16 Aralık 2024 Pazartesi

Maʼmura Zohidova - Shamol bilan suhbat

Shamollar, yo‘l bo‘lsin, sizga saharlab,

Yo‘l olibsiz qay bir sokin joylarga?

Mehmonni qarshilab charchamaydi hech,

Bormasdan qo‘ymassiz G‘ovasoylarga?


Ortimdan ergashgan tog‘larga bo‘ylang

Qarsak chalib kutar sizni teraklar.

Soylarga qo‘shilib men uchun kuylang

Axir sel bo‘ldi-ku bunda yuraklar.


Dehqon otalarning yuzlarin silab

Bo‘y qizlar sochini o‘ynatib keling

Mevalarni to‘kib, shoxin qayirib,

Bog‘bonni shoshirib, o‘ylatib keling.


Shamollar, derazam siz uchun ochiq,

Qaytishda kirarsiz bir ho‘plam choyga.

Yomg‘irga qo‘l yuving, men tutay sochiq,

Sizni o‘tqizayin eng baland joyga.


Kelsangiz qurigay ko‘zimning nami,

Yelpib yuboring dil ozorlarimni.

Olib keling albat menga onamning

Qalampirmunchoqli iforlarini.


Hiç yorum yok:

Yorum Gönder

Selimi - Mirasyedi Destanı