23 Mart 2024 Cumartesi

Rauf Parfi O'zturk - Аbdullajon Marsiyasi


Qushlar, uyga qaytingiz,
Abdullajon qaytmas... zinhor,
Yor-do'stlarga aytingiz.
O'ynar bo'ron, o'ynar bo'ron,
O'ynar mening boshimda.
Endi yo'qdur Abdullajon
Yigirma besh yoshinda.
Yo'llar uzun, yo'llar uzun,
Kunlar ham ko'p cho'zildi.
Qonli yoshlar to'kdi ko'zim,
Jigar-bag'rim ezildi.
Poyezd chopar, poyezd chopar,
Poyezd chopar Sibirdan.
Abdullajon jonsiz yotar,
Tobutlari temirdan.
Bo'zlar osmon, bo'zlar osmon,
Bo'zlab bersa bo'zto'rg'ay.
Ko'zlarini Abdullajon
Bir dam ochsa na bo'lg'ay!?
Nafas olmay ul uxlaydi,
Ko'kragida o'ng qo'li.
Yel yig'laydi, el yig'laydi,
Yig'lar o'zi ham o'lim.
***
Aziz do'stim, qaylarda qolding?
Ko'rib turib seni ko'rmadim.
So'radimu men dardu holing,
Men dardu holingni so'rmadim.
Sen yonib ketarsan yodimda,
Biron sharpa, tovush eshitsam,
Go'yo mana, hozir oldimga
Otilib kirarsan eshikdan.
Shamol kabi uchib o'tgaysan,
Shovullaysan boshimda har zum.
Aytilmagan qo'shiq aytgaysan,
Yaproqlarni otgaysan uzib.
Doim birga va doim judo
Bag'ridan bechora ko'zlarim.
Buncha xasis bo'lmasa dunyo?
Toptaydi o'zining izlarin.
Nahot, do'stim, shu qabr - senmi,
Senmi yozilmagan shu kitob?
Ko'milarmi hech qachon sevgi?
Men javob istayman, javob.
Aziz do'stim, qaylarda qolding?
Ko'rib turib seni ko'rmadim.
So'radimu men dardu holing,
Men dardu holingni so'rmadim.
3.Sen tark etding yorug' olamni,
Sen butunlay tark etding, yohu.
Tinglamaysan mening nolamni,
Tinglamaysan, chorasiz ohu.
G'amli uyda qirq kun yonur sham,
Sen uyimda yonursan abad.
Qayta tug'iladir dunyo ham,
Sen dunyoga kelmaysan faqat.
Ohim mening buzgay samoni,
Nafasim aylanur quyunga.
Sovuq yerga qo'ydikmi seni?
Kerakmiding shunchalar unga?!
Yigirma besh yoshda ketding sen,
Juda erta ketding, do'stginam.
Hey ajal! Maqsadga yetding sen,
Yigirma besh yoshdaman men ham...
Yigirma besh yoshimni qo'shdim
Yigirma besh yoshingga sening.
Haddan ziyod bu alam, do'stim,
Bu kun ellik yoshim bor mening.
Sen tark etding yorug' olamni,
Sen butunlay tark etding, yohu.
Tinglamaysan mening nolamni,
Tinglamaysan, tinglamaysan-ku...
***
(Abdullajon` - Rauf Parfining harbiyda halok bo'lgan jiyani)
Turkiya Turkchasi

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder