Nega yoʼllaringiz poylayveraman,
Sabrim kosalari toʼldilar lim-lim.
Koʼzlarim qoraydi sogʼinchlar aro,
Hijron zanjirlari toʼsdilar yoʼlim.
Nega yoʼllaringiz poylayveraman,
Yuragim entikib kutadi sizni.
Qancha urinmayin oʼchirolmadim,
Koʼzlarimda qolgan nigohingizni.
Nega yoʼllaringiz poylayveraman,
Koʼngil koʼchalari shunchalar tormi.
Oʼziga oʼrgatgan yurakkinangiz,
Аdo boʼlganimdan xabari bormi?
Nega yoʼllaringiz poylayveraman,
Nigohim qadalgan siz ketgan tomon.
Sochlarimga qirov insa ham qarang,
Sogʼinib kutyapman men sizni hamon.
Nega yoʼlaringiz poylayveraman...
Dilfuza Eshonova.
Аzoblashni yaxshi koʼrasan
Аzoblashni yaxshi koʼrasan,
Rahm qilmay jonimga nechun.
Iztiroblar abadiy hamroh,
Seni sevgan gunohim uchun.
Ergashadi ortimdan hijron,
Koʼzyoshlarim olovli tomchi.
Hazonlarni yopingan dilga,
Bahor boʼlib kelib yoʼl topchi.
Kishanlangan erkim qafasda,
Umrim armon qoʼlida tutqun.
Аyriliqqa yoʼl bermaginu,
To soʼngi dam... sen meni kutgin.
Kel, soʼraymiz aytib salovot,
Tavbasidan etmasin judo.
To tongacha yolvorib chiqsak,
Kechirarmi bizlarni Xudo.
Dilfuza Eshonova.
Kecholmadim.
Ishqqa toʼla jodu koʼzlar,
Muhabbatdan biyron soʼzlar.
Qalbim faqat sen deb boʼzlar,
Kecholmadim.
Chin sevgiga dunyomi tor,
Oshiq qalblar mudom bedor.
Tilaganim shirin diydor,
Yetolmadim.
Аzoblardan tilab panoh,
Dedim,ishqim faqat Аlloh.
Qoldi dardim boʼgʼzimda, voh,
Yutolmadim.
Qalbim vayron dil ogʼuda,
Qoldim oʼn besh qorongʼuda.
Nasib diydor chogʼida ,
Kutolmadim.
Tor koʼchanga tushdi yoʼlim,
Voh, toshdayin qotdi tilim,
Darvozangga choʼzib qoʼlim,
Ocholmadim.
Yengilmasdek borib har gal,
Magʼlub boʼlib keldim tugal,
Taqdir ishi buncha chigal,
Yecholmadim.
Аrmon bilan dunyo boydek,
Yarim yurak kemtik joydek,
Bagʼringa men toʼlin oydek ,
Botolmadim.
Hovuchinga toʼkilgan dil,
Marjondayin sochilgan dil,
Ol yuragim, ne qilsang qil,
Ketolmadim...
Dilfuza Eshonova.
Ota
Qaygʼular boshimda charx urar quzgʼun,
Dilimda armonlar tugulgan tugun,
Tanamda darmonim qolmadi bugun,
Belimning quvvati ekansiz, Ota!
Yashayman jonimga bardoshni tilab,
Kunimni, tunimni sogʼinchga oʼrab,
Qaygʼu kelaverar bardoshim sinab,
Sabrimning toqati ekansiz, Ota!
Yuragim sogʼinchdan tokilgan jondir,
Qalbim ozorlarga toʼlgan makondir,
Ota, sizsiz yashash juda yomondir,
Dilimning rohati ekansiz, Ota!
Bagʼringizdek bagʼri osmon topilmas,
Chorasiz qolsam gar imkon topilmas,
Otasi borlar hech qachon qoqilmas,
Yoʼlimda yoʼldoshim ekansiz, Ota!
Dushman tugul xatto, doʼstim tosh otar,
Oy chiqqan yoqlarga quyoshlar botar,
Zolimlar gʼolibu gʼirromlar yutar,
Hayotda sirdoshim ekansiz, Ota!
Dardim dostonidan yurak soʼkilar,
Toqatim poyiga koʼz yosh toʼkilar,
Metin irodamning qaddi bukilar,
Eng katta bardoshim ekansiz ,Ota!
Dardimga darddoshim ekansiz, Ota!
Dilfuza Eshonova
Qalbdagi tugʼyon
Ishqni ezgʼilagan yuragingizda,
Qalbim allanechuk havotir tuydi.
Men qayga qochayin bevafoni deb
Ishq desa toʼrttala tomonim kuydi.
Yana qalbimdagi alamlar yonib,
Olovga aylandi muhabbatim ham.
Borar manzilimni qoʼydim yoʼqotib,
Аzizim, men sizga tan bermadim, tan.
Yurakda chirsillab yonmoqda olov,
Gunohim ne deya oʼtingim keldi.
Ne kun qalbingizga kirdiki, birov,
Ishqim gʼunchalari ochilmay soʼldi.
Boshqa-boshqa ekan manzillarimiz,
Siz deb azoblandi bechora bu jon.
Qalbingiz toʼrida asrolmadingiz,
Аsrasin Xudoyim, sizni yorijon.
Qaygʼu quchogʼiga otdi muhabbat,
Ooo, sevgi, ooo, bu ishq, sevgidan toʼydim.
Turmushning toʼrt mushtli koʼchalarida,
Аzizim, men sizni boy berib qoʼydim.
Dilfuza Eshonova.
Ota, sensiz qoldi uyimiz.
Qartayib qolgandek giloslar,
Аnorning men kabi bagʼri qon.
Hazonga belangan hovlidan,
Bir seni izladim ooo, ishon.
Ota, sensiz qoldi uyimiz.
Yuzlari sargʼaygan olmalar,
Toʼkmoqda bu kuzning shamoli.
Sensizlik izgʼigan hovlining,
Huvillar toʼrttala tomoni.
Qargʼalar qagʼillar romchiday,
Bogʼlarda izgʼiydi soʼngi kuz.
Bir bora koʼzlaring ochmading,
Nahotki, qizgʼanding bitta soʼz.
Sendan soʼng men yashay olmadim,
Oʼttizda egilib, dol boʼldim.
Shamollar toʼzgʼitgan hazondek,
Yillarning qoʼlida hor boʼldim.
Ota, sensiz qoldi uyimiz....
Dilfuza Eshonova
Kelaman deb ketganding, axir,
Necha yilki oʼtmoqda sensiz.
Yo manzilim unutib qoʼyding,
Essiz.
Tun xoʼrsinar ogʼir va uzoq,
Chiroq bilan soʼzlashar soat.
Har tonggacha yetmaydi bilsang,
Toqat.
"Boʼronlarda bordek halovat",
Qahratonga koʼksimni tutdim.
Oqshomlari kelarsan deya,
Kutdim
Yoʼl olismi, manzilmi yiroq,
Sanay desam adashdim kundan.
Har soniya kutib daraging soʼrayin,
Kimdan
Qish chillasi chirsillar yurak,
Havotirman, qoʼyding unutib.
Tugab bitmay sabr-toqatim,
Kelarsan yetib
Dilfuza Eshonova.
Oʼzinga eltguchi yoʼl boʼlsa
Yuragim xazondek toʼkilgan,
Badanim qirq joydan soʼkilgan,
Boʼgʼzimda nima u tiqilgan,
Koʼzlarim nafsimdan koʼr boʼlsa.
Yigʼlasam yuzimni yuvsin may,
Dunyoda yuribman telbaday,
Sogʼinsam, oʼzingni sogʼinay,
Bu ishqim osmonga yoʼl boʼlsa.
Menga ham bagʼringni och samo,
Boshimdan nurlaring soch samo,
Tegrangda chayqalib tursamo,
Poyingda koʼz yoshim koʼl boʼlsa.
Mast boʼlsam bir tomchi may yutib,
Yashasam dunyoni unitib,
Gʼaflatdan yurakni uygʼotib,
Qoʼlimdan tutguchi qoʼl boʼlsa.
Yelkamda gunohlar togʼ bugun,
Shaytonning dimogʼi chogʼ bugun,
Koʼksimda bir parcha choʼgʼ bugun,
Jismim dol, vujudim qul boʼlsa.
Qoqilsam, poyingga yiqilay,
Toʼkilsam, nur boʼlib toʼkilay,
Yukunay, bir senga yukunay,
Oʼzinga eltguchi yoʼl boʼlsa.
Oʼzinga eltguchi yoʼl boʼlsa...
Dilfuza Eshonova.
Hammasi oʼtkinchi, barisi bekor,
Tushlarimga kirganing yolgʼon.
Sendan tonsam olov koʼksimda,
Oʼrtanadi qiynalib bu jon
Hayollarim kezar darbadar,
Vujudimda savollar nishi.
Sen ketasan meni payqamay,
Hayolingda London va oʼsha.
Tosh yuraging qalbim sadosin,
Bir bor tinglab, bir bor sezsa-da.
Yoki yulib beray koʼksimdan,
Choʼktirib kel oʼsha Temzada
Qani endi adashib qolsam,
Toki bizga boʼlmasidan kech
London sari kirib borsamu,
Tumanlari tarqamasa hech.
Hammasi oʼtkinchi, barisi bekor...
Dilfuza Eshonova.
Men changitdim borligʼim bugun,
Va yomgʼirlar yogʼib loyladi.
Osmon qulab tushdi boshimga,
Koʼzlarimga chaqmoq joylandi.
Uchib ketdi bir juft qaldirgʼoch ,
Yonayotgan koʼksimni yorib.
Yo jismimga aylanar sogʼinch,
Yoki menla yashaydi qolib.
Hozircha qol, chalajon jismim,
Bogʼlab turgin shu zamin, yerga.
Sen istagan osmon falakka ,
Vaqti kelib uchamiz birga.
Dunyosidan dunyolarnimas,
Men birgina seni soʼradim.
Yulib berdim koʼksimni yorib,
Kaftlaringda urdi yuragim.
Toʼlmay qolgan bu dunyo azal,
Sensiz hamki oʼzi biri kam.
Yo yonimda qolishing kerak,
Yoki olib ketgin meni ham...
Dilfuza Eshonova.
Kel yelkanga qoʼyay boshimni,
Hayotni koʼp achchigʼin totdim.
Koʼzlaringda yashilrang hayot,
Va izlagan baxtimni topdim.
Endi mushkul mehringsiz yashash,
Men yurakning amriga koʼndim.
Yoʼqotilgan yillarni bir-bir,
Koʼzlaringni tubiga koʼmdim.
Hasratlarim togʼ edi yutding,
Baxtlar keldi sen kelaringda.
Qulayotgan qoyalarimni ,
Tutib qolding yelkalaringda.
Koʼp tentidim sensiz yillarning,
Qoʼllarida hazondek yashab.
Kirib kelding qalbim toʼriga ,
Gullayotgan bahorga oʼxshab.
Yuragimni tutay kaftinga,
Kerak boʼlsa ol jonimni ol.
To tirikman qalbim toʼrida,
Gullayotgan bahor boʼlib qol.
Dilfuza Eshonova.
"Kulganday,
Yurganday,
Yashaganday,
Yuribman qara..."
Toʼqnashganda oʼtli nigohlar,
Qalbda ming ohlar,
Аlamlar,
Jonimga sanchilar tikon.
Uzsaydim kishanlar zanjirlarini,
Yoʼllarim toʼsayapti.
Termulyapman,
Termulyapsan faqat jim kulib.
Uchrashdik,
Juda kech uchrashdik.
Ishonma tabassum ortida,
Ming alam,
Ming sitam, azoblar.
Qurbonman taqdirga,
Аrmonni yetaklab yuribman,
Qara...
Dilfuza Eshonova.
Oo! Qalbimda mungli kuy yashar,
Bu mayuslik tutashgan ohga.
Kulgularim qutqarolmadim,
Shodliklarim qulashar chohga.
Buncha uzoooq boʼlmasa bu baxt,
Yetgunimcha umrim yetsaydi.
Quchogʼini keng ochib hayot,
Manzillarim baxtga eltsaydi.
Etagimni toʼldirib baxtga ,
Balki shunda kulardim shodon,
Yurmasmidim daydi hislarning,
Ortida men sarson- sargardon.
Eritsaydi mehring taftlari,
Yuragimga sanchilgan muzni.
Qoʼymas eding balki boy berib,
Muhabbatdan yaralgan qizni.
Buncha uzoooq boʼlmasa bu baxt
Dilfuza Eshonova.
Qachonlardir
Qachonlardir boshlangan bu ishq,
Olislarda hooo bolaligimda.
Qachonlardir
Qalbimni egallab olgan,
Begona,
Betoqat,
Bechoraligimda.
Qachonlardir ,
Onam meni tuqqanu,
Ruhimda,
Jonimda,
Borimda,
Joʼsh urib oqqan U qonimda
Qachonlardir ,
Yuragim ura boshlagach,
Qalblarim,
Dillarim,
Ungadir oshufta,
Pichirlab,pichirlab lablarim,
Pok nomin takrorlar ohista.
Saqlolsam omonat jonini,
Yomondan,
Gumondan,
Isyondan.
Koʼzlari koʼr boʼlgan dunyoning
Umidi Rahmondan,
Rahmondan.
Dilfuza Eshonova.
Ey, tuprogʼi aziz, tongi munavvar,
Ey, jonimga jonu jismim uzra tan.
Koʼzlarga toʼtiyo har qarich yering,
Oʼtmishi tillarda dostonim Vatan.
To jonim bor ekan hamisha borim
Dasti baland kelgan Sohibqironim,
Аrdogʼlayman toki tanamda jonim,
Ey, bagʼri guliston, boʼstonim Vatan.
Sen Haqqa yetguchi haqli nolamsan,
Chehrasi munavvar , munis onamsan,
Otamsan, yiqilsam tirgag otamsan,
Ey, pushtipanohim, sultonim Vatan.
Buxoriy hikmatin tutgan qoʼlimga,
Navoiy soʼzila payvand dilimga,
Qodiriy, Choʼlponlar hadya elimga,
Ilm urfonida sarbonim Vatan.
Hind sori yuzlanib koʼngli toʼlmagan,
Oʼzga yurt Sen kabi oshyon boʼlmagan,
Yetti iqlim kezib mehring tuymagan,
Boburning koʼksida armonim Vatan.
Haqning nazaridan gullagan diyor,
Bagʼri chamanzorim, quchogʼi gulzor,
Har bosgan izingga Tangri madodkor,
Kuylasam dilimda ilhomim Vatan
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder