Nigora Gʻaniyeva - Ichimdagi To'fon

0

Ulug‘vor qiyofa - mustahkam,

Raqamlar shunchaki ehtiyoj.

Hislari qulf kabi berk, mahkam,

Muhabbat dunyosi sim-siyoh.


Sokin kuy avjida - rekviyem,

Motsart bilan bir finjon qahva.

Shu telba nigohni ko‘ray deb,

Tentirab yuribman shaharda.


Yuragi misoli bir sohil,

Langarin tashlaydi kemalar.

Ko‘rfazga boqaman xo‘rsinib,

Tashriflar qalbimni parchalar.


Qahrabo ko‘zlarda uchqunlar,

Sachraydi go‘zallik ko‘rsa bas.

Oysiz tunlar, yulduzsiz tunlar.

Hatto tushda meniki emas.


Yashasaydik o‘rta asrda,

Raqs kechasi, musiqa - Shopen.

Ohanglarga to‘lgan qasrda,

Oppoq royal, yolg‘iz u va men.


Ustunlari naqshinkor, ko‘rkam,

Devorlarda "Van Gog", " Pol Gogen".

Savlat to‘kib turar "Mone" ham

Va chalishni boshlar Betxoven...


Tasavvur mahsuli ertakka,

Yasagim kelmaydi intiho.

O‘zgaga atalgan erkakka,

Xayolni bog‘lash ham bir gunoh.


Tun qorayar hissiz, ma’nosiz,

Termuladi nigohlar yo‘lga.

Xonadoshing yechib paltosin,

Ilib qo‘yar asta stulga.



So‘ng so‘raydi ovqat neligin,

Lek so‘ramas kayfiyatingni.

Unga javob berging kelmayin,

O‘ylaysan ilk muhabbatingni.


Uy to‘rida to‘kin dasturxon,

Sanchqi, pichoq, taqsimcha, sochiq.

Tegrasida hislaring sarson,

Ketolmaysan eshikni ochib.


Choy uzatar chog‘ing g‘ussalar,

Piyolaga to‘kilar bir-bir.

Behudaga o‘tkazmay yillar,

Shu lahzada ketmoq kerakdir?!


Yotoqxona – tushunarsiz joy,

Ikki qalbda ikki xil xayol.

Biri deydi “yaxshi dam oling”,

Biri uchun bu tilak malol.


Ko‘k yuzini qoplaydi bulut,

Sirg‘aladi kuzning salqini.

Xonadoshlar saqlaydi sukut,

Bunday yashab bo‘lmas har kuni.


Sekin deydi “ sizni sevmayman ”,

“ Dosh berolmam ortiq qayg‘uga ”.

Iqrorni u eshitmas, chunki,

Allaqachon ketgan uyquga.

                   ***

Hikmat xazinasi jamlangan javon,

Qarshimda turadi mag‘rur gerdayib.

Qalin kitoblarning olami aro,

Uyushtirgim kelar sayohat, sayr.

Adabiyot, falsafa, insonshunoslik,

Teran mohiyatni solar ongimga.

Poyonsiz tuyulgan bilimlar ufqi,

Ma’no bag‘ishlaydi har bir tongimga.

Ilm -fazodagi yorug‘ yulduzdan,

Hukmron har bir qum zarrasigacha.

Qancha masofa bor inson aqlidan,

Tafakkurning so‘nggi marrasigacha.

Ziyoni sog‘inib ketganligim rost,

Fikrlar unadi uning poyidan.

Endi o‘tmoqlikka shayman, tayyorman,

Hayot maktabining imtixonidan.

Yorum Gönder

0 Yorumlar

Yorum Gönder (0)

#buttons=(Çerezleri kabul et) #days=(20)

Sitemizde çerezler kullanılmaktadır. Kabul
Çerezleri kabul et