Tinmay tun-kun gul shoxida sayrab turg‘on mungli qush, Ayt-chi, sening sayrashingni gul ham bir oz sezarmi? Sezgan choqda sening shunday qizg‘onichli holingg‘a Ko‘mak etib islaridan bir ozgina socharmi? Sening har kun tong sahardan erta turub, uyg‘onib, Ochilmagan g‘uncha uzra qo‘nib hamda munglonib Aytgan butun sirlar bilan ohlaringni tinglag‘och, Yashil yaproq orasidan senga kulib boqarmi? Agar anglab barcha ishing kulib boqsa, mungdoshim, Baxtli sen, butun umr qayg‘urmag‘il, yo‘ldoshim. Agar sening hollaringni anglamasa, boqmasa: Oqsun tinmay ko‘zlarimdan sening uchun qon yoshim… 1920
Har bitta so‘z – suvdek aziz,
Har bitta so‘z – nondek uvol.
Til boyligin bog‘ deb bilsak,
Har bitta so‘z – bitta nihol.
Biron so‘zni isrof qilmoq
Bir ko‘chatni yulmoqlikdir.
Bora-bora, otameros –
Bog‘ni xarob qilmoklikdir.
E bolam, yot yurtga borsang,
Ne atalur eling, derlar.
Qay millatning vakilisan,
Bormi ona tiling, derlar.
Shunda, mening qutlug‘ tilim –
Navoiyning she’ri, degil.
Yurtim – Ulug‘begu Bobur,
Amir Temur yeri, degil.
Ayt g‘urur-la Beruniylar,
Farg‘oniylar ajdodim, deb.
Koshg‘ariylar darsin tinglab,
O‘tkirlangan savodim, deb.
Maqtanma hech qimmat kiyim,
Oltinlaru qasring bilan.
Faxr et doim qudratli yurt,
Boy til, nasab-nasling bilan.
Obro‘yingni baland tutmoq,
E bolam, o‘z qo‘lingdadir.
Sening olamdagi narxing
Vatan, millat, tilingdadir.

Yorumlar
Yorum Gönder