Bahorni sog’indim, bahorni...
Ko’rganda yerlar, olamlar to’la qorni.
Qor... qor –
Zaharli ninalar kabi
Ko’zlarga qarab oqar...
Qaydasiz, qaydasiz
Latif siynalar kabi
Dalalarga singgan bahor?
Tala-tuz,
Ekin-tikin...
G’amgin-g’amgin
So’la boshladi.
Sarg’aygan yaproq,
Bo’yanib tuproq
O’la boshladi, o’la boshladi...
Yo’q... o’lim yo’qdir!
Yolg’iz bir o’chib, bir so’nish bordir.
Bir o’chib, so’nib... yana yonish bor.
Yana bahorlar,
Yana lolalar,
Yana siz, ey... erkin tilaklar!..
-----------------
1926-yil, Sentabr, Samarqand

Yorumlar
Yorum Gönder