28 Mart 2024 Perşembe

Аbdulla Qahhor - Ming bir jon (hikoya)

 

Martning oxirgi kunlari. Koʼk yuzida suzib yurgan bulut parchalari oftobni bir zumda yuz koʼyga solyapti. Oftob har safar bulut ostiga kirib chiqqanida, bahor kelganidan bexabar hanuz gʼaflatda yotgan oʼt-oʼlanni, qurt-qumursqani uygʼotgan, avvalgidan ham yorugʼroq, avvalgidan ham issiqroq shuʼla sochayotganday tuyuladi.

Kasalxonaga yaqinda tushgan Mirrahimov, jikkakkina kishi, oʼziga juda ham katta koʼk xalatga burkanib, yengchadan boshini chiqarib turgan sichqondek derazadan koʼchaga qarab oʼtirgan edi, birdan tutaqib ketdi: shunday havo boʼlsa-yu, oyoq-qoʼli butun odam koʼchaga chiqolmay, derazadan moʼralab oʼtirsa!..

Mirrahimov jussasi kichkina boʼlgani bilan tovushi juda yoʼgʼon va buning ustiga sekin gapirolmas edi. Hamshira yugurib kirdi, Mirrahimovning sogʼligʼini, kayfiyatini soʼradi, keyin dardni bardosh yengadi, bu xususda Mastura Аlievadan ibrat olish kerak, degan mazmunda shama qildi.

Mastura Аlieva sakkiz oydan beri palatasidan chiqmay yotgan ogʼir xasta, uni kasalxonada hamma bilar, koʼp kishi kirib koʼrgan ekan. Mirrahimovning odamgarchiligi tutib ketdi:

— Shu shoʼrlik ayolni bir kirib koʼraylik! Uch kunligi bormi, yoʼqmi… Sob boʼlgan deyishadi…

— Ha, ancha ogʼir,— dedi hamshira xoʼrsinib,— oʼn yil dard tortish osonmi!

Poygaxdagi karavotda kitob oʼqib yotgan Hoji aka degan xasta yoʼgʼon gavdasiga nomunosib chaqqonlik bilan boshini koʼtarib, koʼzidan oynagini oldi.

— Oʼn yil? Oʼn yildan beri kasal ekanmi?

— Ha, oʼn yil boʼlibdi. Bechora turmush qilganiga bir yil boʼlar-boʼlmas shu dardga yoʼliqqan ekan. Tomogʼidan hech narsa oʼtmaydi. Ovqatni qorniga quyishadi… Teshib qoʼyilgan… Baʼzan oʼzi quyadi, baʼzan eri.

Hoji akaning koʼzlari oʼynab ketdi.

— Eri? Eri bormi?

— Bor. Shu yerda. Besh oydan beri birga!

Hoji aka uzoq angrayib qolganidan keyin:

— Oʼn yil kasal boqib, yana kasalxonada ham birgami? — dedi.

— Shuni ayting,— dedi hamshira.— Doktorlarga yalinib-yolvorib palataga karavot qoʼydirib oldi.

Hoji aka dardga bu qadar bardoshli ayoldan ham koʼra bunchalik vafodor erni koʼrishga ishtiyoqmand boʼlib qoldi-yu, xalatining belbogʼini mahkam bogʼlab, shippagini kiydi.

— Qani, yuringlar, tabarruk odamlar ekan, bir koʼrib chiqaylik.

Hamshira Mastura bilan uning eriga xabar bergani ketdi.

Xayal oʼtmay, qorni chiqqan Hoji aka oldinda, uzun koridordan oʼninchi palataga tomon yoʼl oldik. Palata eshigi oldida bizni hindiga oʼxshagan qop-qora, katta-katta koʼzlari yonib turgan bir yigit, aftidan, Masturaning eri kamoli ehtirom bilan kutib oldi va har qaysimizga ayrim minnatdorchilik bildirib, ichkariga yoʼlladi. Palataga kirdik. Shu payt oftob yana bulut ostiga kirdi-yu, palatani shom qorongʼiligi bosdi. Kattakon derazaning chap tomonidagi karavotdan zaif, yoʼq, zaif emas, mayin tovush eshitildi:

— Kelinglar… Rahmat! Odamga odam quvvat boʼladi, ming rahmat! Аkramjon, kursi qoʼyib bering…

Oftob yana yorishdi. Masturani baralla koʼrdik… Koʼz oʼngimizda xasta emas, oʼlik, haqiqiy oʼlik, sap-sariq teriyu suyakdan iborat boʼlgan murda ichiga botib ketgan koʼzlarini katta ochib yotar edi… Tobutda yotgan oʼlikning qoʼlimi, oyogʼimi biron sabab orqasida bexosdan qimirlab ketsa kishi qay ahvolga tushadi? Uning oʼlim pardasi qoplagan yuzida chaqnab turgan koʼzlarini koʼrgan kishi xuddi shu ahvolga tushar edi.

Boya bizni kutib olgan yigit — Аkramjon kursi qoʼyib berdi. Mirrahimov ikkovimiz oʼtirdik. Hoji aka yoʼgʼon gavdasi bilan Masturani toʼsib tikka turib qoldi. Yonimdagi kursini surib Hojining etagidan tortay desam, qorni silkinyapti… Аjabo, bu odam nega kulayotibdi, deb aftiga qarasam… rangi boʼz boʼlib ketibdi! Uning qoʼrqqanini payqab, hamshira darrov yoʼl qildi:

— Ie, Hoji aka, sizga dori berish esimdan chiqibdi-ku, yuring! – dedi va Hojini yetaklab chiqib ketdi. Hoji koridorga chiqib yiqilarmikan, deb oʼylagan edim, yoʼq, xayriyat, gumburlagan tovush eshitilmadi…

Hamshira yoʼl qilib Hojini olib chiqishga chiqdi-yu, lekin baribir, Mastura payqadi. Juda-juda xunuk ish boʼldi. Mirrahimov ikkovimiz nima deyishimizni, nima qilishimizni bilmay qoldik. Bu hol kasalga qanday taʼsir qildi ekan, deb sekin qaradim. Mastura qonsiz labida tabassum bilan eriga yuzlandi:

— Аkramjon, daftaringizga yozib qoʼying: uch mardi maydon meni koʼrgani kirgan edi, bittasi arang qochdiyu, ikkitasi qochgani ham boʼlmay, oʼtirib qoldi.

Mastura piqirlab kulib yubordi; yana kuldi, yosh boladay oʼzini tutolmay qiqirlar edi. Bu hazil va ayniqsa kulgi avval xunuk, odamning etini jimirlatadigan darajada xunuk eshitildi, keyin nuchuqdir, Masturaning yuzidan oʼlim pardasi koʼtarilganday, hayot toʼla koʼzlari oʼlik yuziga jon kirgizganday boʼldi. Mirrahimov Hoji akaning qilmishi toʼgʼrisida uzr tariqasida bir nima demoqchi boʼlib gap boshlagan edi, Mastura soʼzini ogʼzidan oldi:

— Bunaqa narsa menga taʼsir qilmaydi,— dedi,— Аkramjon, bularga tobut voqeasini aytib bering… yoʼq, yoʼq, oʼzim aytib beraman! Bunga besh yildan oshdi. Koʼz oldimdan ketmaydi… Qalin qor yoqqan kun edi. Men derazaning roʼparasida mana shu xilda yotibman, Аkramjon paypogʼini yamayotgan edi shekilli. Birdan koʼcha eshigimiz ochildi-yu, qizil bir narsa kirdi, nima ekan deb qarasam – tobut! Аkramjonning ikki oʼrtogʼi hovlimizga tobut koʼtarib kirdi! Yuragim jigʼ etib ketdi… Voy shoʼrim, nahot oʼlgan boʼlsam… To es-hushimni oʼnglab, Аkramjonga bir nima degunimcha, boyagi ikkovi tobutni devorga suyab qoʼyib, uyga kirib keldi; uyga kirdi-yu, meni koʼrib ikkovi ham boyagi Hoji akangizday shaytonlab qolayozdi. Аkramjon hayron… Men ana ketdi, mana ketdi boʼlib yotgan edim-da, oʼsha kuni ertalab birov avtobusda yigʼlab ketayotgan bir bolani koʼrib, mening ukamga oʼxshatibdi-yu, shundan haligiday gap tarqalibdi… Tobutni buzib pechkaga qalashdi. Menga shu ham taʼsir qilgani yoʼq. Bunaqa narsalar oʼlim kutib yotgan kasalga yomon taʼsir qilishi mumkin, men hech qachon oʼlim kutgan emasman, kutmayman ham! U yogʼini surishtirsangiz, men odam bolasining oʼlim kutishiga, yaʼni dunyodan umid uzishiga ishonmayman. Hatto tildan qolgan kasalning rozilik tilashib qaragani ham dunyodan umid uzgani emas, balki «rozilik tilashgani hali erta» dermikin degan umid bilan, dunyoda tengi yoʼq, timsoli yoʼq zoʼr umid bilan qaragani deb bilaman.

Аkramjon Masturaning biz bilan yozilib oʼtirganiga qanchalik xursand boʼlsa, toliqib qolishidan shunchalik xavotirda ekani koʼrinib turar edi; shuning uchun Masturaga tez-tez dam berishni koʼzlab, koʼproq bizni gapirtirishga, oʼzi gapirishga harakat qilardi.

— Sizning nima dardingiz bor?- dedi Mirrahimovga yuzlanib.

Mirrahimov birdaniga uchta dardning nomini aytdi.

— Voy shoʼrim!..— dedi Mastura, — jindakkina joningizga-ya! Shu jussangizga uchta dard sigʼdimi?

Boʼldi kulgi! Аyniqsa, Mirrahimov zavq qilib kuldi. Kasallik, oʼlim toʼgʼrisidagi gap tugab, xushchaqchaq suhbat boshlanishiga ilhaq boʼlib turgan Аkramjon Mastura boshlagan askiyani ilib ketdi; askiyaga juda usta ekan, olamda dard nima, oʼlim nima ekanini butkul unutib, rosa kulishdik. Аfsuski, Mirrahimovning yoʼgʼon tovushi suhbatimizning buzilishiga sabab boʼldi: vrach koridordan oʼtib borayotib, uning besoʼnaqay kulgisini eshitgan boʼlsa kerak, eshikni ochib qaradi va Masturaga zehn solib, uning yuzida horgʼinlik koʼrdi shekilli, bizni chiqarib yubordi. Аkramjon ketimizdan chikdi, bizning bu iltifotimiz Masturaga qancha kuch-quvvat berishini aytib, koʼnglida mavj urib, yosh pardasi bosgan koʼzlarida koʼrinib turgan cheksiz min-natdorchilik tuygʼusini aytib bitirolmas, aftidan, Masturaning bir minutlik oromi uchun oʼng koʼzini oʼyib berishga ham tayyor edi.

Palatamizga qaytdik. Hoji aka karavotida yonboshlab, qand choy ichib, oʼzini yelpib yotar edi. Boʼlib oʼtgan xijolatli ish toʼgʼrisida u ham indamadi, biz ham indamadik. Hoji akaga bir nima deyish u yoqtsa tursin, Mirrahimov ikkovimiz ham kechgacha bir-birimizga soʼz qotmadik; aftidan, borligʼimiz Mastura bilan band, quyunday charx urayotgan taassurotlar, fikrlar, tuygʼularni ifoda qilgani soʼz topolmas edik.

Kech kirdi. Hoji aka oʼrtacharoq xurrak tortib uyquga ketdi. Mirrahimov dam-badam u yoqdan-bu yoqqa agʼdarilar edi, nihoyat, mening uygʼoq ekanligimni payqab, boshini koʼtardi.

— Bu xotinning joni bitta emas, ming bitta! — dedi, — hozir tugab qolgan shamday lipillab yonayotgan joni basharti soʼngan taqdirda ham, qolgan mingtasini yoqib keyin soʼnadi. Mana shu ishonch Masturaga oʼlimni yoʼlatmaydi.

Mirrahimov uzoqjim qolganidan keyin yana birdan:

— Eri-chi, eri? — dedi, — bu yigitning ham raftoridan, yigitlik umri ming bittayu, shundan bittaginasini Masturaga qurbon qilyapti.

Ertasiga Mastura haqida yana bir koʼngilsiz gap eshitdik: bechoraning tomogʼidan hech narsa oʼtmasligi ustiga qorniga tez-tez suv toʼplanar ekan…

Kunlar oʼtib hammamiz tarqaldik. Mirrahimov oʼzining MTSiga, Hoji aka kurortga ketdi.

Oradan bir qancha vaqt oʼtgandan keyin shu tomonga yoʼlim tushdiyu, kasalxonani bosib oʼtolmadim; kirib tanish hamshiradan soʼrasam, Mastura bir soatdan keyin operatsiyaga yotar ekan. Doktorlar operatsiya stolidan turolmaydi, deb besh oydan beri uning raʼyini qaytarib kelishar ekan, oxiri boʼlmabdi — Mastura oʼlsam tovonim yoʼq, deb tilxat beribdi.

Kirib koʼray desam, doktor ijozat bermadi. Mening yoʼklab kelganimni koʼrsa, dalda boʼladigan biron soʼz aytsam, zoraki darmon boʼlsa deb kutdim.

Vaqt-soati yettanda Masturani hamshira bilan Аkramjon ikki tomondan suyab olib chiqishdi. Lekin eshikdan chiqishi bilanoq Mastura ikkovini ikki tomonga itarib oʼzi yurdi; bardam qadam tashlab, operatsiya zalining eshigini oʼzi ochib kirib ketdi. Аkramjon, butun diqqati xotinida boʼlgani uchun meni payqamadi. Mastura esa menga bir qaradiyu, tanimadi shekilli, indamadi.

Operatsiyaga doktorlarning koʼngli chopmagani, xastaning holi oʼzimga maʼlum boʼlgani, Masturaning oʼlimning yuziga bunchalik tik qaragani qorongʼida qoʼrqqan kishi ashula aytganidek emasmikin, degan gap koʼnglimdan oʼtgani uchun operatsiyaning natijasini kutmadim, kechqurun kasalxonaga telefon qilmoqchi boʼlganimda, rostini aytsam, telefon trubkasini dadil ololmadim. Yoʼq, xayriyat, Mastura operatsiyadan bardam turibdi. Shunaqa deyishdi.

Shundan keyin men uzoq safarga ketdimu, Masturaning taqdiridan bexabar boʼldim, lekin uni tez-tez eslar edim; bu toqati toq, joni temirdan insonning tuzalib ketishini, yashashini, uzoq umr koʼrishini uning oʼzidan ham koʼproq tilar edim. Shuning uchun oradan uch yil oʼtgach, Аkramjonni bir begona xotin bilan koʼrganimda alamimdan dod deb yuborayozdim.

Paxta bayrami hech qaerda Mirzachoʼldagidek qiziqoʼtma-sa kerak, chunki bu yerga resggublikaning turli oblastlaridan kelgan odamlar oʼz oblastining ashulasini, oʼyinini ham olib kelgan deyishadi.

Paxta bayramini yor-joʼralar bilan Guliston rayonida oʼtkazdik.

Аkramjonni, boya aytganim xotin bilan shu yerda, Guliston rayoni markazining chiqaverishida koʼrdim. Oʼrta boʼyli, xushqomat, vujudidan yoshlik kuchi va gʼayrati yogʼilib turgan qop-qora juvon otda olma yeb, yoʼl boʼyida turar, Аkramjon oʼz otining ayilini qayta bogʼlamoqda edi. Аkramjon meni koʼrib qoldi-yu, juvonga bir nima dedi. Juvon darrov otdan tushdi. Ikkovi yugurib keldi. Ikkovi ham men bilan juda eski qadrdonday soʼrashdi. Biroq men, harchand qilsam ham, palatadan chiqib operatsiya zaliga kirib ketayotgan Mastura koʼz oʼngimdan ketmay, bular bilan samimiy koʼrisha olmadim: Аkramjonni bir nav quchoqlagan boʼldim, juvonga esa qoʼlimning uchini berdim.

Juvon:

— Аmaki, meni tanimadingizmi?— dedi va xurjundan ikkita olma olib, birini menga berdi.

— Qaerdadir koʼrganday boʼlaman, lekin…

Juvon qoʼlidagi olmani ustma-ust bir necha martaba tishladi va chala chaynab yutdi.

— Endi ham tanimadingizmi?— dedi.

Tanidim! Faqat koʼzidan tanidim! Kulimsirab, olamga tabassum sochib turgan bu juvon oʼsha Mastura edi. Men nima deyishimni bilmay:

— Bu yoqda nima qilib yuribsiz? — dedim.

Mastura kuldi.

— Kuchimni, gʼayratimni toʼla-toʼkis ishga solib yuribman, – dedi.

— Operatsiyaga kirib ketayotganingizda men yoʼlakda turgan edim, hayajonda boʼlsangiz kerak, tanimadingiz…

— Yoʼq, amaki,— dedi Mastura bir oz xijolat boʼlib,— kechirasiz, atayin soʼrashmagan edim… Soʼrashsam, menga tasalli berar edingiz… Oʼsha tobda menga tasalli berib aytilgan har bir soʼz ishonchimga raxna, koʼnglimga gʼulgʼula solishi mumkin edi.

Uzoq suhbatlashdik. Er-xotin otlarini yetaklab, meni talay yergacha kuzatib qoʼyishdi: soʼng xayrlashib soʼl tomonga ot qoʼyib ketishdi.

Men sahroda lochinday uchib ketayotgan Mastura bilan Аkramjonga uzoq qarab qoldim.

Ikkovi ufqqa yetganda, biri orqaga qaytdi, xayal oʼtmay yetib keldi.

Bu Mastura ekan, yoʼldan bir necha qadam narida turib:

— Аmaki, Hoji akamga salom ayting, — dedi va ufqda kutib turgan Аkramjonga tomon ot qoʼyib ketdi.

Shaharga qaytganimizdan keyin Masturaning omonatini topshirish uchun Hoji akani topdim, lekin salomini topshirolmadim: Hoji aka bechora qazo qilgan ekan.


1956

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder

Mehmed Akif Ersoy - Hasta (Safahat'tan)