23 Mart 2024 Cumartesi

Nodirabegim Ibrohimova - Meni tushungan Kafka (Esse)

 

Oltinchi qavatdan tashqariga boqaman: uzoqdan qorli cho’qqilar ko’zga tashlanadi. O’pkamni o’rab turgandek hissiyot qoldiradigan yupqa pardani olib tashlagim kelib qo’lim bilan ko’ksimni g’ijimlayman, bu g’alati parda doim to’yib nafas olishga halal beradi. Ko’nglim ham, o’pkam toza havolarni istayapti. Tog’larni, adirliklarni, kengliklarni, yashillikni sog’inyapti. Har yilgi odatimga ko’ra lolaqizg’aldoqlar ochilgach tog’lar sari otlanaman. Bir-ikki kunga bo’lsada, qish bo’yi yig’ilib qolgan g’uborlarim sof havo erib yo’q bo’layotganini teran his qilaman. Bu safar kun isishini kutolmadim. Bahorning yengil shabadasini sezgach, ayniqsa uyimiz yonidagi gulzorda mitti binafshalarni ko’rgach, sayohat tadorigini ko’ra boshladim. Farg’ona meni kutyapti. Bolaligimda yo’taldan xalos bo’lavermasam meni doim vodiyga jo’natishardi. U yerdan ikki yuzimga qon kirib, hayotga tashna nigohlar bilan qaytardim. Oylab yurardim u yerda. Ulg’ayishni jazosi shu ekan – safarlar, ta’tillar, dam olishlar qisqarib boraverarkan.


Doim sayohatim uchun sherik sifatida qo’limda, albatta biror kitob bo’ladi. Vaqtni o’ldirish uchun menga bu gal Kafka hamrohlik qiladi. Men uning “Evrilish” degan katta hikoyasini o’qiganman, xolos. Shu birgina asar Kafkani sevimli yozuvchilarim qatoriga kirishiga, uning ijodiga qalban yaqinlik his qilishimga sabab bo’lgan. “Evrilish” haqda to’xtalib o’tmayman, meni ko’proq Kafkaning bunday noodatiy asar yozishiga nima majbur qilgani qiziqtirardi. Sevimli mualliflarimning shaxsiy hayotiga qiziqish – odatimga zid. Ko’pincha ularning turmush tarzi, kamchiliklari, umuman taqdiri – sevgan asarlarimga bo’lgan ishtiyoqimga soya soladigandek tuyuladi. Qo’limdagi Dunyo adiblari kitobidan 146 betni – Kafkani belgilab qo’yganman. Bugun uning hayot yo’li bilan tanishishni istadim.
Oq mashina baland tog’lar bag’riga kirib kelguncha Kafkaning biografiyani o’qish, so’ng tog’ manzaralaridan bahra olish, soylarni tomosha qilish, yangi maysalar isini tuyishni dilimga tugib qo’ydim. Uning ko’pchilikka tanish bo’lgan vasiyati: “o’limimdan so’ng barcha yozganlarimni yoqib yuboring” deb do’stiga iltimos qilishi meni o’ylantirardi. Yaxshi hamki, farosatli do’st vasiyatni bajarmay, Kafka muxlislariga katta marhamat ko’rsatgan. O’z asarlarini xurmat qilgan, unga yurak qo’rini berib yozgan, uyqusiz kechalarda yangi g’oyalarini mashaqqat bilan qog’ozga tushirgan yozuvchi nega bunday qarorga kelgan bo’lishi mumkin? Uning sirli hayoti tubiga yeta olmagan adabiyotshunoslar singari men ham shu haqda o’y sura ketaman.

Oilasida o’zini doim yolg’iz sezgan, ayniqsa otasi bilan kelishmovchiliklar girdobida qolgan hissiyotli Frantsning yoshlik yillarini o’qirkanman, “Evrilish”ning mohiyatini yanada anglay boshlayman. Qolgan asarlarini ham topib o’qishga qaror qilaman. O’limi tufayli yakunlanmay qolgan uchta romani agar bitganida adabiyot dunyosida qanday muhokama bo’lishini tasavvur qilaman.
Menga alam qilgani Kafkaning otasining taxmini o’z isbotini topgani: Frants omadsiz taqdir sohibi edi. Biror kasbga bo’yin egmadi, oila ham qurmadi. Ammo sevdi! Ijod qildi! Nazarimda, u faqat adabiyot va ko’ngil uchun tug’ilgandi. Kitobdagi kotma yuzi, g’alati turmagi, kichik jussasiga qararkanman, bu surat ortida berkinishga shay, hech yerdan qo’nim topolmaydigan, ammo mehr-muhabbatga tashna qalbni ko’raman. Kafkaning Praga qabristonlaridan biriga ko’milgani, hozirda uning ko’plab muxlislari u yerni ziyorat qilib turishini o’qib, otasiga nisbatan alamim tarqagandek bo’ldi. Yo’q, Kafka omadsiz emas. Omadsiz bo’lsa shu kungacha yam yashil daraxtzor qo’ynidagi qumrang qabrtoshi atrofi gullar bilan bezatilmagan bo’lardi.
Uning navqiron yoshda sil kasalligiga chalinishi, 41 yoshida dunyoni tark etishi dilimni larzaga soladi. U payt silning davosi bo’lmagani tufayli bu hastalikka chalinganlar erta o’lib ketganliklari rost. Shunchaki toza havo, yaxshi ozuqa, xushkayfiyat bilan bu dardni yengib bo’lmagan. Beixtiyor tortmamda uyulib yotgan dorilar ko’z oldimga keladi: ularni Kafkaga ilinaman, dorilarni ichsa va o’lmasa, qolgan asarlarini ham bitirsa, ehtimolki sevgan ayoli bilan oila qursa, o’zini baxtli his qilsa, yolg’izlik azobidan qutulsa deyman…
Bir payt deraza ortidagi adirliklar o’rnini Kafkaning o’lim to’shagida yotgan lahzalari egallaydi.
Ayollarga bo’lgan qo’rquvini yenggan Frants nihoyat 40 yoshida uylanishga qaror qildi. Vena chetidagi sil kasalliklari shifoxonasida yotgan Kafkadan 19 yoshli Dora tez tez xabar olardi. Yozuvchi qizning otasidan to’yga oq fotiha berishini so’rab maktub bitar, biroq tez orada o’limi ma’lum erkakni yosh qiziga munosib ko’rmagan ota bunga sira izn bermasdi.
Iltijolar ichra oradan oylar o’tdi. Ozib to’zib ketgan Kafka shifoxonaning fayzsiz palatalaridan birida ochlikdan azoblanardi. U tomog’idagi kuchli og’riq tufayli bir luqma ham yeya olmay qoldi. Oqibatda ochlik va kasallikka taslim bo’ldi.
Frants yoz faslining ilk kunlarida Doraning qo’llarida jon berdi. Yetti yil davom etgan og’ir hastalik uni yengdi. Sevgani bilan birga oila qurolmay dog’da qolgan yozuvchi alamdan o’limi oldidan barcha asarlarini yoqib yuborishlarini so’ragan bo’lsa ehtimol.
Mashinamiz bo’lsa bu paytda Farg’ona degan katta yozuvga yaqinlashib qolgan bo’ladi. Bir on Kafkadan uzilib, qalbim entikadi…
Tog’lar, yashil adirlar, soylar allaqachon ortda qolgan, men esa Kafka bilan bo’lib go’zal manzaradan bebahra qolgandim. Lekin achinmayman: ertaga qaytishda tabiatdan zavqlanishni rejalayman. Shunda birdan Kafka hayoti bilan tanishuv ikki hafta burungi dilxiralikni yodimga soladi. Labimni tishlagancha, yana tushkunlikka tushaman.
-Sen dorilarni ichmayapsan, tuzalmaysan, — tund yuzli hamshira yonimga tap etib dorini qo’yadi. –Vaqtida kelmayapsan.
Ikki yildan beri uning qo’pol muomalasi va ko’nglimni ozdiradigan qiyofasiga chidab kelayotgan – mendek bosiq va sabrli odam dorilar yakuniga yetishiga bir oy qolganda portlaydi. Portlash – unga qarata qahru g’azab sochish emas. Portlash – o’tgan og’ir yillar uchun alamdan yig’lash. Va albatta ko’ngildan o’tganlarini shu beminnat qog’ozga bitish. Men u ayolga shunchaki achinaman. Bergan dorilarini bo’lsa ko’z ko’rmaydigan tortmaga yashirib tashladim… Shu dorilarga qarasam, o’zimni juda ojiz sezaman, ularsiz yaxshiroq yashashimga ichimdan ishonaman.
Eng yomon cho’chiganim hastalik qaytalanib yana uning yoniga borishim, undan dori olishim, “men senga nima degandim, tuzalmaysan baribir”, deb tirjayib turishini tasavvur qilishim… Bu tasavvur shu kunlarda – yo’tal yana qiynayotganda, meni zaiflashtiradigan bahor fasli yaqinlashayotganda yanadayam oydinlashib borayapti.
Xayollardan chalg’ish uchun hali barg chiqarmagan quruq tokzorlarga qarayman. Kuzda ular qandayin chiroy ochadi. Baribir Farg’onadan ruhim ko’tarilib, o’pkam ham yengillashib kelishiga ishonaman. Manzilga yaqinlashib qolay deganda kitobni yana qo’limga olaman. Maktublar bo’limiga ko’zim tushgach, sergaklanaman. To’liq o’qishga kirishaman. E’tiborimdan chetda qolgan bu maktub menga ayni vaqtida berilgan dalda, eng kerakli tasalli edi. Kafkaning chex jurnalist dugonasi Milenaga yozgan xati (Ne’mat Arslon tarjimasida) go’yo menga atalgandek edi. O’qirkanman, yana ko’zlarim yoshlanadi.
“Nazarimda bu o’pkadan. Kun bo’yi shu fikrdan qutula olmadim. Miyamda aylanaverdi, boshqa hech narsani o’ylay olmadim. Bu kasallikdan qo’rqqanimdan emas, menimcha (umid qilaman va Sizning shama qilganingiz ham buni tasdiqlaydi) kasalingiz og’ir emas. Agar jiddiy bo’lganda ham (hozir G’arbiy Yevropadagilarning yarmi ozmi-ko’pmi o’pkasi kasallangan) mana uch yildirki, bu dard menga ziyondan ko’ra ko’proq foyda keltirdi. Bu uch yillar muqaddam yuz berdi – yarim tunda og’zimdan qon keldi. To’shakdan turdim (keyinchalik o’qib bilsam, o’rindan turmaslik kerak ekan) ro’y bergan holat meni hayajonga soldi, chunki bu yangilik edi, shu bilan birga biroz cho’chitdi ham; men tashqari tomon egildim, keyin yuvindim, xona bo’ylab yurib kelib karovatga o’tirdim – qon to’xtamadi. Shunga qaramay men o’zimni mutlaqo baxtsiz sezmadim – sababi nima uchundir bir daqiqa o’tib, shuni aniq his qildimki, uch yildan keyin, e, yo’q, to’rt yil davom etgan bedorlikdan keyin – albatta, qon kelishi to’xtasa – uxlashim mumkin. Tez orada hammasi o’z o’rniga tushdi (boshqa takrorlanmadi) tunning qolgan qismida tinchgina uxladim. To’g’ri, ertalab uy xodimasi keldi (o’shanda men Pol Shyonbornda ijarada yashardim) saxovatli, qay darajadadir fidoyi, ammo behad darajada ishchan bu qiz qonni ko’rib shunday dedi: «Pane doktore, s Vamito oflouho nerotrva.» (Janob doktor, siz uzoq yashamaysiz). Lekin men o’zimni har doimgidan yaxshi his qilmoqda edim, ishga ham bordim, faqat tushlikdan keyin vrachga uchrashdim. Bu voqeaning davomi qiziqarli emas. Aytmoqchi edimki, meni qo’rqitgan narsa sizning kasalingiz emas (o’ylaganim sari sizning nozik bo’lishingizga qaramay, qariyb dehqon qizlariday tetik, mustahkamligingizni xayolimga keltirib, o’z fikrimni o’zim bo’lib, xulosa qilamanki, yo’q, Siz kasal emassiz, bu shunchaki o’pkaning ogohlantirishi, kasalligi emas) – ana shunday, meni qo’rqitgan boshqa narsa – mana shunday ko’rgulikka yetaklaydigan fikrlar qo’rqityapti. Shu bois, men hozircha boshqa narsalarni hisobdan chiqaraman. Siz: cho’ntakda hemiri ham yo’qligi, har kun ikkidan sakkizgacha faqat choy va olma bilan qilinayotgan tirikchilik to’g’risida yozgansiz, ana shuni tushunmayapman. Bu narsalar yuzma-yuz gaplashib hal qilishni taqozo etadi. Shuning uchun men hozir chalg’ib ketyapman (faqat xatda chalg’iyapman – axir, bularni unutib bo’lmaydi) va o’zim boshdan kechirgan kasallikka qarshi qo’llagan choralarim boshqalar uchun ham asqotishini tushuntirib berish to’g’risida bosh qotirayapman. Mening miyam o’shanda o’ziga yuklangan tashvishlar va azoblarni boshqa ko’tara olmasdi. U shunday nido qildi: «Men taslim bo’laman, agar mening omon qolish imkoniyatim kimgadir kerak bo’lsa, yukimni yengillashtiraman, shundagina biz yana ma’lum muddat jon saqlaymiz». Shunda o’pkalar ham ovoz berdilar – ko’rinib turibdi, ular hech narsa yo’qotmaydilar. Mening ixtiyorimdan tashqarida ro’y berayotgan o’pka bilan miyaning bunday aytishuvi qo’rqinchli edi. Shunday qilib endi qanday qarorga keldingiz? Fahmlashimcha, o’zingizni biroz ehtiyot qilishingiz ko’p narsa talab qilmaydi, bu juda oddiy. Sizni ozgina bo’lsa-da, kimki sevsa, hammasi uchun ma’lum savdo. Bu holda boshqacha fikr qilishga o’rin yo’q. Xalos bo’lish imkoni shu emasmi?.”
Mashina to’xtasa ham tushishga shoshilmayman, maktubni bag’rimga bosaman.
-Rahmat senga, Frants. Tushunganing, dalda bo’lganing uchun tashakkur… XXI asrda ham bu dard bor. XXI asrda ham yolg’izlik bor. XXI asrda ham seni tushunmaydigan hissiz insonlar to’lib yotibdi. Shunga qaramay insonda bitta bo’lsada chin do’st topiladi. Dardingga malham bo’luvchi odamlar qirilib ketmagan… Umid o’lmaydi, to’g’rimi, o’lmaydi, Frants.
Yo’ldan terib olganim – mitti banafshalarni o’qib kelgan kitobim ichiga, 146 betga bostiraman – xayolan Kafkaning qabriga gul qo’yaman. Yillar o’tsada ular shu yerda chiroyli quriydi va boshqa gerbarilarim qatori asrab avaylanadi.

2020 y, 1-mart, Farg’ona.

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder