Shamollar, yo‘l bo‘lsin, sizga saharlab,
Yo‘l olibsiz qay bir sokin joylarga?
Mehmonni qarshilab charchamaydi hech,
Bormasdan qo‘ymassiz G‘ovasoylarga?
Ortimdan ergashgan tog‘larga bo‘ylang,
Qarsak chalib kutar sizni teraklar.
Soylarga qo‘shilib men uchun kuylang,
Axir sel bo‘ldi-ku bunda yuraklar.
Dehqon otalarning yuzlarin silab,
Bo‘y qizlar sochini o‘ynatib keling.
Mevalarni to‘kib, shoxin qayirib,
Bog‘bonni shoshirib, o‘ylatib keling.
Shamollar, derazam siz uchun ochiq,
Qaytishda kirarsiz bir ho‘plam choyga.
Yomg‘irga qo‘l yuving, men tutay sochiq,
Sizni o‘tqizayin eng baland joyga.
Kelsangiz qurigay ko‘zimning nami,
Yelpib yuboring dil ozorlarimni.
Olib keling albat menga onamning
Qalampirmunchoqli iforlarini.

Yorumlar
Yorum Gönder