28 Mart 2024 Perşembe

Аbdulla Qahhor - Аyb kimda? (hikoya)

 

Hamroev kechki ovqatdan keyin birpas choʼzilmoqchi boʼlgan edi, toʼgʼri kelmadi, narigi uy toʼpolon - bolalar birbirini yostiqbilan urib oʼynayotibdi; soat sakkiz yarimda majlisga borish ham kerak. Kecha Hamdam ota-onalar majlisi boʼlishi toʼgʼrisida maktabidan qogʼoz olib kelgan.

Hamroev hech qachon majlisga borgan emas, ammo fursati boʼlganda bir tayyorlanib bormoqchi va bola tarbiyalashni bil-magan yoki bu ishga sovuq qaragan oʼqituvchilarni uyaltirmoqchi edi. Bu niyat uning xotini Sobiraxonga juda maʼqul boʼldi.

— Gapiring, izza qiling! Bolalar maktabda oʼqib qayta bevosh boʼlib ketyapti. Siz uyda yoʼq vaqtlarda Hamdamingizning dastidan menga kun yoʼq. Ilgarilar urib yengar edim, endi uray desam, qochib tomga chiqib ketadi, tomda turib menga tilini koʼrsatadi.

Hamroev qoʼyin daftariga nimalarnidir yozdi.

— Xoʼsh, tagʼin nimalar qiladi?

— Tagin… ursam «baribir ogʼrimaydi» deb xir-xir kuladi… Ha, aytgancha, bir yildan beri biron marta «aya» dega-nini eshitganim yoʼq, hamisha «Turondot» deydi.

Hamroev kulib yubordi. Bu laqabni Sobiraxonga oʼtgan yili bayramda birovnikiga mehmon boʼlib borishganida oʼzi qoʼygan va shu bilan hammani kuldirgan edi.

— «Turondot» deydimi-a? Lekin buni majlisda gapirib boʼlmaydi, chunki… lekin bir tomondan gapirilsa ham boʼladi, bola degan kattalarning gapini gapirmasligi kerak.

— Аlbatta! Maktabda shunaqa narsalarni oʼrgatmasa nimani oʼrgatadi? Quruq ilm bilan bola bola boʼlar ekanmi?

Hamroev Sobiraxonning shikoyatlarini, gazetalarda oʼqigan, odamlardan eshitgan tarbiyaga doir gaplarni yozib qoʼyin daftarini toʼldirdi, keyin bularning hammasidan xulosa chiqardi:

— Men biron qogʼozga oʼqimasdan qoʼl qoʼysam, sen biron koʼylakning yoqasini qiyshiq qadab qoʼysang, ishga sovuqqonlik bilan qaraganimiz uchun javobgar boʼlamiz, nima uchun bola tarbiyasiga sovuqqonlik bilan qaragan oʼqituvchiga qonun yoʼq, qani, chaqir bu yoqqa Hamdamni!

Narigi uydan, uvadasi chiqib ketgan yostiqni koʼtarib, Hamdam chiqdi.

— Oʼtir, bu yoqqa! Xoʼsh, sen nima uchun koʼcha bolalariga oʼxshab axloqsizlik qilasan!

Hamdam yostiqni kursiga qoʼyib ustiga oʼtirdi va onasiga qaradi.

— Nima qildim?

— Men soʼrayotibman, menga qara! Nima qilganingai bilmaysanmi? Nima uchun oying urganda… xayr, bu ham mayli. Nima uchun oyingni «aya» demay… yoʼq, nima uchun tomda turib, ayangga… umuman, tomlarda yurar emishsan, yer koʼtarmaydimi? Maktabda senga shuni taʼlim beradimi? Qani daftarlaring?

Hamdam ayasiga qaradi.

— Qachon men tomda yuribman?

— Yoʼq, tomni qoʼy, menga daftarlaringni koʼrsat! Bu yil oʼqish boshlangandan beri nechta «aʼlo» baho olding?

— Bitta ham… yomon baho olganim yoʼq. Mana…

Hamroev daftarlarini varaqlay boshladi.

— Xoʼp, hozir koʼramiz… «yaxshi»… «oʼrta»… «oʼrta»… Qani «aʼlo»? Ruschadan nima uchun «yaxshi»?

— Аʼlo oʼqisam ham oʼqituvchimiz «yaxshi» qoʼyadi, «aʼlo»dan «yaxshi» yaxshi deydi.

— Ha-ha! Hali siz yolgʼon gapirishni ham bilasizmi?! Qani, beriroq kel, koʼzimga qara! «Yaxshi» yaxshi deydimi?

Hamdam yolgʼon gapirishning bunday oqibatini umrida birinchi koʼrishi edi, yigʼlab yubordi.

— Menga qara deyman! Kim oʼrgatdi senga yolgʼon gapirishni? Qaysi domlang?

Sobiraxon aralashdi:

— Qoʼying endi, minbaʼd yolgʼon gapirmaydi. Voy, tavba, ruschadan nega «yaxshi», baloday gapiradi shekilli-ku!

Hamroev Hamdamning qulogʼidan choʼzib, oʼziga qaratdi.

— Tagʼin yolgʼon gapirasanmi? Bundan keyin yolgʼon gapiradigan boʼlsang, bilib qoʼy, men oyingga oʼxshab ogʼrimaydigan qilib urmayman-a!.. Shu yolgʼon gapingdan keyin ruschadan «yaxshi» olganingga ham ishonmayman. Qani, xoʼsh, masalan, choynakning qopqogʼini ruscha nima deydi? Samovarning joʼmragini nima deydi?

Hamdam ikkovini ham bilmadi va yigʼlaganicha nariga uyga kirib ketdi. Hamroev qoʼyin daftarini olib nimalarnidir oʼchirdi, yana nimalarnidir yozdi.

— Yoʼq,— dedi daftarini choʼntagiga solib,— bu ishga jiddiy qarash kerak. Shunday boʼlgandan keyin majlisga jiddiy tayyorgarlik koʼrib borilmasa boʼlmaydi. Tarbiyaga doir kitob koʼp.

— Soat sakkiz boʼldi,- dedi Sobiraxon.

Hamroev oʼylanib qoldi: borsa, albatta gapirishi kerak, gapirmaydigan boʼlsa borishning keragi yoʼq. Soʼzga chiqqanda gapni nimadan boshlaydi, nima toʼgʼrida gapiradi va qanday xulosa chiqaradi.

—Yoʼq, bu xilda borishdan foyda yoʼq, Turondot,— dedi,— bu safarcha siz boring. Men yanagi safar jiddiy tayyorlik koʼrib boraman.

— Qoʼysangiz-chi! Umrimda bormagan joyimga qanaqa qilib boraman. Mening borishimdan nima foyda?

— Foyda boʼlmasa ziyon ham yoʼq-ku!

Er-xotin foyda-ziyon toʼgʼrisida tortishib soatni sakkiz yarim qilishdi. Hamdam chiqdi.

— Nima qilib oʼtiribsizlar? Direktor juda tayinlagan edi, xatni topshirmagandirsan deb ertaga meni urishadi.

— Oying bormaydi, borishidan foyda ham yoʼq, men yanagi safar boraman.

— Mudir soʼrasa shunaqa deymanmi?

— Nega? Kap-katta boʼlib shunga ham vaj topolmaysan-mi? Dadam ishdan kech keldi, oyim betob yotibdi degin!

Hamdam dadasiga qaraganicha uzoqturib qoldi. U, ertaga xuddi shunday deydi.


1940

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder