27 Mart 2024 Çarşamba

Nodirabegim Ibrohimova - Yonayotgan yurak (hikoya)

 Oddiy va zerikarli kunlarning birida diqqinafas ofisga Malika kirib keldi. Uning yelkalarini yopib turgan kamalakrang xarir sharf, qulog’iga qistirib olgan nastarin, labidan qo’ngan nim tabassum tushkunlik ruhidagi kulrang xonada mayin shaboda kabi yeldi. Bu hissiyotni kimdir sezdi, kimdir payqamadi. Ko’ksiga urilgan bahoriy epkinni his qilgan Bahodir beixtiyor o’rnidan turdi. Ayolning yonida direktor o’rinbosari ko’ringach, boshqalar ham majburan o’rinlaridan turishdi.

— Malikaxon endi sizlar bilan ishlaydi. Bilmaganlarini o’rgatinglar, — xodimlarga qaratilgan tund qiyofa ayolga o’girilgach tubdan o’zgardi: jilmayib unga mulozamat qildi: — Yuqoridagi mana shu joy sizga, -u kuni kecha deraza yoniga xozirlangan buyumlar: yangi kompьyuter o’rnatilgan stol va qulay kresloga imo qildi. — Nima muammo bo’lsa, darhol menga ayting.
Direktor o’rinbosarining ayollarga mulozamat qiladigan odati yo’q edi. Bu esa Bahodirning qiziqishini orttirdi. Malika o’z joyiga dadil borib o’tirdi va barchaga zimdan qarab chiqdi. Balki uni yuqoridan yuborishgandir, o’ziga ishonganiga qaraganda yaxshi mutaxassis bo’lsa kerak, xayol qildi Bahodir. Ammo uni kuzatarkan, kun davomida biror ishga qo’l urmaganini payqadi, o’zining stolida qalashib yotgan xujjatlarga qararkan, bugun ham yarim kechgacha ofisda qolib ketishini o’ylab uf tortdi. Yangi xodim esa soat 18 bo’lishi bilan xonani tark etdi. Xonadagi ikki ayol yengil nafas olgandek, bir biriga ma’noli qaradi.
Malika ikkinchi kundan jonlandi. Ishga darrov kirishib ketdi, chindan ham hisob kitob, xujjatlar bilan ishlash bo’yicha hech qanday ko’nikmaga ega emasdi. Avvaliga ikki ayoldan yordam so’radi, ammo hech nimani tushunmadi. Bahodir ayollar oddiy savollarga atayin murakkab javob qaytarishayotganini sezdi. Malika shundan so’ng Bahodirga murojaat qildi.
Qo’lidagi papkani ochib, uning stoliga qo’ydi:
— O’lay agar hech nimani tushunmayapman, -dedi o’z ustidan kulib. -Qancha hisoblasam ham raqamlar mos tushmayapti.
— Buning siri oddiy, -Bahodirga ham uning quvnoq kayfiyati yuqdi. Ammo ikki ayol ularni zimdan kuzatib turganini ko’rib, g’ashi keldi. So’ng Malikaga yaqinroq turib sekin dedi:
— Hozir tushlik boshlanadi, batafsil tushuntirib beraman.
Malika mamnun bo’lgancha joyiga qaytdi. Tushlik vaqti xonadan barcha chiqib ketgach, Bahodir stulini ko’tarib uning yoniga o’tirdi.
— Bir gal tushlikdan kechsangiz, barini o’rganib olasiz.
— Bunisini o’ylamang, sumkamda blinchiklar bor, agar tushuntira olsangiz sizni ham mehmon qilaman.
Bahodir blinchiklar bunga arziydi, deb kuldi. U bu sovuq xonada oxirgi marta qachon kulganini eslolmasdi, ammo endi har kuni kulish uchun sabab borligini hozir his qildi. Bir necha kun tushlik shu tarzda – Malika keltirgan mazali yeguliklar bilan o’tdi. Bahodir hatto u pishirgan narsalardan so’ng endi tamaddixonaga qaytib kirmasam kerak deb o’ylardi. Malikani hech nimani tushunmaydi, deb adashishgandi, u bir haftaga qolmay boshqalar kabi risoladagidek ishlay boshladi. Endi u ham Bahodirdek qo’li qo’liga tegmay kompьyuter chiqillatar, xujjatlarni xijjalab tekshirar, hisob-kitob qilar, ish ko’p bo’lsada soat 18 bo’lishi bilan sumkachasini ko’tarib xayr degancha shoshib chiqib ketardi. Bahodir esa kechgacha ishlashdan nolimasdi, sababi uyda kutadigan hech kimi yo’q edi. Malikani kutishsa kerak. Bahodir buni taxmin qilardi, ammo so’ramasdi.
Bir kuni tushlikdan ortgan 20 daqiqa vaqtini anhorda sayr qilib o’tkazishga odatlangan Bahodirga Malika sherik bo’ldi. Uning qo’lida bitmagan xujjatlar bor edi.
— Bo’sh vaqtingizni o’g’irlay, dedim. Men bunaqa narsalarni tushunmayman, — imo qildi raqamlar to’lib toshgan qog’ozga. — Kitoblar bo’lsa boshqa gap edi. Dostoyevskiy, Markes, Kafka… istagan asarlarga uzundan uzoq taqriz yozib berardim.
Malika bir on ma’yuslashdi. Bahodirning esa ko’zlari porladi:
— Kitob o’qishni men ham yaxshi ko’raman. “Telba”ni ham, “Evrilish”ni ham, “Yolg’izlikning yuz yili” ham sevib o’qiganman. Masalan, siz hashorotga aylangan Gregor bilan yashashingizga to’g’ri kelganda nima qilardingiz? Uning oila a’zolari kabi yo’l tutgan bo’larmidingiz?
Malika jonlandi, qog’ozlarni ko’rishni istamagani uchun teskari tarafini ushladi. So’ng mamnuniyat bilan jilmaydi:
— O, Zamza… Men shundoq ham hashorot bilan yashayman. Faqat u Gregorga sira o’xshamaydi.
Bahodirning hayronligini ko’rib mavzuni burdi.
— Yaqinda “Anna Karenina”ni o’qib tugatdim. O’zingizchi, ayolning qarorini oqlarmidingiz?
— Bu juda nozik savol.
— Siz javob bera olmaysiz. Chunki erkak kishisiz, Annani tushunmaysiz, -xo’rsindi Malika.
— Ko’ngil – ayol va erkakka ajralmaydi. Inson insonni tushunishi kerak. Men xonamizdagi anovi ikki xotinni tushunmasligim mumkin, ammo Annani juda yaxshi tushunaman, his qilaman.
Malika kulib yubordi. Anhor bo’ylab sayr uzoqlarga cho’zildi. Suhbat qizg’in kechar, adabiyot olami ularni real dunyodan bir lahza uzib qo’ygandi. Ammo Bahodir soatiga shoshib qaradi:
— Ishga kechikyapmiz, taksi tutaman, shekilli.
Lekin Malika taksiga o’tirmadi.
— Siz ketavering. Ishga borgim kelmayapti.
Ayol shunday degancha yo’lida davom etdi. Bahodir uning ortidan borgisi keldi. Lekin mas’uliyat va allaqanday hadik bunga yo’l qo’ymadi. U ishga qaytdi. Kechgacha ishlasada, ko’z o’ngidagi raqamlar o’rniga ezg’ilanayotgan Zamza, o’zini poyezd tagiga tashlagan Anna va… jilmayib turgan Malika jonlanaverdi.
Tushlik vaqtidagi anhorgi sayr, adabiy suhbatlar Malikaning mazali yeguliklari bilan maroqli o’tardiki, Bahodir tongda ko’zlarini ocharkan, bugungi tushlik vaqtini intiqib kutayotganini his qilardi. Kunning eng baxtli lahzasi har kuni soat 13 dan 14 gacha davom etardi.
— Ba’zan o’zimni Oneginga o’xshataman, -sayr payti Bahodir yana ko’nglini ochdi. — Meni sevgan qizlar ko’p bo’lgan, ammo birortasini yoqtirolmadim. Shuni xunini to’lamasaydim, deb qo’rqaman.
— Insonni majburan sevib bo’lmaydi, bu sizga bog’liq bo’lmagan tuyg’u, -Malika o’ylanib qoldi. -Qiziq… sevgi chindan bormikin o’zi?
— Bor-bor, yo’qsa, shuncha asarlar yaratilmasdi.
— Ba’zan kitobga kirib yashagim keladi, Bahodir. U yerda baxtliroq bo’lsa kerak odamlar.
— Men hozir baxtliman, Malika…
Malika uning ko’zlariga bir zum tikilib qoldiyu, ketishim kerak, deb taksiga qo’l ko’tardi. Bahodir yana uning ketishini jim kuzatib qoldi.
Keyingi kunlar Malikaning ish borasida shashti past edi, Bahodir tushunmagan narsalaringiz bo’lsa so’rayvering, deb bir necha bor taklif qildi. Bir kuni tushlikda uni yolg’iz uchratdi va yonidan joy oldi. Odatda, Malika tamaddixonaga kirmasdi.
— Bugun ul bul pishirmadingizmi?
— Pishirayotgandim… kuyib ketdi.
— Xayolingiz parishonga o’xshaydi, ish qiynab qo’ydimi?
— Bari tushunarli, faqat judaaa zerikarliii, -dedi Malika cho’zib.
— Siz juda yaxshi eplayapsiz, bu ketishda mendan ham o’zib ketasiz, -ko’nglini ko’tardi Bahodir.
— Bundan nima naf?
— Yuqori lavozim, yaxshi maosh degandek… Bu yerda raqobat kuchli, sezgan bo’lsangiz.
Malika Bahodirga ajablanib qaradi:
— Ko’tarilib-ko’tarilib erimning o’rnini egallaymanmi?
Bahodir ham ajablandi:
— Eringiz?
— Bilasiz, deb o’ylovdim. Direktoringiz – mening turmush o’rtog’im bo’ladi.
Malika tosh qotgan Bahodirga qarab beparvo kuldi, so’ng jiddiy tortdi. Bahodirdan sas sado chiqmagach, stoldan turib nari ketdi va anhor bo’yidagi o’rindiqqa cho’kib kitob o’qishga tutindi. Bahodir esa bu paytda keksa, sho’rtumshuq va ko’rsa asabi qo’ziydigan bir odamni – direktorni, ya’ni Malikaning erini ko’z oldiga keltirar, hech qachon uni ayol bilan yonma yon, jonma jon tasavvur qilolmasdi. Tamaddixona derazasidan u Malikani ko’rib turar; nozik barmoqlari kitobni varaqlayotganini, silliq sochlarini shaboda uchirayotganini tomosha qilarkan, bu barmoqlarga kaft bosayotgan, sochlarini silayotgan dag’al qo’llarni ko’z oldiga keltirdiyu, titrab ketdi.
Bahodir Malikani ko’rsa-da, ko’rmaganga ola boshladi. So’zlarini eshitsayam qisqa javob qaytarar, yana tezda o’z ishiga sho’ng’irdi. Malika buni sezdi. Bahodir uni o’tmishi, qarori uchun ayblar, sira hazm qilolmasdi. Adabiyotga oshufta ko’ngil, shuningdek, boylikka ham o’ch ekanini tan olishni istamasdi. Muhabbat haqda esa gap bo’lishi mumkin emas. Yo’q, Malika va janob direktorning orasida sof sevgi haqda umuman tasavvur qilolmaydi.
Kunlar yana zerikarli, tussiz va hissiz bo’la boshladi.
Bahodir direktorni kam ko’rgan. Firmani o’rinbosar boshqarar, qariya esa onda sonda ko’rinish berardi. U haqda deyarli bilmaydi. Lekin ich ichidan jini suymasdi. Odamning ko’zlari ko’p narsani sotib qo’yadi: direktorning nigohlari sovuq va berahm ko’rinar, nazarida o’sib borayotgan summa raqamlaridan boshqasii bilmasdi.
Endi Bahodir Malikani ko’rsa, direktor ham ko’z oldiga kelaverardi. Shuning uchun unga qaramaslikka tirishar, Malika ham avvalgidek quvnoq emasdi. Xonadagi o’lik sukunat odamni ezib yuborardi.
Bir kuni Malika har doimgidek soat 18 bo’lishi bilan xonani tark etmadi. Barcha hamkasblar birin ketin uylariga ravona bo’lishdi. Bahodir har doim ofisni oxirida tark etardi. Bugun unga Malika sherik bo’ldi. Stolida Bahodirnikidan ham ko’proq xujjatlar qalashib yotar, ayol ulardan ko’z uzmay raqamlarni solishtirardi.
Ikki soat shu alfozda ishlashdi.
— Inson insonni tushunishi kerak, degandingiz, -nihoyat, Malika so’z boshladi.
-Albatta, tushunaman. Masalan, siz hozir uyingizga borishingiz kerak. Kechiksangiz, muammo chiqishi aniq.
— Mendan havotir olmang. Uyda hech kim kutgani yo’q. Huddi siz kabi.
Bahodir xujjatlardan uzilib, Malikaga termuldi.
— Siz… siz juda ajoyibsiz, Malika. Ammo…
— Bilaman. Eslatish shart emas, -Malika ko’zlarini kulrang devorga, yog’och javonga, tuvakdagi gullarga tikdi. Ammo yigitga qaramadi.
— To’g’ri, hayotingizga aralashishga haqqim yo’q. Shu vaqtgacha birovlarning oilasiga burun suqmaganman. Baribir! Baribir bunday bo’lmasligi kerak edi. Men sizni… yuksak ko’rardim, juda yuksak.
— Kim ekanimni bilganingizdan so’ng past kimsaga aylandim, to’g’rimi?
Bahodir o’rnidan turib derazani ochdi. Ko’ksiga salqin havo urilgach, yengil tortdi.
— Bu mening qarorim, birov uni muhokama qilishini istamayman, -Malika ham o’rnidan turib o’ziga qahva damladi.
— Unda nega bu yerda, men bilan qoldingiz? -Bahodir sigaret tutatdi.
— Qarorimni tan olishingizni va yana do’stimga aylanishingizni istayman, -Malika ham deraza yoniga keldi.
— Do’st… -Bahodir kuldi.
— Nimasi kulguli? -Malika achchiqlandi. — Istamasangiz kerakmas!
Shunday deya ketishga chog’landi, ammo Bahodir uning bilagidan mahkam tutib qoldi.
— Senga o’sha qari tullakdan boshqa odam yo’qmidi? Qanday yashash mumkin u bilan?! Ko’zlaringga zebu zari go’zal ko’rindimi? Ammo unutma, boylik ham chiroyli yuzing kabi bevafodir, hammasi o’tkinchi! Ammo qalb… qalbdagi chin tuyg’ularning qadri baland! Sen buni tushunmaysan, Malika, shohona hayotingda kitoblarga ko’milib yashasangda, hayotda chin sevgi nimaligini bilmay o’lib ketasan.
Malika ko’zlari katta-katta bo’lgancha, o’ziga kiprik qoqmay qarab turgan Bahodirdan o’zini xoli qilishga urindi, bu besamar ketgach, narigi qo’lidagi qahvani alam bilan uning ustiga to’kib yubordi. Bahodir ax dedida, qo’llari bo’shashdi. Malika eshik tomon chopib bordi, ammo tutqichga qo’l uzatmadi. Ortiga o’girildi: Bahodir egnidagi ko’ylakni shoshib yecharkan, o’ng yelkasiga to’kilgan qahvani nimada artishni bilmay, stolga alanglardi. Malika deraza yoniga qaytdi. Tortmasidan qo’l sochiq olib unga uzatdi.
— Kuymadimi?
— Qaynoq emasdi, -Bahodir yelkasini artdi.
Malika shosha pisha uning qo’lidagi ko’ylakni oldi va deraza raxiga ildi.
— Tezda qurib qoladi.
Bir muddat jim qolishdi.
— Kechirasan.
— Uzr.
Ikkisining gapi baravar chiqdi. Bahodir ayni paytda qarshisida haqiqiy Malikani ko’rardi: mehrga, himoyaga muhtoj, ko’ngli siniq, ezgin, ammo qalbida umid yoniq. Uni quchgisi, doim yoningda bo’lishni istayman, degisi, ko’zlari tubiga uzoq termulgisi keldi. Bu istak butun vujudini alangalatdi va ayol taraf bir qadam tashladi, vaholanki, ularni bir qadamgina ajratib turardi, xolos.
Malika darhol ortga tislandi:
— Keragi yo’q, Bahodir. Siz… men hayotda duch kelgan eng ajoyib insonsiz. Sizni unutmayman.
Malika ketdi.
Bahodir o’ziga kelgach, ertadan yana unga do’st bo’laman, faqat do’st, deb qaror qildi. Lekin do’stlik ham nasib qilmadi. Malika ofisga qaytib kelmadi. Surishtirsa, bo’shab ketibdi. Bahodir uni uzoq vaqt qumsadi, izlamaslik, yoniga bormaslik uchun yanada ko’proq ishlash, xujjatlar olamida yashashga tirishardi. Lekin qachon direktorni uchratar ekan, bari boshqatdan boshlanardi. Yana Malikaning xotirasi qiynar, to chalg’ib iztiroblar yengillamaguncha qo’li ishga bormasdi.
Oxir oqibat u ham ishdan bo’shashga qaror qildi. Umuman, hisob kitobdan uzoqlashdi, boshqa sohaga o’tib ketdi. Malikaning xayollaridan ham shu tariqa uzoqlashdi.
Bir kuni esa gazetada sobiq direktorining vafot etgani haqdagi kichik xabarni o’qidi. Qalbida qarama qarshi tuyg’ular kurasha boshladi. Lekin bu paytda qaror qilib bo’lmasdi: uning yaqinda to’yi bo’layotgandi. Olislarda qolib ketgan Malikani esa sarobdek, bir tushdek qabul qilishga o’zini ko’ndirgandi. Ammo hozir uni juda ko’rgisi keldi, qandaydir umid bilan u bilan doim sayr qilgan anhor bo’yiga yo’l oldi. Ancha kezindi. Nazarida, Malika ham kamalakrang sharfi bilan yelkasini o’ragancha, yerdagi hazonlarni bir-bir bosib u tomon keladigandek edi. Bahodir har o’tgan ketgandan Malikani izladi, shom tushgach majbur taksi tutdi. Bir vaqtlar Malika ham shu yerdan taksiga o’tirib ketib qolganida ortidan borishim, uning manzilgoxini bilishim kerak edi, deb o’yladi.
Bahodir Malikani oradan bir necha oy o’tgach ko’rdi. Malikaning o’zi uni izlab keldi.
Dam olish kuni sekin taqillagan eshikni ochgan Bahodir qarshisidagi ayolni ko’rib yuragi xapqirib ketdi. Malika salom berdi. Uning ko’rinishi yaxshi emasdi.
— Kechiring, bezovta qildim. Lekin… sizga juda aytgim keldi. Aytmasam bo’lmasdi.
— Eshitdim… Rahmatiga olsin, -Bahodir nima deyishni ham bilmasdi.
— Yo’q, buni emas. Bilasizmi, bir vaqtlar akam uning qo’lida ishlardi, — Malika davom etdi. -Qing’ir ishlari fosh bo’lganda, direktor uni qamoqdan asrab qolgan. Akam halol inson edi, yagona boquvchimiz, o’shanda onam og’ir hasta edi, qo’limiz esa kalta. Uni ayblamayman. Shukur, onam hozir salomat. Direktorning yaxshiligi albatta, tekinga emasdi. Men unga turmushga chiqdim. Shu bilan hammasi iziga tushib ketdi.
Bahodir unga achinib qaradi:
— Ammo sen…
— Menda ham sizni uchratmaguncha bari joyida edi. Keyin ruhim ag’dar to’ntar bo’ldi… Bir yilki, yuragim yonib yashadi. Endi baridan xalos bo’ldim. Sizni ko’rdim, qarorimga izoh berdim. Biram xotirjam tortdimki…
Bahodirning yuragi toshdi. Malika sari talpindi, ammo ichkaridan chiqqan – kengroq atlas ko’ylak kiygan yangi kelinchak iymanib so’z qotdi:
— Kim ekan, dadasi?
Malika seskangandek bo’ldi. O’zini darhol qo’lga olib, ortga tislandi.
— Manzilda adashibman, — dedi kelinchakdan uzr so’rab. — Bir do’stimni izlagandim. Omon bo’linglar.
Malika zinadan tezda tushib ketdi. Bahodir uning ortidan hech nima deya olmadi. Uning bilagidan ushlagan kelinchak ichkariga imo qilardi:
— Yuraqoling, tushlik tayyor…
Tushliklar, pichirladi Bahodir. Hayotimni o’zgartirgan tushliklar.

2019, oktyabr.

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder