16 Mart 2024 Cumartesi

Sherzod Ortiqov - Yigirma to'qqizinchi fevral (Epistolyar esse)

 

Sendan oq atirgulning mayin ifori taralardi. Dimog’imda uni masrur tuyarkanman, bir lahzada hushimdan ayrilayotganimni his qildim va o’zimga kelish maqsadida mashinaning oynagini sekin tushirib qo’ydim. Toza havo ichkarilagach, sen tomonga qaramaslikka intilib undan to’yib-to’yib nafas oldim.

— Mashinaning ichi diqqinafas bo’lib ketdi,- dedim senga o’girilarkanman sir boy bermay.

Qo’lingda Erkin A’zamning “Yozuvchining bog’i” kitobi va qora shokolad turardi.

— Bular sizga,- deding jilmayib ularni menga uzatarkansan.

Erkin A’zamning ijodiga azaldan qiziqmaganim uchun kitobiga befarq qaradim, ammo ichini ochib varaqladim. Kitobdagi hikoyalarni bir paytlar o’qib chiqqandim. Birgina “Fideldan salom”ni o’qimagan ekanman. Uni darrov o’qishga kirishdim. Sen zo’raki sabr va picha bezovtalik bilan meni kuzatib o’tirding.

Hikoya doimgidek yoqmadi, unda konkret bir g’oyani ko’rmadim. Yozuvchining tili g’alizligi va bo’rttirilgan milliylik koloriti hali ham yo’qolmagan, stilistikasi doimgidek menga begona edi. Undan o’zim istagandek ola bilmagan taassurot alamini shokolad bilan yuvmoqchi bo’ldim.

— Buncha achchiq, — dedim undan bir bo’lak sindirib, og’zimga solarkanman aftimni burishtirib.
Darhaqiqat, shokolad achchiq edi. Nazarimda, suyuq holida uni qalampir bilan birga qaynatishgandi.

— Ikkovlaring bir xilsizlar,- deding sen nigohingni mendan gina aralash olib qochib.

Oraga uzoq sukunat cho’kdi shunda.

— Nega xomushsiz?- deding bir oz o’tib baribir o’zing birinchi bo’lib gap ochib. — Yo oldingizga kelganim yoqmadimi?

Men indamadim. Javob berish o’rniga sokin qo’shiq taralayotgan mashina radiosining ovozini atayin ko’tarib qo’ydim. Bunga seni xo’rliging keldi, qovog’ing solindi. Yig’lamsirab atrofda tabiat bilan xayrlashishga chog’lanayotgan qishning so’nggi manzarasiga tikilding va bir oz o’tib mashinadan tushding-da, qisqagina xayrlashib ketding.

Mashinaning tezligini oshirib yo’lda ketarkanman, o’zimdan ochig’i nafratlanib ketdim. Senga nisbatan tutgan bu munosabatim o’zimga yoqmadi. Qo’pol muomala qilgandek bo’ldim. Lekin yigirma to’qqizinchi fevralda bundan boshqacha bo’la olmasdim. Ming urinmay xursandchilik ko’nglimga sig’mas, o’tmish ko’z oldimda qad rostlab bu xursandchilikni shafqatsizlarcha kesib turardi. Seni bu yerda aybing yo’q edi, albatta. Balki, yolg’iz aybing shu kuni yonimga kelganing edi…

Bilasanmi, Dostoyevskiyni birinchi marta o’qiganimda kitobi uch kun qo’limdan tushmagan va shu zahoti uni yaxshi ko’rib qolganman (Bu haqida senga ham aytgan bo’lishim kerak). Qo’limga tushgan asari — “Telba” romani edi va u menda ilk sahifalaridanoq kuchli qiziqish uyg’otgan, boz ustiga o’zimni asarning boshidan oxirigacha knyazь Mishkinning o’rnida his qilgan va asardagi g’oyaning ta’siridan bir necha kunlab chiqib ketolmay yurgandim.

U paytlar yosh, qiziquvchan va kitob o’qishga chanqoq talaba edim. Adabiyotga qiziqishim sarhad bilmasa-da, bu qiziqish faqat o’zbek adabiyoti bilan cheklangandi, xolos. O’zbek adabiyotini ko’p o’qirdim. Jahon adiblarini esa kam, shunda ham hijjalab o’qir, chunki tez o’qisam odatda asarlarining g’oyasini tushunmay qolardim.

— Go’zallik dunyoni rostdan qutqararmikin? — dedim bir kuni “Telba”ni o’qib tugatgach, asardagi knyazning o’sha mashhur gapini o’ylab.

Go’zallik va uning dunyoni qutqarish bo’yicha oliy rutbasi haqida shundan so’ng o’ylamagan kunim bo’lmadi. Hatto, shunday kunlar bo’ldiki, bu umumbashariy g’oya haqida o’y surib kunlab institut yotoqxonasidan tashqariga chiqmadim va bir qancha fanlardan o’qiladigan ma’ruzalarni besabab qoldirib, o’qituvchi zotidan ozmuncha gap eshitmadim. Boshqa tomondan to’g’riyam qilgandim o’shanda, chunki institutda bo’yinbog’li va yuzaki ustoz maqomidagi zotlar o’qitadigan “Moliya huquqi”, “Davlat byudjeti”, “Bank menejmenti” kabi fanlarga sira toqatim yo’q edi, ma’ruzalarda tom ma’noda zerikar, bir soatu yigirma daqiqa o’zimni qo’yarga joy topolmay, qachon qo’ng’iroq chalinarkin, deb yuragim bezillab o’tirardim. Ma’ruzalar tugagach kutubxona yerto’lasida joylashgan badiiy adabiyotlar bo’limiga oyog’imni qo’limga olib chopar va u yerda Dostoyevskiyning navbatdagi jildini abonentlik kartamga rasmiylashtirib qo’limga olardim. Shundan so’ng, uni qo’ltiqlab yotoqxonaga yugurar va shu bo’yi hatto kechki ovqatga ham chiqmay, xira chiroq yorug’ida uning mutolaasi bilan mashg’ul bo’lardim.

Vaqt o’tib “Telba”ning orqasidan kuchli mayl natijasida Dostoyevskiyning boshqa asarlarini ham qisqa muddatda o’qib chiqdim. Birin-ketin qo’limda uning kitoblari almasha boshladi: “Jinoyat va Jazo”, “Xo’rlangan va haqoratlanganlar” , “O’lik uydan maktublar”, “ Qimorboz”, “Iblislar”, “Aka-uka Karamazovlar”…

Mutolaa jarayonida adib shaxsiyatini ko’z oldimda gavdalantirarkanman, uning asarlaridagi gumanizmga ochig’i tan bermay ilojim qolmasdi. Uning gumanizmi meni aqldan ozdirar, turli tipajdagi qahramonlari ruhiyati yuragimning urishini hayajon aralash tezlashtirar, shu tarzda men haftalab yoki oylab uning qahramonlari bilan birga-go’yo bir tom ostida yashab nafas olardim.

Goh Raskolьnikovga qo’shilib teran vijdon azobida qiynalasam, goh xayolan Aleksey Ivanovichga o’xshab ruletkada betinim qimor o’ynardim. Goh Alyosha Karamazovga o’xshab podshoh zoti oliylari joniga suiqasd qilishni rejalashtirsam, goh knyazь Mishkinga o’xshab odamlarning sevishga qodir emasligidan iztirob chekib, go’zallik dunyoni zalolatdan qutqaruvchi yagona kuch ekanligini yigirma to’rt soat o’zimga o’zim takrorlashdan charchamasdim.

Knyazь Mishkin, Raskolьnikov, Sonya Marmeladova, Alyosha Karamazov — bular mening yaqin do’stlarim edi, ularni tegramdagi minglab tirik odamlardan ko’ra ko’proq qadrlar va sevardim, ularning inson tafakkuriga sig’mas dardlari va iztiroblariga hayrihohlik bildirib, ular bilan birga qayg’uga sho’ng’ib dunyoi dunda umrguzaronlik qilardim… Dostoyevskiy yaxshi ma’noda meni shu ko’yga solgandi.

Shu tariqa talabalik davrim yakunlanib, Fyodor Mixaylovichga nisbatan qaynoq muhabbat ila katta hayotga qadam qo’ydim. Shubhasiz, o’sha paytlari u eng sevimli yozuvchim edi. Uni hatto Kamyu va Tolstoydan ham yuqoriga qo’yar, uning surati oynali romda shaxsiy yozuv stolim ustida muntazam turar, stol ustida bundan tashqari doim uning birorta kitobi bo’lar va uni bo’sh qoldim deguncha qayta-qayta o’qir yo varaqlardim.

O’qish har doim maroqli bo’lish bilan birga, menga har safar nimadir berar va buning natijasida Dostoyevskiyni hech ikkilanmay insoniyatning ulug’ muallimlaridan biri deb hisoblardim. Yashirib nima qildim, shu yoshimda ham Dostoyevskiy meni tarbiyalardi. Uning ko’magida yigirma besh yoshimda ma’naviy reabilitatsiyani boshdan kechirarkanman, adib asarlaridagi badiiy g’oyalar ta’sirida kundan kunga yanada ulg’ayib borayotganimni, shaxs sifatida ichki ziddiyatlardan borgan sari xoli bo’lib kamroq azob chekayotganimni, ichimdagi ikki xil tuslanishdagi inson nihoyat bittaga aylanayotganini sezayotganimni va qaysidir ma’noda ruhiy-ma’naviy balog’atim yuqori bosqichga ko’tarilayotganini tushunar va buning uchun undan cheksiz minnatdor bo’lib, oldida o’zimni to’laqonli qarzdordek ko’rardim.

Bir kuni Dostoyevskiyni yanayam yaqindan bilgim keldi. O’sha kuni ham yigirma to’qqizinchi fevralь edi. Bu vaqtga kelib adibning badiiy asarlarini barchasini o’qib chiqqan, shaxsiy kutubxonamda asliyatdagi uning o’ttiz jildlik asarlar to’plami mavjud bo’lib (ularni bukinistdan juda qimmatga olgandim), bu jildlarning oxirgi qismlaridan u yozgan kundaliklar va maktublar o’rin olgandi.
Negadir ko’pchilik yozuvchilarni faqat badiiy asarlarini o’qishadi. Kundaliklari va maktublari ularga qiziq tuyulmaydi yoki ularni o’qishga o’zlarida vaqt ajratishga erinishadi. Menda boshidan buning aksi bo’lgan va men har gal biror bir yozuvchining ijodiga qiziqish bildirsam, albatta uning kundaliklari va maktublari ham e’tiborimdan chetda qolmas, ularni ishtiyoq bilan boshidan oxirigacha o’qib chiqishga harakat qilar, gohida buni to’lig’icha uddalardim.

Dostoyevskiy bilan ham shunday bo’ldi. Dastlab uning kundaliklarini, keyin maktublarini o’qib chiqdim. Bu jarayon yakunlangach, albatta hech nima o’zgarmadi. Osmon qulab tushmadi, yer yorilmadi. Biroq men o’zgardim. Bu o’zgarish yorug’lik tezligida ro’y berdi desam ancha mubolag’a bo’ladi-yu, ammo tez sur’atda bo’ldi, desam adolatli bo’ldi. Dostoyevskiyning kundaliklari va maktublari meni o’zgartirdi, aniqrog’i ulardagi quyidagi targ’ibot:

“Evropaga biz qashshoq qarindosh va qul bo’lib keldik. Yevropa yo’llarida shapkamizni tutib turgandan ko’ra, o’zimizni Sharqqa — Turkistonga urganimiz ma’qul. Rossiya o’zi uchun Osiyoni ochsa, ikki yuz yillik tanballik va mahmadanagarchilikdan qutuladi. Agar Yevropada bizni tatar deb bilgan bo’lsalar, Osiyoda bizni yevropalik deb tanishadi. Osiyoni madaniylashtirishga kirishsak, oxir-oqibatda bu bizning ruhimizni ko’taradi va biz o’zimizning kim ekanligimizni anglab olamiz. Biz o’zimiz o’z yerimizda ilmlar sohasida chalasavodmiz. Osiyoga kirib borsak, biz u yerlarda arbob sanalamiz, bizda mustaqil ish yuritish ruhi uyg’onadi, biz uddaburon xalq bo’lib qolamiz. Yevropaga dum bo’lgandan, Osiyoga (Turkistonga) bosh bo’lgan afzal”.

Men beixtiyor oxirgi gaplarni pichirlab bir necha marta qaytardim: “Evropaga dum bo’lgandan ko’ra, Turkistonga bosh bo’lgan afzal”. Yana qaytardim, yana va yana… Uning kundaligidagi mazkur satrlardan boshimni ko’targach, birinchi bo’lib o’zimga bergan savolim quyidagicha bo’ldi:

— Rostdan bu Dostoyevskiyning kundaligimi?

Muqovaga qaradim. Tepada uning ismi sharifi turar, rostdan bu uning kundaligi edi. Bu so’zlarni uning o’zi yozgandi. Bunga ishonch hosil qilish uchun o’zimni chimchilab ko’rishim yoki ustimdan bir chelak sovuq suv quyib yuborishim shart emasdi. Xayolim joyida, hali parishonxotirlik yoki Altsgeymer hastaligiga chalinganim yo’q edi.

Bu so’zlarni yozgan o’sha -go’zallikning dunyoni qutqarishiga meni ishontirgan, gumanizm nima ekanligini chaynab, yutish uchun tayyor qilib og’zimga solib qo’ygan, o’zining insonparvarlik g’oyalari bilan sug’orilgan asarlari orqali meni telbalarcha maftun qilgan — insoniyat muallimlaridan biri Dostoyevskiy edi (adib akasi Mixail Dostoyevskiy va general Skobelevga yozgan maktublarida ham shu targ’ibotni ommalashtirish borasida gapirgan va uning maktublarini titkilagan istalgan odam bu haqida o’qishi mumkin).

Bu noxush o’ylarim ortidan moziyda qolgan Turkiston xayolimdan o’tdi. Uni ruslar tomonidan oyoq osti qilingan muqaddas tuprog’ining hidi bir zumda dimog’imdan ketmay olayotgan nafasimga qorishib ketdi, Vereshchagin chizgan kartinalardagi ayanchli va qonli manzaralar xotiramda jonlandi, tarixiy kitoblarda aks etirilgan voqealar yodimga tushdi.

Mana harbiy kiyimdagi cho’rtkesar va diydasi qattiq general Fon Kaufman viqor bilan kulib turibdi. Turkistonni xaritada mensimaygina aylanaga olyapti. Oz fursat o’tib, uni tantanali ravishda Rossiya imperiyasining mulki deb e’lon qiladi. Bu qirg’iyburun va nigohi sovuq kishi general Chernyaev. U yaxshi qurollangan, to’plar bilan mustahkamlangan qo’shini bilan o’tmas qilich, pilta miltiq va to’qmoqlar bilan qurollangan Turkistonliklarni ommaviy o’qqa tutishga buyruq beryapti, katta to’plari gumbirlayapti (dinamitni yaratgan Nobelga rahmat!). Bu karavotida jon taslim qilayotgan qariya- general Skobelev. Soqoli uzun maraz va pixini yorgan qotil. U qarshisida tavbasiga tayantirgani kelgan ruhoniyga qarab kinoyali tirjayapti va yana ko’plab sartlarning qonini to’kmaganim uchun afsuslanaman, deb xirillayapti. Bu kim? Ie, Vereshchagin janoblari-ku! Imperiyaning bir tiyinga qimmat rassomi. U yonidagi askar yigitga ruschalab asirlikdagi Turkistonlikni dorga os, uni dorda osilgan holatdagi suratini chizmoqchiman, surat tabiiy chiqishini istayman, deyapti. Hademay uning suratini chizadi. Yana ko’plab shunga o’xshash suratlar chizadi bu enag’ar… Bu-chi, kim? Turqi sovuqligidan va ahmoq basharasidan ma’lum: Buxoro amiri- Amir Olimxon. U Peterburgdagi oq podshohning oldiga taomilga ko’ra bir umrga o’z vassalligini (oddiy tilda — qulligini) bildirish uchun aravada ketyapti. Peterburg sovuqligi uchun qalin kiyimga o’ranib chirmanib olgan. Boshida qalpoq, egnida po’stin. Orqasida bir dunyo sovg’a-salom…. Bu podshoh saroyi bo’lsa kerak. Podshoh , uning oilasi va rus kiborlari Turkiston hukmdoriga past nazar bilan qarashyapti. Bu so’tak esa ularga qulluq qilyapti. Bema’ni manzara! Kimlarning avlodi eding, hoy sen tentak amir, degani odam yo’q! Turkiston oldida Rossiya nima degan gap. Mo’g’ullar uni oyoq osti qilganda sening bobong ularni ozod qilgan bo’lsa, nega sen ularga qulluq qilasan? Amir Olimxonning og’zi qulog’ida. U Nikolayning tantiq va oqbilak singlisi Olgaga atab yozgi saroyida ovro’pocha qasr qurdirmoqchi. Yozgi saroyida. Sitorai Mohi Hosada! Kuning shularga qoldimi, Turkiston? Turkistonda o’zi nima gap? Dukchi Eshon qo’zg’oloni qonli bostirilgach, Mardikorlar qo’zg’oloni ham qonli bostirildi. Birinchi jahon urushiga Turkistondan mardikorlar zo’rlab olib ketilyapti. Temir yo’l qurilishiga… Ularga hatto qo’liga qurol bergani ham irganadi ruslar. Turkiston bolalari faqat mardikor bo’lishi kerak, faqat mardikor… Bu inson kim bo’ldi, endi? Ko’zlari horigan, yuzi o’liknidek oppoq, peshonasi keng, mulohazali kishilardek o’ychan. U yozuv stolida maktub yozyapti yoki kundalik. Ha, Fyodor Mixaylovich-ku! Insoniyatning muallimi! Gumanizm kuychisi! Mana u yozib ham bo’ldi. Qani, bir ko’z yugurtirib ko’raylik-chi. Yozganlarining boshini o’qib bo’lmaydi, husnixati hammabop emas ekan. Lekin oxirgi so’zlarini o’qishning ilojisi bo’ldi. Mana ular: “Evropaga dum bo’lgandan ko’ra, Turkistonga bosh bo’lgan afzal”…
Ko’pga bormay kundalikni yopib qo’ydim. Bu so’zlarni Turgenev yoki nari borsa ana Chexov yozganida ham bunchalik ich-etimni yemasdim, qiynalmasdim, olam ko’zimga tor ko’rinmasdi. Chunki ularni o’qisam-da, ijodlariga ko’ngil qo’ymagandim, qalbimdagi bor kitobxonlik mehrimni bermagandim. Ular bo’lishganda ehtimol shiddat bilan avj olib borayotgan ko’ngilning qolishi shunda azob bermasdi. Rabbim, ne zillat bu!

Shundan so’ng, oradan kunlar va oylar o’tdi. Yillar ham o’tdi. Dostoyevskiyni boshga qo’limga olmadim. Uning kitoblari oldingidek shaxsiy kutubxonamdagi javonda turar, men qo’l tekkizmasdim. Boisi, uni qo’limga olsam yig’layotgan, horu- zor bo’lgan, ruslarning oyog’i ostida tuproqqa belangan hassos va hokisor Turkiston yodimga tushar va men g’azabdan ko’karib kitobni darrov joyiga qo’yardim-da, o’zim bilan olishib, asabiylashganimdan bilagimdagi tomirlarim bo’rtib chiqib, ovozimni chiqarmay so’kina-so’kina xilvatga berkinardim.

…Shaharning ichiga kirganimda, tezlikni kamaytirdim. Spidometrga qaradim. Tezlik kamaygan, mashina endi sekin yelib borardi. Ko’p o’tmay sen ko’z oldimda namoyon bo’lding-u, mashinani chetga oldim. Raqamingni terib, qo’ng’iroq qildim. Ammo sen javob bermading. Senga judayam gapirgim keldi. Nimanidir aytmoqchi bo’ldim. Nimani o’zi? Nimayam derdim? To’rt yil oldin yigirma to’qqizinchi fevralda Dostoyevskiy bilan manguga ajralganimizni aytarmidim? Yo uning istalgan asarini mutolaa qilish uchun qo’limga olsam Turkistonning bemisl uqubatini tanamda his qilishimni? Rosti, bilmadim. Shunchaki gaplashgim keldi. Shunchaki…

2020 yil, mart, Marg’ilon

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder