27 Şubat 2025 Perşembe

Shukur Qurbon - Sog'inch darvozasi

 

1

Oʼgʼlim, sen borsan-u, nega yoʼqdaysan?

Oʼgʼlim, kul ostida qolgan choʼgʼdaysan.

Bu kul nima, oʼgʼlim? Seni topmishdir,

Gul umring bamisli xazon yopmishdir.

Gul umr avvali, axir, gʼunchalik,

Gʼunchaning qismati, nahot, shunchalik:

Sen sari borgali barcha yoʼllar berk,

Damlar bark, kunlar berk, oyu yillar berk.

Faqat yoʼllarida tikanlar sochiq

Sogʼinch darvozasi menga lang ochiq.

Taqdirdan qayga ham boarding qochib?

Hayhot, bu darvoza senga ham ochiq.

Unib-oʼsmay turib, kulmay bir shoʼx-shan,

Sening ham koʼksingga sanchilar tikan.

Yetimcha, deyishsa, seni oʼylayman,

Seni qizgʼonaman, seni kuylayman.


2


Laylak keldi, yoz boʼldi,

Qanoti qogʼoz boʼldi.

Bolalik quvonchlari,

Oʼgʼlim, senga oz boʼldi.

Dadang turib, dadasiz

Qolganliging rost boʼldi.


Sen bilmaysan, goʼdaksan,

Unutasan dadangni.

Dadang, deb koʼrsatarlar

Senga boshqa odamni.

Yetti yot begonaga

Ergashasan «dada»lab.

Dadang bunda yuradir,

Koʼksiga gʼam qadalib.


Koʼksimga gʼam qadalsa,

Seni eslayman, oʼgʼlim.

Bor ekaning ham — davlat,

Qaddim rostlayman, oʼgʼlim.

Laʼnatlayman oʼzimni,

Laʼnatlayman onangni.

Va senga «dada» boʼlgan

Yetti yot begonani.


Sevgi bizni shu qattiq

Savdoga qoʼydi, oʼgʼlim,

Boshimizni el aro

Gʼavgʼoga qoʼydi, oʼgʼlim.

Bu olamda koʼzlar bor,

Аhvolimiz koʼrarlar.

Bu olamda soʼzlar bor,

Masxaralab kularlar.


Kulgu boʼlib har kimga,

Shu jahondan oʼtarmiz.

Yoʼl boʼyiga chiqarmiz,

Yoʼllarga koʼz tutarmiz.

Koʼzlarimiz toʼrt boʼlib,

Bir-birovni kutarmiz,

Shu jahondan oʼtguncha,

Qop-qora qon yutarmiz.


Laylak keldi, yoz boʼldi,

Qanoti qogʼoz boʼldi.

Bu dunyoning rohati,

Oʼgʼlim, menga oz boʼldi.

Oʼgʼlim turib, oʼgʼilsiz

Qolganligim rost boʼldi.


3


Mayliga, seniki boʼlsin shu yomgʼir,

Boshingdan injuday sochilsin, oʼgʼlim.

Yomgʼirday ezildi sensiz bu bagʼir,

Bu bagʼir osmonday ochilsin, oʼgʼlim.


Koʼz qoram sen eding, hamon oʼzingsan,

Oʼksib ulgʼayursan xayollarimda.

Tik qaray olmasman balki koʼzingga,

Yurak hovuchlarman savollaringdan.


Balki savol boʼlib singarman faqat,

Mahzun tabassumli qorachugʼingga.

Balki ikki jahon qilolmas toqat

Meni koʼrging kelib, qilgan yigʼingga.


Oʼshanda uningni yupatgil oʼzing,

Ola qol, seniki boʼlsin shu yomgʼir.

Otalar hamisha jumboqdir, qoʼzim,

Qoʼzim, farzandlarga hamisha ogʼir.

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder