Milliy o‘zligini bilmagan millatlar boshqa millatlarga yemish bo‘lgay. (Mustafo Kamol Otaturkning maqbarasi devoridagi yozuvlardan.) Ming eshitgandan bir ko‘rgan a’lo, deb bekorga aytmaslar ekan. Turkiyaga bir haftalik safarim va unda ko‘rganlarim bisyor kitoblardan o‘qiganlarimdan, so‘nggi paytlarda borgan, kelgan do‘stlarimdan eshitganlarimdan albatta, ma’qulroq kechdi desam xato qilmagan bo‘laman. Moskvaning Sheremetevo qo‘nalg‘a (aeroport)sidan ko‘tarilgan uchoq (samolyot)imiz uch yarim soat deganda Istanbulga qo‘ndi. Uchoqda asosan markazliklar edi. Ular katta-katta safar to‘rvalarini sudrashib (keyin bilsam, chayqovchilikning uyini kuydiradiganlar shunday uchoqlarni to‘ldirishib qatnar ekanlar) apil-tapil tushib ketishdi. Uchoqda o‘nga yaqin odam, bir qozoq bovurdosh akademik va men qoldim. Biz Anqaraga havo yo‘lini davom ettirishimiz kerak edi. «Turkiy uluslar she’riyatida turk tili» mavzusida bo‘ladigan xalqaro to‘plandi (simpozium)ga shoshilardik.