14 Haziran 2024 Cuma

Rauf Parfi - Qora devor

 

I

Qandayin sirdir bu, bu qanday tushdir,
Bu qanday uyqudir, uygʻongan uyqu.
Koʻzlarimdan qora quzgʻunlar uchdi
Mudhish qora devor ortida, yohu!

Qora devor qari, sotqinlar yurti,
Tilsiz, vatansizlar vatani qoldi.
Sanqigan jasad-la telbarib yurdim,
Aqlimga roʻyolar kalolat soldi.

Zaharga aylandim, yogʻochdek sindim,
Qayta oʻldim, ruhim qaytmadi tanga.
Hazrat Sultonimga singrab sigʻindim

Allohim, madad ber. Bir Soʻz ber menga,
Jonimning parvozin bergil, sogʻindim,
Ishq ber! Qaytar meni yorugʻ Vatanga.

II

Koʻrdim sozinggizni chaynadi alam,
Buzgʻunzor qoʻynida ungan sof gulim.
Majruhlar yurtida xoʻrlangan onam,
Zoʻrlangan qonsinglim, mangu sevgilim.

Tuproqqa yiqildim, koʻkka osildim,
Ming yil izladimmi? Topdimmi? Qachon?
Soʻrib toʻydilarmi sizni qonsinglim?
Ezib bezdilarmi sizdan, onajon?

Yerga choʻkkan osmonlarni kuzatdim,
Chopilgan oyogʻim bilan chopdim men,
Kesilgan qoʻlimni sizga uzatdim.

Bu dunyo gullarga toʻldi. Qotdim men,
Soʻqir koʻzlarimni nur-la bezatdim.
Mehribonim, qonim, Sizni topdim men.

III

Mehribonim, izinggizdan boramen,
Shivirlaydir sherim. Bu qaysi oyat?
Bu dunyoda qirq Majnunning biri men,
Oʻlimga chap berib keldim nihoyat.

Yuragim zindoni. Bir yalangʻoch dor,
Sollanib turadir faqat men uchun.
Bunda bir muhabbat zahri qotil bor,
Bu zindonda bir Laylo bor, bir Majnun.

Mehribonim, xunim, men Sizni topdim,
Qonim berdim bu sirli xayollarga.
Soʻydim yuragimni, koʻksimni chopdim,

Ay, sovurdim ul sovuq shamollarga,
Hukm qildim oʻzimni. Tong chogʻi otdim.
Nuqta qoʻydim javobsiz savollarga.

IV

Nadir bu? Tilim lol, vujud valangar,
Koʻrgali koʻzim yoʻq, koʻzim oʻyilgʻon.
Bir sharpa ilgʻamas, quloqlarim kar…
Bildim, Sizdan boshqa barchasi yolgʻon…

Eyvoh, qora devor sirti oqlangan,
Boʻynimga chirmashgan iblisni quvdim.
Kavsar chashmasida ming yil poklangan
Tosh bilan qadimiy tanimni yuvdim.

Bir qudrat shashasi tentir izimda,
Xilqatni anglagan zotdek xomushman,
Yetti vodiy aylanadir izmimda.

Bori yolgʻon, men sarobman, men tushman,
Yoʻq, men qushman, chala soʻyilgan qushman,
Aytilmagan Bir Soʻzim bor boʻgʻzimda.

V

Aldangan, charxlangan qalb bilan oʻtdim,
Yoru doʻstlar boshim uzra yigʻildi.
Hukm kutgan kabi men Sizni kutdim.
Unutdim oʻzimni, oʻzim tugʻildim.

Koʻzimning qarida ul Qora Devor,
U taraf qorongʻu har narsa yoʻqdir,
U taraf zahardir, xanjardir, oʻqdir,
Kecha yoʻq. Bukun yoʻq. Erta yoʻq. Siz bor.

Tiriklikdan kechdim, oʻlimdan kechdim,
Osmon deganlari mening figʻonim,
Dunyo zaharini bir oʻzim ichdim.

Yondi tun charogʻim, kuldi jahonim,
Men qanot bogʻladim, koʻklarga uchdim,
Assalom, sevgili Insonim, qonim.

VI

Tanamdan chiqdim-da men yerga indim,
Menga bari ayon, tiriklar koʻrmas.
Ey siz koʻr olomon, men ruhman, dedim,
Ular koʻrmas meni, holimni soʻrmas.

Bani odam ovchi, odamni ovlar,
Tishlab toʻymas, gʻajib toʻymas, bedavo.
Nochor mayitlarning choʻntagin kovlar,
Pinjida xiyonat, qabohat, gʻavgʻo.

Soʻzimga toʻldi sogʻinch, soʻzim-da yolgʻiz.
Koʻzimga toʻldi yolgʻiz Alloh jamoli.
Belgi berdi falak. Nomalum bir iz.

Jismimni sindirdi ajal shamoli…
Tobutimni quchib yigʻladinggiz, Siz,
Nechun, Dunyoning Eng goʻzal Ayoli?!

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder