Ana içeriğe atla

Shahriyor Shavkat - Yolg’izlik


Shamlarni yoq.  

Maktub – stolda.  

Maktubni yoq xijolat qilmay.  

Tasvirimni chizib xayolda,  

Bir lahza jilmay… 

 

Musiqa.  

Yarqiroq g‘urubdan  

Vujudimga o‘rmalar farah,  

Chayqatib, chayqalib turibman –  

Qo‘limda qadah!.. 

 

Barmoqlarim botar pushtirang  

Libosing chirmashgan belingga.  

Avval yerga qaraysan arang  

Va menga… 

 

Yelkamdan sirg‘alar qo‘llaring,  

Atringga liq to‘ladi o‘pkam.  

Menga qanday jodu yo‘llading –  

O‘pganim-o‘pgan?! 

 

Butun umr yashashga shoshdik,  

Kipriklardek yaqindir visol.  

Bir lahzada mangu tutashdik –  

Shu holingda qol…


* * * 


Hali siz gullarni o‘pganingiz yo‘q,  

Bir malak sochini hidlamadingiz. 

Jilg’alar bo’yida chopganingiz yo‘q,  

Yarim oy ko‘ksini butlamadingiz.  


G‘ozlarni quchoqlab yig‘lamoqni ham

Ochig‘i, xayolga keltirmagansiz.  

Tovonni qitiqlab turganda ko‘klam, 

O‘pkani havoga to‘ldirmagansiz.  


Adirda entikib chopmoq qayoqda,  

Kashtador o‘tovda qimiz simirmoq,  

Qayoqda uzangi ilib oyoqqa,  

Turkona qirlarda qirg‘iy qidirmoq?!  


Hali siz dunyoga kelganingiz yo‘q,  

Hali siz go‘daksiz

va yoki holsiz,  

pastqam bir kulbada beshon, behuquq,  

alahsirab yotgan mudroqi cholsiz! 


Uyg‘oning, birodar, uyg‘oning endi, 

Qisirlatib tashlang umurtqalarni, 

Qilichday yigitlik mag‘ribga enib

ketganda,  

bir tutam umr qolarmi?!


Siz hali gullarni o‘pganingiz yo‘q…


* * * 


Otlarim bezovta kishnadi birdan,

Qattiqroq yugurdim eshitgan sayin,

Kechiksam,

cho‘g‘ sachrab tuyoqlaridan,

Somonga o‘t ketib qolmasin tag‘in! 

To‘riq qashqamizning g‘ayrati jo‘shib,

Tutmoqni istasa shamolga bag‘rin,

Bo‘ynidagi po‘lat zanjirga qo‘shib,

Gilosni qo‘porib ketishi tayin! 

Ko‘ksimda salmog‘i taqadek qulun,

Tepar –

Ot tepkisin ko‘taradi ot! 

Mening-da bo‘g‘zimdan o‘rlaydi tutun,

Uchadir osmonga bosiq munojot:


“Yo, Tangrim! 

Gʻajidim jilovlarimni,

Eritib yubordi so‘liqni hovrim! 

Kuyarman sovutsam olovlarimni –

Chopsam bir chopayin kelganda davrim!”

Otlarim kishnadi yanayam battar,

“Tezroq bor, chavondoz!” –

Buyurdi qayin: 

“Garimsel ufursa burunlaridan,

Osmonga o‘t ketib qolishi tayin!”


* * * 

Sollanar shotutning barglari, 

Shaharning uyqusi bug‘lanar. 

Kishvarim,  

Savsarim, 

Qaysarim,  

Yelkamni keltirdim –  

Yig‘lama!.. 

 

Banoras bulutlar bir sipo,  

Tomchilar havoda tig‘lanar.  

Shundog‘am fususim behisob,  

Yelkamni keltirdim –  

Yig‘lama!.. 

 

Xayolning sochlari  

sarsari 

shamolning shavqida dog‘lanar. 

Ey maning ko‘zyoshi kavsarim, 

Yelkamni keltirdim –  

Yig‘lama!.. 

 

Adirda aprelning naysoni 

Taqmoqda sabuhiy sirg‘alar... 

Shabnamim, 

Gʻizolim, 

Sha’bonim,  

Yelkamni keltirdim –  

Yig‘lama!..

Yorumlar

Bu blogdaki popüler yayınlar

Cho'lpon - Go'zal

Qorong‘u kechada ko‘kka ko‘z tikib, Eng yorug‘ yulduzdan seni so‘raymen. Ul yulduz uyalib, boshini bukib, Aytadir: men uni tushda ko‘ramen. Tushimda ko‘ramen – shunchalar go‘zal, Bizdan-da go‘zaldir, oydan-da go‘zal!

Peyami Safa - Dokuzuncu Hariciye Koğuşu (Roman Özeti)

  Eserin Adı: Dokuzuncu Hariciye Koğuşu Yazarı: Peyami Safa Yayınevi: Ötüken Yayınları Basım Tarihi: 1999 Eserin Konusu:  15 yaşındaki bir gencin kemik veremi hastalığa yakalanması sonucu hayata tutunma çabası. Romanın Özeti: Romanın 15 yaşındaki kahramanı 7 yaşından beri dizindeki tam olarak teşhis edilemeyen bir hastalıktan dolayı sıkıntılar çekmektedir. Hayatı hastane kapılarında, doktor önlerinde geçmiştir. Son olarak yapılan tetkikler sonucunda dizindeki rahatsızlığın “Kemik Veremi” olduğu anlaşılır. Bu hastalık hayatına veya bir bacağına mal olabilecek bir hastalıktır. Hal böyle iken doktorlar, eğer beslenmesine dikkat eder, heyecansız, sakin bir yaşam sürdürür, moralini yüksek tutarsa iyileşme ihtimalinin olduğunu söylerler.

Omon Matjon - Umr o'tar

Umr o'tar, vaqt o'tar, Xonlar o'tar, taxt o'tar, Omad o'tar, baxt o'tar, Lekin hech qachon chiqmas yodimdan Sening yurishlaring, sening kulishlaring. Bahorda bog' na go'zal, Qor tushsa tog' na go'zal, Bu yoshlik chog' na go'zal, Lekin hech qachon chiqmas yodimdan So'zsiz qarashlaring, holim so'rashlaring. Oy chiqar goh zaholi, Do'stlar ko'pdir vafoli, Hayot shundan safoli, Lekin hech qachon chiqmas yodimdan Sokin so'zlashlaring, pinhon izlashlaring. Umr - yo'l, qayrilish ko'p, Uchrashish, ayrilish ko'p, Unutish, aytilish ko'p, Lekin hech qachon chiqmas yodimdan O'sha kulishlaring, o'sha kelishlaring... 1979