Qo‘l silkitib qolar onalar,
Xayr, desak munis quchoqqa.
Qo‘l silkitib tolmas onalar
Biz ketar chog‘ yiroq-yiroqqa.
Turnalardek tog‘lardan oshib,
Dengizlardan shoshib o‘tarmiz.
Ufqlarga asta yondoshib,
Kengliklarga singib ketarmiz.
Qo‘l silkitib turar onalar,
Bizlar ketgan yoqlarga qarab.
Uzun xayol surar onalar
O‘tgan uchqur damlarni sanab.
Bizlar-chi, goh osmonu falak,
O‘ylarimiz begona, xoli.
Orzular deb jonimiz halak,
Axtaramiz saodat, tole’.
Oq sochlarin jimgina tarab,
Ko‘zlari to‘rt kutar onalar.
Bizning ketgan yo‘llarga qarab,
Qo‘l silkitib o‘tar onalar…
