan najot izlaydi:

Salom, ey Oy,
Mungli eski do’st!
Boq, tagimda yana
O’sha taqir po’st.
O’sha shamshod aso,
O’sha qamish nay…
Faqat o’zga hijron,
O’zga jon va may.
Majhul sahrodamen,
Oy, bo’l pir va esh,
G’oyaga erishsin
Bu so’nggi darvesh!

Zarifa esa yuragidan manguga joy olgan yulduzlar vositasida fazoga murojaat etadi:

Termulaman Cho’lpon yulduzga,
Deyman, unda nelar bor ekan?

Muhimi ikkovining ham nigohi intihosiz ko’kka tikilgan. Menimcha, ularning bemahal uchrashmagani va bir-birini o’z vaqtidayoq tanib, umr bo’yi bu mo»jizaning mas’uliyatini sezib o’tganliklari Taqdirning buyuk tuhfasi bo’lsa kerak. Yo’qsa, ular qismati ham baxtsiz muhabbat tarixini yana bittaga boyitgan bo’larmidi? Baxt baxtsizlik singari surbet emas, u o’zini aytmasdan, sezdirmasdan keladi. Hayot haqiqati shuki, uzoq yil umrguzaronlik qilib ham yoningdagi odamni tanimay o’tib ketishing mumkin ekan. Xuddi Andrey Voznesenskiy bir she’rida iqror bo’lganidek: “…ishq-sevgidan ichdik qasamlar… poyimda aylanib o’rgilding ming bor …birga uzoq yashadik, biroq tanimading sen meni zinhor”.
Oybekdek hassos insonga oldinda o’zini kutib turgan chaqirtikanakli yo’llardan omon o’tishi uchun ham bir hamohang qalb zarur edi. Zarifa menga Oybek ko’nglidagi cheksizlikni, Oybek esa Zarifa dunyosidagi teranlikni uqtirar, o’zimcha bir-biridan ularning o’zini topgandek bo’laman… Besh asrdirki, Hazrat Navoiyning muhabbati biz uchun savol. Uning buyuk ko’nglini, orzu-xayollarini faqat asarlari orqali uqishimiz mumkin. Agar Shoir hissiyoti bilan bo’ylasha oladigan Ayol kimligini bilganimizda ham biz daho yuragining shu kungacha qorong’i burchaklariga mo’ralab, o’zimiz uchun Uni yana bir karra kashf etgan bo’larmidik? Balki, okeanning bu sohili loqayd yer fuqarolari uchun o’tish mumkin bo’lmagan, manguga man’ etilgan hududdir. Shuning o’zi ham Ulug’ Shoir ruhiyati qay darajada sirli ekanini ko’rsatadi.

“…Oybek tokchadan “Turk adabiyoti tarixi”ni olib, yostiqqa yonboshladi. Tavfiq Fikrat, Yahyo Kamol she’rlarini o’qirkan, nazarimda, nihoyat men ham u chertayotgan tanbur sadolariga hamohang va ham jo’r bo’la boshlagan edim’’. Mana shu hamohanglik, ruhan mushtaraklik, borliqni birgalikda tuyish hissi, tuyg’u-iztiroblar uyg’unligi, aynan oybekona ehtiros Zarifa Saidnosirova she’rlaridagi ko’zga yalt etib tashlanadigan jihatdir.

…Sevaman xayolni, bandiman mangu,
Xayollar zabt etgan butun borlig’im.
Xayollar bulutday olib ketadi,
Yulduzlar olami — keng sayrgohim.

Shaffof samo uzra uchdi oq bulut,
Dilga to’ldi orom, men behush shaydo.
Quyosh etagida eridi bulut
Bo’ldi shunda hislar quyuni paydo.

26 iyun, 1973.

Nozikta’b olim Ibrohim Haqqul “Oybek samoviy ehtiroslar musavviri” deb bejiz aytmaganini shoir she’riyatidan xabardor she’rxonlar tushunadi. Yuqorida guvoh bo’lganingizdek, xayollar asirasiga aylangan ayolning sarmast ko’ngli ham samoviy hissiyotlar og’ushida tentiraydi. U bizga “Xayollar dengizi misli xazina” deya e’tirof etgan Oybegimizni eslatadi.

Xayolim qo’ynida yotgan choqlarda
Ipakday qo’llari ko’nglimni silar.
O’zimni sezaman yuksak tog’larda,
Har narsa ko’zimga sekin suzilar…

Kiprigimga alam qo’ngan onlarda,
Xayolim bo’yniga qo’lni tashlayman.
Jondan go’zaldir shu zamonlarda
Yoqut ko’zlaridan o’pa boshlayman.
Bir kulsa uzoqdan xayollar guli,
Yashnaydi shoirning shu tentak ko’ngli.

Oybek, 1928.

Yagona olamga aylanib ketgan ikki xayolparast ko’ngilning bu she’rlari mohiyatan Cho’lponning “Xayol, xayol, yolg’iz xayol go’zaldir, haqiqatning ko’zlaridan qo’rqaman…” hikmatga aylangan misrasidagi xavotir sirini shivirlaydi. Sarkash xayol esa o’z makonini qo’l yetmas cho’qqilardan izlaydi…

…Shamolday uchaman, oshib bulutga,
Kezaman, xayolim — o’zga bir o’lka.

23 avgust,1973.

Faqat xayol ko’magida ko’zing qorachig’ini ichkariga qarata olasan. Ko’ngilga sho’ng’ish san’atini egallagan odamninggina nigohi Samoga qaraydi. Ko’ngil qa’riga botib Osmon kalitini izlash, uning borligi haqida o’ylash mumkin. Ishonavering, xayol surish qobiliyatidan mahrum kimsa haqiqat bilan yolg’on chegaralarini farqlolmay, ularning rangini tanimasdan o’tib ketadi. Aslida bu dunyoda ulkan haqiqatlarni aytgan, mangu savollarga javob izlash ishqida yonganlarning bari olomon tomonidan kalaka qilingan buyuk xayolparastlardir. Aynan shulargina hayot haqiqatining shafqatsizligini, vafosiz o’yinlarini o’zgalardan ko’ra kuchliroq tuyadi. Biroq o’jar xohishga aylangan his olam va odamni toza ko’rish orzusidan bir zum tinmaydi. Dardga aylangan mana shu daydi xayollar insonni san’atkorga aylantiradi. Nazarimda, Xayol — Osmon bilan Yerni bir-biriga bog’lab turgan sirli-sehrli arqon-robita. Uning yordamida kelajak o’tmish bilan uchrashadi. Olloh o’zining bu bebeaho in’omi yordamida ham O’zini biz — sarsonlarga eslatib turadigandek. Odatiy hisob-kitobli, turmushning quyqalari bilan bejalgan xira qiyofalarni, hafsalani pir qilar darajadagi ko’ngilni cho’ktiradigan bo’m-bo’sh so’nik ko’zlarni ko’raverib, ba’zan tabassum ortida iztirobning mayin nurlari qalqib chiqqan o’ychan-xayolchan, ma’sum yuzlarni shu qadar sog’inasanki…

Qirg’og’i bo’lmagan bu keng muhitda,
Hech orom topmadi bu kichik kema.
To’lqinlar qarimas, kuchi sinmasmi?
Bu kema manzilga yetmasmi, nega?..
O’pqundan o’pqunga otadi to’lqin,
Faqat cho’pda qoldik, buzildi kema.
Bir cho’p, bir xashak bo’lib qolsa-da,
Ko’rursiz, manzilga eltar cho’p — kema.

24 iyul, 1937.

She’r sanasining o’ziyoq bizga ko’p narsalarni aytib turibdi. O’tgan asrning mash’um o’ttiz yettinchi yilining yozi o’zbek madaniyati uchun hech unutib bo’lmas dahshatli tush edi. Millatni “xalq dushman”larining ta’siridan butkul “tozalash” uchun vahimali so’roqlar ayni avjiga chiqqan… “Kichik kema” — Oybek Cho’lpon, Qodiriylar dumi, Usmon Nosirga xayrixoh odam sifatida ta’qibga uchrab, turmush dengizining shafqatsiz girdobiga tushib qolgan kezlar… Qay bir ma’noda davr yugurdaklarining Oybekka qo’ygan “ayb”lariga asos ham bor. Cho’lpon, Qodiriylar faqat Oybekning o’ziga emas, balki uning ayoliga ham ayricha hurmat bilan qarashar, Elbek esa Zarifa Saidnosirovaning “Anorganik kimyo” darsligiga muharrirlik qilgan, oilalar o’rtasida do’stona munosabat ham bo’lgan. Habibulla Qodiriy o’z xotiralarida otasining quyidagi gaplarini eslaydi: “Oybek Leningradda o’qigan, SAGUni tamomlagan, qobiliyatli pokiza olim. U yosh bo’la turib dorilfununda dars beradi, buning ustiga shoir ham. Rafiqasi kimyogar olima, kimyo darsligi kitobini yozgan. Lekin u, “men olimaman” deb sira kibrlanmaydi, o’zini kamtar tutadi, erini hurmat qiladi”. Mahbubasining umid to’la nurli iztiroblari she’rga ko’chmasdan o’n ikki yil oldin, bu dolg’ali hayotning “yosh yo’lchi”si shunday deya o’tingan edi:

…Quturma, dengiz,
Hovliqma, dengiz.
Kichik qayiqni
Irg’itma, dengiz…

Zarifa xonimning “yozish kerakligi uchun” yozilmagan, ko’ngildan to’kilgan satrlari bizga Shoir adabiy xazinasining davomi bo’lib ko’rinadi. Ikkalasining ham so’nggi nafasiga qadar asray olgan hayrati “muhabbat — mangu ma’naviy tashnalik”dir deya so’zlaydi. Umrning tovonni kuydiradigan darajadagi o’nqir-cho’nqir yo’llaridan katta tuyg’ularni qalbda olib o’tishning sababi, nazarimda, ISHONChning darz ketmaganligidadir. Noyob hodisa! Muhabbat o’z ko’ksiga butun hayotni — borliqni joylaydi. Unga bo’lgan ishonchsizlik hayotga ishonchning yo’qolishi aslida. Tuyg’ulari yemirilgan erkakka siz ayolning muqaddasligi va hayotning ulug’vorligi haqida har qancha va’z o’qimang, baribir, olam unga bevafo ayol ishvasidek jilva qilaveradi. Qalbi vayron bo’lgan ayol uchun esa bularning bari ertak bo’lib tuyuladi, ertak bo’lgandayam istehzoga boy ertak.

Zarifa Saidnosirova she’riyati — shoirlik da’vosidan mutlaq ozod, bachkana shuhratdan baland turadigan sof lirika. Qolaversa, uning o’ziga xos erkin va vazmin dunyosi bizning havoyi xushomadlarimizga muhtoj ham emas. Faqat… bir o’kinchim.. Onam ko’ksiga bosh qo’ygancha, undan eshitayotgan ertaklar ko’magida endigina dunyoning ola-quroq ranglarini ko’ra boshlaganimda U aytadigan so’zlarini aytib, bu dunyoni tark etib ketgan edi… Bugun esa, u bilan qoldirib ketgan merosi orqaligina sirlashish imkoniga egamiz, xolos. Zarifa opa Oybekni nazarda tutib “Hozir xotiralarim ummonidan izlayman uni”, deb yozgan edi. Endi esa uning o’zini tuyg’ulari ummonidan izlayapman. Taassurotlarimga erk berib yuborayotganimning boisi ham shunda bo’lsa kerak. Ba’zan o’tib ketganlar garchi biz bilan mana shu havodan nafas olishmayotgan bo’lishsa-da, tiriklardan ko’ra hayot haqida, tiriklik haqida senga ko’proq narsalarni aytib turadilar. Tiriklar berolmagan taskinni ular beradilar. Shuning uchun qabristonu muzeylarni yolg’iz ziyorat qilgan afzal. U joylarda kuzgi yaproqlardek uzilay-uzilay deb turgan vijdoning yana yashash uchun o’ziga kuch yig’adi… Qadam-baqadam sendan olislayotgan o’tmish qarshisida unsiz bosh egasan… Oyog’ing tegib turgan mana shu dumaloq Yerda farishtalarga sirdosh tutingancha, samoviy tushunchalar bilan yashab o’tgan sara Ayollarni ichki xo’rsiniq bilan qo’msaysan…

Sir to’la fazoni oralab uchsam —
Yetti qat samoda men — ona burgut.
Yulduzlar, quyoshlar yo’qdir sanog’i,
To’shimga sad bo’lmas zo’r karvon bulut.

Daryolar ustida men bir qaldirg’och,
Qanotim to’lqinni chaqmoqday urar.
Oh, nechuk huzur bu, nechuk bu nash’a!!!
Tuyg’ular to’foni qalbimni yorar.

Zarifaxonimning so’nggi she’ri… Ha, bu qaysar qismat qudrati qarshisida bosh egmaslikning sira iloji yo’q. Uning tahir sharobi sarxush etgancha qanot bag’ishlab ko’kka chorlaydi, o’zining mo»jizasiga inontiradi. Shu bois yashab o’tilgan umr tovon o’rniga faqat ko’zyoshlarnigina emas, iztiroblardan g’olib kelgan ehtiromni ham so’raydi. Ehtirom suratidagi bu hayrat goh yerdagi tubanliklardan olislab ketgan, yetti qat samoda parvoz etguvchi mag’rur ona-Burgutga aylantirsa, goh daryolar — zamonlar to’lqinini-da pisand etmayotgan erka qaldirg’ochga aylantiradi. Ozod ruhning bunday go’zal raqsiga esa bulutlar ham soya sololmas… Toshdek qattiq zamin tuyg’ularni chiniqtiradi, toblaydi, aksariyat hollarda, o’zining dag’al ko’ksiga urgancha hislarni chilparchin qilib tashlaydi. Faqat toptalmagan hur ko’ngilgina o’zining azaliy manzili cheksiz sir sari — fazo tomon talpinadi. Bu navobaxsh qalb bir umr hissiyotlar g’alayonini o’zining qalin muqovasi ortiga yashirib yashagan hech tugatib bo’lmas kitobga o’xshaydi…

Inson qalbi orkestr kuylari ostida o’z halokatini qarshi olgan ulkan “Titanik”ni ham eslatadi: bari tugayotganini, fojia muqarrarligini bilsa-da, baxt haqidagi xayollaridan, hayotiy orzularidan voz kecholmaydi.

…Olima qo’l bilan ushlab bo’lmaydigan, tutqich bermas oniy lahzalar hayajonini ilg’ash orqali o’zining ichki olamini manguga muhrlagan. Bugun biz o’qiyotgan bu she’rlar haqida birovga aytishga, hatto bolalarini-da xabardor qilishga ham uning tomirida oqayotgan “oqsuyak” qoni yo’l qo’ymagandir, balki. Biroq… U umrining naq shomida turli yillarda, har xil vaziyatlarda arab imlosida yozilgan yuzdan ziyod she’rlarini — yashab o’tgan lahzalarini sovurmasdan, bitta daftarga kiril yozuvida jamlaydi. Shu tariqa oqib ketgan umriga — Qismatga so’nggi bora o’z hurmatini bajo keltiradi.

…O’y-xayollarni jilovlash ilinjida yozuvlarimga nuqta qo’ymoqchi bo’laman, biroq… oqcharloqlarni umrimda hech ko’rmaganman, lekin ularni taniyman… Ayniqsa, Richard Baxning “Oqcharloq”lari erta tongdan qulog’im ostida tinmay chug’urlab oromimni o’g’irlaydi…

“Sen tasavvur qilasanmi: yashashdan maqsad — qorin to’yg’azish, ozuqa talashib janjallashish yoki To’daga hokim bo’laman deb kuyib-pishishdan iborat emasligini anglab yetish uchun har qaysimiz nechta umrni yashab ko’rishimiz lozim bo’lar ekan?..”

Manba: “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2008 yil.

Yorum Gönder

0 Yorumlar

Yorum Gönder (0)

#buttons=(Çerezleri kabul et) #days=(20)

Sitemizde çerezler kullanılmaktadır. Kabul
Çerezleri kabul et