15 Mart 2024 Cuma

Mohira Eshpo'latova - Oq bayroqlar

 

                                                           Absurdni hayotdan ma’ni  axtarib charchaganlar o’ylab topgan.

Yulduz har kungi odatiga aylangan ishi- xonaki gullariga suv qo’yar edi. Bir me’yorda jildirab oqayotgan suv ovozi juda yoqimli tuyular, u shu ovozning telba oshig’i edi. Yuvinish xonasida jo’mrakdan suvni jildiratib ochib qo’yib eshitib o’tirardi. Ba’zan bu ermak soatlab davom etar, Yulduzning o’zi esa vaqt o’tganini ham sezmasdi. Ammo u holat boshqa mana bu “bir hayot” qarshisida turib eshitish boshqa edi (Ayniqsa bu “hayot”ga o’zing hayot baxsh etgan bo’lsang ikki hissa zavq). Bir qo’lida gullarga suv qo’yadigan idish ikkinchisida telefon bilan deraza yonida xushhol turardi. Ammo oraga sovuqchilik tushganidan beri o’tgan bir oy ichida biror marta qo’ng’roqlashmagani- Boburni eslab yana kayfiyati tushdi. Yulduz o’ziga tanish raqamlarga tikilgancha unga qo’ng’iroq qilgan taqdirda nima deyishini o’yladi.Va Boburni ilk ko’rgan, tanigan kunini esladi. O’sha kungi yigitning og’ir tushkunlikdagi ruhiy ahvolini eslash uni bundan battar ayblarini kechirishga sabab bo’la olardi. (Albatta, achinish- ayol kishining ojiz tomoni)

Shuning uchun ham o’rtadagi kelishmovchiliklarni chetga  surib qilmagan aybi uchun uzr so’rashga shaylanib turardi. “Axir, men nima uchun yonida bo’lishni istagandim, bir dardiga yana ming dard qo’shish uchunmi?” deb xayolidan o’tkazdi u. Gullarga idishdan bir me’yorda suv quyilar bundan gul barglari yanada yashnayotgandek tuyilardi Yulduzga. Uzoq chaqiruvdan so’ng narigi tarafdan intiqib kutilgan javob bo’ldi.

-        Bugun havo ajoyib-a? … Buni sezish uchun ko’z va burun ochiq bo’lishi kerak!- charaqlab kulib yubordi u.

-        Yuring, anhor bo’yiga boramiz… Bular shunchalik o’xshamagan bahonalarki, yolg’onni eplolmasligingiz kulgimni qistatadi.

Boburning javobi qanday bo’lishidan qat’iy nazar o’sha joyda ko’rishiladigan bo’ldi. Bir necha soatdan so’ng Yulduz ko’p qavatli uylardan birining temir eshigini ehtiyotlik bilan ochib-yopdi. Shundoqqina eshikning yoniga o’rnatilgan eski, to’rt kishi bemalol joylasha oladigan yog’och o’tirg’ichda millati rus bo’lgan kampir Anastasiya Osipovna- Nastya buvi o’tirardi.

-        Barakalla, mana bo’larkan-ku sekinroq yopsa. Qachon qarasa sharaqlatib yopib ketasanlar. Axir, bu jamoat mulki, hammaga hali uzoq yillar xizmat qilishi kerak,- dedi u Yulduzga.

Nastya buvi yuzlarini ajin bosgan, og’zida nomigagina bir-ikkita tishi omonat osilib turgan, och yashil ko’zlari ich-ichiga botib ketgan, bukchaygan bir kampir edi. U yolg’iz o’zi yashar, umri qishin- yozin ko’chada yo shu qadrdon o’tirg’ichida yig’ib yurgan yelim idishlari qurshovida o’tardi. Yulduz uni yolg’iz zerikadi, ba’zan odamlarga qiladigan qo’pol muomalasining sababi mehr-e’tibor yetishmasligidan deb o’ylab uzoq-uzoq suhbatlashib o’tirardi. Hozir shoshib turgani uchun salom-alikdan nari o’tmadi. O’zi bilan olib chiqqan yeguliklarni ko’chadagi mushuklar uchun qo’yilgan maxsus idishlarga solib metro tomon yo’l oldi. Metro- kimdir tushib kimdir chiqib ketadigan arzon va qulay joy. Yulduz metroning bir-biridan farq qiluvchi uslubda bezatilgan bekatlarini tomosha qilib chiqarkan unga “Baxtli muzey” deb nom bergandi. U bu yerda avval bekatni tomosha qilar keyin odamlarni kuzatardi. Muzeylardan ko’ra metroning “baxti”- har kuni minglab odamlarning kirishida edi. Ayni paytda ham metroda odamlarni tomosha qilib ketar, ularning orasida tik turgan holda ketayotgan  juftlik e’tiborini tortdi. Ular bir-biridan ko’z uzmasdan, metro shovqiniga qaramay suhbatlashib turishar, so’zlari eshitilmay qolsa bir-birining qulog’iga aytishayotgan edi. Vagonlar silkinishida yiqilib ketmaslik uchun qiz yigitga suyanib olgan, tashqaridan qaralsa,  bir-birining pinjiga tiqilib ketayotgandek taassurot uyg’otardi.  Butun olam metro va faqat shu ikkisidan iboratdek bamaylixotir, kulishib ketishar, atrofdagilarning o’g’rincha nigohlariga e’tibor berishmas edi. Yulduz esa o’sha o’g’ri nigohlarni kuzatib o’tirdi. “Baxtli insonni ko’rganda artofidagi odamlar qanday qaraydi? Mana ular ko’z o’ngingda: mehrsiz, havassiz, so’nik. Ko’rayotgan ko’zlarim bari bir-biridan farq qilsa ham bir xilda boqadi. Bu ko’zlar birovning baxtidan yonish baxtidan mosuvo… Muhabbatning asl ta’mini ko’zlari bilan totganlar borki, yonida shunday boqadigan insoni bo’lishini ich-ichidan xohlaydi. Bu odamlar esa o’zida yo’g’ini boshqada ko’rgan baxil singari qarashardi. Agar omading chopmasa, tushkunlikka tushsang ular astoydil mehribonchilik ko’rsatishlari mumkin ammo… baxtliliging uchun kechirolmaydilar. Ayni paytda odamlarning ko’z qarashidan shunday xulosaga kelgan Yulduz ikki yoshdan boshqa hammaga achindi. Bu kayfiyat uni to Bobur bilan ko’rishmagunicha tark etmadi. Uni ko’rgach o’sha lahzagacha bo’lgan hamma narsani unutdi. Anhor bo’yiga daraxtlarning kuzgi barglari olovrang gilamdek to’shalgan, suv g’oyatda tiniq edi. Atrof odamning hislari bilan o’ynashish darajasida go’zal manzara kasb etgan edi. Ikkisi ham o’rtada hech bir gap so’z o’tmagandek, kecha bir-biriga xayrli tun tilab xayrlashgan oshiqlardek turardilar. Yulduz shoshilib kiyinganidan sochlarining bir qismi paltosining ichida qolgan, buni o’zi payqamagani uchun Bobur uning sochlarini ehtiyotkorlik bilan palto yoqasidan chiqarib qo’ydi . Bu Yulduzga xush yoqdi va unga faqat ikkisigagina ma’lum, yodga olganda o’sha lahzalar sururi yuzga olov bo’lib uradigan nimalarnidir eslatib yubordi. U Boburning ham esiga tushdimikin degan o’y bilan ko’zlariga tikildi. Ammo qizargan, ich-ichiga botib ketgan, osti ko’kargan ko’zlardan o’zi istagan iliq hech bir ifodani topolmadi.  Yulduz shu narsani suhbat mavzusiga aylantirayotgani Boburning g’ashiga tegardi.

-        Uyqusizlikdan hammasi. Boshqa hech gap yo’q.

-        Shu vajga o’zingiz ishonsangiz bo’ldi, men emas.

-         Kel, kelishib olaylik. Bugun bir-birimiz aytgan gaplarga to’la ishonamiz. Hech bir savol va isbotsiz. Xo’sh, rozimisan?

-        Albatta! Men o’zi doim sizga shunday ishonib kelganman.

Bobur seskanib ketdi. Ancha joygacha indolmay, o’zini o’ng’aysiz his etib bordi. So’ng o’z ahvolidan g’azablanib, o’zini qo’lga olishga tirishdi.

-        Biz Dilbar bilan yarashganmiz. Hozir u bilan uchrashyapman.

Yulduz beixtiyor yurishdan to’xtadi.

-        Qachondan beri? – dedi Boburga hayron boqib.

Bir paytlar u Boburning sobiq sevgilisi bilan yarashib ketishini astoydil istagan edi. Ammo undan keyin ancha suvlar oqib o’tgan, munosabatlari oqimi ikkisi ham kutmagan o’zanga burilib ketgandi. Endi Yulduz ularning yana birga bo’lishini tasavvuriga ham sig’dirolmasdi.

-        Usiz yasholmasligimni anglab yetganimdan beri.

-        Men-chi?- bolalardek soddagina so’radi Yulduz.

-        Sen… sen  bilsayding hozir qay ahvoldaligimni. Ikki o’t orasidaman.

-        Tushunaman.

-        Sen shunchalar yaxshisanki, o’zing bilmaysan ham buni. Men esa bir tola sochingga ham arzimayman. Oliyjanobliging, pok sevgingga loyiq emasman, hech qachon munosib ham bo’lolmayman. To’g’ri, seni orzularingni amalga oshirish ko’zalaringda quvonch ko’rish uchun qo’limdan kelganini qilmoqchi edim, ortig’i bilan qila olardim ham, lekin…

-        Bilaman.

-        Senga uylanib baxtli qila olaman, ammo sevolmayman. Dilbarni bilarding, uni sevaman, ammo uylanolmayman. Ana shunday xudo urgan, ko’nglini quli, betayin odamman. Kechirasan…

-        Endi nima qilmoqchisiz?

-        Bilmayman, sen ayt nima qilay?

-        Dilbarga uylaning.

-        Seni xafa qilishdan ko’ra qo’limni chopib tashlash kamroq og’riq beradi menga.

-        Siz uchun sevgingizdan kechish darajasida qadrli ekanligimni o’zi menga yetarli. Esingizdami, bir-birimizga hech bir sabab va manfaatsiz baxtli lahzalarni hadya etishga kelishgandek, yonimizda shunday insonimiz borligi uchun o’zimizni boshqalardan omadliroq sanardik. Hamon kelishuv o’z kuchida. Unga uylaning.

-        Men unday qilolmayman.

-        Arosatda yashashdan azobliroq hayot yo’q. Umr qisqa- baxtli yashashga ulgurib qolishingiz kerak…

   Yo’lning bir tomoni katta anhor, ikkinchi tomoni bir qator ekilgan daraxtlar. Qilt etgan shamolga ham daraxtlarning barglari ko’p-ko’p to’kilar, to’kilmoq payti kelgan barglarga shamol bahona edi. Yulduz kechga tomon uyiga qaytarkan uzoqdan Nastya buviga ko’zi tushdi. U yelim idishlar bilan ichi to’la juda katta qopni orqalab, xursand bo’lganida aytib yuradigan eski qo’shiqni ming’irlab ketayotgan edi. Yulduz kampir ortidan biroz kuzatib turdi-da so’ng uyga kirib ketdi. Uy qanday holda tashlab ketilgan bo’lsa shunday turar, birga yashaydigan sherigi hali qaytmagandi. U xonasiga kirdi-yu ichkaridan qulflab oldi. Ayni paytda u hech kimni ko’rishni ham eshitishni ham istamasdi. Allamahalgacha ko’ziga uyqu inmadi. Chalqancha yotgancha, shiftga tikilib o’y surdi. O’tgan butun hayotini esladi. Negadir undan faqat yomon xotiralar, yo’qotishlar, ko’zyoshlar, iztiroblar chiqib kelaverdi.  Boshiga chidab bo’lmas darajada og’riq kirdi. Endi uxlolmasligini bilar, uxlash unga yordam bera oladigan yagona najot edi. Ammo… Yulduz ortiq o’z-o’zini bir uxlab turish bilan davolashni istamasdi. U o’rnidan turdi, boshi aylanib ko’ngli behuzur bo’lib yana o’tirib qoldi. Vaqtni aniq bilmasa ham taxminlab yarim kechadan o’tgan bo’lsa kerak deb o’yladi. Etlari sovuqdan junjikdi, shundagina deraza ochiq qolganiga e’tibor berdi.

Amallab deraza yoniga yetib borib uning shamol o’ynoqlayotgan yupqa pardasini bir zarb bilan tortib uzdi. Pardani katta kuch bilan tortgan Yulduz o’z kuchini boshqarolmasdan polga o’tirib qoldi. Biroz vaqt o’tirgan holda pardani qo’llarida tutib, silab, yuzlariga, bo’yinlariga surtib mayinligidan bahra oldi, hatto tabussum ham qildi. Bu tabassum biram shirin, samimiy ediki, bunday jilmayishni faqat suyuklisiga o’z ixtiyori bilan o’zini topshirgan qizlar qila olardi…

   Yulduz deraza ostiga o’rnatilgan eski temir isitgichning “qovurg’alari” orasidan pardaning ikkinchi uchini o’tkazib bog’ladi. Avval noziklik bilan so’ngra yechilmaydigan qilib bir necha marta qattiq tugdi.

Biroz o’tib esa ko’p qavatli uyning qaysidir pardasiz derazasidan qorong’i kechani yoritmoqchi bo’lgandek oq bayroq uzun sochlar bilan o’ynashib shamolda hilpirab turardi.

 


Hiç yorum yok:

Yorum Gönder