(Anado’li Qishlog’ining Muzaffar O’rdalariga )
Ey Inonu, ey Sakariya, ey istiqlol erlari,
Milliy Misaq olingancha to’xtalmasdan ilgari!
Bilamiz, kim jannat kabi tuprog’ingiz yovlarning
Go’daklarni yastag’uchi oyoqlari ostida.
Bilamiz, kim tovushingiz haqsiz chiqqan davlarning,
Insofsizcha shovqinlarning, xurushlarning pastida.
Bilamiz, kim “madaniyat” beshigida o’lturgan
Jallodlarning butun ta’ma va hislari sizlarda.
Bilamiz, kim “ozodlik” deb shovqin qilgan, baqirg’an
Bo’rilarning och ko’zlari, oltin to’la yerlarda.
Bilamiz, kim unlar sizni yashamoqqa qo’ymaylar,
Bilamiz, kim qoningizni tomchi-tomchi ichalar,
Bilamiz, kim unlar sira yuvosh xalqni sevmaylar,
Bilamiz, kim tuproq uchun insonliqdan kechalar.
Bilamiz, kim siz yo’qsullar so’ng chog’da
Shunday yomon dushmanlarning qo’lida
Mangu asir, mangu tutqun bo’lishni
Istamasdan qo’lga yarog’ oldingiz.
Bilamiz, kim qator-qator qishloqlar
Sinasiga non to’ldirg’an tuproqlar,
O’t ichinda, shuning uchun o’lishni
Ortiq ko’rub, jonni o’tqa soldingiz.
Jonni qong’a –o’qqa o’tqa soldingiz.
Faqat bu kun totli bir o’ch oldingiz,
Yana bir qo’r tarixlarda qoldingiz!
Ey istiqlol, ey Saqariya, ey Inonu erlari,
Yur, mazlumlar to’fonining o’ch olg’uchi sellari!
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder