27 Mart 2024 Çarşamba

Nodirabegim Ibrohimova - Adibning vafoti (hikoya)



Bir marta yurak xurujini yengib o’tgan yozuvchining ko’nglini avaylashardi, ammo u saratonning qoq o’rtasida saratondan vafot etdi.

O’sha lahza, kasalxonada uning yonida hamshiradan boshqa hech kim yo’q edi. Hamshira hargutul, adibni tanir, hikoyalarini o’qigan, shu sababdan boshqa bemorlardan ko’ra uning yonida xozir turar, og’zidan biror so’z chiqarmikin deb halak edi.

− Ayolingiz keldi, ichkariga kirsinmi? – unga bergan oxirgi savoli shu bo’ldi.

Adib boshini sarak-sarak qildi. Ammo eshikdan ko’zlarini uzmadi.

Farzandlari yetib kelganida u allaqachon rixlat qilgandi. Oilasi ko’p kuyindi: padari nafaqat yozuvchi, balki ota sifatida ham o’ziga haykal qo’yishga ulurgandi. Tobut yelkama yelka bo’lib, qabriston sari yo’l oldi. Adibning marmarga o’yib ishlangan byusti iliq tuproq uzra barcha og’riqlardan xalos bo’lgani uchun mamnundek jilmayib turardi. Uning qarshisida yig’ilganlarning bari esa ko’z yosh to’kar, qabrga guldastalar qo’yishardi. Uni kunda kunora muxlislari yo’qlab kelardi. Yozgan asarlarini yodga olib xomuza tortishardi. Dardchil yozardi-da rahmatli. O’zini ham qurmag’ur dard olib ketdi.

Bir kuni qabr yonida bir talay maktublar paydo bo’ldi.

− Sizga yozgan, ammo jo’natmagan maktublarim, — dedi ularni olib kelgan kimsa xo’rsinib.

O’lganning orqasidan o’lib bo’lmaydi. Kunlar o’tib bu shumxabarni odamlar unutdi, oy o’tib muxlislari boshqa kitoblar o’qiy boshlashdi, yil o’tib oilasi ham o’z orzu-tashvishlari bilan binoyidek yashab ketishdi. Faqat o’sha kimsa uning qabrini har kuni ziyorat qilishdan, haqqiga duo o’qishdan to’xtamadi. Qo’lidan uning kitoblari tushmasdi, yozgan asarlari yod bo’lib ketgandi. Adibning ruhi ham buni sezdi: uni tushlarida ko’p yo’qlardi.

Yozuvchining oltmish yillik yubileyi Ijod uyidagi muhtasham zalda o’tkazildi. Adib bu yerga ko’p marta kelgan: eng boshida to’garaklarga havaskor sifatida, so’ng ashaddiy kitobxon, keyinroq iqtidorli qalamkashga aylandi, yillar o’tib minbarga chiqib ijod haqda o’z so’zini aytoldi, ilk kitobining taqdimoti ham shu yerda bo’ldi. Ammo keyinchalik u tanilishga, olqishlarga, obro’ga qiziqmay qo’ydi. Adabiy muhitdan uzoqroqda, tinchlikda, sokinlikda ijod qila boshladi. Yolg’izlikda yozilgan asarlari odamlar mehrini qozondi. Unga olis-yaqindan xatlar kelardi. Xatlar ichida uni yozishga undaydigan nomalar talaygina edi, ammo ular ichida bittasi aziz edi.

…Bugun muxlislarning shu kabi maktublarini olib kelgan adibning rafiqasi unga so’z berishlarini hayajon bilan kutyapti. Katta zal mashhur yozuvchiyu shoirlar, rahmatli erining muxlislari, zimdan uni ustoz deb bilgan shogirdlari bilan to’lgan, farzandlari ham old qatorda otalarini yodga olayotgan ijod ahlining e’tiboridan mamnun bo’lgancha faxrlanib o’tirishardi.

− Rahmatli turmush o’rtog’im adabiyot uchun hayotini bag’ishlagan edi, — adibning rafiqasiga so’z berilgach, u gazetalarga bergan intervyularidagi o’sha yod bo’lib ketgan jumlalarni takrorlay boshladi.

 — Oilasiga ham g’amxo’r edi. Kechalarni tongga ulab yozgan qancha romanlarini bugun xalq sevib o’qimoqda. Ha, bunday paytlarda hamisha yonlarida bo’lardim. Kitoblarini eng avvalo, o’zim o’qib chiqardim, yutuq va kamchiliklarini ochiq aytardim. Hozir ham kutubxonalariga qo’l tekkizganim yo’q, qo’lyozmalari shundoq ish stolida turibdi, go’yo bir kun eshikni ochib kirib keladigandek, tugallanmagan hikoyasini yakunlab qo’yadigandek tuyuladi menga…

Shundan so’ng ayol muxlislarning nomalaridan satrlar o’qib berdi. Qarsaklar yangragach, ko’zlariga yosh olib joyiga qaytdi. Qaniydi, shu e’tibor, shu obro’ tirikligida bo’lganida edi, xayol qildi u. Ancha yaxshi yashashgan bo’larmidi!..

Bir payt eshik yonidagi o’rindiqda o’tirgan g’amgin ayolga ko’zi tushdi. Ayol ham unga qarab turgan edi, ammo shu zahoti ko’zlarini yashirib ro’moli bilan yuzining unga ko’rinib turgan tarafini yopgandek bo’ldi. Adibning rafiqasi qizarindi. Yuragining bir cheti g’ijimlanib, o’ng’aysizlandi. Qo’lidagi xatlarni g’ijimlay boshladi. Ikkinchi gal qaraganda, o’rindiqda hech kim yo’q edi. U bir oz tin olib, yana xotira kechasini kuzata boshladi. Kuzatarkan, hayotining bir qismi kino lentasidan ko’z o’ngidan o’ta boshladi.

***
− Bu yozganlaringizdan bir tiyin ham foyda yo’q! – ayol jahl bilan tungi qoralamalar ustiga tap etib urdi. — Siz ham boshqalarga o’xshab uy solsam, mashina olsam, xotinimni chet ellarga oborib aylantirsam demaysiz! Bilganingiz faqat kitob, yozganingiz faqat kitob!

U ixcham kutubxonaga qarab qo’lini bigiz qildi:

− Osh-non bo’ladimi bular? Yozuvchilar uyushmasiga a’zo emassiz! Sizdan yoshlar a’zo bo’lgani qachon edi! Hatto shogirdingiz ham bugun davralarni to’rida o’tiribdi she’r o’qib!
− U shogirdim emas, — beparvo javob qaytardi adib.

− Uyimizga kelganmidi, kitobiga so’z boshi yozdirib ketganmidi? Birinchi kitobi chiqqanmidi o’sha yerda? Mana, endi a’zo bo’lib sizni changida qoldirib ketdi.

− Omadini bersin.

− Siz ham xujjat topshiring, odam! Nega Do’rmondan dacha olmaysiz, nega navbatda turib uy olmaysiz?! Yozuvchilarga berilayotgan imkoniyatlar foydalanib-foydalanib qolmaysizmi? Bitta she’r yozib, qimmat moshinali bo’lyapti odamlar. Nechta kitob yozdingiz shu choqqacha? Yettita! – erining javobini kutmay yana shang’illashda davom etdi u. – Nechtasi chiqdi? Ikkita, xolos! Gonorar oldingizmi shunga? Yo’q! Nima emish, pul uchun yozmaymanmish! Nima keragi bor, unda bu yozishlarni? Ishlayotgan ro’znomangiz koshki, tuzukroq oylik to’lasa.

Adib bu gaplarni tinglash o’rniga bosh qashib, qog’ozga yozgan jumlalarini o’chirib, qayta yozishga kirishdi.

− Jim tur ozroq. Yakunini bitirib olay.

− Avval savollarimga javob bering!

U noiloj boshini qog’ozdan ko’tardi:

− Men uy olish, mashina minish uchun yozmayman. Sen baribir tushunmaysan. Agar shu maqsadda yozganimda… yo’q, tavassur qilish qiyin buni. Dang’ilamma hovliyu, mashina kerak desang, ertagayoq Rossiyaga ketaman. Uch-to’rt yil mardikorlik qilib topib kelaman shu pulni. Lekin zinhor, aytib qo’yay, zinhor satrlaridan moy oqib turgan unaqa asarlar yozmayman, tushundingmi meni!

Erining ahyon-ahyon chiqib turadigan jahli alanga olayotganini sezgan xotin indamadi. Bir galgi yurak og’rig’i uni cho’chitib qo’ygandi. Axir farzandlari hali yosh… Eri ham bardam, vaqti kelsa bo’lar shu dang’illama uy ham. U qo’lidagi sochiqni bir siltab oshxonaga kirib ketdi.

Adib o’sha kecha uxlolmadi. Yozolmadi ham. U pochtasidan xabar kutardi. Shu xabarlar unga ilhom bag’ishlab turgani uchun ayni paytda, unga judayam zarur edi. Onda-sonda keladigan bu xatlarga adib javob yozmagan. Shunday bo’lsada, xabar to’xtab qolmasdi. Ayni kerakli, ayni muhtoj paytida pochta qutisidagi yangi xat har galgidek umid chirog’idek porlab turardi.

Aziz adibim!
Sizning “Tirik odam” nomli hikoyangizni yaqinda adabiy jurnallardan birida o’qib qoldim. U yuragimga malham bo’ldi. Mendagi ikkita kitobingiz mundarijasida bu hikoya yo’q edi. Qo’limdagi kitobingiz bir bo’ldiyu, yangi hikoyangiz bir bo’ldi. Romanga teng hikoya bo’libdi! Bosh qahramonda huddi o’zimni topgandek bo’ldim. Bilasizmi, men ham atrofga boqib tirik odamlar bormikin, deb kuzataman. Ko’pincha topolmayman. Hammasining qalbi so’nib qolganga o’xshaydi. Sizning tirik odam ekaningizga shubham yo’q. Siz bilan sira gaplashmagan bo’lsamda, ammo eng yaqin do’stimsiz. Iltimos, yana shunday tirik hikoyalar yozishda davom eting. Sizga bu yo’lda chidam va omad tilayman. Xurmat bilan.
O.

Yozuvchi “Tirik odam” haqda esladi. Ko’p marta rad etilgan bo’lsada nihoyat yaqinda bosilgandi. Uni yozgunicha bir hafta ishga borolmay, xonasidan chiqmagani, evaziga xayfsan olgani, xotini esa bolalarni ergashtirib uydan ketib qolganini esladi. Ularda ham ayb yo’q. Nima qilishsin, gazetaga har hafta maqolalar, bola-chaqasiga esa e’tibor kerak. Axir ular ham tirik odam…

Nihoyat, u galdagi maktubga javob yozishga qaror qildi.

Aziz O.
Maktublaringizni doim o’qiyman… ular menga ijodiy qanot beradi. Ba’zan yozishni tashlayman deymanu, sizdan “yangi hikoyalar kutyapman”, degan xabar kelib qoladi. Yana yozgim keladi…”

U juda uzun yozdi. Hamma qayg’ularini, iztiroblarini qo’shib yozdi. Yengil tortayotganini, g’amlari ko’nglidan ariyotganini his qilib yozdi. Maktubni jo’natganida esa tong otib qolgandi. Ko’zlarini yumib bir lahza tin olgach, pochtasida yangi xabarni ko’rdi. Maktub maktublarga ulandi.

Bir kuni adibning rafiqasi uning ish stolini changlarini artarkan, ochiq qolgan kompyuter pochtasida “ting” etib kelgan yangi xabarga ko’zi tushdi. Bir talay elektron xatlar asosan bir odam – O.dan kelgan edi.

Aziz yozuvchim.
Yangi romaningizni qisqacha syujetini jo’natibsiz. Bilasizmi, bosh qahramon ayolning o’tmishi borasida e’tiroz paydo bo’ldi menda. Avvalo, turmush o’rtog’i vafot etib, kitoblarga bog’lanib qolgan bu ayolni juda chiroyli va xurliqo tasvirlayapsiz. Menimcha, g’amxo’r odamidan ayrilgan ayol so’nib boradi, ayniqsa kun bo’yi kitoblar bilan sirlashib o’tirsa. Gul-gul yashnamaydi. Uni yoqtirib qolgan erkak esa birinchi navbatda suratiga emas, siyratiga oshiq bo’lishi lozim. Bir ko’rishdagi muhabbat ishonchsiz narsa. Shu borada o’ylab ko’ring. Istasangiz, ayolning ruhiy chizgilarini chizishda sizga ko’mak beraman. Aytgancha, siz qatnaydigan kutubxonada ishlayman men ham. Sizni bu yerda ko’p ko’rganman, balki meni tanimassiz. Bu safar o’zimni tanitib, yangi asaringiz borasida ko’maklashaman. Fikrlarimni e’tiborsiz qoldirmaganingiz uchun rahmat. Xurmat bilan. 
O”.

Ayol yangi kelgan xabarni o’chirib yubordi. So’ng bamaylixotir oshxonaga o’tib, xayolchan tarzda ovqatlanayotgan eriga boqdi. Avvalgidek tushkun emas, ko’zlari porlab qolgandi. Demak, sababi ayon.

− Men birrov opamnikiga o’tib kelaman.

− Tinchlikmi? -so’radi eri.

− Ha, biroz tobi yo’q ekan.

Ayol ko’chaga chiqdi: erining doimiy boradigan kutubxonasi shu atrofda edi. Dam olish kuni bino ishlamasdi. Ammo qorovuldan O. ismli xodimlarni surishtirdi, o’zi bittagina Omina ismli ayol ishlarkan bu yerda. Qorovul ham ancha zerikkan ekan, ayolning barcha savollariga erinmay javob bera qoldi: Ominaning eri o’lganini, ko’p yillardan beri shu yerda ishlashini, bolasi ham yo’qligini, ko’p kitob o’qishini, hatto tushlikda doim nima yeyishini ham.

Ertasiga kutubxona eshigi ochilishi bilan ayol zalda xozir bo’ldi. Kitobxonlarga xizmat ko’rsatayotgan Omina qarshisida unga nafrat bilan qarab turgan ayolni ko’rib cho’chib ketdi:

− Yo bugunoq ishdan bo’shab, erimga xat yozishni to’xtatasan yoki hoziroq dod solib hammaga sharmandangni chiqaraman!

O. ismli ayol titragancha atrofga boqdi: kitobxonlar bilan to’lgan zal, nariroqda kutubxona direktori xodimlarga nimadir demoqda, bir tarafda hamkasb ayollar qo’li qo’liga tegmay boyagina kelgan yangi kitoblarni joylashyapti. Kichik jussasi yanada kichrayib ketdi, bazo’r:

− Xo’p, -deb pichirladi.

− Ertaga bu yerda qorangni ko’rmay, erimga ham ko’z olaytirma, — ayol vishillagancha u tomon engashdi. So’ng mag’rurlik bilan zalni tark etdi.

Chindan ham O. kutubxonadan bo’shab ketdi. Yozuvchi esa yana avvalgi holiga qaytdi: tushkun va ezgin. Ayol erini o’ziniki bo’lib qolganidan quvondi. Anchadan so’ng uning yangi romani chop etildi. Uning ilk sahifasida “Qadrli do’stim O.ga bag’ishlayman” degan satrlarni o’qigach, ayolning ta’bi buzildi. Eri esa hech qanday tushuntirish bermadi. Savol nazari bilan qarab turgan ayoliga qarab xo’rsinib qo’ydi, xolos.

Qiziq, O. bu kitobni olib o’qiganmikin?
***
O’tmish xotiralari yakuniga yetganida xotira kechasi ham tugab qolgandi. Adibning rafiqasi va farzandlarini katta xurmat bilan kuzatib qo’yishdi. Yozuvchining katta portreti ilingan devordan hademay boshqa ijodkorning surati joy oladi. Baland qarsaklar, tantanali so’zlar, qo’lma qo’l bo’lgan kitoblar aro faqat birgina – tadbirni derazadan kuzatayotgan kichik jussali ayol o’zini juda ezgin his qilardi. U binoni tark etarkan, ortiga yana bir nazar tashladi.

Aziz adibim.
Menimcha, bu yerda tirik odam yo’q. Yana kim bilsin…” –pichirladi u.

Qo’lidagi o’qilaverib titilib ketgan kitobini bag’riga bosgancha metroga tushib ketdi.

2020

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder