Anvar Obidjon - Bulbulning Salomnomalari

0

Qo‘rqoqlarning ko‘rqog‘i g‘ilay Quyonga salom,
Yo‘qdir yaqin o‘rtog‘i, sho‘rlik Chayonga salom.

Shoxdan shoxga yugurgan, dumida uy supurgan,
Yong‘oq chaqib tupurgan sho‘x Olmaxonga salom.

Arg‘amchidek buralar, yantoqlarga o‘ralar,
Qo‘ng‘iz o‘tsa mo‘ralar, bo‘g‘ma Ilonga salom.

Ho‘kizlarni yiqitgan, Qashqirlarni qo‘rqitgan,
Bor jonzotni hurkitgan shoh Arslonga salom.

Xo‘tikchaning qondoshi, ochlikka zo‘r bardoshi,
Kamroq bo‘lsa ham oshi, erkin Qulonga salom.

Xumbosh hamda xirqiroq, oziq tishi oshnichoq,
Ochko‘zligi sap chatoq, xasis Qobonga salom.

Nafsi o‘lja tilagan, qo‘lin qonga bulagan,
Asta mo‘ylov silagan pismiq Sirtlonga salom.

Meshkay qorni qavoqdir, burni tappak tovokdir.
Ikki lunji lavokdir, go‘l Karkidonga salom.

Guldor go‘ni kelishgan, qurtlarni yeb to‘lishgan,
Daraxtlarda in teshgan Qizilishtopga salom.

Chidab sovuq-ushukka, insof tilab Mushukka,
Pishloq sudrar teshikka, o'lg‘ir Sichqonga salom.

O‘g‘rilarning ustasi, qushning xunuk tusdasi,
Ko‘rib qo‘ying nusxasin, sur Zag‘izg‘onga salom.

Tupu kun yer qazigan, zaxda yotib ozigan,
Ko‘p tirishib, oz yegan go‘sxo‘r Yumroniga salom.

Igna-bigiz sotuvchi, kuzda loyga botuvchi,
Ilon poylab yotuvchi Tipratikonga salom.

Bebahodir po‘stini, poylar hatto do‘stini,
Sipo demang siz uni, ayyor Qoplonga salom.

Rizqin mag‘rur izlagan, yuksaklarni ko‘zlagan,
Dushmanlarni tuzlagan botir Tarlonga salom.

Bulbul kabi izillar, tog‘-toshlarda g‘izillar,
Yirtqichlardan bezillar, do‘stim Jayronga salom.




Yorum Gönder

0 Yorumlar

Yorum Gönder (0)

#buttons=(Çerezleri kabul et) #days=(20)

Sitemizde çerezler kullanılmaktadır. Kabul
Çerezleri kabul et