14 Haziran 2024 Cuma

Boborahim Mashrab - G'azal (Oldida)

 

Kori muflis sahl erurkim pod(i)shohning oldida,
Siynayi daftarni ochmang dil siyo(h)ning oldida.

Man tasadduqi o’shandoq oli himmatlar bo’lay,
Ikki olam bir qadamdur avliyoning oldida.

Rahmatanlilolamiynning ummati bo’lsang agar,
Rohi aslingdin gapurma ro’ siyo(h)ning oldida.

Kimki johildir nasihat bersang anga saxt yetar,
Ikki dunyo nur bo’lur sohib duoning oldida.

Domani davlatni tutganlar bilur bul ma’nini,
Yaxshi so’zni so’zlamang baxti qaroning oldida.

Mashrabo, har qayga borsang izlagil ganji nihon,
Ro’zi Mahshar qurb topgaysan Xudoning oldida.

G'azal (Devona qildi ishq mani.)

Man kimga aytay, do’stlarim, devona qildi ishq mani,
Sadpora qildi yurakim, devona qildi ishq mani.

Tun-kechalar dod aylasam, har dam sani yod aylasam,
Ishqingda faryod aylasam, devona qildi ishq mani.

Shomu sahar giryon bo’lay, yo’lungda sargardon bo’lay,
Oxir sanga qurbon bo’lay, devona qildi ishq mani.

Hamdam bo’lay mayxonaga, sokin bo’lay butxonaga,
Boshim qo’yay ostonaga, devona qildi ishq mani.

Ishq ahliga hamdam bo’lay, Haq yo’liga mahkam bo’lay,
Dargohiga mahram bo’lay, devona qildi ishq mani.

Devonayi shaydo bo’lay, man tolibi Mavlo bo’lay,
Xalq eliga rasvo bo’lay, devona qildi ishq mani.

Mashrabga qil lutfu karam, vahdat sharobin dambadam,
Ey sohibi Lavhu Qalam, devona qildi ishq mani.

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder