15 Mart 2024 Cuma

Shahriyor Shavkat - Yolg'izlik


Shamlarni yoq. 

Maktub – stolda. 

Maktubni yoq xijolat qilmay. 

Tasvirimni chizib xayolda, 

Bir lahza jilmay…

 

Musiqa. 

Yarqiroq g‘urubdan 

Vujudimga o‘rmalar farah, 

Chayqatib, chayqalib turibman – 

Qo‘limda qadah!..

 

Barmoqlarim botar pushtirang 

Libosing chirmashgan belingga. 

Avval yerga qaraysan arang 

Va menga…

 

Yelkamdan sirg‘alar qo‘llaring, 

Atringga liq to‘ladi o‘pkam. 

Menga qanday jodu yo‘llading – 

O‘pganim-o‘pgan?!

 

Butun umr yashashga shoshdik, 

Kipriklardek yaqindir visol. 

Bir lahzada mangu tutashdik – 

Shu holingda qol…

 

* * *

 

Hali siz gullarni o‘pganingiz yo‘q,  

Bir malak sochini hidlamadingiz.

Jilg’alar bo’yida chopganingiz yo‘q,  

Yarim oy ko‘ksini butlamadingiz.  

 

G‘ozlarni quchoqlab yig‘lamoqni ham

Ochig‘i, xayolga keltirmagansiz.  

Tovonni qitiqlab turganda ko‘klam,

O‘pkani havoga to‘ldirmagansiz.  

 

Adirda entikib chopmoq qayoqda,  

Kashtador o‘tovda qimiz simirmoq,  

Qayoqda uzangi ilib oyoqqa,  

Turkona qirlarda qirg‘iy qidirmoq?!  

 

Hali siz dunyoga kelganingiz yo‘q,  

Hali siz go‘daksiz

va yoki holsiz,  

pastqam bir kulbada beshon, behuquq,  

alahsirab yotgan mudroqi cholsiz!

 

Uyg‘oning, birodar, uyg‘oning endi,

Qisirlatib tashlang umurtqalarni,

Qilichday yigitlik mag‘ribga enib

ketganda,  

bir tutam umr qolarmi?!

 

Siz hali gullarni o‘pganingiz yo‘q…

 

* * *

 

Otlarim bezovta kishnadi birdan,

Qattiqroq yugurdim eshitgan sayin,

Kechiksam,

cho‘g‘ sachrab tuyoqlaridan,

Somonga o‘t ketib qolmasin tag‘in!

To‘riq qashqamizning g‘ayrati jo‘shib,

Tutmoqni istasa shamolga bag‘rin,

Bo‘ynidagi po‘lat zanjirga qo‘shib,

Gilosni qo‘porib ketishi tayin!

Ko‘ksimda salmog‘i taqadek qulun,

Tepar –

Ot tepkisin ko‘taradi ot!

Mening-da bo‘g‘zimdan o‘rlaydi tutun,

Uchadir osmonga bosiq munojot:

 

“Yo, Tangrim!

Gʻajidim jilovlarimni,

Eritib yubordi so‘liqni hovrim!

Kuyarman sovutsam olovlarimni –

Chopsam bir chopayin kelganda davrim!”

Otlarim kishnadi yanayam battar,

“Tezroq bor, chavondoz!” –

Buyurdi qayin:

“Garimsel ufursa burunlaridan,

Osmonga o‘t ketib qolishi tayin!”

 

* * *

Sollanar shotutning barglari,

Shaharning uyqusi bug‘lanar.

Kishvarim, 

Savsarim,

Qaysarim, 

Yelkamni keltirdim – 

Yig‘lama!..

 

Banoras bulutlar bir sipo, 

Tomchilar havoda tig‘lanar. 

Shundog‘am fususim behisob, 

Yelkamni keltirdim – 

Yig‘lama!..

 

Xayolning sochlari 

sarsari

shamolning shavqida dog‘lanar.

Ey maning ko‘zyoshi kavsarim,

Yelkamni keltirdim – 

Yig‘lama!..

 

Adirda aprelning naysoni

Taqmoqda sabuhiy sirg‘alar...

Shabnamim,

Gʻizolim,

Sha’bonim, 

Yelkamni keltirdim – 

Yig‘lama!..


Hiç yorum yok:

Yorum Gönder