30 Haziran 2024 Pazar

Saida Zunnunova - Cho'li Iroq



Tarixni so‘zlama menga, ey odam, 
Bitta chalib bergin «Cho‘li iroq»ni. 
Bitta chalib bergin, toki yana ham 
Yaxshiroq ajratay qorani, oqni.

Bu kuy asrlarning baridan tortib 
Cho‘llarda toliqqan horgin karvonday 
Ming xil taqdirlarni ustiga ortib, 
Qalbimdan jimirlab o‘tadi qonday.

Tarixning eng olis qatlamlarida 
Armonda uxlagan orzu-alamlar. 
Dunyo manglayiga ajin tushirgan, 
Dardni, qarilikni yaratgan g‘amlar.

Sahro chechagining ayanch kulgusi, 
Yomg‘irdan jon kirgan tuproqning isi, 
Hammasi o‘tadi qalbimni o‘yib.
Tuya bo‘ynidagi qo‘ng‘iroqlarning 
Tashnalik eslatgan jarangi bo‘lib 
Hammasi o‘tadi qalbimni o‘yib.

Tarixni so‘zlama menga, ey odam, 
Bitta chalib bergin «Cho‘li iroq»ni. 
Bitta chalib bergin, toki yana ham 
Yaxshiroq ajratay korani, oqni.

Haddidan oshganga uni chalib ber, 
Do‘stlar diydorini g‘animat bilmay, 
Sarobga shoshganga uni chalib ber! 
Chalib ber, chalib ber, andisha qilmay. 
O’tmishni so‘zlama, o‘git kerakmas, 
Shu kuyni bir marta chalib bersang bas.




* * *

Anhor labida juft-juft soyalar, 
Jilmayib o‘taman ko‘z qirin tashlab. 
Goh xayol qurmagur olib ketadi, 
Bahona topganday yoshlikka boshlab.

Yo‘q-yo‘q, men turmadim oydin tunlarda, 
Suvlar yoqasida ishq o‘tida mast. 
Men bunday damlarni yo‘lga termulib, 
Intizor o‘tkazdim har on, har nafas.

Yoshligim, umrimni, halovatimni 
Mardona topshirib vafo qo‘liga, 
Oylarni, yillarni minutlab sanab, 
Tunu kun qaradim yorning yo‘liga.

Hali begonaydik ajralishganda, 
Ko‘rishdik juda ham qadrdon, inoq. 
Yulib olsa hamki hijron yor vaslin, 
Qilib ketgan ekan unga yaqinroq.

* * *

She’r o‘qigim kelar,
Quyma satrlardan
Yuragimga tushsa jimgina larza.
Meni boshlab ketsa ajib tuyg‘ular
Yashillik yugurgan qir, adirlarga,
Yalang oyog‘imni silasa maysa.

She’r o‘qigim kelar,
Charchoq hislarga
So‘lim va musaffo havo purkasa.
Qalbdagi bo‘shliqni to‘ldirib.
Olamni muattar islarga,
Yana chamanlarga burkasa.

She’r o‘qigim kelar, 
Notinchlikka chanqoq, 
Qanotli o‘ylarga tashna yuragim. 
Sergak etsa ohanglar, kuylar, 
O’tkazdirib tunlarni uyg‘oq, 
Tashna labga o‘xshar yuragim.
She’r o‘qigim kelar...

* * *

Maysa nish uribdi ariq bo‘yida, 
Birinchi sevgidek biram beg‘ubor. 
Quyoshga talpingan qiyoqlarida 
Birinchi sevgining soddaligi bor.

Ko‘rmagan saraton oftobini yeb, 
Kuzning to‘zonlarin mutlaqo bilmas. 
Bulut ko‘z yoshidan taltayib, ishq deb, 
Bahor yellariga ko‘z tutadi mast. 

Maysa nish uribdi ariq bo‘yida, 
Birinchi sevgidek biram beg‘ubor...

* * *

Yo‘qlamagan har kuning yilcha bo‘lurmi, hay-hay, 
Shunchalik shafqat bilmas dilcha bo‘lurmi, hay-hay.

Xush surating bir nafas tark etmas xayolimni, 
Ko‘z shahlo-yu, qosh esa nilcha bo‘lurmi, hay-hay.

Har so‘zda yuz andisha qilg‘um donolig‘ingdan, 
Ko‘nglingning nozikligi qilcha bo‘lurmi, hay-hay.

Goh xanjar, goh asaldek so‘zlaringdan dog‘damen, 
Jon olib, jon berguvchi tilcha bo‘lurmi, hay-hay.

Vaslingning umidida dunyodan o‘tib borgum, 
Qanoatda Saida filcha bo‘lurmi, hay-hay.

* * *

Gullar yuzida xanda - bu bog‘dan yor o‘tdimi, 
Odatin qilmay kanda, yana bedor o‘tdimi?

Yellar nechun sarsari, ketolmaydilar nari, 
Ko‘nglimning moh paykari ko‘zi xummor o‘tdimi?

Rayhonga rashk qilib gul, bag‘ri qon bo‘pti butkul, 
Yana rayhon hidlab ul, bundan takror o‘tdimi?

Har narsada nur, viqor, hatto tuproq baxtiyor, 
Bir-bir bosib beozor, ul beozor o‘tdimi?

Dilda takrorlab otin, tilab umru davlatin, 
Soyasi bo‘lib tag‘in Saida zor o‘tdimi?

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder

Orhan Şaik Gökyay - Yas