20 Mart 2025 Perşembe

Og'uz Atay - Oq paltoli odam

Gavjum bir olomon orasida edi. Cho‘ntagida hemiri ham yo‘q omadsiz edi. Masjidning oldida tilanchilik qilayotgandi. Katta bir masjid edi bu. Minoralari, gumbazlari, peshtoqlari va panjarali derazalari – bari-bari mukammal edi. Ammo tilanchilar uchun masjidning eng muhim yeri keng sahnli hovlisi edi. U bir chekkada turardi. Biror bir qiliq ko‘rsatmaganidanmi yoki rahm-shafqat uyg‘otuvchi g‘arib qiyofasi yo‘qligidanmi va yoki o‘zini butun borliqdan ayirgan ko‘yi sanoqsiz muvaffaqiyatsizliklarini qayg‘uga arzitib tuzuk-quruq o‘ylolmaganidanmi – hatto tilanchilik qilayotib ham omadsiz edi. Kichkina idishlarda bodroq sotmagani uchun bolalar va qushlarga o‘zgalar nomidan yaxshilik ham qilolmasdi; buning ustiga, u na – egnida qirmizi jubbasi bor, folbin siyoqli qariya singari tushlik vaqtida old tomonini tushirib qo‘ysa, rostmana do‘kon eshigi kabi sohibini ko‘zdan yashiruvchi oshlangan qo‘y terisi bilan o‘ralgan g‘ildirakli boshpanada yashardi va na – beso‘naqay semiz, nogiron baqqol singari tasbeh-u ko‘zmunchoqlarini, chaqmoqtoshlarini boshqa sota olmasligiga ko‘zi yetgan zahoti rulga o‘tirgancha motosikliga biriktirilgan rastasi bilan istagan yeriga keta olardi. Na sarmoyasi va na ko‘zga tashlanarli bir qusuri bor edi. Balki, yo‘ldan o‘tayotgan bir notanishni to‘xtatib, kasalxonadan endigina chiqqanini, qurilishdagi ishboshi hamqishlog‘ining yoniga borish uchun puli yo‘qligini aytib, qishloqlik bechora rolini o‘ynasa bo‘lardi; ammo gapirmagani uchun bu borada ham bir muvaffaqiyatga erishishi g‘oyat qiyin edi. Masjid devoriga suyanib turishdan boshqa diqqatga arzigulik hech qanday harakat qilmasdi. Hattoki kaftini ochishga ham urinib ko‘rmasdi. Shunday bo‘lsa ham, kabutarlar va bodroq idishlari, masjidning bo‘rtib chiqqan qiya devoriga terilgan shahvoniy va diniy kitoblar, xalqni ba’zi ijtimoiy illatlardan ogohlantirish maqsadida ko‘zga ko‘rinib tursin deb daraxt poyasiga o‘ralgan gazetalar va tilxat evaziga xayrli ishlar qilayotgan kishilar soni ko‘paygan bir paytda, uni nogiron deb o‘yladi, shekilli, hijob o‘ragan cho‘pday ozg‘in bir ayol bu istaksiz tilanchining kaftini o‘girib, ozroq pul qo‘ydi. Ehtimol, o‘sha paytda tik ko‘tarilgan quyosh sabab ko‘zlari pirpirab, pulga qaramadi; ehtimol, masjidning ichki hovlisida o‘ynayotgan bolalarga astoydil tikilib qolganidan kaftini yopishni unutdi. Bularning bari kunning ilk xayrsevari biroz uzoqlashgandan keyin sodir bo‘ldi. Ayol uning yuziga qarab turarkan, atayinmi yoki bilmasdanmi, ko‘z qorachiqlarini hech qimirlatmagandi. Shuning uchun ilk homiysi u haqida ko‘r bo‘lsa kerak, degan xulosaga kelgan edi. Kaftiga tushgan yana bir tanganing ovozidan o‘ziga kelgandek bo‘ldi: boshini ko‘targach, xuddi o‘ziga o‘xshash, kiyimlari yirtiq, uzun soqolli odamni ko‘rdi. Keyin…Keyin esa eski gilamdan tikilgan qo‘pol bozor xaltasini asabiy titkilagancha tangalar uchun mo‘ljallangan hamyonini qidirayotgan yosh qiz ko‘rindi qarshisida; kattagina tanga kaftidagi boshqa tangalardan qiymatliroq edi, qo‘li og‘irlashdi.

Bir ayol qo‘lidagi yo‘rgaklangan chaqaloqni bag‘riga bosgancha shundoqqina cho‘kkaladi yoniga. Bir muddat uyg‘unsiz ikki soya misol devorga suyanib turdilar. So‘ng notanish ko‘lankani yolg‘iz qoldirgan ko‘yi masjid hovlisining o‘rtasiga qarab yurdi. Shunda qirmizi jubbali cholning g‘ildirakli teri “kulba”sidan hassa uzandi oyoqlariga; sal qolsa yiqilib tushardi. “Meni soyaga olib bor, yigit”, — dedi chol qo‘rslik bilan. G‘ildiraklar to‘g‘riga qarab itarilgach, “U yoqqa emas”, — deya tepindi qizil jubbali folbin va teri yopinchiqli “kulba”sidan tashqariga chiqdi; g‘ildiraklar chol istagan tomonga burildi. Qariya teri “kulba”sining ochiq qolgan tomonini jahl bilan yopdi; boshqa bir tomonidan derazaga o‘xshatib kichikroq teshik ochdi. Va shu teshikdan o‘zigagina ayon gina bilan qaradi hovliga.

Soyada qoldirdi qariyani; so‘ng ketdi va yana devorga suyangancha pullariga ko‘z yugurtirdi. “Soppa-sog‘lom odamsan, uyalmaysanmi gadoylik qilishga?” – norozi bir ovoz eshitildi yonboshidan, boshini ko‘tardi. Semiz bir kishi turardi: “Sendaqa tekinxo‘rlar ish buyurilsa ham qilmaydi”. Uning yerda turgan chamadoniga qaradi, ikki qo‘li bilan mahkam tutib, yukni ko‘tarishga urinib ko‘rdi; eplolmadi. Shu payt uzoqroqdagi epchil bir hammolga ko‘zi tushdi. Unga taqlidan harakat qilib ko‘rdi: cho‘kkalagancha orqasini chamadonga tiradi, dastasidan ushladi, siltab orqasiga ortmoqchi bo‘ldi; yo‘q, o‘xshamadi. Nihoyat og‘ir yukni semiz odamning ko‘magi bilan arang ortmoqladi.

Yo‘lda yuk egasi gavdasiga nomutanosib ingichka ovoz bilan: “Ikki yarim liradan ko‘p bermayman”, dedi. Ular yonma-yon yurishdi. Bandargohga yetib kelgach, orqasidagi yuk bilan birga yerga tashladi o‘zini. Chamadon egasi to‘xtadi va bir muddat taraddudlandi; keyin esa pulni uzatdi – ahvoliga achinganga o‘xshardi. Paromga ham alohida to‘lov evaziga kirishi mumkin edi; biroq hammollar to‘dasining mustahkam devorini buzib o‘tolmadi. So‘ng bandargoh nazoratxonasi devori tagida bir muddat tilanchilik qildi. Qaytadan yuk tashish ehtimoli sezila boshlagach esa haligi to‘da tomonidan to‘g‘ri katta ko‘chaga qarab itqitildi. Ust-boshi to‘zg‘igani yetmaganday sekin chayqalardi turgan joyida. Uni kunning shu paytida mast-alast yurganlikda ayblaganlar ham bo‘ldi; shunday bo‘lsa ham, yaxshigina ishladi. Keyin esa yana chamadon, sandiq va hokazo (bandargohga qadar). Uni to‘rt muchasi sog‘ deb o‘ylaganlar bilan nogiron hisoblaganlar orasida borib keldi. Yana ishlasa bo‘lardi shu tarzda. Faqat po‘rim kiyingan bir janob unga pul berish uchun qo‘lini cho‘ntagiga suqqan paytda yonlaridan o‘tib ketayotgan ayolning quchog‘idagi bolakay bu juldur kiyimli odamga qarab yig‘lay boshladi; shundan so‘ng u pulning cho‘ntakdan chiqishini kutmasdan yurdi va darhol qarshi tarafdagi yo‘lakka o‘tdi.

Masjid hovlisiga qaytib kelgach, peshtoq soyasi tushib turgan nimqorong‘u va zax devor ostida pullarini bir-bir sanadi; keyin ro‘paradagi devor tagida savdo qilayotgan simitchiga[1] berib, yirik qilib oldi; baribir ozroq mayda tangalar qoldi. Yurdi, gavjum bir ko‘chaga chiqdi; yana qaytib insonlar orasiga qo‘shildi. Horg‘in va terlagan ikki hammolning o‘rtasida turgan o‘yma naqshlariga zarhal ishlov berilgan katta toshoynada o‘zini tomosha qildi: kostyumi yo‘q edi, ko‘ylagi yirtiq-yuluq edi. Ikki daydining mushtlashuviga beixtiyor aralashib, ularga orachilik qilganida yirtilgan ko‘ylagining uzilmay qolgan parchalarini birlashtirmoqchi bo‘ldi oynaga qaragan ko‘yi; shimini ushlab turgan bog‘ichni yechdi, qaytadan qattiqroq tugunladi. Keyin oynani olib ketishdi; yirtiq shimini, paypoqsiz oyoqlariga kiygan rezina boshmoqlarni tomosha qilolmadi. Imillab yurdi, tor va gavjum ko‘chalardan gavjum va tor ko‘chalarga o‘tdi. O‘tib qaytayotgan insonlarning shovqiniga ko‘cha savdogarlarining ovozlari qo‘shildi. Keyin bu savdogarlar yo‘laklardagi aniq belgilangan joylarini egallay boshlashdi: avval kalta oyoqli rastalar ko‘rindi, rastalar ko‘tarila boshladi , so‘ngida yog‘och ustun va bez yopinchiqlar bilan risoladagidek ko‘rinish oldi. Quyosh baland binolar ortiga o‘tgach, kunning hovuri pasaya boshladi. Ko‘chalarda qadam tashlashga joy qolmadi. U qayerga osilgani noma’lum ko‘ylaklar-u matolar orasida esankirab qoldi; to‘xtashga majbur bo‘ldi. Shu payt shamol sababmi yoki odamlar epkinidanmi, oppoq bir palto surkaldi yuziga. Uzun klyosh etakli, yirik-yirik tugmali, orzudagi kabi xushbichim, keng yoqali, bahalovat – xullas, ajoyib palto.

Engil bir shamol esib, yirik jussali, qoramag‘iz, ko‘rinishidan qishloqlik sotuvchining ilib qo‘ygan kiyimlarini bilinar-bilinmas tebratdi. Qalin va xiyla og‘ir gazlamadan tikilgan bo‘lsa kerak, faqat oq paltogina qimirlamadi. Beixtiyor bir muddat palto ro‘parasida turib qoldi. Uni kuzatib turgan sotuvchi nihoyat sukunatni buzdi:

— Xo‘sh, qanii nima ekan bu? Sotib olmoqchimisiz buni?

U javob bermadi. Sotuvchi miyig‘ida kulgancha yerga tupurdi; yuzida yarim ayyorlik, yarim befarqlik aralash bir ifoda bor edi. U oldin sotuvchiga, keyin yana paltoga qaradi-da, qo‘lini cho‘ntagiga soldi.

— Hoy, shoshmasangiz-chi, avval bir kiyib ko‘ring uni.

Sotuvchi atrofiga qaradi va oxiri juda qiziq, deb taxmin qilayotgan bu o‘yiniga qo‘shiladigan odam qidirdi. Shundoqqina ularning ro‘parasida, yo‘lak chetida joylashgan kichik mayxonadagi bir kishi ularni kuzatib turardi: qo‘lida pivo, tirsaklarini peshtaxtaga tayagancha kulishga shay turardi. Yon-atrofdagi boshqa odamlar qiziqmadi bu o‘yin bilan.

Palto ayni uning o‘lchamida edi. Sotuvchi chaqqonlik bilan bir-ikki tugmani qadadi-da, uni gir aylantirdi; paltoning etaklari aylangan sari keng ochildi. Mayxonadagi odam bunchalik bo‘ladi deb, kutmagan edi: to‘satdan kulishga majbur bo‘lganidan hali yutishga ulgurmagan pivoni og‘zidan sachratib yubordi. Sotuvchi o‘zi boshlab qo‘ygan o‘yinni tezroq tugatish niyatida:

– Ayollar paltosi bu, og‘ayni, erkak kishiga to‘g‘ri kelmaydi, – dedi. Hovliqqancha paltoni yechmoqchi bo‘ldi xaridorning ustidan. U sotuvchining qo‘lini itardi; keyin shosha-pisha paltoning ichidan shimining cho‘ntagini qidira boshladi.

– Axir bu juda qimmat, sotib ololmaysan, – dedi sotuvchi bo‘g‘riqqancha. – Bir yuz ellik lira bu. Buning ustiga ayollar paltosi. Tentakmisan nima balo!

Sotuvchi endi sensirashga o‘tgandi. U sotuvchining gapiga quloq solmasdi. Barcha pullarini kaftiga to‘pladi va sotuvchiga uzatdi. Sotuvchi beixtiyor uning hovuchini ochdi; avval ichidagi tangalarni saraladi, so‘ng qog‘oz pullarni sanab chiqdi.

– Qirq besh lira! – dedi u mazax ohangi qorishiq ovozda. – Hech ham to‘g‘ri kelmaydi, chiqar paltoni!

Echmadi paltoni.

– Bo‘ladigan narxi bir yuz yigirma besh lira. Undan kamiga berolmayman, – dedi sotuvchi. Ammo u sotuvchiga mutlaqo e’tibor bermasdan to‘piqlariga tegay-tegay deb turgan palto etaklariga zavqlanib qarayotgan edi.

– Hammaga kulgi bo‘lasan, – javrandi sotuvchi. – Yuz liraga berdim, deylik ana. Qani, pulni cho‘z.

Mayxonadagi odam o‘ziga kelgandi, boyagi kutilmagan kulgi sabab paydo bo‘lgan ko‘ksidagi sanchiq ham to‘xtagandi. Endi yana bemalol kulsa bo‘lardi, lekin tomoshaning kulgili sahnasi o‘tib bo‘lgandi. Shunday bo‘lsa ham, sotuvchiga xayrxoh nigohlarini qadagancha jiddiylasha boshlagan voqea rivojini kuzatardi. Sotuvchining nash’asi qochgandi, faqatgina jilovlanmagan o‘jarlik qolgandi o‘rtada.

– Hech bo‘lmasa yana o‘ttiz lira qo‘sh, ammo bilib qo‘y, oqibatiga javob bermayman, nimaiki bo‘lsa, o‘zing aybdor bo‘lasan.

Oq paltosida mohir raqqos kabi tovonlariga tayanib, yana bir marta aylandi; ilk marta jilmaydi atrofiga qaragancha. Keyin…Keyin go‘yoki endi hech qachon jilmaymaslikka ahd qilganday g‘amgin bo‘lib qoldi birdaniga.

Voqeaning mayxonadagi yagona guvohi teskari o‘girildi; sotuvchi yolg‘iz qolgandi o‘yini bilan.

– Alloh jazongni bersin, ol shu zang bosgan tangalaringni ham, – dedi. U palto cho‘ntagidan qo‘lini chiqardi va tangalarni qaytadan birma-bir soldi cho‘ntagiga.

– Balki endi ishonmassan, lekin shu bugun ertalab bir kampir olib kelgandi; Xudo haqqi, naq o‘ttiz besh lira berdim bu paltoga. Ko‘rib turibsan, ayollar kiyimi bu; koshki oson sotilsa bunday buyumlar, – ginali bir ovozda g‘udrandi sotuvchi.

U oq paltosida olomon oralab ketdi. Ko‘cha bozorning bez yopqilari tugagan joyda osmonga qaradi. Oyog‘i ostidagi bir ko‘lmakda quyosh bilan yonma-yon akslandi. So‘ngra bu ko‘lmak ham gavjumlashdi: tiniq yuzasi qora-qura ko‘lankalar bilan to‘lib toshdi. Paltosini yaxshiroq tomosha qilish uchun egilgan edi hamki, qanday muoamala qilish kerakligini bilolmay o‘ziga hayron tikilib turgan ko‘zlarni ko‘rdi suv ichida. Etaklarini loy qilib qo‘ymaslik uchun ko‘lmakni chekkalab o‘tdi. Undan ko‘zlarini uzmay qadam-baqadam ta’qib qilayotgan tekin tomosha ishqibozlari ko‘lmakdan to‘g‘ri o‘tishga urinib, ustlariga sachragan loyqa suv bilan andarmon bo‘lgancha yarim yo‘lda qoldilar.

Orqasiga hech qaramasdi. Qadamlarini tezlashtirdi. Hech kim bir-biri bilan gaplashmasa ham, tomoshabinlar jamoasiga qo‘shilayotganlar borgan sari ko‘payayotgani sabab yengil bir shovqin eshitilardi orqasidan. Baland devorlar bilan o‘ralgan kichik bir masjid hovlisidan o‘tdilar. Ba’zilar shu o‘rtadagi qahvaxona soyasida salqinlash uchun qolgan bo‘lsa-da, ularning o‘rnini choyini allaqachon ichib bo‘lib, nima qilishni bilmay o‘tirgan bekorchilar egallashdi. Jamoani juda ko‘pchilik deb ham bo‘lmasdi, lekin shunday bo‘lsa ham, masjidning ravoqli darvozasidan chiqayotganda yengilgina janjal chiqdi. Kutilmaganda qarshilaridan chiqqan zinapoyadan tushish asnosida qari bir chol ikki bolaning ustiga yiqildi. Natijada kichik bir tartibsizlik yuz berdi. Ba’zilar bir muddat devorlardagi ishchi qidirib berilgan e’lonlar bilan ovora bo‘ldi. Oradan bir piyola choy ichgulik vaqt o‘tdi, chunki ikki devor o‘rtasidagi tor zinalardan qutulib keng sahnga chiqqanlarida biroz yengillik his qilishdi, o‘pkalari to‘lib nafas olishdi. Lekin endi paltoli odamni topolmadilar. U ketgandi. Darrov sabab qidirganlar paydo bo‘ldi: kimdir aybni e’lonlardan ish qidirganlarga to‘nkasa, kimdir haliyam yiqilgan joyidan turishga kuchi yetmayotgan qariyaga to‘nkardi. Bu tortishuvlardan bir natija chiqmagani uchun olomon tarqaldi oxiri.

Quyosh kuydiraman derdi. Garchi sekin odimlayotgan bo‘lsa ham, peshonasidan quyilayotgan ter soqolidan tomchilardi. Katta ko‘prikning ustida panjaraga suyangan holicha o‘zini bir taroq sotuvchisining soyasiga oldi. O‘tib-qaytayotgan yo‘lovchilarning o‘ziga antiqa paltosiyu o‘siq soqollari aralash boshdan oyoq tikilib qarashlari bilan sotuvchiga yaxshigina foydasi tegdi: atrofda o‘ralashgan bekorchilar ichidan uni tomosha qilish uchun to‘xtaganlar bo‘ldi; og‘ir yuk ko‘targanlar esa xuddi shu yerda dam olishni ma’qul ko‘rdilar. Va bir nechta taroq sotildi bu orada. Avvaliga, vujudi harakatsiz, yuzi ifodasiz bir shaklda turgani uchun yoniga yaqinlasha olmadilar. Bu yerlarda ko‘p gapiriladigan xorijiy tillardagi bir-ikki jumlani yodlab olganlar bilganlarini unda sinab ko‘rmoqchi bo‘lishdi. “Bu odam sayyohga o‘xshamayapti”, – dedi kimdir, – shunchaki, o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘lyapti”. Yana biri esa unga chet tilida so‘kinib ko‘rdi. Bo‘lmadi, javob yo‘q. Cho‘ntagidan amerikacha urfdagi tamaki ko‘rinib turgan bingo sotuvchisi: “Yo‘q, axir bu qip-qizil ingliz-ku”, – dedi. Bu tilda ham so‘kinildi. Keyin unga tegib ko‘rishdi, paltosining etaklarini tortqilashdi; shundagina ichida joni borligi bilindi: u joyidan qo‘zg‘aldi va bu yerdan uzoqlashdi.

Ko‘prik uzun edi, biroz muddat boshqa sotuvchilarning yonida ham turdi. Hatto ularning biri – filtrli tamaki sotayotgan shapkali bir yigit – hojatga ketayotib uni o‘rniga qo‘yib ketdi. Shu qisqa vaqt ichida besh quti tamaki, uch quti gugurt sotildi. Sotuvchi yigit qaytib kelgach, ikkovlari bittadan filtrli tamaki tutashtirishdi; panjaraga suyanib, baliq ovlayotgan odamlarni tomosha qilishdi jimgina. U paltosining yuqoridagi ikki tugmasini yechdi, ammo baribir salqinlamadi. Qoshlari ustiga to‘plangan terlarni paltosining keng yoqasi bilan sidirdi. Ko‘prikning oxiriga tikdi ko‘zlarini: qorong‘u ko‘chalar bor edi u yerda. Tugmalarini qaytadan qadadi, qo‘li bilan noaniq bir ishora qildi sotuvchiga va ketdi.

Baland-baland binolar bilan ihotalangan torgina bir ko‘chadagi do‘konning shisha peshtaxtasi oldida turib qoldi. O‘zini tomosha qildi. Do‘konlari gazlama, kiyim-kechak va savdogarlar bilan to‘lib-toshgan ko‘chada edi u. Xaridorlarning bemalol yurishi qiyin edi bu yerda. Birozdan so‘ng peshtaxta ortidan kimdir uni kuzatayotganini sezib qoldi. Semiz do‘kondor kichkina o‘ychan ko‘zlari bilan unga qarab turardi. So‘ng birdan quloqlariga qadar uzangan ayyorona jilmayish yoyildi dumaloq yuziga; ko‘zlari yumilib qoldi.

– Hoy, bu yoqqa bir qarasang-chi! – deb chaqirdi semiz gavdasi bilan eshikni to‘sgancha. – Qayerdan topding bu paltoni?

U qaradi-yu, ammo javob bermadi. Yoniga boshqa birov yaqinlashdi xuddi shu paytda, qo‘lidan tutdi va: “Hey mister!” – dedi. U tushunmaydigan bir tilda yana allanimalar deb gapirdi. Bo‘lmadi. So‘zlarni qo‘l ishoralari bilan aniqroq tushuntirishga urinib ko‘rdi. Bo‘lmadi. Yerda turgan chamadonini ochdi, yaltiroq paketlarga o‘rog‘liq erkaklar ko‘ylaklaridan birini olib, paltoli odamning qo‘liga tutqazdi. Ko‘rsatkich barmog‘ini paltoning yirik tugmalaridan biriga niqtagancha:

– Sen sayyoh. Sen keltirish ko‘ylak Frantsiya, Germaniya. Pul yo‘q. Sen sotmoq, – dedi.

Ammo bilib turardi qarshisidagi bu odam hech narsa tushunmaganini. Uni peshtaxtaning oldida chamadon bilan birga qoldirib, ko‘chaning ko‘zdan pana burchagiga qarab ketdi. Baqaloq savdogar esa haliyam do‘kon eshigi yonida voqealar rivojini kuzatib turardi. Birozdan keyin qizil shim kiygan, ko‘ksidagi junlar tugmalari qadalmagan gulli ko‘ylagining yoqasidan sershox qora buta kabi toshib chiqqan bir yigit to‘xtadi oldida, ko‘ylaklarga qaradi va: “How much”, – dedi. Paltoli odam yigitning yuziga shunchaki qarab qo‘ydi. Panada o‘tirgan haqiqiy sotuvchi asabiylashgan ko‘yi yer depinib: “Ahmoq aroqxo‘r”, – deya g‘udrandi. Keyin bu xaridorni qochirmaslik uchun shosha-pisha yoniga yaqinlashdi va:

– U kar, – dedi hovliqqancha, – yuz liraga beradi buni.

– Qimmat-ku, – dedi qizil shimli yigit. Sotuvchi paltoli odamning yuziga go‘yo norozi qiyofada qaradi, bir zum nima qilishini bilmay turdi-da, keyin birdan qulog‘ini uning og‘ziga yaqinlashtirdi xuddi nimanidir eshitmoqchiday.

– Sakson liraga tushdi, – dedi hovliqib, – og‘zini qimirlatishidan tushunaman men buni.

Paltoli odam olg‘ir savdogar vositachiligida jimgina savdolashdi. Va nihoyat ko‘ylak oltmish liraga sotildi. Bir soatdan kamroq vaqt ichida tugadi chamadondagi ko‘ylaklar. Paltosining cho‘ntagiga o‘n lira qo‘yildi va “Goodbye”, – deyildi uzatilmagan qo‘llari siqilgancha.

– Juda ajoyib! – dedi qichqirgudek bo‘lib semiz do‘kondor. – Hoy, besh daqiqaga ichkari kirsang-chi.

Foydasi bo‘lmadi. “Chindanam kar, shekilli, hech narsa tushunmayapti”, – dedi o‘ziga o‘zi ma’qullagancha. Biroz o‘ylangach, chamadonli sotuvchining usulini sinab ko‘rishga qaror qildi:

– Sen borish do‘kon bu yerda.

Va natijani kutib ham o‘tirmasdan qo‘lidan tutgancha ichkariga tortdi uni. Do‘kondor hamda hayratini yashirolmayotgan sotuvchi bir muddat uning atrofida aylangancha, bu nusxadan qanday foydalanish mumkinligi haqida o‘ylashdi.

– Xuddi manekenday to‘xtashini qara o‘rtada. Qo‘liga gazlama to‘pini berib sottirolmayman-ku! – to‘ng‘illadi do‘kondor. Tag‘in biroz aylanishdi atrofida. Boshqa so‘z topolmaganidan yana “Maneken”, – deb qo‘ydi semiz do‘kondor. Keyin sotuvchi bilan birga go‘yo bir-birini eshitishmayotgan kabi ming‘irlay boshlashdi “Maneken, maneken” deya va anchadan keyin esa undan maneken sifatida foydalanish fikri keldi kallalariga. “Tirik maneken”, – deya baqirishdi sevinishib. So‘ng uni ayni o‘sha yerda turishi uchun itardilar peshtaxta tomonga (negaki unga boshqacha tarzda gap tushuntirib bo‘lmasdi). Peshtaxtaga chiqish uchun yana bir qadam tashlatmoqchi bo‘lganlarida sotuvchi:

– Oyoqlari juda iflos, shimi undan ham battar, – deb xo‘jayinni ogohlantirdi. Uni to‘xtatishdi. Shim pochalarining pasti bilan qo‘shib rezina botinkalarini ham oq surp bilan o‘rashdi. Lekin palto bu g‘alati o‘ramlarni to‘liq berkitolmasdi, ayni shu sabab ham u xuddi muzeydagi mo‘miyoga o‘xshash suratga kirdi. Qo‘llaridan tutib peshtaxtaga chiqardilar.

– Tosh haykalga o‘xshab turmasin bunday, – dedi sotuvchi, – chiroyliroq holat o‘ylab topish kerak.

O‘ylay boshlashdi.

– Qo‘llarini ikki tomonga yoyamizmi? – dedi do‘kon egasi. – Peshtaxtani to‘ldirib turadi.

– Bo‘lmaydi, qo‘llari charchaydi, keyin qimirlatadi, – bilag‘onlik qildi sotuvchi. Nihoyat neylon iplar bilan shiftga osib qo‘yishga qaror qilishdi qo‘llarni. Bir qo‘lni oldinga uzatdilar, bog‘ladilar va ipni peshtaxtaning ustidagi bir mixga mahkam o‘rab tugunladilar. Ikkinchi qo‘lni esa devordagi bo‘shatilgan tokchaga joylashtirishdi. Bir necha kishi ularni tomosha qila boshlashdi. So‘ngra peshtaxta oldiga yig‘ilganlar soni ortdi. “Jonsiz qo‘g‘irchoq-ku bu”, deganlar ham bo‘ldi. Sotuvchi eshik oldida bor ovozda baqirardi:

– Jonli maneken do‘konimizga marhamat qiling! Rohatbaxsh matolarimizni tomosha qiling, mana qarang, katta qiyinchiliklar bilan Shimoliy qutbdan olib kelgan tirik shved manekenimiz ham bu jaziramaga faqat yengilgina matolarimizga o‘ranib chidayapti. Qarang, hatto qalin palto ham uni terlatolmayapti. Matolarimiz bilan qush kabi havoda uchgancha aynan sizlar uchun eng jonli va eng haqiqiy reklamani namoyish qilyapti. Sizga mos matolar faqat bizning do‘konimizda. Mahsulotlarimiz va manekenlarimizni qalbaki nusxalardan farqlab oling! Faqat va faqat bizni tanlang!

Avvaliga uni yaqindan ko‘rishni xohlovchilar ichkari kirishdi. Bir xotin yig‘layotgan bolasini yelkasiga chiqargancha olomonni yorib o‘tish uchun harakat qilardi. Keyin matolarga ham ko‘z yugurtirdilar. Ba’zi yosh xonimlar chindan shu do‘kondagi matolardanmi, yo‘qmi bilib olish uchun uning paltosini ham tutib ko‘rishdi. Paltoning etaklari ochildi, shimning yirtiq tizzalari ko‘rindi. Sotuvchi mijozlar kam bo‘lgan qulay bir paytni poylab, uning ikki oyog‘iga yana mato o‘radi. Xo‘jayin ham paltoning klyosh etaklarini ochib turib yordamlashgan bo‘ldi. Etaklarning bu ko‘rinishi ikkalasiga ham yoqib tushdi va shu zahoti yelpig‘ich kabi yoyilib turgan etak uchlarini igna bilan u yer-bu yerga to‘g‘nab qo‘yishdi. Paltoli odam butun peshtaxtani egallagandi. Undan bo‘lak hech narsa ko‘rinmasdi. Shunchasi yetmaganday yelkalari-yu qo‘llaridan ham mato qiyqimlarini osiltirib qo‘yishdi.

O‘sha kuni tushlikka qadar yaxshi savdo bo‘ldi. Ovqatlanish uchun o‘tirib, rasta ustidagi tushlik qutilarini ochgan paytlari “Unga ham biron nima berish kerak. Keyin yana qaytib bog‘laymiz”, – dedi do‘kondor. Peshtaxtaga borib, uni yechdi, ozod qildi. Rasta oldiga kelgach, o‘tirishi uchun bir kursi tortdilar unga. Idishning qopqog‘iga ozroq loviya va makaron qo‘yib berishdi; ikkita kichkina non bo‘lagidan sanchqi o‘rnida foydalanib ovqatini yedi. Do‘konning burchagida turgan suvchanoq jo‘mragiga hovuchini tutgancha suv ichdi. Rastaga orqasini suyab, polga cho‘kdi. Unga tamaki uzatishdi. Ozgina bo‘lsa ham hurmat uyg‘otganidan bo‘lsa kerak, xo‘jayin olov tutdi. Keyin yelkasiga qoqib qo‘ydi-da, sotuvchi tomonga burilib: “Yaxshigina foyda berdi, to‘g‘rimi?” – deb kuldi. “Charchadingmi?” – undan so‘radi sotuvchi va xo‘jayinga bir qarab qo‘ydi. Javob bermagani uchun u bilan gaplashish juda qiyin edi. Sigaretini chekib bo‘lib ham, yana birpas o‘tirdi. Keyin esa o‘rnidan sekin turdi-da, eshik tomon yurdi.

– Qayoqqa ketyapsan? – qichqirdi boshliq. – Nimasi yomon buni, pul ishlayapsan axir?!

To‘xtamadi. Orqasidan yugurgilab, cho‘ntagiga birmuncha pul tiqishtirdilar. Paltosidagi do‘kondor olishni unutgan qadoqli ignalar, qo‘llaridan osilib yotgan iplar va oq bezga o‘ralgan boshmoqlarini sudragan ko‘yi ketdi-bordi. Yelkasidagi mato qiyqimi esa ko‘chaning muyulishidan burilgan paytda yerga tushib qoldi.

Yo‘lning tik balandlab ketgan joyida to‘xtadi. Yo‘lak chetiga o‘tirdi. Kaftining orqa tomoni bilan peshonasidagi terlarni sidirdi. Atrofiga qaradi: oldinroqdagi chiroq ustuniga o‘rnatilgan avtobus bekati belgisiga ko‘zi tushdi. O‘rnidan turib, bir-ikki qadam tashladi, keyin yana to‘xtadi. Sotuvchi oyog‘iga o‘ragan mato ochila boshlagandi. Kamar vazifasini bajarayotgan qalin ipni shimidan tortib chiqardi va yerga qo‘ydi. Chetda turgan toshni ishqalay-ishqalay ipni o‘rtasidan uzdi va matolarni qayta bog‘lab qo‘ydi oyog‘iga. Bekatga qarab yurarkan, paltosining ustidan tinmay shimini tortardi. Bir qatiq sotuvchi o‘tdi yonidan; bekat orqasidagi eski bir uy darvozasidan kirayotganida unga urilib ketdi. Paltoli odam gandirakladi, darvoza tomon qaradi: ammo qatiqfurush nimqorong‘u hovlida ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandi. Shu payt yo‘lak o‘rtasidan qora ko‘zoynakli, siyrak qora sochlari yog‘dan bir-biriga yopishib qolgan qoramag‘iz bir kalla chiqa boshladi. Paltoli odam yaxshiroq qaradi: bir necha zinalar bilan yerostiga tushiladigan o‘yiqni ko‘rdi. Ko‘zoynakli kalla kattalashdi, bo‘y cho‘zdi va risoladagidek odam bo‘ldi: qo‘lida bir qancha kamar ko‘tarib olgan qarimsiq odam edi bu. To‘q rangli kamarga qo‘lini uzatdi. Paltosining tugmalarini yechdi, lekin kamarni o‘tkazish uchun joy topolmadi shimining belida. Biroz yuqoriroq ko‘tarmoqchi bo‘ldi shimni; pastiga o‘ralgan mato bo‘laklari, iplar xalal berdi. Umidsiz nigohlari bilan kamarchiga qaradi; keyin esa birgalikda kamarga qarashdi. Kamarchi hozirgina chiqqan sirli joyiga qaytib kirdi va bir muddat g‘oyib bo‘ldi. So‘ngra katta-katta to‘g‘nog‘ichlar o‘tkazilgan zanjirni ushlagancha qarshisida yana paydo bo‘ldi. Shimning bel qismi paltoning astariga to‘g‘nog‘ichlar yordamida mahkamlandi. “Ustidan taqasan endi, – dedi u kulib, – chiroyliyam ko‘rinadi”. Shunday qilishdi. Paltosining cho‘ntagidan chiqargan qog‘oz pullardan birini uzatdi. Kamar sotuvchi pulga qaradi, keyin oldi va yonlaridagi oziq-ovqat do‘koni tomon yurdi. Pulning qaytimiga qo‘shib, bir shisha arzon vino va bir quticha pomidor qaylasi bilan qaytib keldi. Qaytimni berdi, vino va qaylani sirli yerto‘la yoniga qo‘ydi; bir necha qultum ichgach, paltoli odamga uzatdi shishani. Uning qo‘l uzatmaganini ko‘rgandan so‘ng yana takror yer tagiga kirib ketdi. Bu safar ichganda og‘izni tilib yubormasligi uchun qiyoqlari pastga qayirilgan bo‘sh bir konserva quti bilan chiqdi. Idish vino bilan to‘ldirildi paltoli odam uchun. Yerto‘laga tushadigan zinapoyaning ustida oyoqlarini osiltirib o‘tirdilar. Birga ichdilar. Bu vaqt ichida bir avtobus o‘tib ketdi, ikkinchi avtobus kelmasidan esa vino tugadi. Avtobusga birga chiqdilar. Yo‘l haqini kamar sotuvchi berdi va yo‘lning eng tikka qismida, paltoli odamdan ikki bekat oldinda tushib qoldi.

Avtobusning orqasida yolg‘iz qolgachgina oldinroqqa yurdi. Haydovchining yoniga yetar-etmas tormoz sabab qalqib ketdi-yu, beixtiyor old o‘rindiqlarning biriga o‘tirdi. Qarshi o‘rindiqdagi kishi jilmayardi. Avvaliga e’tibor bermadi jilmayayotgan odamga. Ammo uning tabassumi bitmasdi. Noqulay bir ahvolda kamarini tuzatdi. Haligi odam hamon jilmayardi. Yoqasiga, keng etaklariga, paypoq o‘rniga o‘ralgan matoga bog‘liq iplarga qaradi: yo‘q, yechilib ketmagandi. Ko‘rinishida nojoiz narsa yo‘q deb topgach, biroz yengil tortdi. Haliyam jilmayib turgan kishiga mehrli nigoh bilan qaradi. Qaradi-yu, odam unga qaramasdan tabassum qilayotganini tushundi nihoyat: bu sertabassum kishining chap qulog‘ida quloqchin bor edi. Cho‘ntagidagi kichkina radiodan tinglayotgan, avtobusda o‘zidan boshqa hech kimsa eshitmayotgan bir musiqaga jilmayardi bu odam.

Katta bir maydonda avtobusdan tushdi. Bo‘yi past bir bola poyabzal bo‘yash uchun kerakli anjomlar solingan taxta qutini yoniga qo‘ydi va: “Changini tozalab beraymi, aka?”, – dedi. U quti ustiga g‘oyat ehtiyotkorlik bilan qo‘ydi oyog‘ini; o‘rovlar orasidagi kirlar oq cho‘tka bilan astoydil tozalandi. Keyin kabutarlar uchun bodroq sotib oldi-da, qo‘llarini ikki yonga yoygancha qushlarga sepdi hammasini. Bog‘ga kiraverishdagi pastak devor ustida o‘tirgan kepkali yigit sherigiga qarab: “Unga qara, xuddi butga o‘xshaydi-ya”, – dedi. “Xochga desang-chi”, – tuzatdi sherigi. Kulishdi. Chiqish darvozasi yaqinida “o‘ttiz ikki tishga nog‘ora chaldiradigan” bir shisha muzday gazli suv ichdi. Soyadagi o‘rindiqlardan biriga o‘tirdi. Bir qariyaning, tishlari yo‘qligi sabab, zo‘rg‘a tushuniladigan hasratlarini tingladi. Orasta-yu bashang odamlar dam olish uchun boshqa joylarga ketganlaridan bo‘lsa kerak, uning qiyofasi hech kimga g‘alati ko‘rinmadi. Hech kimning diqqatini ham tortmadi. Va nihoyat, qariyani iltimosiga ko‘ra bekatgacha qo‘ltiqlab olib bordi. Paltoli odam bog‘dan chiqayotganida yana orqasidan ergashishdi. Ayniqsa bolalar. Bekatga yetib kelgunga qadar uni kuzatib kelayotganlar izdihomga aylanib ulgurishdi.

– Alloh jazolasin bu iflos kelgindilarni! Tekin yashashadi-da bu yurtda, – dedi ko‘ylagini shimining ustiga chiqarib qo‘ygan, uzun mo‘ylovlari orasida qora yuzi zo‘rg‘a ko‘rinayotgan odam.

Mashinasining eshigiga suyanib, mijoz kutgancha ko‘rinishidan yog‘da pishgan, ichiga qiyma solingan bir nimalar yeyayotgan haydovchi ham bu fikrni dastakladi:

– Pulimizning qadri ham ana shu uchun tushyapti-da, birodar.

Qariya paltoli odamning qo‘lidan tortdi va sekingina: “Meni yo‘lning u betiga o‘tkazib qo‘ying”, – dedi. Garchi hali joylaridan qimirlamagan bo‘lishsa-da, yonlaridan o‘tgan bir taksi ularni yengilgina turtib ketdi. O‘girilib qarashdi. “Nimaga qaraysan?”– dedi boshini mashina derazasidan chiqargan bir nusxa. Orqaga tisarilib, ularni kuzatib turgan olomonga urilishdi; qariya esa paltoni tinmay tortqilardi. Katta tezlikda o‘tayotgan mashinalar tufayli yo‘lni kesib o‘tish birmuncha qiyin bo‘ldi. Bir qancha urinishlardan keyingina narigi tarafga o‘tib oldilar.

– Hammasi bir go‘r bu aroqxo‘rlarning! Bosib ketsang, boshingga balo! Haydovchi bilan mo‘ylovli odam bittadan tamaki tutatdi.

– Anavi odamga qarang, bolalar qog‘ozdan dum taqishibdi orqasiga. –dedi bir ayol eriga. Qarab kulishdi. U bolalar va mashinalar o‘rtasida qisilib qolgandi; qariyani esa yo‘qotib qo‘ydi. Izdihom qalinlashdi.

“Oyoqlari o‘ralganmi?”

“Moxov emasmikan?”

Bir-birlarini itargancha tisarila boshlashdi. Hech narsadan tap tortmaydigan bolalar esa, demakki, to‘plangan bolalarning hammasi (axir bola zoti hech narsadan tap tortmaydi) palto etaklaridan ushlagancha aylantirdilar uni.

“Qorniga to‘g‘nog‘ich taqib olgan”.

“Qo‘llariga esa ip bog‘langan”.

“Jinnixonadan qochgan bo‘lmasin tag‘in”.

“Aniq jinni bu, paltosining ustidan taqib olgan kamarga qarang”.

“Paltomi bu?”.

“Ayol kishimi?”

“Qanaqa ayol? Tomi ketgan tentak-ku bu”.

“Politsiya chaqiringlar”. Unga tikilgan nigohlardan qutulish uchun tepaga qaradi: oldinroqda, ko‘prikning shundoq ustida, bir odam uni videoga olayotgandi. “Bular film olishyaptimi deyman, aka”. Barcha ko‘zlar ko‘prik tomon tikildi. Shu qisqa fursatdan foydalanib qoldi, ko‘prikka orqasini burib, qadamlarini tezlashtirdi. Birozdan so‘ng yugura boshladi. Uzoqdan yelib o‘tayotgan poyezdga qarab yugurdi; devordan oshayotib yiqilib tushdi, simto‘r qo‘lini qonatdi. Temir yo‘lga yetishdi nihoyat. Temir izlar bo‘ylab oldinga yurdi, vokzalga yetib kelganida nafasi nafasiga yetmay, jiqqa ter ichida yerga yiqildi. O‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, lekin keng etagi oyog‘iga chuvalashdi-da, yana yiqilib tushdi. So‘ngra esa tislana-tislana uzoqlashdi u yerdan. Ayollar hojatxonasining devoriga suyandi. Bir-ikkita poyezd o‘tdi bu orada; temir yo‘l vokzali huvillab qoldi. Shunda u kassa tomon yurdi. Kassadagi xodim uning yuziga qarab turdi-da, bu g‘alati nusxa, buning ustiga bezabon odamga ikkinchi darajali bilet berdi. Poyezdda, sarg‘ish taxtalar ustida, xuddi o‘ziday kir-chir, o‘zi kabi horg‘in, o‘zi singari atrofiga befarq odamlar hamroh bo‘ldi unga. Taqiq belgisiga qaramasdan ular bilan birga tamaki chekdi. Vagon derazasidan dengiz ko‘rinib turgan bir bekatda poyezddan tushib qoldi.

Tepasiga “Ommaviy plyaj” deb yozilgan darvozadan kirdi. Qum ustida bir muddat aylanib yurgach, jun ipdan nimalardir to‘qiyotgan kampir bo‘sh qoldirgan kursiga o‘tirdi. Eng avval, qumda to‘p o‘ynayotgan yoshlar qiziqsinib qarashdi unga. Bir-birlarini turtib u tomonga ishora qila boshlashdi. Keyin boshini mo‘ljallab to‘p otdilar. Koptokdan qochishga urinib, kursisi bilan birga yerga yiqildi. Atrofini o‘rab olishdi. Bir-biriga tegib turgan yalang oyoqlar hosil qilgan devordan cho‘chib, ko‘zlarini yumib oldi. “Tutqanog‘i bor, shekilli”, – dedi oldindagi yigitlardan biri. “Qara, oyoqlari ham bog‘loqli. Yomon kasal bo‘lsa kerak”, – deya o‘zini orqaga oldi puchuqburun bir qiz. Olomon borgan sari ortar, orqa qatordagilar uni ko‘rish uchun oldindagilarni itarib surishardi; atrofidagi doira toraya boshladi. Paltoli odam o‘rnidan turmadi, to‘g‘rirog‘i, istamadi. Uchinchi qatordagi uzun mo‘ylovli yigit olomonni yorib o‘tdi: “Nimaga qisib kelyapsizlar kasal odamni”, – degancha old qatordagilarni nari surdi. Lekin ularning o‘rnini darhol boshqalari egallab oldi. Bu izdihom go‘yo yerga mixlab qo‘yilganday sira qimirlamasdi. Hech kim gapirmasdi, shunchaki tomosha qilishardi uni. “Oyoqlarini tepaga qilib ko‘tarish kerak. Yutgan suvi chiqadi shunda”, – deya baqirdi orqadan biri. Bu gapni eshitgan qirg‘oq xodimi vaziyatni qo‘lga olishning payti kelganini anglab, cho‘kkan odam uchun qilinadigan zaruriy yordamni amalga oshirish niyatida oldinga chiqdi. Qizigan qum, palto, kamar va oyog‘idagi mato o‘rami yerda yotgan odamni yondirayotgan edi; olomon esa to‘yib nafas olishiga to‘sqinlik qilayotgandi; hatto yuzidagi terni artishga ham madori qolmagandi uning. Uning bu holatini payqagan xodim: “Bu kiyimda plyajda yurolmaysiz”, – deb ogohlantirdi paltodagi odamni. “Paltosini yechsin!” – deb baqirdi sertuk tanasi qum bilan shuvalgan biri. “Ehtimol, paltoning ichida hech nima yo‘qdir, – dedi g‘amgin qiyofali bir yigit yonidagiga, – men shunga o‘xshash nimadir o‘qigandim yaqinda”. “Bu yerni darhol tark eting, – dedi keskin ovozda xodim, – jamoat tinchligini buzishga haqqingiz yo‘q”. Haligi uzun mo‘ylovli yigit uni himoya qildi: “Kiyimi bilan o‘tirishi mumkin. Bunga hech qanday taqiq yo‘q”. “Ayollar paltosi-ku!” “Hezalak!”, – deb baqirdi kimlardir. “Qani, tez tashqariga!” – deya yerdagi odamning qo‘lidan tutgancha turg‘azmoqchi bo‘ldi xodim. “O‘zi ketadi, qo‘yvor qo‘lini!” – dedi mo‘ylovli yigit. Oq paltoli odam o‘rnidan turib, olomon tomon yurdi; izdihom halqasida u o‘ta oladigan bir yo‘lak paydo bo‘ldi. Ko‘zlari terdan yonardi; yuzi qizarib ketgandi. Yurarkan oyog‘idagi matolar yechilib sudralardi ortidan. “Faqat dengizga emas!” – deb baqirgan ko‘yi orqasidan yugurdi xodim, ammo mo‘ylovli yigit yo‘lini to‘sdi. So‘ng ikkalasiyam orqadan yugurib kelayotgan olomon ichida ko‘rinmay qoldi.

Suv to‘piqlaridan oshgach, paltosining etagini yig‘ishtirib oldi. Bir balo qilib olomondan qutulgan xodim egnidagi kiyim bilan uzoqqa borolmay qirg‘oqda qoldi. Paltoning etaklari avval suv ustida yoyildi, keyin esa og‘irlashib botdi. “To‘xtaaaa!” – deb qichqirdi uzun mo‘ylovli yigit. “Qo‘yaver, og‘ayni, uzoqqa ketmaydi baribir”, – deyishdi. Dengiz sayoz edi; palto suv ichida butunlay g‘oyib bo‘lganida qirg‘oqdan ancha uzoqlashgan edi. Uzoqqa ketgandi baribir. Yanglishgan edilar. Mo‘ylovli yigit ham juda kech qolgandi. Oq paltoli odamning bo‘yi barobar chuqurlikka qadar ketishini xayoliga keltirmagandi. Ko‘rdi-yu, endigina o‘tirgan joyidan sakrab turib, o‘zini suvga otdi, ammo ulgurmadi. Ilgari bunday hodisaga hech duch kelmagan edi. Keyin boshqa ko‘ngillilar ham chiqdi. Qidiruvlar hech qanday natija bermadi. Uzun mo‘ylovli yigit qirg‘oqqa qaytib kelgach, hansiragancha qumga o‘tirdi. Qo‘li bilan og‘zini pana qilib tupurdi-da, “Mana sizga hikoya”, – dedi.

Turk tilidan Mohinur Farmonova tarjimasi

–––––––––––––––––

[1] Simitchi – simit (ustiga kunjut sepib pishiriladigan turk milliy noni) sotuvchi. 

*     *     *

O‘g‘uz Atay nafaqat turk adabiyotining, balki jahon adabiyotining taniqli yozuvchisidir. O‘zbek kitobxoni uchun Atay hali ochilmagan qo‘riq, yurilmagan so‘qmoq kabidir. Bu esa yangilikka oshufta, kashfiyotlarga tayyor kitobxon uchun ayni muddaodir. O‘g‘uz Atayni ilk marta o‘zbek tilida o‘qiyotgan kitobxon uchun tarjimada yetakchilik qilgan inversiya holati (gap bo‘laklarining noodatiy tartibi) biroz o‘ng‘aysiz tuyulishi mumkin. Lekin bu hikoya Atay ijodida ayni shu noodatiy uslubi bilan o‘ziga xos o‘ringa ega. Shu sababdan ham tarjimada inversiyani saqlab qolishga harakat qildik, chunki aynan inversiya yuzaga chiqarayotgan gap urg‘ulari bor. Muallifning boshqa asarlari, jumladan, romanlari o‘zbek tiliga o‘girilsa, guvohi bo‘lasizki, bu hikoya Atay dunyosida mutlaqo o‘zga hodisadir: ham struktura jihatidan, ham uslub jihatidan, ham gap qurilishi jihatidan. Hikoyaning g‘oyasi esa alohida bir mavzu. Siz aziz kitobxonlarga, zavqli mutolaa tilayman.

Turkiya Turkchasi

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder