16 Mart 2024 Cumartesi

Sherzod Ortiqov - Furug' Farruxzodning iztiroblari (Esse)

 

Yakshanbaning odatiy oqshomlaridan biri. Tanam charchoq bilmaydigan, boshim g’uvillab og’rimaydigan haftaning tanish va yagona kuni. Bu kun men zerikarli ishim haqida o’ylamayman, telefon qo’ng’iroqlariga javob bermayman. Ertalabdan o’zim istagan kitobni o’qiyman yoki ko’nglim tusagan mashg’ulotni qilaman.

Qo’limda o’zbek tiliga o’girilib, nashr qilingan Furug’ Farruhzodning “Qayg’u guli” nomli kitobi. Uni onam damlab bergan achchiq qahvadan loqayd xo’plab, xira chiroq yorug’ida, qish boshlangandan beri meni sira tark etmagan teran mahzunlik bilan asta varaqlayman. Asablarim bo’shashgani uchun qo’llarim ilk marta ularning taranglashishidan qaltiramaydi. Barmoqlarim kitob sahifalarini varaqlashdan ko’ra silab siypalagandek tuyuladi.

Bu safargi mutolaa hafta davomida xorigan ruhimga quvvat bag’ishlayotgandek, so’nggi paytlarda kitob mutolaasida menga odat bo’lib qolgan befarqlik alomatlari ham sahifalarga qadalgan nigohimda sezilmaydi. Qanchadan qancha ulug’ va xassos shoirlarni dunyoga keltirgan qadimgi Fors o’lkasining yana bir o’ziga xos va otashqalb shoirining she’rlarini shu oqshom tabiatimga singib, tobora kuchayib borayotgan qiziqish quchog’ida, tashqarida ertalabdan astoydil yog’ishda davom etayotgan qorning derazaga urilayotgan mayda uchqunlari tasviriga qarab-qarab birma-bir ko’zdan kechiraman, mutolaa jarayonida kamdan kam hollarda ruhimda ro’y beradigan entikish yuzaga keladi, ko’nglimga o’tirgan misralarni keyinchalik yod etib turish uchun ildamlik bilan xotiramga muhrlayman.

Go’yo ko’zgularning nigohlarida
Harakatlar, ranglar, tasvirlar bari
Teskari ko’rinar edi
Va haqir
Masxarabozlarning boshi ustida
Va fohishalarning beor yuzida
Yonardi o’t ketgan soyabon yanglig’
Muqaddas, nuroniy oyning qo’rg’oni

Orada kitobning silliq muqovasidagi Furug’ning abadiy yoshlik va nozik hissiyot ufurib turgan, sokinlik va orzumandlikka yo’g’rilgan, ruhiyatidagi sitamgar bezovtalik xususida so’zlaydigan suratiga ham qiziqish, ham achinish bilan qarayman. Qiziqishimni har qanday zamon ayollarida ayrim hollardagina uchraydigan uning favqulodda hadsiz latofatiga maftun bo’lganim bilan izohlash to’g’ri deb hisoblansa, achinishimni uni bor yo’g’i o’ttiz ikki yil umr ko’rgani bilan ifodalash mumkindek tuyuladi.

Gohida shu o’y-xayollarim orasida yuragimni zirqiratgan uning mazkur surati ham xuddi she’r o’qishga chog’langandek bo’ladi. Shoshilib, hayajonlanib yoki jilmayib emas, sokinlikda va bir nuqtaga tikilgan hurkish-u hayiqishdan yiroq bo’lgan, picha ma’yus ko’zlaridagi yashashga bo’lgan mayl-u ishtiyoqni ko’z-ko’z qilgandek…

Deraza ortida qor yog’adi jim,
Deraza ortida qor yog’adi jim.
Qalbim jimligiga kimningdir qo’li
G’ussa urug’ini ekar betinim…

Turib-turib negadir bu ayolni o’ttiz ikki yil umr ko’rganiga ishongim kelmaydi, aniqrog’i she’rlarini o’qigach ishonolmayman. O’ylashimcha, she’rlarini o’qigan har qanday odam bunga ilk daf’a ishonmaydi. Chunki, uning she’rlarida falsafa kuchli, mushohada kuchli… Hissiyot va badiiyatni aytmasa ham bo’ladi. Bunday she’rlarni shoir zoti xuddi qirqdan keyin- kamolotga to’lgach yozishi mumkindek…Ular juda go’zal va mukammal.

Uni bir marta o’qib chiqqan odam shunday o’ylashi aniq: “Ey rabbim, u yana ozgina yashasaydi, yana ozgina she’r yozsaydi… yana ozginaaa… La’nati qismat, la’nati qismat!” Bu so’zlarni u aniq takrorlaydi, bunga ishonchim komil. Men takrorladim-ku! Boshqalar ham mendan ortib qayerga borishardi…

Men ayni paytda o’ttiz besh yoshdaman. O’ylab ko’rsam hayotda hali hech nima qilganim yo’q. Ijodda ham. Adashmasam, Laroshfuko o’z iqtiboslarida- ijodkor yaratgan tomonidan o’lchab berilgan asarlarini yozib bo’lgachgina olamdan o’tadi, degandi. Demak, Furug’ o’ttiz ikki yoshida xamma asarlarini, o’zini foniy dunyo va uning ajralmas qismi bo’lgan odam bolalariga aytadigan so’zlarining barchasini aytib bo’lgan. Nahot, rostdan shunday bo’lgan bo’lsa? Namuncha tez, Yaratgan egam!

Pushaymon emasman,
Ey mahbubim, men
Va yana boshqa bir mendanki, har gal
Sen uni sovuq tun ko’chalaridan
Oshiq nigohlaring bilan toparsan,
U bilan so’ylashgin
Va meni yod et,
Uning o’shal g’amgin bo’sasi aro
Ko’z ostingning mushfiq chiziqlarida…

Furug’ni ko’z oldimga keltirib, u haqda mana shu mislsiz osoyishta oqshomda tinimsiz o’y surarkanman, uning latofatli tashqi ko’rinishiga qancha maftun bo’lmay yoki shirali va falsafaga mo’l poeziyasidan qanchalik hayratlanmay, kitobning xotima qismidagi uning otasiga yozgan maktubi bir payt diqqat-e’tiborimni ko’proq tortadi.

Bunga sabab: bu mavzu o’smirligimdan beri ongu-shuurimni ruhiy qiynoqlarga solib, keti uzilmaydigan savollarni uning qarshisiga ko’ndalang qo’yib, meni ancha andarmon qilgani bo’lsa kerak. Turgenevning mashhur “Otalar va bolalar” romanini o’qiganimni bunga daxli yo’q, uni sabab qilib ko’rsatishga shay turganlar-hecham shoshilmang. Aslo, bu sabab emas. Bu mavzuga o’sha asarni o’qishimdan ko’p yillar oldin duch kelganman.

O’sha paytlari nima uchun ota va bola o’rtasida ko’pincha dunyoqarashda ham, fikrlash tarzida ham katta tafovut bo’lishini gohida tushunmas, gohida buning tagiga yetish uchun soatlab oxiri yo’q mulohazalarga berilardim.

Menda o’z paytida otam bilan munosabatlarimda muammolar bo’lgan, amakimning o’g’lida ham, ko’chamizdagi Furug’ga o’xshab she’r yozadigan Gulnoza ismli qizda ham, sinfdoshlarimning aksariyatida ham…Umuman olganda men bilgan va taniganlarning hammasida bu borada kichkina va arzimas bo’lsa-da, muammolar bo’lgan: kimningdir otasi u o’zi istagan insonlar bilan do’stlashishini istamagan, kimnikidir o’zi sevgan kasbni tanlashida unga qarshilik qilgan, yana kimdir ko’nglidagi tuyg’ulariga peshvoz chiqishda va o’zi istagan inson bilan hayotini bog’lashida otasidan pand yegan.
Kitobni o’qish jarayonida Furug’ni qanday tasavvur qildim, aytaymi? Uni ayni paytdagi ko’zlaridan boshqa yeri ko’rinmaydigan, boshdan oyoq ommaviy yopingan Fors ayollariga xos bo’lmagan — egniga yopishib turgan, anorrang yoki binafsharang ko’ylakda, sochlarini chiroyli turmaklagan holatda, yozuv stoli qarshisida she’r yozgandan ko’ra ham ko’proq otasiga maktub bitayotgan tarzda tasavvur qildim. Bu tasavvurim zo’rma zo’raki emas, uni ro’paramda gavdalantirishni istagan chog’im ixtiyorimga ters ravishda xayolotimda shunday tasavvur yaraldi.

Shu yo’sinda uni ayollarning ko’p vaqt o’tkazadigan joyi bo’lmish oshxonadami, po’rim kiyingan holda mehmonxonadami, dam olib hordiq chiqarish uchun mo’ljallangan yotoqhonadami, zaruriy yumush bilan ko’chada taksining orqa o’rindig’ida ketayotganidami — qay holatda tasavvur qilmay, uni faqat otasiga maktub bitayotgani ko’z oldimda gavdalanaverdi.

“Maktub yozib siz bilan dardlashishni istayman, biroq niyat qilganim zahoti o’z-o’zimdan, nimani yozay, oramizda paydo bo’lgan bo’shliqni nima bilan yopa olaman, deb so’ray boshlayman… Sizga butun hayotim haqda, tuyg’ularim, iztirob-u baxtsizligim haqda yozgim keladi, biroq yoza olmas edim, hozir ham shunday kayfiyatdaman. Biz turli davr va jamiyat odamlarimiz. O’y-xayollarimiz turfa. Shunday ekan oramizda qanday uyg’unlik yarata olamiz?”

U maktub yozayotganida ko’z oldimda namoyon bo’lgan cheksiz va fantaziyaga boy xayolotim yordamida sahnalashtirilgan manzara jarayon davomida o’zgaradi. Idish-tovoqlar, qoshiq va sanchqilar, muzlatgich va gaz plitalaridan iborat bo’lgan oshxonani bildiruvchi sahnaning o’rnini go’yoki endi to’q qizil pianino, yong’oq daraxtidan tayyorlangan jigarrang stol va qirralari burama shaklda o’yilib ishlangan stullar, derazalariga gulli harir pardalar tutilgan, oyoq ostiga yaralish tarixi minglab yillar va so’nmas an’analarga borib taqaladigan Xurosonning afsonaviy gilamlari to’shalgan, devorlariga sharq an’analarini o’zida ravon aks ettiruvchi miniatyuralar osilgan mehmonxona egallaydi.

Furug’ qaddini tik tutib stulda o’tirgancha, nozik oyoqlarini gilam ustida chalishtirgancha, yoshiga nomunosib bo’lgan haddan tashqari o’ychan va jiddiy qiyofasini devordagi oynali romlarga solingan miniatyuralardan goh uzib, goh uzmay maktub yozishda — peroli ruchkada oq qog’ozni to’ldirishda davom etadi.

“Mening eng katta dardim-sizning meni tanimasligingizdir. Siz… hech qachon meni bilishni istamasdingiz.Ehtimol hozir ham meni ishqiy romanlar mutolaasiga mukkasidan ketgan, Tehron Musavvir jurnalida chop etiladigan hikoyalar ta’sirida miyasi aynigan ayol deb o’ylaysiz. Koshki shunday bo’lsa… baxtli bo’lolsam.”

Maktub uchun tanlangan qog’oz asta to’la boshlaydi. U yarmiga yetganida Furug’ni endi yotoqxonada — chiroyli, lekin qoqsuyak yelkalarini ochib turgan yalt etib tovlanib ko’zni qamashtiradigan tungi ko’ylakda, xipcha belini divandagi qizil baxmal yostiqqa salgina tirab yonboshlagancha, ko’zini orada o’zi yozayotgan maktubdan uzgancha goh devordagi bong uradigan soatga tikib, goh deraza oynasidan tun cho’kishga ulgurgan ko’chaga nazar solib eri Parviz Shopurdan darak kutgan holatda ko’raman. U otasiga yozishda davom etadi.

“Men uyda falsafaga oid kitoblar o’qiganimda, adabiyot fakulьtetining falsafa o’qituvchisi bilan Sharq falsafasi haqida gaplashganimda siz meni aqlini yo’qotgan qiz deb o’ylagansiz, safsata to’la jurnallar meni yo’ldan ozdirishidan cho’chigansiz. O’sha paytlar juda ezilardim, o’z uyimda bu qadar begona ekanligimdan ko’zlarim yoshga to’lar, hech kim bilan muomala qilmaslikka harakat qilardim”.
U hatto ko’chaga biror yumush bilan chiqib, taksining orqa o’rindig’ida ketayotganida ham boshini otasiga yozayotgan maktubidan ko’tarmayotgandek tuyulaveradi. Qo’lida bu safar peroli ruchka va oq qog’oz ko’rinmasa-da, nazarimda maktub uning xayolida yozilayotandek, u boshini egganicha yo’l bo’yi Tehronni his qilmay ketadi.

“O’z mehri bilan bizga yo’l ko’rsatuvchi Siz edingiz. Biroq, siz qattiqqo’lingiz bilan bizni qo’rqitardingiz, xolos. Bu esa nozik yelkalarimiz bilan hayotning katta muammolarini yechishimizga, ko’p adashishimizga, sabab bo’lar, xatarga yo’l ochardi. Ora-orada bizga maslahatlar berardingiz, faqat bu paytda biz boshqa ish bilan band paytlarga to’g’ri kelardi. Biz hozir shuni qabul qila olamizmi, qiziqishlarimizga mosmi yoki yo’q-bu siz uchun ahamiyatli emasdi.

Jahon adabiyotida o’z otasi bilan munosabatlari haqida ko’pchilik yozgan. Lermontov, Dostoyevskiy, Kafka, Tomas Mann… har birining yozganlari yurakni batamom ezadi. Ularning ta’sirida ezilgan yuragimga adabiyot Furug’ning ham iztiroblarini qadahda mayni tutgandek to’ldirib tutarkan, o’zimni “bo’ldi, yetar” deb dod solishga og’iz juftlaydigandek sezaman…

Ayol iztiroblariga sira bardosh berolmayman. Azaldan shunday bo’lgan. Bugun ham aynan shunday bo’layotgandek. Furug’ning iztiroblariga o’zimda bardosh topishning ilojisi yo’qdek… Sal o’tib Gerbert Uellsning Vaqt mashinasi bo’lsa-yu, unda o’tgan asrning oltmishinchi yillariga qaytsam, deb xayol qilaman. Tentaklik bu, shundaymi? Vaqt mashinasi – absurd narsa, Uells shunchaki bir xayolparast bo’lgan.

Lekin, shu tobda uning asaridagi o’sha mashina qarshimda gavdalangandek bo’ladi. Ko’rinishi ajabtovur: to’rt tomoni qalin oyna bilan o’ralgan, atrofi turli tuman elektr simlari bilan chirmab tashlangan, ichki qismiga son-sanoqsiz tugmalar o’rnatilgan, o’rtasida elektr stulni eslatuvchi kursi…
Hech kancha o’tmay u orqali o’tgan asrning elliginchi yillari oxiri va oltmishinchi yillari boshlaridagi Tehronga sayohat qilaman. O’zimni shaharning pastak uylardan iborat, oyoq ostiga tosh yotqizilgan, chetlariga novcha simyog’ochlar o’rnatilgan jin ko’chalaridan birida ko’raman. So’rab-surishtirib Parviz Shopurning xonadonini topaman. Uyga yaqin kelib, derazadan qaraganimda Furug’ stolda boshini egganicha o’tiradi. Meni payqab, u deraza oldiga keladi.

-Kimsiz?- deydi derazani lang ochib


-Meni tanimaysiz,- deyman unga boshimni chayqab (qizig’i, unga o’xshab forscha gapira boshlayman o’zimdan o’zim).

-Hozir erim kelib qoladi. Sizni bu yerda ko’rsa u noto’g’ri tushunadi.

-Yana otangga maktub yozyapsanmi?- davom etaman deraza oldidan uzoqlashishni xayolimga ham keltirmay va bu gal uni sensirab.

-Siz buni qayerdan bilasiz?- deydi u hayron bo’lib.

Shunda ko’zimni oldida boshqa manzara paydo bo’ladi. O’zimni ko’hna Rimga kelib qolgandek sezaman. Mikelanjeloning vataniga… Gladiatorlar yurtiga… Afsonaviy g’ozlarning qoni to’kilgan makonga… Karshimdagi ulkan, xarobalardan iborat tarixiy obida Kolizey bo’lsa kerak. Aynan uning o’zi (suratini ko’rganman). Uning atrofida odamlar bisyor, hamma uni ko’rishga va ichini bir bor tomosha qilishga urinadi, shovqin -suron avjiga chiqqan, hayrat to’la nigohlar unga qadalgan, turli tillardagi — italьyancha, inglizcha, frantsuzcha, ispancha so’zlar tinmay uning nurashni boshlagan devorlarida aks sado beradi…

-Yana sizmi?- deydi u yerdagi tosh ustiga o’tirib maktub yozayotgan Furug’ ro’parasida meni ko’rgach.
Men uning sutrang kostьyumiga, tizzasini ochib turgan qora yubkasiga suqlanib qarayman. Sochlarining noodatiy turmagidan va bug’doyrang, istarali yuzidan ko’zlarimni uzolmayman.

-Nega otangga maktub yozaverasan?- so’rayman undan.

Furug’ o’rnidan turadi. Oldimga yaqinlashadi.

-Buncha surbetsiz,- deydi keyin jilmayib.

-Otangga yozgan maktubingni o’qiganman,- deyman unga javoban ko’zimni devor tirqishidan ko’rinib turgan Kolizey ichkarisiga tikib. — She’rlaringni ham. Menga she’r o’qib bergin. Masalan, “Uni ma’zur tuting” deb boshlanadigan she’ring bor-ku, o’shani.

U bu safar yosh boladek qiqir-qiqir kuladi.

-Boshqa safar.

U bilan Kolizeyni aylanaman. Unga mazkur obidaning tarixini so’zlab beraman. U jim eshitadi. Orada ko’zlari yoshlanib, negadir yig’laydi. Tinchlangach undan yana she’r o’qib berishini so’raganimda boshini chayqab, doimgidek shirali ovozda “boshqa safar” deydi. Otasi haqida eslatganimda esa ma’yulashib qoladi va kostьyumining cho’ntagidagi maktubni to’xtovsiz ezg’ilay boshlaydi.
Bu manzaraga endi ko’nikkanimda o’zimni Myunxenda ko’raman. Janub kishisi chidashi mushkul bo’lgan Germaniyaning izg’irinli qishi etimni savalaydi, yuzimni lavlagidek qizartiradi, dimog’imga shimol taftining muzdek nafasini olib keladi. Maydalab yog’ayotgan qor ostida shaharning baland binolardan iborat keng ko’chalarini, bo’yog’i ko’chib ketgan tramvaylarini va turqi sovuq odamlarini yoqalab ketaman. Shahar chetidagi arzon kvartallaridan biriga bosh suqib, u yerdagi devorlariga ko’mir va bo’r yordamida nemischa jargon so’zlar bitilgan hovliga kiraman. Hovlining kiraverishiga “xonalar ijaraga beriladi” deb yozib qo’yilgan bo’ladi. Ichkarilashim bilan hovlining o’rtasida — atrofida tovuqlar to’dalashib yurgan irkit quduqdan suv olayotgan Furug’ga ko’zim tushadi.

-Meni shu yerdan ham topdingizmi?- deydi u qo’lidagi chelakni yerga qo’yib, menga qiziqsinib qararkan.

-She’r o’qib ber,- deyman unga yaqin kelib.

-Boshqa safar,- deydi u yana.

U chelakni ko’tarib xonasiga kirib ketadi. Ortidan kiraman.

-Otamga maktub yozayotgandim,- deydi u ortidan kirganimni ko’rgach stol ustidagi maktubga ishora qilib.- Undan kechirim so’rab, uni nima bo’lgan taqdirdayam yaxshi ko’rishimni aytib va nihoyat ozgina pul yuborishini iltimos qilib… yozayotgandim.

Hali siyohi qurimagan maktubni qo’limga olaman va uni quritish uchun qattiq puflayman. Bir marta, ikki marta, uch marta. Orada unga ko’z tashlayman.

“Bugun nima uchun bu yerdaman? Ochlik, sargardonlik, ming bir iztirobga yuzma-yuz yashayapman. Aslida men uyni yaxshi ko’rardim . Ertadan kechgacha ko’chama ko’cha daydish, yo’limdan chiqqan turli mish-mishlarga bosh egishni istamasdim. Uyda begonaligimni sezganim uchun, o’zimni ocha olmaganim uchun, xotirjamlik topa olmaganim uchun bu yerga keldim. Ozodman, menga berishga qo’rqqaningiz mana shu ozodlik edi… Endi hech kimning nafrat va tahqir to’la nigohlari menga qadalmaydi. Endi hech kim uni qilma, buni qilma demaydi. Endi hech kim menga yosh bolaga qaraganday qaramaydi.”

-Hozir ukam Kamron keladi,- deydi u ko’p o’tmay qo’limdan maktubni olib, ikki buklab kamzulining cho’ntagiga solarkan.- Iltimos, keting. Sizni bu yerda ko’rsa u achchiq qiladi. Erim bilan ajrashganimdan so’ng o’zi shundoq ham ko’p gap-so’zga qolyapman.

Quduqni ortda qoldirib, hovlidan tashqariga chiqqanimda, Myunxenning odamni bezitadigan sovuq manzarasi o’rnini bir mahal Tehrondagi markaziy qabristonlardan biri egallaydi. Uning ingichka yo’lagi bo’ylab, qabrlarni oralatib yelkasiga tobut ko’targancha ketayotgan odamlarning xomush ko’rinishi, shashqator ko’z yoshlari va hasratlari zarbi yuragimni ezadi.

-Bu kimning mayiti,- deyman ulardan yo’l-yo’lakay.

-Furug’ Farruhzodniki,- deyishadi ular va tobutni bir onga yerga qo’yishadi.

Men unga yaqinlashaman. Bizdagi dag’al matodan farqli ravishda silliq va yupqaroq mato bilan o’ralgan kafan ortidan Furug’ning manguga yumilgan chiroyli ko’zlarini ko’raman. Qimtinib turgan lablari esa go’yo va’dasining ustidan chiqmoq uchun pichirlagandek bo’ladi.

Va bu menman-
Yolg’iz turgan bir ayol
Bir sovuq faslning ostonasida
Bulg’oq yer mazmunin anglash boshida
Va jo’n, qayg’uli ko’k tushkunligin
Va tosh qotgan qo’llar notavonligin.

Odamlar qaytadan tobutni yelkalariga olishadi. Uning boshida mulzam ketayotgan kishini tanigandek bo’laman. Bu o’sha- Furug’ning davomiy iztiroblari sababchisi, uni chegarasiz qayg’u girdobida qoldirgan, hech bir jabxada tushunmagan, o’z mehrini qizg’ongan otasi…

…Yakshanba oqshomi yakun tomon odimlayapti. Hademay g’ira-shira tong otadi, qishda ham tinim bilmaydigan qo’shnining ahmoq xo’rozi baland paxsa devor ustida qichqiradi, muazzin masjid ravoniga chiqib bomdodga azon chaqiradi.

Kreslodan qo’zg’alib Furug’ning kitobini javonga — boshqa kitoblar orasiga qo’yaman. Javonda kitoblar ko’p. Furug’ning kitobi ham ularning orasidan joy oladi. Undan uzoqlashishga urinarkanman, oyoqlarim o’ziga bo’ysunmay turaveradi. Muqovadagi uning surati meni o’ziga chorlayveradi.

-Senga she’r o’qib bermaganim uchun kechir,- deydi u menga ma’yus boqib va ilk marta meni sensirab.

- Men aybdorman… chunki bir umr otamga maktub yozishdan bo’shamadim.

2020 yil, fevral. Toshkent-Bo’stonliq

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder

Mehmed Akif Ersoy - Hasta (Safahat'tan)