Mohira Eshpo‘Latova - Tabrik

0

Soat tungi 00:00.

Ilyos bemahal qilingan telefon qo‘ng‘irog‘idan uyg‘onib ketdi. Yaqin do‘sti Farrux uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklash uchun bezovta qilayotgandi. Ilyosningoshna-og‘aynisi, do‘stlari juda ko‘p. Chunki o‘zi ham hammaga do‘st, xushchaqchaq, odamshavanda yigit. Eng asosiysi, hozirgi paytda ko‘p insonlarga yetishmayotgan narsa — samimiylik bor edi unda. Shuning uchun ham Ilyosni tanigan bilganlar borki, qadrlashardi, hurmat qilishardi. Ilyos uchun esa bolalik do‘sti Farrux va Sabohat ularning orasida, ayniqsa qadrdonlari edi.

— Ilyos, do‘stim, Oyga birinchi bo‘lib kim qadam qo‘yganini bilasan-a? — dedi Farrux kutilmaganda. Ilyos uyqu aralash javob qildi:

— Ha, bilaman. Qo‘shningni katta qizini, o‘rtancha qaynsinglisini 2- sinfga borayotgan o‘g‘lining rus tili o‘qituvchisini katta akasini…

— E, bo‘ldi, bo‘ldi, topding. Ha, o‘sha mashhur Nil Armstrong. U Oyga birinchi bo‘lib qadam qo‘ygani uchun nomi tarix zarvaraqlarida qolgan. Edvin Oldrin degan odamni-chi, eshitganmisan?

— 18 yoshga hozir to‘lib turib, senday faylasufdan bu ismni endi eshitib turibman.

— U Nil Armstrongdan bor yo‘g‘i bir necha daqiqa keyin Oyga qadam qo‘ygan. Bu haqda bir nechta asarlar ham yozgan. Ammo hech kim uni bilmaydi. Dunyo ikkinchilarni tan olmaydi, do‘stim. Sen doim birinchi bo‘l yoki sanoqdan chiq. Sen birinchilikda turganingda yoningda men bo‘lay. Tug‘ilgan kuning bilan, do‘stim!

Ilyos shunday do‘stlarni bergan Ollohga shukr aytib, yaxshi kayfiyatda uyquga ketdi. Tongni ham shu kayfiyatda qarshi oldi. Tabriklar guldastasi yog‘ildi har yondan. Oila a’zolarining barchasi xursand. Kechga ziyofat tashkillashtiriladigan bo‘ldi. Farruhning qo‘ng‘irog‘i tabriklarning boshlanishi bo‘lgan ekan. Tuni bilan ham kunduzi bilan ham tabrik SMSlar, qo‘ng‘iroqlar tinmadi. Ilyos rahmatlar aytib charchadi ham. Ammo u hech kimga sezdirmasdan bir insonning e’tiborini kutardi. Har SMSga yo qo‘ng‘iroqqa umikan deb umid bilan qarardi. Undan esa darak yo‘qligi hamma xursandchiligiga soya solib turardi. 

Inson o‘zi g‘alati, xursand bo‘lishiga millionlab sabablari bo‘lsa ham, g‘amga botish uchun bitta sabab yetadi. Quvonchlari bilan yashashi kerak bo‘lgan, qimmatli lahzalarini o‘sha “g‘am”ini o‘ylab sovuradi. Ilyos ham o‘z ixtiyoriga qarshi bugun shunday ahvolda edi. Maktabda darsda qanday o‘tirganini bilmaydi. Chunki intiq kutilayotgan tabrik egasi — Sabohat bugun darsda yo‘q. Ilyos hamma sinfdoshlarini tug‘ilgan kun ziyofatiga taklif etdi. Sabohatning dugonalariga uni ham birga olib kelishlarini tayin-tayin qilib aytdi. Kelishidan kelmasligi ehtimoli yuqori bo‘lsa- da, uni umid bilan kutardi. Chunki bunday kechki ziyofatlarga ko‘pda unga ruxsat berilmasdi. Ilyos kuni bo‘yi Sabodan xabar kelmadimikan deb telefoniga qarab-qarab qo‘ydi. “Nega mening tug‘ilgan kunim uni esidan chiqdi ekan? Odam ham shunaqa bo‘ladimi? Axir ming ishi ko‘p bo‘lmasin do‘stining tug‘ilgan kunini unutmaydilar-ku. Hech bo‘lmasa, o‘zining tug‘ilgan kunidan bir kun oldin meni ham tug‘ilib qolganimni esda saqlab qolsa bo‘ladi-ku! Yana bu kishim do‘st emishlar…”

 Ilyos va Sabo do‘st tutinishganda, hali bog‘chaga borishardi. U paytlar do‘st kim, u qanaqa bo‘lishini bilmasdilar ham. Birga o‘sishdi, bir sinfda o‘qib mana tugatishyapti hamki, aslida qiz bilan yigitning o‘rtasidagi do‘stlik qanday bo‘lishi kerakligini ma’nisiga yetolmadilar. Ilyos Sabo bilan do‘stligi qachon boshlanganini eslolmaydi, qachon tugashi mumkinligini esa bilishni istamaydi. Bunday bo‘lishi mumkinligini xayoliga ham sig‘dirolmaydi. Endi Ilyos uchun Saboning shunchaki sinfdoshligi, do‘stligi kamdek tuyulardi. Bugungidek e’tiborsizliklariga avval indamagan bo‘lsa ham endi chidab turolmayotgandi. Ayni paytda uni hatto do‘stlikka xiyonatda ayblardi. Aslida Ilyosning o‘zi do‘stlikka xiyonat qilganiga ancha bo‘lganini sezmayotgandi. Ha, Ilyos Saboni sevib qolib, do‘stlikka allaqachon xiyonat qilib bo‘lgandi. 

Sabo do‘stini ko‘rganda yuragi bir boshqacha ura boshlashini, jinoyat ustida qo‘lga tushgan odamdek o‘zini yo‘qotib qo‘yishini sezgandan buyon undan o‘zini olib qocha boshladi. Bundan Ilyosning ranjiganini ko‘rsa, yuragining allaqayeri achishardi. Oxirgi 11- sinfga kelib vaziyat shu darajaga kelib qoldiki, qiz yigitning ko‘zlariga tik qarashga uyaladigan, yigit qizning ko‘zlariga qarasa, etlari jimirlab ketadigan bo‘lib qoldi. Sabo gohida o‘zini qanday tutishga hayron edi. U Ilyos bilan butunlay uzilib ketishni aslo xohlamas, necha yillik qadrdonini yo‘qotishdan qo‘rqardi ham. Va ayni paytda Ilyos kutayotgandek ham bo‘lolmasdi. Qiz uchun do‘stlik o‘sha o‘zi nomini aytishga ham qo‘rqadigan tuyg‘udan ustun edi. Sabodek oqila qizni tarbiya etayotgan onaizor bu tuyg‘u qiz bolaning kelajagiga g‘ov deb uqtirgan. Talaba bo‘lishni o‘zining oliy maqsadiga aylantirib olgan Sabo uchun bu “g‘ov” g‘oyat xavflidek ko‘rinardi…

Ziyofat tugadi. Bu davrada faqat bir inson, shu xursandchilikning sababchisigina begonadek o‘tirdi. Kuni bo‘yi Sabodan xabar kutib charchagan, o‘zi uning raqamini yuz terib, qo‘ng‘iroq qilishga jur’at topolmay yana o‘chirgan yigit soat 00:00 bo‘lishini kutardi. Ilyos Farrux aytganidek birinchi bo‘lgisi, birinchi bo‘lib Saboni tabriklagisi va ginalarini aytib yengil tortgisi keldi. Kutganingda go‘yo daqiqalar ham imillab odimlardi. Nihoyat yangi kun kirib keldi. Ilyos qadrli raqamga qo‘ng‘iroq qildi. Uzoq gudok va uzoq kutilgan yoqimli ovoz.

— Alo.

— Alo, Sabohat…

— Tinchlikmi, Ilyos?

— Tinchlikmasda shu. Nega darsga kelmading bugun?

— Buvim kasalxonaga tushib qoldilar. Bugun kuni bo‘yi yonlarida edim, — dedi xafa bo‘lib. Ilyos negadir quvonib ketdi. Demak, juda muhim sababi bo‘lgan, shunga esidan chiqqanman. Bo‘lmasa, unutmasdi, ha sira-sira unday qilmasdi, deb xayolidan o‘tkazdi. Ayni paytda buvisining kasalligini eshitib xursand bo‘lganligidan ham o‘zining izzattalabligidan ham jahli chiqdi. Biroz hovuridan tushib so‘radi:

— Hozir yaxshimilar, ishqilib?

— Ha, yaxshi bo‘lib qoldilar

— Ertaga ham kelmaysanmi darsga shunday qilib?

— Yo‘q, boraman. Nega so‘rayapsan?

— O‘zim… demak bugun umuman bo‘sh vaqting bo‘lmabdi-da.

— Ha, nimasini aytasan.

— Ozginayammi?

— …

— Nega indamaysan?

Sabo nima deyishini bilmay qoldi. Ilyosni bugungi ishi uchun gina qiladi deb o‘ylagandi, amalda unday bo‘lmadi.

— Bugun men uchun ham ziq kun bo‘ldi-da. Shuning uchun fizikadan uyga vazifani qilolmadim. Sen bajargan bo‘lsang… ha, mayli qo‘yaver. Axir seni “ozginayam” vaqting bo‘lmagan-ku. Mayli, yaxshi dam ol. Uzr, bezovta qilganim uchun, — deb telefonni o‘chirmoqchi bo‘ldi.

— Shoshma, men uni o‘sha dars vaqti bajarib qo‘ygandim. Hozir rasmga tushirib senga jo‘nataman.

— Xo‘p, rahmat. Sabo… sen Oyga birinchi bo‘lib kim qadam qo‘yganini bilasan-a?

— Ha, Nil Armstrong-da. U 1969- yilning 21 iyulida «Appalon-11» havo kemasida uchib, insoniyat tarixida ilk bor Oy sirtiga qadam qo‘yadi.

— Edven Oldrinni-chi?

— Yo‘q, kim u?

— U Armstrongdan bor yo‘g‘i bir necha daqiqa keyin Oyga qadam qo‘ygan. Ammo hech kim uni bilmaydi, Sabo… Dunyo ikkinchilarni tan olmaydi. Sabo… Shuning uchun ham hozir senga qo‘ng‘iroq qilib turibman. Sabo… Sen men uchun doim birinchi o‘rinda bo‘lgansan. Ammo bu bilan sendan ham shuni talab qilolmayman. Hayot seniki, uni qanday xohlasang, shunday qur. Faqat, unda… men ham bo‘lay. Tug‘ilgan kuning bilan, Sabo…

Ilyos boshqa so‘z aytolmay, Saboning nima deb javob berishini ham kutmay telefonni o‘chirdi. O‘zini favqulodda bir buyuk jasorat ko‘rsatgandek baxtiyor his qilardi. Go‘yo uning bu gaplari unga qanot bag‘ishladi-yu ko‘m-ko‘k samolarda parvoz qilayotgandek, o‘z-o‘zidan masrur, baxtli… Turli xil o‘y-xayollar bilan ko‘ziga uyqu ham ilinmadi. Tongga yaqin Sabohatdan xabar keldi.

“Armstrong Oyga ilk qadamini qo‘yganda “Bu insonning kichik bir qadami, lekin insoniyat uchun buyuk sakrashdir”, degan edi. Sen so‘rayotgan narsa insoniyat uchun hech qanday ahamiyatga ega emas. Ammo men uchun “buyuk sakrash”. Agar Oy o‘z joyida umrbod o‘zgarmasdan qolishga va unga ilk qadam qo‘ygan insondan boshqa hech kimni tan olmaslikka va’da bersa, men u Oyni hayotim osmonida ko‘rishdan baxtiyor bo‘lardim. O‘tgan tug‘ilgan kuning bilan, Ilyos”.

O‘sha lahzalarda osmonning Sharq tarafidan quyosh chiqayotgandi. O‘sha lahzalarda ikki yosh uyqusizlikdan qizargan, ammo ertangi kunga umid-ishonchdan porlagan ko‘zlari bilan quyoshni kutib olishayotgan edi.

Yorum Gönder

0 Yorumlar

Yorum Gönder (0)

#buttons=(Çerezleri kabul et) #days=(20)

Sitemizde çerezler kullanılmaktadır. Kabul
Çerezleri kabul et